AVTOMATLASHTIRILGAN KUTUBXONA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AVTOMATLASHTIRILGAN KUTUBXONA haqida malumot bilib oling.

AVTOMATLASHTIRILGAN KUTUBXONA — oʻzaro bogʻlangan kompyuterlashgan avtomatik tizim. Asosiy vazifalari: kutubxonadagi barcha kitoblar, jurnallar va b. hujjatlarni toʻla qayd qilish; klassifikator boʻyicha indekslar qoʻyish; bibliografik qidirish; tanlab olingan kmtoblarming referatlarini koʻrib chiqish; kutubxonaga aʼzo boʻlganlarni roʻyxatga olish; buyurtmalarni roʻyxatlashtirish; katalog va kartochkalarni hamda qayta roʻyxatga olish varaqalarini bosmadan chiqarish, kitoblarni abonentlarga berish va qabul qilishni qayd qilish, muddatlarni choʻzib berish; moliyaviy hisobotlar; yangi kitoblarni roʻyxatga olish va holatini kuzatish; markazlashtirilgan buyurtmalar berish; kutubxonaga tushgan hujjatlarni doimo kuzatib borish va b. A. k. da elektron kataloglarni tuzish va yaratish dastlabki qadam boʻlishi zarur. Bu vazifalarni bajarish uchun Avtomatlashtirilgan kutubxona maʼlumotlar bazasi kamida 1 mln. yozma maʼlumotga moʻljallangan boʻlishi kerak.

Avtomatlashtirilgan kutubxonada bir-biri bilan bogʻlangan kompyuterlar tizimidan foydalaniladi. Avtomatlashtirilgan kutubxonaning ichki kompyuter tizimi boshqa shahar va davlatlarning oʻxshash kutubxonalariga aloqa zanjirlari orqali bogʻlanadi. Natijada yangi axborotlarni tezkor usullarda uzatish, qabul qilib olish, saqlash va ularga ishlov berish imkoni mavjud boʻladi. Avtomatlashtirilgan kutubxonada elektron kataloglar; turli sohalarga doir axborot bazalari va banklari; elektron kataloglarning bosma koʻrinishida tayyorlangan analoglari; har oyda va yil choragida chiqariladigan sohalararo adabiyotlar koʻrsatkichi; maxsus elektron jurnallar va b. tashkil qilinadi.

Ensiklopediya.uz
AVTOMATLASHTIRILGAN KUTUBXONA