ANGINA haqida malumot bilib oling.
ANGINA (lot. angina — boʻgʻilish) — tanglay murtak bezlarining yalliglanishi bilan kechadigan oʻtkir infeksion kasallik; koʻproq streptokokk, stafilokokk va b. mikroblar qoʻzgʻatadi. Ular halqumga aksari Angina boʻlgan bemor foydalangan uy-roʻzgʻor buyumlari (mas, yuvilmagan idish-tovoq va b.)dan tushadi. Koʻpincha halqumda boʻladigan va odatda kasallik qoʻzgʻatmaydigan mikroblar ayrim noxush omillar taʼsirida, mas, kishi sovqotganda yoki harorat oʻzgarganda kasallik qoʻzgʻatishi mumkin. Baʼzan oyoqning hoʻl boʻlishi, muzqaymoq yeyish, sovuq suv ichish, muzdek suvda choʻmilish va b. hollarda Angina bilan ogʻrish kuzatiladi. Halqumga muntazam tushib turadigan tutun, chang, spirtli ichimliklar, shuningdek burun orqali nafas olishni qiyinlashtiradigan adenoidlar va burun-halqumning boshqa kasalliklari Anginaga sabab boʻlishi mumkin. Burun va yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi (mas, gaymorit), shuningdek ogʻiz boʻshligʻidagi yiringli yalligʻlanishlar (chirigan tishlar) ham Anginaga sabab boʻladi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi. Bemorda madorsizlik, bosh ogʻrigʻi, tomoq qaqrab ogʻrishi, achishishi, yutinganda ogʻriq kuzatiladi. Harorat koʻtariladi (38—41°); murtak bezlari qizarib, ular yuzasida yiringli karash paydo boʻladi. Angina bilan tez-tez ogʻrish natijasida murtak bezlari surunkali yalligʻlanadigan boʻlib qoladi. Anginaning kataral, follikulyar, yiringli va b. xillari farq qilinadi. Mahalliy (peritonzillyar abssess, oʻrta quloqning oʻtkir yalligʻlanishi) va umumiy (boʻgʻimlar, yurak, buyrakning zararlanishi) asoratlar qoldirishi mumkin. Vrach koʻrsatmalarini bekamu-koʻst bajarish tez sogʻayib ketishga imkon beradi va asoratlar avj olishiga yoʻl qoʻymaydi.
Ensiklopediya.uz
ANGINA