ABDULLAYEV Lutfulla Abdullayevich haqida malumot bilib oling.
ABDULLAYEV Lutfulla Abdullayevich (1912.25.10, Mirzachoʻl – 2000.2.10, Toshkent) — rangtasvir ustasi, Oʻzbekiston xalq rassomi (1950). Samarqand badiiy bilim yurtida taʼlim olgan (1930 — 35). Toshkent badiiy bilim yurtida oʻqituvchi (1935 — 37). Abdullayev asarlari dolzarb, mazmunli, gʻoyaviy va murakkab syujetli, jonli va yorqin obrazlarga boy. «Mulla Toʻychi Toshmuhamedov portreti» (1938), «Qahramonni kutib olish» (1947), «Doʻstlarning uchrashuvi» (1961) va b. Hajviy karikaturalari «Mushtum» jur. da muntazam bosilgan. 15 dan ortiq kitoblarni badiiy bezadi: A. Qodiriyning «Mehrobdan chayon» tarixiy romani (1961, rus tilida), Oybekning «Bolalik» (1963), F. Gʻulomning «Shum bola» (1964) qissalari va b. «Osiyo ustida boʻron», «Oʻtgan kunlar», «Mehrobdan chayon» va b. filmlarga liboslar eskizlarini tayyorladi. Oʻzbekiston tabiati aks etgan manzaralar, agitplakatlar (ayniqsa 2-jahon urushi yillarida), portretlar («Navoiy nomidagi teatr qurilishida», 40-y. lar, «Mening zamondoshlarim — adabiyot va sanʼat arboblari» — guruh portretlari, 1989) ham yaratdi. Asarlari xalqaro koʻrgazmalarda namoyish etilgan. A. Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1995). «Elyurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).
Ensiklopediya.uz
ABDULLAYEV Lutfulla Abdullayevich