JINSIY HAYOT SIRLARI haqida to’liq ma’lumot oling

JINSIY HAYOT SIRLARI haqida to’liq ma’lumot oling

JINSIY HAYOT SIRLARI

“Biz ota-onamizning ra’yiga ko’ra turmush qurganmiz. Shu o’n yil ichida o’g’illi, qizli bo’ldik. O’zimizga to’qmiz, ammo men o’zimni ko’pincha yolg’iz his qi­laman, chunki ayol sifatida juda baxtsizman… Ba’zida vujudimning tub-tubida yashirinib yotgan, menga azob berayotgan tug’yonlarimni yuzaga chiqargim, hayqirib alamimdan chiqqim keladi. Erim meni tushunishni istamaydi. O’rtamizdagi jinsiy yaqinlikdan faqatgina u lazzatlanadi. Shunday vaqtlarda xayolimga yomon fikrlar keladi, undan o’ch olmoqchi bo’laman. Ba’zida “hali ko’rasan, men ham ayol sifatida baxtli onlarni tuyushga imkon to­paman”, degan xayollar bilan o’zimni tinchlantiraman. Ammo hech qachon unday qila olmasligimdan, yana baxtsiz ayol bo’lib qolaverishimdan o’ksiyman. Kech bo’lishidan yuragim bezillaydi, ishdan uyga qaytgim kelmaydi. Chunki uyda erimning ishdan qaytishini kutgan, unga shirin taomlar tayyorlagan kezlarimda “ovqating shirin bo’pti”, degan bir og’iz so’zini eshitishga juda mushtoq bo’lardim. U esa umuman beparvo, iliq so’z aytishga yaramaydi. Endi men ham unga mazali taomlar pishirishdan soviganman. O’zimni goh-gohda ruhiy xastadek sezaman, farzandlarimni ilg’amay qolaman. Uyni boshimga ko’tarib, ushalmagan orzularim, etib bo’lmas muhabbatim haqida qo’shiq aytaman. Yig’layman va bir oz engil tortganday bo’laman…”

A., TOSHKENT

 

Ushbu maktubdan ko’rinib turibdiki, er-xotin jinsiy hayotidagi nomutanosibliklar ularning o’zaro munosabatlariga salbiy ta’sir ko’rsatmay qolmaydi. Jinsiy hayot qonuniyatlari haqida bilim va tasavvurga ega bo’lmaslik, jinsiy madaniyat saviyasining pastligi er yoki xotinning qoniqmasligi, bir-biridan sovushi kabi holatlarni keltirib chiqaradi. Natijada, er-xotin o’rtasida hurmat va mehr-oqibat yg’qolib boradi. Oilada nosoo’lom ruhiy muhit vujudga keladi. Nikoh er va xotinning o’zaro roziligi bilan qurilar ekan, jinsiy yaqinlikda har ikkisining manfaati ko’zlangan bo’lishi kerak.

Ma’lumki, o’zbeklarda jinsiy hayot bilan boo’liq ko’pgina narsalar uyat sanaladi. Ayrim qizlar hatto turmushga chiqayotganlarida ham jinsiy hayot haqida mutlaqo tasavvurga ega bo’lishmaydi. Holbuki, ayolning eriga jinsiy hamroh sifatida javob bera olmasligi ikki o’rtada ziddiyatlarga sabab bo’ladi. Er oilasidan sovib, zino yo’liga kirishi, bu esa o’z navbatida jinsiy yo’l bilan yuqadigan xastaliklarning ko’payishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, ba’zi erkaklar ayollarining hissiyotlariga beparvo bo’ladilar. Yuqoridagi maktubdan ko’rinib turibdiki, bunday munosabat ayolni ruhan ezadi. Jinsiy aloqaning er tomonidan bir tomonlama tugatilishi ayol jinsiy a’zolari faoliyatining buzilishiga sabab bo’lishi mumkin. Chunki jinsiy yaqinlik jarayonida kuchli qo’z­g’algan va orgazm hissi bilan yakunlanmagan, ya’ni qoniqish sezmagan ayollarda kuchli asab zo’riqishi, ba’zan affektiv holatlar (yig’lash, jahli chiqish), shuningdek, turmush o’rtog’idan ko’ngli qolish kabi holatlar kuzatiladi. Jinsiy qoniqish hosil bo’lmasa, jinsiy a’zolarning qon aylanish tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada, ayol kishi nafaqat ruhan, balki jismonan ham shikast­la­nadi.

Oila muqaddas va har bir inson uchun aziz go‘shadir. Uni saqlash, jinsiy muammolar bilan bog‘liq ziddiyatlarning oldini olish va ularga bar­ham berish esa har bir er-xotinning o’z ixtiyorida.

Abror Masharipov

«Fan va turmush»materiallari asosida tayyorlandi.

@andrology_uz 🚑
www.andrology.uz 🌎

Malumotlar
JINSIY HAYOT SIRLARI