Abdurahmon Akbar (1962–2015) to’liq malumot oling
Oʻzbek bolalar adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan Abdurahmon Akbar 1962 yil 22 aprelda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi Niyozboshi qishlogʻida ziyoli oilada tugʻildi. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida (1979–1987) tahsil oldi. Armiya xizmatini quruvchi askarlarning “Stroitel” (“Binokor”) gazetasida (1981–1983) adabiy xodim sifatida oʻtadi. Xizmatdan qaytgach, Yangiyoʻl tumanidagi 25-maktabda ona tili va adabiyoti fanidan (1985–1986) dars berdi. 1986 yildan umrining oxirigacha “Choʻlpon” nomidagi bolalar nashriyoti matbaa ijodiy uyida xizmat qildi.
Mundarija
скрыть
Abdurahmon Akbarning ilk kitobi 1987 yilda, “Kichkintoy va paxtaoy” nomi bilan bosilib chiqdi (M. Qodirov bilan birgalikda). Shundan soʻng “Soʻzlovchi yomgʻir” (1990), “Ehtiyotkor toshbaqa” (1991), “Yozning tugʻilgan kuni” (1992), “Oʻyinqaroq bulutcha” (1996), “Oʻrdakcham” (2005), “Jonli savatcha” (2005), “Uyquchining tushlari” (2006), “Gonzik olib kelgan dori” (2006), “Eng katta mehr” (2006), “Niyozbosh istiqbol sari” (2007), “Bolalar bogʻchasi uchun sevimli ertaklar” (2009), “Mening doʻstim kompyuter” (2010) nomli 15 dan ortiq sheʼriy, adabiy-badiiy va tarjima kitoblari chop etildi. 1991 yili “Ehtiyotkor toshbaqa” nomli kitobi Usmon Nosir nomidagi mukofotga sazovor boʻldi.
Abdurahmon Akbar tarjimasida “Texnikaning katta ensiklopediyasi”, “Kichkintoylar uchun jonivorlarning katta ensiklopediyasi”, “Jonivorlarning katta ensiklopediyasi”, “Jajji kichkintoylar uchun bilimlarning katta kitobi”, “Maktabgacha yoshdagi bolalar ensiklopediyasi”, “Sehrli qirollik oroli”, G. X. Andersenning “Ertaklar” kitobi, “Jajji kichkintoylar uchun ensiklopediya” deb nomlangan kichik yoshdagi oʻquvchilarga moʻljallangan ilmiy-maʼrifiy, badiiy kitoblar nashr etildi.
Shoirning sheʼr va tarjimalari boshlangʻich sinf oʻquvchilarining “Ona tili”, “Oʻzbek tili”, “Oʻqish kitobi”, “Atrofimizdagi olam”, “Odobnoma” kabi darsliklaridan, shuningdek, kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari uchun nashr etilgan “Bolalar adabiyoti” darsligi va “Oʻzbek bolalar adabiyoti” antologiyasidan joy oldi.
Abdurahmon Akbar 2006 yili “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Biografiya
Abdurahmon Akbar (1962–2015)