BURSIT haqida malumot bilib oling.
BURSIT (yun. bursa — xaltacha) — boʻgʻim shilliq xaltachasining (boʻgʻim atrofidagi va ayrim suyak boʻrtmalari ustidagi) yalligʻlanishi. Haroratning koʻtarilishi va xaltachada suyuqlik (ekssudat) toʻplanishi bilan kechadi. Kasallikning kechishiga koʻra oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir, surunkali va qaytalaydigan, shuningdek spetsifik (zaxm, sil, revmatizm, brutsellyoz va h. k.) hamda nospetsifik xillari tafovut qilinadi. Oʻtkir Bursitga har xil shikastlanishlar (lat yeyish, shilinish, chaqalanish), baʼzan oʻtkir yoki surunkali infeksiyalar (tomoq ogʻrigʻi, tumov), diatez sabab boʻladi. Surunkali Bursit kasbga oid boʻlib, koʻproq ish jarayonida tizza va tirsak boʻgʻimiga zoʻr keladigan kishilarda kuzatiladi.
Bemor boʻgʻimini mahkam bogʻlab tinch qoʻyiladi, issiq qilinadi, fizioterapevtik muolajalar (ultratovush, UVCH) buyuriladi. Zaruriyat boʻlganida jarrohlik usuli qoʻllaniladi.
Ensiklopediya.uz
BURSIT