ABDALOV OTAJON haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ABDALOV OTAJON haqida malumot bilib oling.

ABDALOV OTAJON (1856-1939) — ilk oʻzbek matbaachisi va noshiri. Matbaachilik faoliyatini 1874-y. dan Xiva sh. da Xiva xoni Muhammad Rahimxon II saroyida tashkil etilgan toshbosmada ishlashdan boshlagan. Abdalov Otajon 1876-y. da Abdunosir Farohiyning «Nisabussibyon» asarini toshbosmada bosib xonga takdim etdi. Bu kitob Xivadagina emas, balki butun Oʻrta Osiyo miqyosida birinchi bosma kitob hisoblanadi. Abdalov Otajon bosib chiqarish uchun loyiq asarlarni oʻzi tanlab, ularni Muhammad Rahimxonga chop etishga ruxsat berish uchun tavsiya qilgan. Qoʻlyozmalarni nashrga tayyorlashda oʻziga zamondosh boʻlgan taniqii hattot va shoirlarning koʻmagidan foydalangan. 1876—1910-y. larda A. O. Xiva matbaasida 10 dan ortiq kitobni nashrdan chiqardi. Bular orasida Navoiyning «Xamsa» (asarning «Hayrat-ul Abror» qismi; 1880), «Xazoyin-ul Maoniy», 1881, «Chor devon» (1882), Ogahiyning «Tavizul oshiqin» (1882) nomli asarlari, Muhammad Rahimxon II (Feruz) ning gʻazallari (1897) va «Majmuat ushshuaro» (1900) toʻplamlari bor. A. O. Xorazm xalq hukumatining bir qancha xitobnomalari, tarixiy hujjatlarini, Xiva sh. da oʻzbek, rus, turkman, qoraqalpoq tillarida gazetalar chiqarishga boshchilik qilgan.

Ad.: Pidayev T., Matbuotmillat chirogʻi, 1999.

Ensiklopediya.uz
ABDALOV OTAJON