Abu Bakr roziyallohu anhu to’liq malumot oling

Abu Bakr roziyallohu anhu to’liq malumot oling

Bismillahir rohmanir rohiym. Bandalarning qalbini ma’rifat ziyosi ila yoritib O’zini tanitgan Zot — Alloh taologa beadad hamdu sanolar, butun insoniyatga hidoyat yo’lini ko’rsatgan Rasululloh s.a.v.ga, u kishining ahli baytlariga va ashobi kiromlariga ummatga jonli namuna bo’lgan zotlarga salovotu salomlar bo’lsin. Amiyn.
Mundarija скрыть

«Siz mening Havz bo’yidagi va g’ordagi birodarimsiz» degan edilar Rasuli akram s.a.v. Abu Bakr Siddiqqa (Termiziy rivoyati.) Bu qanday insonki Allohning habibi uni «do’stim» deyapti! Bu qanday do’stlikki, sirlarga boy! Sirlarki, bu dunyoda ochilmas, lekin dilga yaqin! Shonli Islom tarixining aziz muhlisi! Mana butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan Muhammad s.a.v.dan keyingi eng yaxshi inson haqida bitilgan noma shunchaki noma emas «Siddiqnoma». Qalbi sidqqa moyil do’stim, keling siddiqlar ila sirlashing… Alloh taolo barchamizni siddiq ko’ngillar ila oshno etsin.Qiyomatda esa siddiqlar ila birga tiriltirsin. Amiyn.

Abdurashid Zohid 
Abu Kuhofa

Abu Kuhofa hazrati Abu Bakrning otalaridir. Makka fath etilganida Abu Bakrning butun oilasi musulmon edi, faqat otalari Abu Kuhofagina hamon bobolarining dinini tutib turardi. Makka fath etilganida hazrati Abu Bakr otalarini qo’lidan yetaklab Rasululloh s.a.v. huzurlariga keltirdilar. Abu Kuhofa qarib, munkillab qolgan, ko’zi ham ojiz bo’lib qolgan edi. Allohning Rasuli qari kishini toliqtirib huzuriga yetaklab krlishlarini hush ko’rmadilar va hazrati Abu Bakrga:

— Alloh sizni marhamat qilsin, otangizni bu yoqqa olib kelmasdan, uyida qoldirsangiz yaxshi bo’lardi, men o’zim uning oldiga borardim, — dedilar.

Abu Bakr esa:

— Ey, Allohning rasuli, siz otamning oldiga borganingizdan ko’ra, otam sizning huzuringizga kelgani yaxshiroqdir, — deb javob berdilar. Keyin Rasululloh s.a.v. Abu Kuhofani yaqinlariga chorlab: «Ey, Abu Kuhofa, musulmon bo’l va huzur top!» dedilar. U o’sha zahoti shahodat kalimasini aytib musulmon bo’ldi.

Abu Kuhofa Madinaga borolmadi, Makkada qoldi. Rasululloh s.a.v. vafotlaridan keyin musulmonlar Abu Bakrga bay’at berishganida Abu Kuhofa: «Shu narsa haqiqatdirki Allohning berganini to’sguvchi va Alloh to’sganini ato etguvchi yo’q», deb Allohga shukrlar qildi. Abu Kuhofa r.a. uzoq umr ko’rdi. O’g’li Abu Bakrdan keyin ham bir yil yashadi. Hijratning 14 sanasida 97 yoshida foniy dunyodan rihlat qildi. Alloh u kishidan rozi bo’lsin. Amiyn.

Abdulloh ibn Usmon kim?

Abu Bakr ibn Abu Kuhofaning asl ismlari: Abdulloh ibn Usmon ibn Omir ibn Amr ibn Ka’b ibn Sa’d ibn Taym ibn Murra ibn Ka’b ibn Luvayl al-Qurayshiy at-Taymiydir. Otalarining ismi Usmon, onalarining ismi Ummul hayr Salmo binti Sahr ibn Omirdir.

Abu Bakrni «Atiq» (saqlangan) degan nom bilan ham chaqirishgan. Oisha r.a. rivoyat qiladilar: «Rasululloh s.a.v.: «Abu Bakr Allohning do’zaxdan saqlagan bandasidir» — dedilar. Ana shu kundan boshlab u «Atiq» nomini oldi. (Termiziy rivoyati) Bu hususda yana: «Nasabida aybsitadigan kamchlik bo’lmagani uchun uni «Atiq» deyishadi», degan qavl ham bor. Lekin ulug’ imomlar u zotni «Siddiq» deb nomlashga qaror qilishgan. Alloh rozi bo’lsin.

Ali ibn Abu Tolib deydi: «Alloh taolo Abu Bakrni O’zining rasuli tilida «Siddiq» deb nomladi». Darhaqiqat, Abu Bakr har qanday holatda Allohning rasulini tasdiqlashga shoshldi. «Kimni Islomga da’vat qilsam o’ylandi, ikkilandi. Lekin Abu Bakr, Alloh undan rozi bo’lsin, Islomni zikr qilishim bilan darhol qabul qildi», — deydilar Rasululloh s.a.v.

Oisha r.a. rivoyat qiladilar: «Payg’ambar s.a.v.ning Masjidul Aqsodan Me’rojga ko’tarilgani haqidagi xabar tarqalgach ko’pchilik, hatto Rasulullohning payg’ambarligiga ishonmagan va buni tasdiqlagan odamlarning ba’zilari bu habarni rad qildilar. O’shanda Abu Bakrga: «Endi ham uni tasdiqlaysanmi?» – dedilar. Shunda Abu Bakr: «Agar Allohning rasuli bundan-da ishonish mushkulroq voqea sodir bo’lganini aytganida ham men bu ishni rost deb bilaman, samodan kelgan xabarni doim tasdiqlayman», — deb javob berdilar. Shuning uchun Abu Bakr «Siddiq» deb nom oldilar».

«Sidq» so’zining ma’nosi haqida

Shu o’rinda «sidq» so’ziga qisqacha bo’lsada to’xtalib o’taylik. Tilimizda «sadoqat», «tasdiq» degan so’zlar mavjud. Arab tilidan o’zlashgan mazkur so’zlarning iste’mol ma’nolari o’zbek tilining lug’at kitoblarida to’liq bo’lmasada qaysidir darajada izohlangan. «Sidq» va «siddiq» so’zlari ham shu so’zlar bilan o’zakdosh. Bu so’zlarning o’zak ma’nosi o’zbek tilidagi «to’g’rilik», «rostgo’ylik» tushunchalariga yaqindir.

Qur’oni karimda «sidq» o’zagidan yasalgan so’zlar 158 o’rinda uchraydi. Mufassirlarning sharhiga ko’ra, mazkur so’zlar asosan, «haqni so’ylash, haqdan chalg’imaslik, to’g’ri bo’lish» ma’nolariga dalolat qiladi:

«Biz senga haq azobni keltirdik. Biz, shak shubhasiz, rostgo’ydirmiz». (Hijr, 64- oyat)

«Ayting: «Parvardigorim, meni (qabrimga) haqqi rost (y’ani gunohlarimdan pok bo’lgan holimda) doxil qilgin va (Qiyomat kuni tiriltirganingda ham) haqqi rost (o’ng tomonim bilan) chiqargin…» ( Al- isro, 80-oyat).

«Alloh aytdi: «Bu Kun (y’ani qiyomat kuni) haqqi rost iymon keltirganlarga rost so’zlari foyda beradigan kundir». (Moida, 119-oyat)

«Darhaqiqat, u ( Ibrohim) juda rostgo’y (siddiq) payg’ambar edi»[/b] (Maryam,41-oyat)

Rasululloh s.a.v. aytadilar: «Albatta, sidq yaxshilikka yaxshilik esa jannatga yo’llaydi. Kishi to rost gapirar ekan uni «siddiq» deb yozib qo’yiladi. Shubha yo’qki yolg’on yomonlik sari yomonlik esa jahannamga haydaydi. Kishi to yolg’on gapirar ekan uni «kazzob» deb yozib qo’yiladi» (Muttafaqun alayh). Ibn Abbos r.a. deydi: «Kimda to’rt xislat bo’lsa u foyda ko’ribdi: sidq, hayo, husni xulq va shukr». Bishr ibn Horis aytadi: «Kim Alloh taologa sidq ila muomala qilsa odamlar ko’zidan yashirin bo’ladi». Abu Abdulloh Ramaliy deydi: «Mansur Danuriyni tushimda ko’rdim. Undan:

— Alloh senga qanday muomala qildi? — deb so’radim.

— Gunohlarimni kechirdi, rahmatini yog’dirdi, men kutmagan yaxshiliklarni berdi, — dedi. Men undan yana so’radim:

— Banda Allohga nima bilan yuzlansa yaxshi?

— Sidq bilan.

— Nima bilan yuzlansa yomon?

— Kizb bilan, — deya javob berdi rahmatlik Mansur».

Abu Sulaymon deydi: «Sidq uloving, haq qiliching va so’nggi talabing Alloh bo’lsin». Bir kishi Luqmoni Hakimga: «Bironta sodiq kishi topmadim?, — dedi. Luqmoni Hakim unga: «Agar o’zing sodiq bo’lganingda sodiqlarni tanigan bo’larding, — deb javob beribdi. Muhammad ibn Kittoniy deydi: «Alloh talolning dini uchta ustun ustiga barpo bo’lganini angladim: haq, sidq, adl. Haq — a’zolar ustida, adl — qalblarda, sidq — aqllarda barpo bo’lgan».

Bir kishi Shayh Shibliyning majlisida o’zini Dajla daryosiga otdi. Shunda Shibliy dedi: «Agar u sodiq bo’lsa Alloh taolo Musoga najot berganidek najot beradi. Agar kozib bo’lsa Fir’avnni g’arq qilganidek uni ham g’arq qiladi». Abu Homid G’azzoliy aytadi: «Haromdan chetlashish —  Allohdan qo’rqish, shubhali narsadan garchi u halol bo’lsa ham chetlashish taqvodir, oxiratga yo’l ozig’i bo’lmaydigan barcha narsadan chetlashish esa sidqdir, bu amalning sohibi siddiqdir».

Hazrati Abu Bakrning Islomdan oldingi va keyingi hayotlari

Abu Bakr «Fil voqeasi»dan taxminan uch yil keyin — milodiy 573 yillar atrofida tug’ilganlar. Abu Bakr musulmon bo’lishidan oldin ham suyulgan va do’st tutilgan kishilardan bo’lib, Qurayshning ulug’laridan edilar. Tijorat bilan shug’ullanardilar, tush ta’birini yaxshi bilardilar. Agar Abu Bakr biron ishning boshida bo’lsalar, qurayshliklar u ishni tasdiqlashar xun haqi va qarzni kafillikka olsalar rozi bo’lishar, mabodo boshqasi bu ishni qilsa bekor qilishar edi.

Johiliyat davridayoq, fisqu-fujurdan, yolg’ondan uzoq bo’lganlar, hamr-ichkilikni o’zlari uchun harom bilgan Abu Bakrning pok va saxiy qalbiga Islom birinchilardan bo’lib yo’l topdi. Jannatiy ekani bashorat qilingan Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos va Talha ibn Ubaydullohlarning Islomga kirishlariga ham Abu Bakr Siddiq sababchi bo’lganlar.

Val-Layl surasining: «O’zi pokdomon bo’lib mol-davlatini (yaxshilik yo’lida) sarf qiladigan zot u (do’zaxdan) yiroq qilinur. U (taqvodor zot) huzurida — zimmasida biror kimsaga qaytariladigan na’mat yo’qdir. U faqat eng Oliy Zot bo’lmish Parvardigorining yuzini — roziligini istab ( mol-davlatini sarf qilur). Va yaqinda (Parvardigorini unga ato etadigan mukofot — jannat ne’matlaridan) rozi bo’lur (17- 21) oyatlar.

Bu oyatlarda zikr qilingan kishidan murod Abu Bakr ekaniga mufassirlar ijmo’ qilishgan. «Ishlaringizda ularga maslahat soling» (Oli- Imron, 159) oyatidagi «ular»dan murod — Abu Bakr va Umar r.a.lar deydi mufassirlar.

Abu Bakr Siddiq Nabiy alayhissalomni mushriklar ozoridan doim himoya qilib yurardilar. Bir gal Rasululloh s.a.v. Ka’bada namoz o’qiyotganlarida Uqba ibn Abu Muayt u zotni qattiq bo’g’di. Shunda Abu Bakr Uqbani itarib, Rasululloh s.a.v.ni uning qo’lidan bo’shatdilar va: «Bir kishini: «Mening Parvardigorim Allohdir», degani uchun o’ldirurmisizlar?! Holbuki, u sizlarga Parvardigorimiz tomonidan aniq hujjatlar keltirgandir.» (G’ofir surasi, 28), deya haqni ularga eslatdilar.

Abu Bakrning o’zi ham Qurayshdan ko’p aziyat chekdilar. Islomning ilk davrida Rasululloh s.a.v. va sahobalar Arqamning uyida maxfiy ibodat qilishar edi. Bir kuni Abu Bakr: «Ibodatni oshkora qilaylik», deb qoldilar. Rasululloh s.a.v.: «Ey, Abu Bakr, biz ozchilikmiz» desalar-da, u kishi so’zlarida turib oldilar. Bu ish bilan faqatgina Islomni oshkor qilishni o’ylagan edilar. Keyin Rasululloh s.a.v. sahobalar bilan birga chiqdilar. Abu Bakr odamlarga hitob qildilar. Rasululloh s.a.v. o’tirgan hollarida Allohga duo qila boshladilar. Abu Bakr Allohga oshkora da’vat qilgan ilk kishlardan edilar.

O’shanda mushriklar Abu Bakr r.a. va boshqa musulmonlarga tashlanib ularni qattiq kaltaklashdi. Abu Bakr oyoq ostida qolib ketdilar. Utba ibn Robi’a Abu Bakrning yuzlariga temir poshnali kavushi bilan ura boshladi. Shu darajada urdiki, burunlarini yuzlaridan ajratib bo’lmay qoldi. Taym qabilasidagilar kelib, oraga tushishdi. Abu Bakrni mushriklardan tortib olib uyiga eltishdi. U zot go’yo jonsiz holatda edilar. So’ngra taymliklar orqaga qaytishdi, masjidga kirib: «Agar Abu Bakr o’lsa, Utbani ham o’ldiramiz», deb qasam ichishdi. Keyin yana Abu Bakrning oldiga kelishdi. U yerda Abu Kuhofa ham bor edi. Ular Abu Bakrni so’zlashga undashdi. Lekin to kechgacha Abu Bakrning og’zidan biror so’z chiqmadi. Keyin gapirdilar, birinchi so’zlari shu bo’ldi:

— Rasulullohga nima qildi?

— Uni haqorat qilishdi.

Abu Bakr yana savolini takrorladi. Shunda onasi dedi:

— Allohga qasamki, do’sting to’g’risida hech nima bilmayman.

— Boring Ummi Jamildan Rasululloh haqida so’rang,- deidlar Abu Bakr. Abu Bakrning onasi Ummi Jamilnikiga chiqib, Muhammad Ibn Abdulloh haqlarida so’radi. Shunda u: «Muhammadning ham, Abu Bakrning ham ahvoli nima bo’lganini bilmayman, hohlasang birga boraman», — dedi. Ummi Jamil Abu Bakrning onasi bilan birga chiqib Abu Bakrning oldiga keldi. U zot behush yotgan edilar. Ahvollarini ko’rib Ummi Jamil chinqirib yubordi va:

— Bu qavm fisq ahli bo’lgani uchun ham sizni shu ahvolga soldi.Umid qilamanki Alloh albatta ulardan intiqom oladi,- dedi. Alloh rozi bo’lsin, Abu Bakr shunda o’ziga kelib:

— Rasulullohga nima bo’ldi? — dedilar.

— Rasululloh Arqamning uyida sog’-salomat, dedi Ummi Jamil. Shunda Abu Bakr:

— Allohga qasamki, to Rasulullohning huzurkariga bormagunimcha taom totmayman, sharob ham ichmayman, — dedilar.
Onasi deydi: «Odamlar ko’chada siyrakalshib qadamlar tinganida o’g’lim menga suyangan ko’yi tahsqariga chiqdi. Bir ozdan keyin Rasulullohning huzurlariga yetdik. Rasululloh s.a.v. Abu Bakr tomon qadam tashlab engashdilar, uni o’ta muloyimlik bilan bag’rilariga bosdilar, musulmonlar ham shunday qilishdi. Abu Bakr: «Ota-onam sizga fido bo’lsin, ey, Allohnig rasuli menga hech narsa bo’lmadi, faqat yuzimga ozgina ozor yetkazishdi. Bu ayol mening mehribon onajonim, qani endi Alloh onamni ham do’zax olovidan halos etsa!», dedilar. Shunda Rasululloh s.a.v. uning haqqiga duo qildilar va u musulmon bo’ldi.

Hijratga izn berilgach, Rasululloh s.a.v. Abu Bakrnikiga bordilar. U zot uxlayotgan edilar, uyg’otdilar va dedilar: «Menga ham chiqishga izn bo’ldi». Oisha r.a. deydilar: «Otam sevinganidan yig’lab yubordi. Keyin ular to g’orgacha bordilar va g’orda uch kun turdilar».

Siyrat va fazilatlari

Alloh rozi bo’lsin Abu Bakrni shunday ta’riflashadi: oqishdan kelgan, yonoqlari ozg’in, qirra burun, siyrak soqolli, ochiq yuzli, ko’zlari ichiga botgan, peshonasi keng, kaftlari katta, tetik ko’rinuvchi kishi edilar. Soch-soqolining oqlarini hina va katam bilan bo’yab yurardilar. Zuhriy aytadi: «Abu Bakr oq-sariqdan kelgan, latif, muloyim, sochlari jingalak, ikki yonboshi ingichka kishi bo’lganlar. Shuning uchun ham kiygan izorlari bellarida turmasdi. U zotning Busraga bir necha marta savdo uchun kelganlari rivoyat qilinagan. Abu Bakr Siddiq ser ibodat, yaxshilikda ummatning peshqadami edilar. Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh s.a.v bir kuni sahobalardan so’radilar:

— Qaysi biringiz bugun ro’zadorsiz?

— Men, — dedilar Abu Bakr.

— Qaysi biringiz bugun janoza namozida qatnashdingiz?

— Men, — dedilar Abu Bakr.

— Qay biringiz bugun bir miskinni to’ydirdingiz?

— Men,- dedilar Abu Bakr.

— Qaysi biringiz bugun bir bemorni borib ziyorat qildingiz?

— Men , — dedilar Abu Bakr.

— Qaysi kishida bu fazilatlar jamlansa jannatga kiradi, — dedilar Rasululloh s.a.v.» ( Muslim rivoyati). Abu Bakr Siddiq Islom niholining bo’y berib, tomir otishi uchun molu-jonini ayamadilar. Abu Hurayradan: «Rasululloh s.a.v: «Hech kimning moli menga Abu Bakrning molidek naf bergan emas”,- dedilar. Shunda Abu Bakr yig’lab aytdilarki: «Ey, Allohning rasuli! O’zim ham molim ham sizga fidodir».

Hazrati Abu Bakr Siddiq Alloh suygan banda edilar. Rasululloh s.a.v. shunday deganlar: «Alloh taolo ohiratda insonlarga ommatan, y’ani hammalariga baravar tajalli qiladi. Ammo Abu Bakrning o’ziga alohida tajalli qiladi» (Ibn Adiy rivoyati). Hujjatul Islom G’azzoliy bu hadisni sharhlar ekan shunday deydi: «Bu so’zlardan: «Hamma Allohning diydorini topadi, Alloh ko’rish lazzatini totadi, faqat bu lazzat Abu Bakrga yetishgan lazzatdan kam bo’ladi, degan xulosani chiqarmaslik kerak. Chunki, Diydorga hamma ham yetolmaydi. Agar kimga bu oliy saodat nasib etsa, Abu Bakrga yetgan zavqning yuzdan, balki mingdan birini topishi mumkin. Shunda ham bu dunyodagi Allohni tanish darajasi Abu Bakr ma’rifatining yuzdan, mingdan biriga teng bo’lsa. Shubha yo’qki, Abu Bakr qalbining tub tubiga o’rnashgan siri bilan ummatning eng afzali bo’ldilar. Shunday ekan, nima uchun u zot o’sha sir tufayli Allohning alohida e’tiboriga va tajallisiga sazivor bo’lmasinlar?!» Abu Bakr yaxshilik qilishda barchadan peshqadam edilar. Umar ibn Hattob Madinaning chekkasida yashaydigan bir ko’zi ojiz kampirnikiga tunlari borib, uy yumushlariga qarashar, hatto ovqatlantirib qo’yar edilar. Navbatdagi tunlardan birida kimdir kampirnikiga borib undan oldin barcha yumushlarni ado qilib ketganiga guvoh bo’ldilar. Bu ish ahr safar takrorlanaverdi. Umarning sabri chidamadi, bu ishlarni kim qilayotganini bilish uchun uyni kuzata boshladi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, bu kishi halifa Abu Bakr Siddiq r.a. edilar.

— Siz ekansizda bu ishlarni mendan oldin bajarayotgan, doimo hayrli ishda mendan peshqadamsiz, — dedi shunda Umar do’sti Abu Bakrga.
Abu Bakr Siddiq Alloh va Rasuliga sadoqatlari tufayli jannatda payg’ambarlardan keyingi maqomga sohibdirlar. Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh s.a.v Abu Bakr va Umarga qarab turib: «Bu ikkisi nabiy va rasullardan boshqa barcha avvalinu ohirin jannat ahlining sayyididir!Ey, Ali faqat ularning o’zini bu gapdan habardor qilmagin», dedilar». (Termiziy rivboyati).

Abu Bakr sadoqatlari uchun Nabiy alayhissalomning qalblarida suyukli edilar. Abdulloh ibn Shaqiqdan: «Men Oisha r.a.dan so’radim:

— Allohning rasuliga ashobidan kim eng suyukli edi?

— Abu Bakr!- deb javob berdilar Oisha r.a.

— Keyin-chi?

— Umar!

— Keyin-chi?

— Abu Ubayda!

— Keyinchi?

Oisha r.a. sukut qildilar». (Termiziy rivoyati)

Abu Bakr Siddiq nihoyatda fayonatli, ziyrak, fahmli kishi edilar. «Rasululloh s.a.v. minbar ustida turib shunday dedilar: «Alloh taolo bir bandani dunyo go’zalligidan istaganini berish bilan O’z huzuridagi narsani berish o’rtasida ihtiyorli qildi. Banda Alloh huzuridagi narsani tanladi!» Shunda Abu Bakr: «Yo, Rasululloh ota- onam sizga fido bo’lsin!» dedilar. Biz ajablandik. Kimdir o’shanda: «Mana bu qariyaga qaranglar. Rasululloh s.a.v. Alloh ihtiyorli qilgan banda haqida gapirsalar,» ota-onam Sizga fido bo’lsin» deydi-ya» deyishdi. O’sha tanlash huquqi berilgan banda Rasululloh s.a.v. ning o’zlari ekanlar. Abu Bkar bu narsani boshqalardan ko’ra eng avval anglagan edilar». (Buxoriy rivoyati)

Abu Bakrning moli Nabiy s.a.v.ga eng foyda bergan mol ei. Abu Hurayra r.a.dan: «Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: «Bizning oldimizda kimning qo’li biror hizmati bo’lsa barchasiga munosib mukofatini berdik. Faqat Abu Bakrgina bundan mustasnodir.Bizning huzurimizda uning shunday yaxshi hizmati borki, Alloh Qiyomat kunida unga munosib mukofatini berur. Agar o’zimga do’st tanlash ihtiyori berilsa, albatta Abu Bakrni tanlagan bo’lardim. Ogoh bo’ling sohibingiz Allohning do’stidir». (Termiziy rivoyati.)

Abu Bakr shubhali narsalardan qattiq qochuvchi edilar. Bir kuni ichgan sutlari hususida shubhaga bordilar. So’ng barmoqlarini bo’g’zilarigacha tiqib ichgan sutlarini qayt qildilar. Hatto jonlari chiqib ketay dedi.

Birodar, Abu Bakr Siddiqday zot shu shubhali narsani bilmasdan ichib qo’ganlarida buning uchun gunohkor bo’lmasliklaridan, fiqhiy fatvoda uni qayt qilish vojib emasligidan behabarmidilar? Agar habardor bo’lsalar nega bunday yo’l tutdilar? Bu narsa Abu Bakr r.a.ning ko’ksilariga o’rnashgan sirdir.Shu sir unga umumiy fatvoning yo’rig’i boshqaligini, ohirat yo’lining hatarini SIDDIQlargina anglashini ayon etadi.

Abu Bakr tengi yo’q inson edilar. Abdulloh ibn Umar aytadilar: «Biz Rasululloh s.a.v. zamonlarida: «Agar Abu Bakr, Umar va Usmon ketsa, odamalr barobar bir hil bo’lib qoladi», der edik. Bu gapimiz Rasululloh s.a.v.ga yetganida, u zot gapimizni inkor etmadilar».

Abu Bakr Siddiq ilmga chanqoq, shikastanafs inson edilar. Bir kuni Rasululloh s.a.v.ning huzurlariga kelib: «Ey, Rasululloh namozda o’qishim uchun menga bir duo o’rgating», deya o’tindilar. Shunda Rasululloh s.a.v: «Allohim men o’zimga ko’p zulm qildim.Gunohlarni faqat Sen mag’firat qilasan. Bas, huzuringdagi mag’firat ila mani avf etgin menga rahm qil. Albatta Sen mag’firatli, rahmli Zotsan», deb o’rgatdilar.

Rasululloh s.a.v. bu duoni «o’ziga ko’p zulm qilgan»kishiga — Abu Bakrga o’rgatdilar. Ummatning orasidagi eng ulug’ zotga, iymoni eng mukammaliga, Qur’on o’qiganida ko’z yoshini tiyolmaydigan qalbi halimiga, o’zlari jannatiy deb bashorat berganlari, butun mo’minlarning iymoni tarozining bir pallasiga, uniki boshqasiga qo’yilsa ikkinchi pallaga qo’yilgani og’ir keladi, deb vasf qilganlari, Umarning hulqi uning ahloqi oldida dengizdan bir tomchi deb baholaganlari o’sha Abu Bakrga o’rgatganlar!… Rostgo’y Abu Bakr risolatni tasdiq etgan kunidan to umrining ohirigacha jonini va molini Alloh va rasuli uchun bahshida etgan Abu Bakr-ki,» o’zimga ko’p zulm qildim…» deb duo etib tursa, bizning ahvolimiz qanday bo’ldi?!

Abu Bakr Siddiq r.a. sadoqatli edilar. Jumladan Rasululloh s.a.v.ga bo’lgan muhabbatlarida sobit edilar. U zotni qattiq sog’inardilar va u zotga ergashuvchilarning peshqadami edilar. Rasululloh s.a.v. boqiy dunyoga rihlat qilganlaridan ikki sana o’tgan. Madina ko’chalari u zotsiz huvillab qolgan edi. Habiblarini eslatuvchi kichikkina harakat yohud ashyo sahobalarning yuraklarini o’rtaydi, ko’zlaridan yosh oqizadi… Ana shunday kunlarning birida sahobiylarning biri o’g’ilchasi bilan ko’chada ketib borardi. Bolakay uch-to’rt yoshlar chamasida. Balki sahobiy bo’lishga ulgurmagan ilk tobe’inlardandir. Ularning qarshi tarafidan bir zot kela boshladi.U kishi Rasulullohning dunyo-yu ohiratdagi sevimli birodarlari Abu Bakr Siddiq r.a. edilar. Bolakay Abu Bakrga tikilaturib otasining etagidan qattiq tortdi va: «Otajon Rasululloh mana shu kishimi?» deya so’radi. Ota savolni eshitdi-yu, javob berish o’rniga bukilib yig’lay boshladi. Hazrati Abu Bakr r.a. u kishidan nega yig’layotganini so’radilar. Ota farzandining savolini takrorladi. Endi Abu Bakr ham yig’lashga tushdilar. Murg’ak bolakay esa, katta ayb qilib qo’ygandek boshini egib turar, ularning nega yig’layotganini tushunmasdi…

Aziz birodar! Tabiiyki, siz bu yig’ining sababi Rasulullohga bo’lgan Sog’inch va u Sog’inchning ozgina turtki bilan junbushga ekanini yaxshi anglab turibsiz. Qarang, Abu Bakr Rasulullohga qanchalik bog’langan edilar!

Bay’at

Rasululloh s.a.v. hijratning o’n birinchi yili o’n ikkinchi robi’ul avvalda foniy dunyodan ko’z yumdilar. Rasululloh s.a.v.ning jasadlari sovumasdan, ansorlar halifalik masalasini ko’tardilar. Muhojirlar esa hali bu haqda o’ylab ham ko’rmagan, balki sahobalarning ulug’lari Rasululloh s.a.v.ni so’nggi yo’lga hozirlash va dafn masalalair bilan mashg’ul edilar. Ansorlar Bani Soidaning saqifa-shiyponida Sa’d ibn Ubodaning oldiga to’planishdi. Ular: «Bizlardan bir amir, sizlardan bir amir bo’ladi», deyishardi. Ansorlar oldiga Abu Bakr, Umar va Abu Ubaydalar borishdi.

Umar ibn Hattob shunday hikoya qiladi: «Biz Bani Soida saqifasiga yetib keldik. Ansoriylar kiyimlariga o’ralib olgan bir kishi atrofida turishardi. — Kim bu? — deb so’radim men. — Sa’d ibn Uboda! U betob, — deyishdi. Biz ham o’tirdik. So’ng ansorlarning hatiblari turib, Allohga hamdu-sano aytgach shunday dedilar: «Amma ba’d, Bizlar ansorlarmiz, iymon lashkarimiz! Sizlar ey, muhojirlar jamoasi bizning bir guruhimizsiz. Bir to’p kishilar sizlar tomon yelibdilar. Ular bizni aslimizdan ajratmoqni mana shu halifalik ishidan chetlatmoqni hohlaydilar». U so’zini tugatgach men gapirmoqchi bo’ldim. Lekin Abu Bakr: «Shoshmay tur», dedilar. Abu Bakr mendan yaxshiroq, viqorliroq va ayni holatga munosibroq edilar. U men aytmoqchi bo’lgan hamma so’zlarni bitta qo’ymay gapirdi. Hatto undan ham afzalroq gapirdi. «Amma ba’d, aytgan barcha so’zlaringiz yaxshi shunhasiz, sizlarga tegishlidir, ey, ansorlar jamoasi. Sizlar bunga munosib, hatto afzalroq hamsiz. Lekin halifalik ishini arablar faqat Qurayshning ushbu jamoasigagina xos deb biladi. Quraysh nasabda ham, mansil-maqomda ham arabning o’rtachasidir .Sizlarga mana shu ikki kishini tavsiya qilaman, qay birini hohlasangiz o’shangga bay’at bering». Abu Bakr men bilan Abu Ubayda ibn Jarrohning qo’lini tutdi… Allohga qasamki, agar gunohga olib bormasa men uchun boshimning uzilishi, oralarida Abu Bakr bo’lgan qavmga amirlik qilishdan yaxshiroq edi… Gap-so’z ko’paydi ovozlar ko’tarila boshladi. Hatto men ixtilof chiqishidan qo’rqib qoldim. Abu Ubayda men bilan: «Qo’lingizni bering, ey, Abu Bakr, — dedik. Abu Bakr qo’lini cho’zdi. Men unga bay’at berdim. So’ng muhojir va ansorlar ham unga bay’at berishdi. Ular Sa’d ibn Ubodaga qarshi sakrashdi. Kimdir: «Sa’dni o’ldiringlar», dedi. Men: «Sa’dni Alloh o’ldirdi, ya’ni u chetda qolib ketdi dedim. Allohga qasamki, shu yerga hozir bo’lganimizdan beri qilgan eng muvofiq ishimiz Abu Bakrga bay’at berish bo’ldi. Biz agar qavmni shunday tahslab qo’ysak va bay’at bo’lmasa, ular kimlargadir o’zlaricha bay’at berib yuborishlaridan xavfda edik. Natijada, biz ham o’zimiz hohlagan kishiga bay’at berardik yoki ularga qarshi chiqardik. Bu esa fasod-buzilish degani…» ( Ahmad rivoyati)

Bay’atdan keyingi ilk hutba

Abu Bakrga bay’at qilib bo’lingach u zot minbarga ko’tarildilar. Alohga hamdu-sano aytdilar va dedilar: «Ey, odamlar, sizlarga boshliq qilindim. Lekin sizlarning yaxshingiz emasman. Solih amallarda menga yordam beringlar, adashsam to’g’ri yo’lga boshlab qo’yinglar. Sidq omonatdir. Kizb hiyonat. Kim orangizda zaif-nochor ekan mening oldimda kuchlidir haqqini olib beraman. «Kuchliman» deganingiz ham oldimda zaifsiz. Alloh taolo hohlasa bu «kuchlidan» zaifning haqqini olib beraman. Birortangiz kurashdan to’htamang. Kimki uni tark qilsa Alloh unga horlikni yozur. To Alloh va rasuliga itoatda ekanman, menga itoat qiling. Qachonki, Alloh v arasuliga osiylik qilsam menga itoat qilish zimmangizdan tushadi.Namozlaringizni qoyim qiling Alloh sizlarni rahmat qilsin».

Abu Bakr roziyallohu anhu

Qo’shin jo’natish

Rasululloh s.a.v. Usoma ibn Zaydni amirlikka tayin qilib Mut’a g’azotida qurbon bo’lganlarni qasdini olish uchun Shomga otlanishni buyurgan va: «Ey,odamlar, Usomaning qo’shiniga qo’shilinglar! Agar Usomaning amirligini kamsitsangiz, undan oldingi amir — Usomaning otasini kamsitgan bo’lasiz. Allohga qasamki, Usoma otasi Zayd ibn Horisadan so’ng menga odamlarning eng suyuklisidir», degan edilar. Alloh rasulining Usoma ibn Zayd hususida bu so’zlarni ta’kidlab aytishlariga sabab odamlar Usomani katta qo’shinga amirlik qilish uchun yoshlik qiladi, degan o’yga borishdi. Chunki o’sha payt Usomaning yoshi hali 20 dan ham oshmagan edi. Ammo Rasululloh s.a.v. ning vafotlari tufayli bu qo’shinning yurishi kechkkan edi.Barcha g’amgin edi. Bir tomonda murtadlar balosi, bir tomonda munofiqlar fitnasi. Rasululloh s.a.v.ning vafotlari musulmonlarni gangitib qo’ydi. Bunday vaziyatda Abu Bakr nima qilsin? Bir tomondan odamlar yosh Usomaning amir bo’lishiga e’tiroz bildirishyapti. Ikkinchi tomondan murtadlikni paydo bo’lishi, musulmonlarning son jihatdan kamligi va Madinaga havf yuzlanishi kabi sabablar tufayli Shomga qo’shin jo’natilishiga ham qarshi chiqishyapti. Biroq Rasululloh s.a.v. Usoma boshliq qo’shinni jo’natishga qattiq turgan edilar. Shunda Abu Bakr r.a. har qanday holatda Alloh va Rasuliga osiy bo’lmaslikka ahd qildilar. Ahir, Alloh rasulining amriga hilof ish tutib bo’ladimi? Yo’q, bunday qilish na uning tabiatiga va na uning hulqiga to’g’ri keladi. Abu Bakrning hulqi-ohirgi lahzagacha sabot bilan tirish, hoh katta, hoh kichik ish bo’lsin Rasulullohning buyurganidan chiqmaslik va haqdan chalg’imaslik edi. Shunga ko’ra, Usoma hususida aytilgan quyidagi gaplar e’tiroz bildirganlarga munosib javob bo’ldi: «Abu Bakrning joni izmida bo’lgan Zotga qasamki, agar yirtqich hayvonmeni changaliga olgan taqdirda ham Rasululloh s.a.v. aytganlaridek, Usoma boshliq qo’shinni jo’natgan bo’lardim.Garchi shahrda mendan boshqa hech kim qolmasa ham albatta bu qo’shinni jo’natar edim».

O’shanda Umar r.a. ansorlarning talabini Abu Bakrga yetkazaman deb baloga qolgan edi.» Ansorlar Usomadan ko’ra yoshi ulug’roq kishini amir qilishingizni so’rashyapti», dedilar Umar halifaga. Shunda halifa o’tirgan o’rnidan sapchib turdilar va Umarning soqolini ushlab: «Sen o’lib onang bolasiz qolgur,ey, Hattobning o’g’li! Allohning rasuli tayinlagan amirni olib tashlashimni buyuryapsanmi?!» dedilar. Umar odamlarning oldiga chiqar ekan: «nima bo’ldi? — deb so’raganlarga: «Borinlar-e sizlar o’lib onalrngiz bolasiz qolsin! Rasulullohning halifasidan eshitadiganimni eshitdim»,- dedilar Umar r.a.

Aziz o’quvchi! Abu Bakr Siddiqning yuqoridagi so’zlari Rasuli akram s.a.v.ning nochor ahvolda qolgan amakisi Abu Tolibga aytganlarini eslatmaydimi: «Ey, amakijon, bu ishimdan voz kechish uchun o’ng qo’limga quyoshni, chap qo’limga oyni qo’ysalar ham to Alloh yuzaga chiqarguncha, zinhor yo’limdan qaytmayman yoki shu yo’lda o’lib ketaman!» degan edilar Sarvari olam.

Abu Bakr qo’shin tomon yayov yurdilar.Usoma otda edi.Abdurahmon ibn Avf halifaning ulovini yetaklab borardi. Shunda Usoma:

— Ey, Rasulullohning halifasi,Allohga qasamki, ulovingizga minib oling yo men otdan tushaman! — dedi.

— Allohga qasamki, otdan tushmaysan, men ham ulovga minmayman. Allohning yo’lida bir soat tovonlarimni chang qilsam nima qilibdi! Chunki g’ziyning har bir qadamiga 700 yaxshilik yoziladi,darajasi 700 marta ko’tariladi, 700 hatosi o’chiriladi, — dedilar Abu Bakr. Keyin aytdilar: — Agar ma’qul ko’rsang Umarni men bilan qoldir. Qo’shin amiri Usoma Halifaning bu iltimosini qondirdi. Abu Bakr qo’shinni hiyonat qilmaslikka, o’liklarni a’zolarini kesmaslikka, bolalarni, keksalarni, ayollarni o’ldirmaslikka, mevali darhtlarni chopmaslikka, yoqmaslakka, chorva hayvonlarini sababsiz so’ymaslakka buyurdilar va yana bir qancha ko’rsatmalar berdilar.
Hazrati Abu Bakrning kasblari va halifalik davridagi manzillari

Musulmonlar ishi bilan mashg’ul bo’lishidan ilgari Abu Bakr tijorat bilan shug’ullanar edilar. Manzillari Madina yaqinidagi Sunh qishlog’ida edi. Bay’atdan olti oy keyin Madinaga ko’chib o’tdilar. Sunhda yashagan paytlarida shaharga yayov, ba’zan esa ulovda kelar, ustlarida dag’al matodan tikilgan kiyim bo’lardi. Madinaga kelib odamlarga namoz o’qib berar hufton namozidan keyin yana Sunhga qaytar edilar. Abu Bakr Siddiq savdogar bo’lganliklari uchun har kuni bozorga chiqib, oldi — sotdi bilan shug’ullanardilar. Mahallaning qo’ylarini sog’ib berardilar. Halifa bo’lganlaridan keyin bir cho’ri ayol: «Endi bizning qo’ylarimizni sog’mang!», dedi.Shsunda Abu Bakr: «Umarimga qasamki bu ishni davom ettiraman. Umid qilamanki egallagan mavqeim meni o’zgartirolmaydi», dedilar.Alloh rozi bo’lsin,keyinchalik Abu Bakr qilayotgan ishlarini mulohgaza bilan o’ylab shunday hulosaga kelganlar: «Yo’q, Allohga qasamki, qavmning ishi tijorat bilan o’nglanmaydi. Balki, odamlarning ahvolidan xabardor bo’lib turish, ularning islohiga sabab bo’ladigan ishlarni izlab topish uchun barcha yumushlardan forig’lik lozimdir…»

Vafotlari arafasida Abu Bakr Siddiq shunday degan edilar: «Biz musulmonlar ishiga boshliq qilinganimizdan buyon ularning na dinor va na dirhamiga hiyonat qildik. Bizga ular yegan taomning qoldig’igina tegdi.Ustimizga dag’al kiyimlar kiydik. Bisotimizda musulmonlar o’ljasidan faqat mana bu habash qul, suv tashiydigan mana bu tuya va qimmati besh dirhamlik mana bu duhoba bor. Ulani Umarga jo’nating!» Bir rivoyatda Abu Bakr jo’natgan narsalar Umarga olib kelingach uning shunday degani naql qilingan: «Alloh Abu Bakrni rahmatiga olsin. U o’zidan keyingi kishilarni qiynab qo’ydi».

Yazid ibn Abu Sufyonga qilingan vasiyat

«Seni amirlikka tayinladim, sinalasan, tajribadan o’tasan. Agar vazifangni chiroyli ado etsang, ziyoda bo’lasan, aks holda vazifangdan ozod etilasan. Allohdan qo’rq! Chunki Alloh botiningni zohiringni ko’rgandek ko’rib turadi. Alloh bilan do’st bo’lishga eng munosib odam Allohga eng muhabbatli kishdir. Seni Xolid ibn Validning o’rniga amir qildim. Johiliyat odatlaridan saqlan, chunki Alloh bu odatlardan va unga amal qilguvchilardan nafratlanadi. Qo’shiningdagilarga chiroyli muomalada bo’l, ularni hayrga yo’lla yaxshilik sari boshla. Nasihating qisqa bo’lsin, so’z ko’paysa ularni eslab qolish qiyinlashadi, natijada bir so’z ikkinchisini unutilishiga sabab bo’ladi. O’zing yaxshi bo’l, shunda odamlar ham senga yaxshi bo’lishadi. Namozaringni vaqtida ruku’ va sujudini mukammal qilgan holda hushu’ bilan ado qil. Agar huzuringga dushman elchilari tashrif buyursa ularga izzat-ikrom ko’rsat. Ularning huzuringda turish muddatini kamaytir, toki qo’shining haqida hech narsa bilmasdan chiqsinlar. Mayli, ular otlaringni ko’rsin, tug’ingni tanib olsin, qo’shiningni haybatini his qilsin. Lekin ular sendan oldin gapirmasin, sen ularning so’zlariga hokim bo’l. Siringni tashqariga chiqarma, ishlaring chalkashadi. Maslahat so’rasang so’zlaring rost bo’lsin, mashvaratingni to’g’rilik asosiga qur. maslahat bergan kishining so’zi seni mahzun qilmasin, nimaiki bo’lsa o’zing tufaylidir. Senga habar keltirgan ashobing bilan tunlarni bedor o’tkaz. O’zingdan pardani ko’tar, ochiq bo’l.

Qo’riqchilarni ko’paytir va ularni qo’shinning har tarafiga sochib tashla. Qo’riqchilar kutmaganda hozir bo’l va ularning ustidan doimo nazorat o’rnat. Qaysi qo’riqchini g’ofil holda topsang, unga chiroyli adab, balki oshirib yubormasdan jazo ber. Qo’riqchilik navbat ila bo’lsin. Avvalgi qo’riqchining navbatchilik muddatidan keyingisiniki qisqaroq bo’lsin. Chunki kechaning avvalidagi navbatchilik kunduzga yaqinroq bo’lgani uchun yengil bo’ladi. Jazoga loyiq kishini jazolashdan hayiqma. Qo’l osingdagilarga ortiqcha bog’lanib qolma.Ular tomon shoshaverma, e’tiborsiz ham qodirma. Askarlaring ahvolidan habardor bo’l, g’aflatda qolma, chunki g’ofilliging fasodga sabab bo’ladi. Odamlar orasiga josus qo’yma. Odamlarning sirlarini ochishga qiziqma, ularning zohiri bilan kifoyalan. Bekorchilar ila o’tirma, sidq va vafo ahli ila hamsuhbat bo’l. Yuzma-yuz bo’lishga intil. Toki qo’rqoq emas ekansan, odamlar sendan hayiqadi.O’lja taqsimotida hiyonatdan saqlan. Chunki adolatsizlik qashshoqlikni yaqinlashtiradi, nusrat — g’alabani uzoqlashtiradi. Hali chekkalarga chiqib uzlat qilgan qavmlarga duch kelasizlar, ularni tek qo’yinglar, ularning uzlatiga sabab bo’lgan narsaga ham dahl qilmanglar».
Abu Bakr r.a. davrida baytul mol

Abu Bakr r.a. davrilarida baytul mol Sunh qishlog’ida edi. Baytul molning qo’riqchisi ham bo’lmagan. Abu Bakr Siddiqqa:

— Ey Rasulullohning halifasi, baytul molga qo’riqchi tayinlamaysimi? — deyishganida, Abu Bakr:

— Xavf yo’q, — deb javob berdilar.

— Nega? — deb so’rashdi.

— Qulflangan-ku! — dedi Abu Bakr.

Abu Bakr hazratlari to baytul mol tugamaguncha tarqatardilar. Madinaga ko’chganlaridan keyin baytul molni o’zlari turadigan hovliga o’tkazdilar. Abu Bakr Siddiq mollarni taqsimlashda odil edilar. Odamlarni hur va qul, erkak va ayol, katta va kichik deb ajratmasdilar. Abu Bakr r.a. dafn qilingach Umar ibn Hattob ummatning amin kishilari Abdurahmon ibn Avf , Usmon va boshqalarni olib, ular bilan birgalikda baytul molga kelishdi. Baytul mol eshigini ochib, uyerdan na bir dinor va na bir dirham topishdi. Ko’zlaridan oqayotgan yoshlarini to’htatolmasdan: «Abu Bakrni Alloh rahmatiga olsin», deya olishdi, holos. Madinada o’sha paytda Rasululloh zamonlaridan buyon kelayotgan bir hisobchi tarozibon bor edi. U Abu Bakr r.a. huzuridagi mollarni hisoblab borardi. Undan:

— Abu Bakr huzuruga kelgan mollar qanchaga yetgan edi? — deb so’rashdi.

— Ikki yuz mingga! — dedi tarozibon.

Qur’onning jamlanishi

Abu Bakr Siddiq sahobalar ichida Qur’onning eng bilmdoni edilar. Shuning uchun ham Rasululloh s.a.v. u kishini namozda sahobalarga imomlikka o’tkazgan edilar va: «imomlikka o’ting, ularga Allohning Kitobini o’qib bering… Oralarida Abu Bakr turgan qavmga u kishidan o’zgasi imomlikka o’tishi durust emas!» degan edilar. Yamoma jangida ulug’ sahobalarning aksari shahid bo’lgani tufayli Hazrati Abu Bakr odamlardan eshitilgan, hurmo po’stlariga va terilarga yozilgan Qur’onni to’plab, bir muqova ostiga jamlashni buyurdilar.

So’nggi onlaridagi vasiyat va nasihatlari

Abu Bakr Siddiq r.a. o’zidan keyingi halifalik aqdini Umar ibn Hattobga topshirishga qaror qildilar. Abdurahmon ibn Avfni chaqirib, undan:

— Umar haqida nima deysan?- deb so’radilar.

— Ey Rasulullohning halifasi, u siz ko’zda tutgan kishilarning ichida eng afzalidir. Lekin Umarda bir dag’allik bor.

— Ko’nglim bo’shligini bilgani uchun u o’zini shuday tutadi.Agar ish Umarning o’ziga topshirilsa u butkul o’zgaradi, — dedilar Abu Bakr.

Keyin Usmon ibn Affonni chaqirib:

— Ey Abu Abdulloh, Umar haqida nima deysan? — deb so’radilar.

— O’zingiz uni yaxshiroq bilguvchisiz, — deb javob berdilar Usmon.

— Sen ham uni mendan kam bilmaysan, — dedilar ochiqroq javobni kutib Abu Bakr r.a. Shunda Usmon ibn Affon:

— Menga shu narsa ayonki, Umarning botini zohiridan ko’ra yaxshiroqdir, oramizda unga o’hshashi yo’qdir,- dedilar. So’ng Abu Bakrning oldilari Talha ibn Ubaydulloh kirib dedi:

— Odamlarga Umarni halifa qilmoqchimisiz? Yoningizda turib odamlarga qanday muomala qilayotganini ko’ryapsiz. Agar qavm bilan uning o’zi yolg’iz qolsa odamlarning ahvoli nima kechadi? Ertaga Rabingiz raiyatingiz haqida savolga tutsa nima deb javob berasiz!? Abu Bakr r.a. to’shakda yotgan edilar, «meni o’tqizib qo’yinglar», dedilar. O’tqizib qo’yishgach, Talhaga qarab dedilar:

— Meni Alloh bilan qo’rqitmoqchimisan? Bilib qo’y ertaga Rabbimga yo’liqsam va U Zot meni savolga tutsa: «Ahlingga ahlingni eng yaxshisini halifa qilib qoldirdim», deyman.

So’ng Usmonni chaqirib:»yoz!» deb buyurdilar: «Bismillahir rohmanir rohiym” Bu Abu Bakr ibn Abu Kuhofaning dunyodagi hayotining so’ngida undan chiqayotib, ohirat hayotining avvalida- unga kirayotib bergan ahdi! Kofir ishonadiga, fojir amin bo’ladigan va yolg’onchi rost so’zlaydigan vaqt ohiratdir. Men sizlarga Umar ibn Hattobni halifa qilib qoldiryapman, unga quloq solingiz, itoat etingiz! Agar adolat qilsa bu mening u haqidagi fikrim va bilimimdir. Agar u almashtirib yuborsa har kimga qilmishiga yarasha bo’ladi. Men yaxshilikni hohladim, g’aybni bilmasman: «Zolim kimsalar esa yaqinda qanday oqibatga qarab ketayotganlarini bilib qolurlar» (Shuaro,227- oyat)». Oisha r.a. otalari Abu Bakr Siddiq r.a. jon berayotgan paytlarida huzurlariga kirib, quyidagi baytni o’qidilar:

Qasamki, umringizga aziz padar,

Qachonki, kelsa yetib,qazo qadar.

Jon halqumga borsa,siqilib ko’krak,

Naf bo’lurmi mardga boyligu tirak. 

Shunda Abu Bakr ko’zini ochib: — Unday emas mana bunday,- deb quyidagi oyatni o’qidilar: «Mana o’lim mastligi haqqi rostyetib keldi. ( Ey inson) bu o’lim sen qochguvchi bo’lgan narsadir».(Qof,19-oyat). Keyin dedilar: «Mana bu ikkita ko’ylagimni yuvib,meni ular bilan kafanlanglar.yangi narsaga o’likdan ko’ra tirikalr muhtojdirlar». Salmon Forsiy r.a. Abu Bakr r.a.dan hol so’rab huzurlariga kirdi va: «Ey Abu Bakr, bizga nasihat qiling,- dedi. Hazrati Abu Bakr Siddiq r.a: «Albatta, Alloh oldingizga dunyolar ochadi.Undan o’zingizga ytarlisini ol! Bilgilki, kim bomdod namozini ado qilsa, bas, u Allohning himoyasidadir. Allohning himoyasida bo’lgan holda Allohga bergan ahdingni buzma. Agar buzsang,yuzing bilan jahannamga uloqtirilajaksan!»- dedilar.

Umar r.a.ga qilgan vasiyatlari

So’ngra Abu Bakr r.a. Umarga shunday vasiyat qildilar: «Bilgilki, kunduzi Allohning haqqi bor uni kechasi qabul qilmaydi. Allohning kechsidagi haqqi bor uni kunduzi qabul qilmaydi. To farz ibodatlaringni ado etmaguningcha, nafl ibodatlaring maqbul emas. Qiyomat kunida kishining tarozusi og’ir bo’lishi bu dunyoda haqqa ergashgani va haqqa ergashish og’ir bo’lgani uchundir. Qiyomat kunida kishining tarozusi yengil bo’lishi bu dunyoda botilga ergashgani va botilga ergashish oson bo’lgani uchundir. Alloh jannat ahlini yaxshi amallari tufayli zikr etadi, yomonliklarini kechiradi. Shunda biri deydi: «Men bulardan pastman men bularning martabasiga yetolmayman». Alloh do’zah ahlini yomon amallari tufayli zikr etadi, solih amallarini rad etadi. Shunda biri aytadi: «Men bulardan afzalman». Alloh taolo mo’minlarda rag’bat hosil bo’lishi uchun rahmat oyatini, qo’rquv hosil bo’lishi uchun azob oyatini zikr etdi. Toki ular o’zlarini halokatga tashlamasinlar, Allohdan haqdan o’zgasini kutmasinlar. Agar ushbu vasiyatimni hotirangga mahkam joylasang, g’oyib narsalar ichida sen uchun o’limdan suyuklirog’i bo’lmaydi.Holbuki, o’lim haqdir. Agar ushbu vasiyatimni unutsang, g’oyib narsalar ichida senga o’limdan manfurroq narsa yo’q! Holbuki, o’lim muqarrar, undan qochib qutulolmaysan!».

Sahobalarga qilgan vasiyatlari

Said ibn Musayyab deydi: «Abu Bakr r.a.ning o’lim onlari yaqinlashgach, sahobalardan bir guruhi huzurlariga kirdi va: «Ey Rasulullohning halifasi, bizni nasihatingiz ila oziqlantiring,- dedi. Abu Bakr r.a. dedilar: «Kim Quyidagi kalimalarni aytib jon bersa, Alloh uni » ufuqul mubin» ga ko’taradi: «Allohim! Albatta Sen halqingga ehtiyoj bo’lmagan holda ularni yaratding. So’ngra ularni ikki guruhga- jannat va jahannam ahliga ajratding. Meni jannat ahlidan qil, jahannam ahlidan qilma.Allohim! halqingni tafovutli qilib yaratding. Yaratishingdan oldin ularni tanlading. Kimnidir badbaht etding, kimnidir saodatmand! Kimnidir adshgan qilding, kimnidir to’g’ri yo’lda! Gunoglarim tufayli meni badbahtlar toifasidan qilma. Allohim! Har bir jonni yaratishdan oldin uning amallarini bilguvchi Zotsan. Hech bandangga Sen bilgan narsadan qochib qutulish imkoni yo’q. Meni O’zingga qiladiganlar jumlasidan ayla. Allohim! Bandalaring harakatini O’zing taqdir qilgansan. Biron narsa Sening izmingsiz harakatlana olmas! Harakatlarimga taqvoni asos qil. Allohim, yaxshilik va yomonlikni yaratding. Yaxshilik va yomonlikni qilguvchini ham yaratguvchi O’zing! Va, meni jannat ahlidan qil, Allohim! Qaysi qvmga zalolatni yor etding, ko’kragini tangu-tor etding. Bas, meni ko’ksimni iymon uchun och, qalbimni iymon ila ziynatla. Allohim! Ishlarni tadbir etuvchi O’zingsan. Natijani ham belgilovchi ham O’zing .O’limdan so’ng meni go’zal hayot bilan tiriltir va o’zinnga yaqin qil. Allohim! Kimki kunduzi va kechasini Sendan o’zgaga ishonch va umid bog’lab o’tkazsa ziyondadir. Allohim! O’zing mening ishonchim va umidimsan. Mutlaq kuch va qudrat O’zingagina hos!» Bu aytganlarimning barchasi ulug’ Allohning Kitobida bordir. Shunda sahobalar «Ufuqul mubin» nima?- deb so’rashdi. Abu Bakr r.a: «Arsh oldidagi maydondir.U yerda Allohning bog’lari daryolari va darhtlar bor. Har kuni bu manzilga yuzta rahmat yog’ladi. Kim ushbu so’zlarni aytsa Alloh uning ruhini o’sha manzilda hozir qiladi, InshaAlloh».

Vafotlari

Abu Bakr Siddiq r.a. hijriy o’n uchuinchi yil, jumadul ohir oyining yigirmaikkinchisida, dushanba kuni (melodiy 634 y 25 avgust) shom bilan hufton orasida 63 yoshlarida vafot etdilar. Foniy dunyodagi so’nggi so’zlari: «Meni musulmon holimda vafot ettirgin va solihlarga qo’shgin», deyish bo’ldi. Aytishlaricha, salqin kunda hammom qilganlar,o’n besh kun istimalab yotdilar, jamoat namoziga chiqolmadilar. Imomlikni Umarga buyurdilar. (Abdurahmon ibn Abu Bakr rivoyati).

Abu Bakr r.a. ikki yilu uch oyu o’n kun halifalik qildilar. Jasadlarini yuvishni ayoli Asmo binti Umays va o’g’li Abdurahmonga buyurdilar. Janozalarini Umar ibn Hattob o’qidilar. Jasadlarini o’g’li Abdurahmon, Umar, Usmon va Talha qabrga olib kirishdi. Lahad Rasululloh s.a.v.ning lahadlariga yopishtirib qilindi, boshlarini esa U zotni yelkalariga baravar etib qo’yishdi. Qabrlarining ustini Rasululloh s.a.v.nikidek tekis qilindi. O’shanda Oisha r.a. va boshqa ayollar yig’lagani eshitildi. «Yig’ini bas qilishsin», dedilar Umar r.a. Lekin ayollarning yig’i tovuchi tinmadi. shunda Umar r.a. Hishom ibn Validni chaqirib: «Bor bu yerga Abu Kuhofani qizini olib chiq» , — dedilar. Hishom Abu Bakrni singlisi Ummu Farvani olib chiqdi. Umar r.a. uni qamchi bilan boplab ta’zirini berdilar. Shundan so’ng ayollarni yig’isi to’htadi.

Abu Bakr Siddiq r.a. nihoyatda kamgap, ko’p sukutli inson edilar. Shuning uchun ham u zotndan atiga 42 ta hadis rivoyat qilingan. Holbuki, Abu Bakr Islomning ilk kunlaridan to Rasululloh s.a.v. vafotlarigacha u kishining doimiy yonlarida bo’lgan ishonchli mulozimlaridan edilar.

Ha, Abu Bakr Siddiq r.a. ashobni so’zamollikdan qaytarar edilar va tiliga ishora qilib: «Bu narsa tufayli menga ko’p balolar yuzlandi», der edilar. Hatto oz gapirish uchun og’zilariga tosh solib yurganlari rivoyat qilingan. Aziz zamondosh! Tilga O’ta ehtiyotkor bo’lgan Abu Bakr Siddiqday zot shunday deb tursa, sukutdan gapni, amaldan so’zni afzal biladigan bizdek kaslarni ahvoli nima kechar ekan?!

Ali ibn Abu Tolibni ta’ziya so’zlari

Ali r.a. Abu Bakr r.a. vafotlarini eshitib, yig’lab, istirjo’ aytib keldilar.Eshik oldiga yetgach to’htadilar va shunday dedilar: «Alloh sizni rahmat qilsin ey, Abu Bakr. Qasamki siz Islomga ilk kirganlardan edingiz.Odamlar ichida hulqi chiroyli iymoni baquvvat, qvmning badavlati ahm o’zingiz edingiz. Rasululloh s.a.v.ni hamisha qattiq himoya qildingiz, doimo Islomga moyil bo’ldingiz. Ummatga jonkuyar edingiz. Fazl, hidoyat hatto sukut jihatidan Allohning rasuliga eng muvofiq zot ham o’zingiz bo’ldingiz. Islomga, Allohning rasuliga va musulmonlarga mehrli edingiz. Alloh sizni yaxshilik ila mukofatlasin. Odamlar Rasululloh s.a.v.ni odamlar yolg’onchi deganlarida siz u zotni rostgo’y deb tasdiqladingiz. Hamma u zotga bahillik qilganida siz sahovat ko’rsatdingiz. Hamma o’tirgan paytda siz Rasululloh s.a.v. bilan birga tik turdingiz. Alloh sizni O’z Kitobida “siddiq» deb nomladi.

«Rost Qur’onni keltirgan zot va uni tasdiq etgan (mo’minlar)- ana o’shalar taqvoli zotlardir». ( Zumar, 33- oyat) Alloh taolo bu oyatda Rasuli ila sizni nazarda tutgandir. Kofirlarga ofat, musulmonlarga qo’rg’on edingiz. Hujjatingiz hech qachon noto’g’ri bo’lmadi. Idrokingiz hech qachon zaiflashmadi. Tog’dek barqaror turdingiz,sizni na bo’ronlar o’rningizdan va na chaqmoqlar ruhingizni yiqoldi. Rasululloh s.a.v. aytganlariden sizni badaningiz kamquvvat, elk diningiz quvvatli edi. Nafingizni horu haqir tutardingiz, lekin Allohning huzurida aziz, yer yuzida ulug’, musulmonlar nazdida yuksak edingiz. Oldingizda hech kim kibr va tama’ qilolmas edi. Huzuringizda zaiflar kuchli kuchlilar zaif edi, zaifning haqqini kuchlidan so’zsiz olib berar edingiz. Alloh bizni ajringizdan benasib qilmasin. Sizdan keyin bizni adashtirmasin. Amiyn».

Oisha onamizning ta’ziya sozlari

«Alloh yuzingizni yorug’ qilsin otajon. Solih amallaringizdan O’zi rozi bo’lsin. Dunyodan yuz o’girib, uni hor tutdingiz, ohiratga yuzlanib aziz bo’ldingiz. Rasululloh s.a.v. vafotidan keyingi eng katta musibat sizning vafotingizdir. U zordan keyingi eng katta yo’qotish sizni yo’qotishimizdir. Albatta, ulug’ va qudratli Zot Allohning Kitobi bizni chiroyli sabr qilishga undaydi. O’limingizga sabr etish bilan Allohning amriga bo’ysinamiz. Siz uchun ko’p istig’for aytib, Allohdan yordam so’rayman. Sizga Allohning salomlari bo’lsin…»

Abu Bakr r.a. e’tiroflari

Abu Bakr r.a. deydilar: «Dunyo uchun qayg’urmayman, ammo uch ish bundan mustasno. Ha, uch ish qildim koshki shuni qilmaganimda edi. Uch ishni tark qildim koshki shuni qilganimda edi va koshki uch savolni javobini Rasululloh s.a.v. dan so’ragan bo’lsam edi… Koshki bay’atni kechiktirgan Fotimani oilasini o’z holiga qo’ygan bo’lsam edi, garchi ular menga o’z eshiklarini yopib olgan bo’lsalarda. Fujoa’ ibn Sulamani koshki o’tda yoqmagan bo’lsam edi, koshki uni boshqa jazo bilan qatl etgan yo qo’yib yuborgan bo’lsam edi. Koshki bani Soidaning shiyponida halifalik tayin bo’lgan kunda bu ishni ikki kishiga Umar yo Abu Ubaydaning biriga yuklagan bo’lsam edi. Ularni birini amir-u o’zim vazir bo’lganimda edi. Ash’as ibn Qays asir holda huzurimga keltirilganida koshki uni o’ldirganimda. O’shanda u o’zini yomonlik qilmaydigan, musulmonlarga yordam beradigan qilib ko’rsatgan edi-ya?! Xolid ibn Validni murtadlarga qarshi jo’natganimda koshki o’zim Zulqissada bo’lganimda, agar musulmonlar g’alaba qozonsalar ham, mag’lub bo’lsalar ham yonlarida turgan va yordam bergan bo’lardim. Xolid ibn Validni Shomga jo’natganimda koshki Umar ibn Hattobni yo’llagan bo’lsam shunda Alloh yo’lida ikki qo’limni cho’zgan bo’lardim. Koshki Allohning rasulidan kim halifa bo’lishini so’rab olganimda edi, bu hususda hech kim tortishmasdi. Koshki Rasululloh s.a.v.dan halifalikda ansorlarni ham ulushi bor yo’qligini so’rab qolganimda edi… Koshki Rasululloh s.a.v.dan qiz jiyan va ammalrning merosi hususida so’ragan bo’lsam, chunki bu masalaning yechimidan qalbim qanoat topmadi».

O’ylatadigan savollar. So’nggi so’z o’rnida

«Siddiqnoma». Bu mo’jaz risolani o’qib qanday taassurot oldingiz? Nimani angladingiz? Siddiqni tanidingizmi? Bu sifatga musharraf zotning muborak hayoti bilan oshno bo’lish sizga nima berdi? Abu Bakr Siddiq r.a.ning hayoti Rasululloh s.a.v.ning tegrasida emas, balki quchog’ida, ilhiy vahiylar asosida kechgan hayot. Alloh rasuliga eng muvofiq, eng sodiq, suyukli do’stning hayoti. Bu hayot Rasululloh s.a.v.ning halifasi, sahobalarning ulug’i, dini Islomning qo’rg’oni, ummat ichida yaxshilarning yaxshisi bo’lgan buyuk siymoning hayoti. Bu hayot din yo’lida ne-ne aziyatlar chekkan molini va jonini tikkan asri saodat tongini, Islom quyoshi charaqlagan kunlarni Rasululloh s.a.v. bilan birga qarshilagan siddiqlik maqomi sohibining hayoti. Chiroyli hulq, go’zal hislatlar Rasulullohdan o’tib, sidqu-vafo timsoli bo’lmish bu zotning qon-qoniga singgan desak yanglishmaymiz. Alloh u zotni O’z Kitobida «siddiq» deb nomladi, husni hulq ila ziynatladi. Hosh, Siddiqni tanidingizmi? Tanigan bo’lsangiz, bilngki, bu hidoyat yo’lining boshi. Muhimi — bu yo’lda sobitqadamlik, qanday yashash kerakligini o’rganish va siddiqlardek yashash. O’zimga o’zim savol beraman: Senda zarracha siddiqlik bormi? Siddiqqa o’hsharmisan? ALLOH yo’lida iymon e’tiqodda saboting qanchalik? Abu Bakr Siddiqning Muhammad s.a.v.ga mehr muhabbatlarini ko’z oldingga keltir. Do’stni birodarni Siddiqdek seva olasanmi? Еahlikali vaziyat yuz bergan paytlarda do’sting uchun qattiq turishga toqating yetadimi? Nomardlik qilib tashlab ketmaysanmi? O’z jonini hovuchlab birodaridan yuz o’girgan yuzlarga qarolar bo’lsin.

Eslang! Allohga oshkor da’vat qilganida, Abu Bakr r.a.ni mushriklar shafqatsiz kaltaklab, yuzlariga temir poshnali kavushlari bilan urdilar, og’zi burnini yaralab, qonga beladilar. Qabiladoshlari uyiga eltganlarida ahvoli og’ir, so’zlashga ham majoli yo’q edi. Tilga kitgach birinchi so’zi «Muhammad» bo’ldi, do’stining holini surishtirdi. O’zi chekayotgan og’riqlarni unutdi, joni ko’ziga ko’rinmadi, chunki Alloh rasulini jonidan ham ortiq ko’rardi. Ahvoli shinchlaik og’ir bo’lishiga qaramay onasiga suyanib bo’lsa ham Rasululloh s.a.v.ning oldilariga bormaguncha Sarvari olamni ko’rmaguncha ko’ngli tinchimadi. Siddiqlik shunday bo’ladi. Allohdan emas bandadan qo’rqib qora sharpalardan cho’chiydigan hurkaklar, qon-qarindposhdan mol-jonini qizg’anadigan dunyoparastlar, ahdu paymonida turmaydigan og’machilar, ikkiyuzlamachilar kishiga do’st bo’la oladimi?! Siddiq bo’lsang ularga yondoshma, bundaylardan hazar qil. Ammo nuqsonini vaj qilib do’stdan kechm, qusurdan qutulishda unga holis yordam. Mana Abu Bakr r.a.ning bu hususdagi so’zlari: «Yaxshi amallarda menga yordam beringlar, agar adashsam to’g’ri yo’lga boshlab qo’yinglar». Bu so’zlar o’zini bequsur his qiladigan, hatosini tan olishni istamay boshi berk ko’chaga kirib ketadigan va unda adashib yurib, o’zini va boshqalarni qiynaydigan kimsalarga ogohlantirish, to’g’ri yo’lga da’vat emasmi? Qani edi, jumla hatolarimizning boshi kibardan halos bo’lolsak. Kuch-quvvat omili — adolatda, hatolar iqrorida, nuqsonni tuzatishda ekanini zo’rlik, tahdidu ta’qib halokatga eltishini anglab yetsak, ana shunda haqiqat qaror topadi, kuchlida zaifning haqi qolmaydi. Odamlarga qarab: «Kim orangizda zaif bo’ls meni huzurimda kuchlidir haqqini olib beraman», deya hitob qilgan Abu Bakr Siddiq r.a. hamisha adl turdilar, soz va ishlari bir bo’ldi.
Gap haq-huquqlar himoyasida borar ekan, bu masala bugun ham o’zining dolzarbligini yo’qotgani yo’q. Atrofimizga boqaylik: firibgar aldab, porahor tovlamachilik qilib, mansabdor mansabini pesh qilib, sudho’r muhtojlarga foizli qarz berib, zo’ravon kuch-yarog’i bilan qo’rqitib, odamlarning molu joniga tajovuz qilishlari qachongacha davom etadi?! Dunyo deb dindan kechishl;ar, tarozudan urishlar, yolg’on qasamlar tokaygacha?! Bu savollar bugun hammamizga dahldor. Rost so’zlasak, rost so’zga amal qilsak, inshaAlloh salbiy holatlar barham topadi. «Sidq omonatdir, kizb hiyonatdir», degan edilar Abu Bakr r.a.Rost so’zlash- ilohiy amr. Amr Allohdan kelgani uchun ham omonat.Uni buzish esa omonatga hiyonatdir. Demak, rostlik ustidsa qoyim turmaslik kizb yolg’onchilikiymondan emas. Siddiqlik tozalanish va poklanishning shartidir. Bu jarayon insonning o’z vujudiga ham, jamiyatga ham hos bo’lib, mardonalikni, kamolot yo’lida sabot-matonatni, po’latdek irodani talab etadi. Shunday matonat va iroda Abu Bakr r.a.da mavjud edi. Bunga dalil qilib, u zotning ta’ziyasida Ali r.a. aytgan gaplarni keltirish mumkin: «Hujjatingiz hech qachon noto’g’ri bo’lmadi va idrokingiz hech qachon zaiflashmadi. Tog’dek barqaror turdingiz. Sizni na bo’ronlar o’rningizdan siljitoldi, na chaqmoqlar ruhingizni yiqoldi».
Tog’dek salobatli, bukilmas irodali, sherdek haybatidan zolimlar ham titraydigan ana shu ulug’ inson nafsni horu faqir tutar, g’arib-miskinlar oldida kamtarin ipakdek muloyim, ojizu bechoralarga munis- mehribon edi. Madinaning chekkasida yashovchi ko’zi ojiz bir kampirnikiga tunlari borib uy yumushlariga qarashgani, hatto taom tayorlab yedirgani, g’arib-faqirlarga g’amxo’rlik va muruvvat ifodasi, hayru savob topishga zo’r ishtiyoq namunasi emasmi? O’zimga savol beraman: Nafsing oromoni buzib qaysi muhtojga yordam berding? Alloh omonatga bergan bisotingdagi narsalardan infoq-ehson qildingmi? Qiyinchilikni o’zingga olib kimning mushkulini oson qilding?Boshiga ish tushgan birodaring uchun qayishdingmi? «Kimyoyi saodat» kitobining muallifi deydi: «Haromdan saqlanish- vara’, shubhali narsalardan saqlanish- taqvo, ohirat ozig’i bo’lmaydigan narsadan saqlanish- sidqdir, bu amalning sohibi siddiqdir». Qani endi ayting: ohirat ozug’i bo’lmaydigan narsadan saqlandingiz? So’zda, niyatu amalda, iymoni e’tiqodga sadoqatda siddiq bo’la olarmikinmiz?!
Abu Bakr Siddiqning r.a. hikmatli so’zlari.
Avsat ibn Ismoil aytadi:»Rasululloh s.a.v. vafotlaridan 20 kun o’tib Abu Bakr r.a. minbarga hutba qilish uchun ko’tarildilar.

«O’tgan yili mana shu o’rinda,-dedilar u zoti sharif,- Rasululloh s.a.v. turgan edilar». Shu gapni aytib yig’lab yubordilar. So’mg so’zlarida davom etib:»Ey, insonlar, sidq rostgo’ylikni mahkam tutinglar.Chunki sidq yahshilik bilan birga va u ikkalasi jannatdadir. Yolg’ondan saqlaninglar, chunki yolg’on fujur bilan birga va uikkisi jahannamdadir. Alloh azza va jalladan ofiyat-omonlik tianglar. Chunki iymondan keyin bandaga ofiyatdan ko’ra yahshiroq narsa berilmagan.O’zaro aloqalaringni uzmanglar, adovatlashmanglar, bir-birlaringga hasad, g’azab qilmanglar va Allohning og’a ini bandalari bo’linglar»,dedilar».

Qaysi kishida quyidagi to’rt hislat bo’lsa, u Allohning yahshi bandlaridandir:

— tavba qiluvchi kishini ko’rganda quvonish;

— dindan yuz o’girgan kishi haqqiga hayrli duoda bo’lish;

— gunohkor uchun istig’for aytish;

— muhsin kishidan yordamini ayamaslik.

O’zingni tuzat,shunda odamlar ham sen uchun tuzaladi.

Eng afzal ziyraklik taqvodir.

Eng katta ahmoqlik gunoh qilishdir.

Eng ulug’ rostgo’ylik omonatga hiyonat iqlmaslik.

Eng ulug’ yolg’on esa omonatga hiyonat.

Alloh taolo zohiringda ko’ringan narsa orqali botiningni ko’radi.
Agar dunyo ziynatlaridan birortasi tufayli bandaning qalbiga kibr kirik qolgan bo’lsa, to shu banda o’sha ziynatni tark qilmaguncha, unga Allohning g’azabi yog’ilib turadi.

Ko’p gapirish ko’p gaplarni unuttiradi.

Alloh hidoyat qilmagan har bir kishi zalolatdadir.

Allohning himoyatida bo’lmagan har bir kishi baloga yo’liquvchidir.

Allohning yordamidan uzilgan kishi Allohdan uzilgan,o’zholiga tashlab qo;yilgan kishidir.

Alloh kimni to’g’ri yo’lga boshlasa u hidoyatda, kimni adashtirsa,u zalolatdadir.

Kimda ushbu uch fe’l bo’lsa, demak unga qarshi uning uchta dushmani jamlanibdi:zulm, ahdga bevafolik va makr-hiyla.
Bir kishi kelib Abu Bakr r.a.ni maqtadi. Shunda u zot Yaratganga yuzlanib aytdilarki:»Ey Rabbim, men o’zimni bulardan ko’ra ko’proq bilaman, Sen esa meni mandan ko’ra ko’proq bilasan. Bas, mening ular bilmaydigan gunohlarimni kechir,meni ular o’ylagandan ham yahshiroq banda ayla, meni ular gapirgan gaplar uchun jazolama».
Ikkita hislatning sen uchun yahshirog’i shu ikki hislatning senga yoqimsizrog’idir.
Tadbirini ayolga tiopshirgan qavm hor bo’ladi.
Birodariga jonini tikib yordam bergan kishiga Allohning rahmati yog’iladi.
Yahshilik qilish yomonlik tufayli keladigan halokatdan saqlaydi.
Ohiri do’zah bo’lgan yahshilik yahshilik emas, ohiri jannat bo’lgan yomonlik yomonlik emas.
Iymoni yo’qning dini yo’q, hisobi yo’qning ajri yo’q, niyati yo’qning amali yo’q.
Koshki, barglari yulib-yulib olinib, keyin yeyiladigan daraht bo’lsam.
Bir kishi Abu Bakr Siddiqqa dedi:

— Men seni shunday so’kayki,shu so’kish sen bilan qabrga kirib ketsin!

— Yo’q, so’kishing men bilan emas, o’zing bilan qabrga kiradi,-dedilar Abu Bakr r.a.

Yahshi amallarda menga yordam beringlar,adashsam to’g’ri yo’lga solib qo’yinglar.
Ey, insonlar, kizb-yolg’onchilikdan saqlaninglar,chunki kizb iymondan chekinishdir.
ABU BAKR SIDDIQ (ra), to‘liq ismi Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibn Abu Qahhofa ibn Omir (571/572 — 634/23) — islomda «xulafoi roshidin» («to‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar»), Movarounnahrda «chahoryorlar», «choryorlar» deb atalgan dastlabki to‘rt xalifadan birinchisi (632-634). Muhammad (sav)ning eng yaqin safdoshlari, qaynotalari (Oishaning otasi).

Yirik savdogar. Makkaning quraysh qabilasidan. Muhammad (sav) da’vatlari bilan islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan. Islomga kirishdan oldin ismi Abdulka’ba edi. Abdulloh ismini Muhammad (sav) qo‘yganlar. Siddiq deb atalishiga sabab shuki, isro va me’roj hodisasini eng birinchi bo‘lib tasdikdagan. Muhammad payg‘ambar unga Siddiq, ya’ni imoni kuchli deb laqab berganlar.

Makkadan Madinaga hijrat qilishda Muhammad (sav)ga hamroh, g‘orda hamnishin bo‘lgan. Badr, Uhud, Handaq, Xudaybiya va b. joylardagi janglarda ishtirok etgan. Abu Bakr Siddiq (ra) umr bo‘yi to‘plagan 40 ming dirhamlarini islom yo‘liga sarf qilgan, chunonchi, Bilol Habashiyni sotib olib, qullikdan ozod etgan. Muhammad (sav) vafotlaridan keyin birinchi xalifa bo‘lib saylangan (632).

Arab qabilalarining Madina hokimiyatiga qarshi ko‘targan qo‘zg‘olonlarini bostirgan (q. Ridda). Abu Bakr Siddiq (ra) xalifaligi davrida arablar Iroq va Suriyani fath etgan. 634 yildan Vizantiya imperatori (Rum sultoni) Irakliy (Xiraqil) yuborgan yuz mingdan ortiq qo‘shin ham islom lashkarlaridan yengilgan.

Qur’oni karimni tartibga solib, jild holiga keltirishga kirishgan. Sarvari olamdan 142 hadis rivoyat qilgan. Islom davlatini boshqarishda qator tartiblar joriy etgan, mamlakatni boshqarish uchun Maslahat kengashi, har bir viloyatga voliy (hokim) tayinlash, Baytulmol tashkil etish kabilar shular jumlasidandir. Abu Bakr Siddiq (ra) Muhammad (sav) vasiyatlariga sodiq qolib juda kamtarona hayot kechirgan. Madinada vafot etgan va Muhammad (sav) yonlariga dafn qilingan.

Islom ensiklopediyasidan

Biografiya
Abu Bakr roziyallohu anhu