Mis, oltin va kumush — «soqqali» elementlar
Mis, oltin va kumush — «soqqali» elementlar
Minglab yillar mobaynida ibtidoiy odamlar ish qurollari sifatida oddiy tosh, suyak va yog‘ochdan foydalanishgan. Chunki, bu materiallar oson topiladigan, har yerda mavjud narsalar bo‘lgan. Albatta, ish quroli sifatida turli metallardan foydalanish nisbatan qulayroq bo‘lgan bo‘lur edi. Lekin, metallarni ajratib olish va ishlov berish, tosh va yog‘ochga qaraganda nisbatan qiyin. Metallar odatda boshqa elementlar bilan mustahkam birikmalar hosil qilgan holda bo‘ladi. Metallarning atomlarini, boshqa elementlarning atomlaridan ajratib olish va ishlov berish — murakkab texnologik jarayon bo‘lib, uncha-muncha uquv talab qiladi. Toshni yo‘nish va uni boltaga o‘xshatib taroshlash esa — juda oson bo‘lmasa-da, harqalay, jo‘n ishdir.
Metallarni odamlar atiga 6000 yil muqaddam kashf qilishgan. Katta ehtimol bilan, qadimgi odamlar metallarni tasodifan kashf qilishgan bo‘lsa kerak.
Metall qanchalik faol bo‘lsa, uni faqat birikma tarkibidan topilishi ehtimoli ham shunchalik ortadi. Metall qanchalik faol bo‘lsa, uni birikma tarkibidan ajratib olish ham shunchalik murakkablashadi. Inert metall esa, sof holatda ham mavjud bo‘lishi mumkin. Agar inert metallga biror boshqa element bilan birikma holida duch kelinsa, uni ajratib olish ham unchalik qiyin bo‘lmaydi.
Tabiatda shunday inert metallardan uchtasi nisbatan ko‘proq tarqalgan va ular bir-biriga ham kimyoviy, ham fizik jihatda juda o‘xshashdirlar. Ular — mis (29-raqamli element); kumush (47-raqamli element) hamda oltindir (79-raqamli element). Misning ilmiy nomi lotincha «cuprum» so‘zidan olingan bo‘lib, o‘rta Yer dengizidagi Kipr orolining nomida kelib chiqqan. Chunki, qadimgi davrlarda, ya’ni, Rim imperiyasi va Yunoniston gullab-yashnagan zamonlarda ushbu imperiyalar ehtiyoji uchun aynan Kipr orolidan mis tashib kelingan. Tabiiyki, orol shunga yarasha, ulkan miqdordagi mis konlariga ega bo‘lgan. Kumush misdan ham inertroq metall bo‘lib, sof holda ko‘proq uchraydi. Lekin kumush misdan ko‘ra kamyob metall sanaladi. Oltin esa, ushbu uchun metall ichida eng inerti bo‘lib, shu bilan birga, eng kamyobi hamdir. Ba’zan, kumush va oltinning tabiiy qotishmasi ham uchrab turadi. Bunday qotishmani elektrum deb ataladi.
Ushbu metallardan qaysi biri eng birinchi bo‘lib kashf qilinganini hozirda hech kim bilmaydi. Eramizdan avvali 4000 yilliklarga oid qadimgi Misr va Bobilga arxeologik qazilmalardan har uchala metall namunalari topilgan.
Taxminlarga ko‘ra, qadimgi odamlardan biri, olov yoqqan paytda, olovning atrofida, uning tagida yoki, yonida, tarkibida ko‘p miqdorda mis, kumush yoki, oltin mavjud bo‘lgan tosh jinsi qolib ketgan. Natijada, tosh jinsi tarkibidagi metall erib, ajralib chiqib qolgan. Qadimgi odamni birinchi navbatda, kul orasida yaltirab turgan metallning rangi (jilvasi) o‘ziga tortgan bo‘lsa ajab emas. Mis — qo‘ng‘ir-qizg‘ish rangda, oltin — sap-sariq tusda, kumush esa — oqish rangdagi metalldir. Boz ustiga, ushbu metallar, faqat o‘zigagina xos rangga ega bo‘lgan metallar bo‘lib, tabiatdagi boshqa metallarning rangi shu metallarning rangiga o‘xshaydi xolos (aksariyat metallarning rangi kumushning rangiga tortadi). Jilvalanayotgan rangiga e’tibor bilan metall bo‘lagini qo‘liga olib ko‘rgan qadimgi odam, uning suyak yoki yog‘och singari sinib maydalanib ketmasligiga, yoki, tosh singari bo‘linib parchalanib ketmasligiga diqqat qilgan. Aksincha, metallni egish, buklash va kerakli shaklga solish mumkin edi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu yarqiroq metallarning eng birinchi qo‘llash sohasi bu — zeb-ziynat sifatida taqilishi bo‘lgan emish. Odamlar, ayniqsa ayollar tashqi qiyofaga e’tibor berib, ko‘rkam va chiroyli ko‘rinish harakatiga tushib qolganlaridan buyon, har qanday yarqiroq metallar muayyan qimmatga ega bo‘lib qolgan. Ayrim olimlarning fikricha, odamzot ilk marta metall bilan muomala qilgan va unga ishlov berishni o‘rgangan joy bu — Sinay yarim oroli (hozirgi Misr davlatining Osiyo hududi) ekan.
Oradan uzoq asrlar, balki ming yilliklar o‘tib, odamlar asta-sekinlik bilan metallarni kondan qazib olish, ularga ishlov berish va qayta ishlash borasida qimmatli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib bordilar. Xususan, misni boshqa metallar bilan aralashma (qotishma) tarzida qayta ishlansa, u yanada qattiq va pishiqroq bo‘lib qolar ekan. Taxminlarga ko‘ra, metallarning bu xususiyati ham tasodifan kashf etilgan. Dastavval mis va ruxni o‘zaro ma’lum nisbatlarda qotishmasidan latun olishni yo‘lga qo‘yilgan. Latun sof misdan ko‘ra arzon, shu bilan birga, qattiqroq va yanada sariqroq bo‘ladi. Keyinchalik, misga qalayni aralashtirish orqali, yana bir ajoyib qotishma — bronza olishni ham o‘rganib olishgan.
Arxeologlar tomonidan topilgan eng qadimgi bronza bo‘laklari eramizdan avvalgi 3500-yillarga taalluqli bo‘lgan Misr ehromlaridan olib chiqilgan. Bronza deyarli ikki ming yil mobaynida odamlarga ma’lum bo‘lgan eng qattiq metall sifatida qadrlangan. Bronzadan qadimda asosan qurol-aslaha, bolta, o‘q-yoylarning nayzali uchlarini yasashgan. Bunday o‘q-yoyning charxlangan o‘tkir qismi uzoq vaqtgacha o‘zining o‘tkirligini saqlab turgan. Bronza qurollarni to‘mtoqlash juda qiyin bo‘lgan. Shu sababli, keyinchalik, oshpichoqlar, arra va oyboltalarni ham aynan bronzadan yasashga o‘tilgan. Ushbu metallning arzonligi, undan kundalik turmush uchun uy-ro‘zg‘or anjomlari yasash uchun keng imkoniyat berar edi.
Konchilar tomonidan temir kashf qilinmagunicha, odamlar uchun bronzada yaxshi metall bo‘lmagan. Temirni ko‘p miqdorda qazib olish yo‘lga qo‘yilgach esa, temirchilar bronzaning qadrini pasaytirib yuborishdi. Haqiqatan ham, temir ko‘p jihatda bronzadan afzalroq metall bo‘lib chiqqan. Misning hozirgi zamonda nisbatan ko‘p qo‘llanadigan qotishmasi bu — tarkibida 2% berilliy mavjud bo‘lgan qotishmasidir. Berilliyli mis qattiqligi po‘lat singari bo‘lib, lekin tannarxi po‘latdan qimmatroq tushadi. Lekin bunday qotishmaning qator afzallik jihatlari mavjud. Xususan, berilliyli misning egilish va bukilish ko‘rsatkichlari, eng sifatli po‘latnikidan ancha yaxshi bo‘lib, uni sindirish juda qiyin. Yana bir eng muhim xossasi shundaki, berilliyli mis boshqa qattiq materiallar bilan ishqalanganida uchqun chiqarmaydi. Shu sababli, yong‘in xavfi mavjud joylarda, ishchi hudud havosida oson alangalanadigan gazlar to‘planib qolish xavfi bor ishlab chiqarish korxonalarida berilliyli misdan yasalgan asbob-uskunalar juda asqotadi.
Qadimdanoq mis, kumush va oltinning narxi va qadri doim yuqori bo‘lib kelgan. Ushbu metallardan arzimas kichik bo‘lagiga, bir necha sigir, bir necha qop bug‘doy va hatto qullar sotib olish mumkin bo‘lgan. Shunga ko‘ra, ushbu metallar asta-sekinlik bilan, odamlar orasida tovar ayriboshlash o‘rniga, muayyan miqdordagi tovarlarga teng qiymatga ega pul hisobiga o‘ta boshladi. Chunki, bu metallar kam miqdorda bo‘lsa-da, katta qiymatga ega bo‘lgan. Aytaylik, 10 ta sigir sotib olish uchun yetarli bo‘lgan oltin, o‘sha sigirlar egallaydigan joydan ko‘ra chandon kam joy egallaydi. Boz ustiga, tillani boqish va tagini tozalash shart emas J. Agar, sigir suti ichgisi kelib qolsa, yoki, mol go‘shti tanovul qilgisi kelib qolsa esa, tillasi bor odam, ma’lum miqdordagi tillaga sut yoki go‘sht sotib olishi mumkin edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, odamzot oltin qazib olishni o‘rganib olgandan buyon, taxminan 50000 tonna atrofida oltin kavlab olgan. Albatta, boshqa elementlarga taqqoslaganda, bu raqam unchalik ham katta emas, lekin, shunga qaramay, tabiatda oltindan ham kamyob va siyrak metallar borki, ularning qiymati ham oltindan ancha baland yuradi. Farqi shundaki, oltindan ham kamyob metallarni odamlar pul muomalasi uchun deyarli ishlatishmaydi, yoki, bunday metallar nisbatan yaqin o‘tmishdagina kashf qilingan.
Shunday qilib, yillar mobaynida, kishilik jamiyatida savdo-iqtisodiy munosabatlar shakllanar ekan, mis, kumush va ayniqsa oltin — ayriboshlash vositasi, ya’ni, pulga aylana boshladi. Oltin — juda chiroyli, kamyob va zanglamaydigan qimmatbaho metall sifatida juda qadrlana boshladi. Undan nafaqat pul sifatida, balki, zeb-ziynatlar hamda, hashamat belgisi sifatida foydalana boshlashdi. Jamiyatdagi badavlat va zodagon odamlarning ijtimoiy mavqei, ularning qancha oltinga ega ekanliklari bilan o‘lchana boshladi. Oltin — boy-badavlatlik belgisiga aylanib ketdi. Taxminan, eramizdan avvalgi 600-yillar boshida, hozirgi Turkiya davlati hududida, ya’ni, Kichik Osiyoda gullab-yashnagan Lidiya davlatida oltin bo‘laklariga maxsus zarb berib, unga qiymati va davlat ramzlari tushirilgan tarzda erkin ayriboshlash vositasi sifatida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mohiyatan bu — tarixda ilk tanga pullar edi. Tangadagi davlat ramzlari, xususan, tamg‘a va ayniqsa mamlakat rahbari timsoli — tanganing asl ekanligiga dalolat qiluvchi ramz bo‘lib xizmat qilgan. Tamg‘a — butun tanganing sof tilladan ekanini tasdiqlagan.
Tamg‘aga ega tangalar, oddiy, ishlov berilmagan oltin bo‘laklaridan ko‘ra ishonchliroq edi. Boz ustiga, oddiy oltin bo‘laklari, ya’ni, quyma tillalarning asl tilla ekanini maxsus tajribasi bo‘lmagan odamlar aniqlay olmasdi. Shu sababli ham, odamlar turli shubha-gumonlardan holi bo‘lish uchun, asta-sekinlik bilan, faqat davlat tomonidan zarb etilgan va maxsus tamg‘a tushirilgan tilla tangalardan foydalanishga o‘tishdi. Vaqt o‘tishi bilan, tanga pullarni faqat oltindan emas, balki, kumush va misdan ham zarb eta boshlashgan. Ushbu metallarning turli o‘zaro nisbatlaridan tayyorlangan qotishmalaridan, qiymati turlicha bo‘lgan tanga pullar zarb etilgan. Tabiiyki, qadri eng baland, qiymati eng yuqori tangalar bu — sof oltin tangalar bo‘lgan. Kumush tangalar o‘rtacha qiymat bilan amal qilgan bo‘lsa, past qiymat bilan mis chaqalar ishlatilgan.
Hozirgi davrda deyarli hamma mamlakatlarda pul muomalasi uchun, allaqachon qog‘oz pullarga o‘tib ketilgani. Shunga qaramay, aksariyat davlatlarda hali-hanuz tanga pullarni uchratish mumkin. Lekin, bunday tanga pullar hozirda oltin va kumushdan emsa, balki, boshqa metallardan yasaladi. Ustiga-ustak, hozirda amal qilayotgan tanga pullarning aksariyati mayda pullar (ya’ni, qiymati eng kichik pul birliklari) bo‘lib, chaqa sifatida ishlatiladi. Umuman olganda, milliy iqtisodiyotida pul muomalasida tanga pullardan foydalanadigan mamlakatlarda tanga zarb qilishda oltin kumushda ko‘ra boshqa metallarga o‘tib ketilganining turli sabablari mavjud. Birinchi navbatda, bunda oltin va kumushning, yoki ularning qotishmalarining juda yumshoq ekani bilan bog‘liq. Juda ko‘p marta qo‘ldan-qo‘lga va turli apparatlarga (kassa apparati, bankomat va ho kazo) tushib-chiqaversa, bu metallardan tayyorlangan tangalarning fizik sifati tezkor yomonlashadi. Hozirgi tanga pullarni zarb qilishda asosan mis va nikel qotishmalaridan foydalaniladi. Xususan, AQSH dollarining 1 sentlik chaqasi (uni odamlar «penni» deb ham yuritishadi) 95% mis, 4% qalay va 1% ruxdan iborat. Mohiyatan bu bronzaning bir turi deyish mumkin. 5-sentlik chaqani esa, AQSHliklar «nikel» deyishadi. Chunki, bu tanga pulning tarkibida 75% misga qo‘shimcha tarzda, 25% nikel mavjud. Nikel sababli 5-sentlik chaqa kulrang tusga kirgan. Qizig‘i shundaki, o‘rta Osiyo hududida qadimda mavjud bo‘lgan davlat — Baqtriyada ham pul muomalasi uchun deyarli shu nisbatdagi tanga pullar zarb qilingan. AQSHning 10, 25, 50-sentlik va 1-dollarlik tanga pullari esa asosan kumushdan iborat. Bu pullar tarkibining 90% kumush va qolgan 10% qismini mis tashkil qiladi.
Garchi, tanga pullar tarkibidagi o‘z tarixiy o‘rnini allaqachon yo‘qotgan bo‘lsa-da, lekin, hozirda mis, kumush va oltin metallarining undan ham ancha muhim boshqa vazifalari bisyor. Xususan, elektr tokini generatordan tortib iste’molchigacha uzatishda, o‘tkazgich sim sifatida qo‘llash uchun ayniqsa mis metalli muhim ahamiyatga ega. o‘zi aslida hamma metallardan ham o‘tkazgich sifatida foydalanish mumkin. Faqat bunda, u yoki bu metallning elektr tokini o‘tkazish xususiyatlari bir-biridan keskin farq qiladi. Shu nuqtai nazardan, ayrim metallardan o‘tkazgich sifatida foydalanish samaraliroq, ayrimlaridan esa, aksincha, zararliroqir. Aytaylik, vismut elementi, garchi o‘zi metall bo‘lsa-da, lekin u elektr tokini juda yomon o‘tkazadi. Aksincha, metallmaslar ichidagi ayrim elementlar, masalan, uglerod — tokni vismutdan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazadi (grafit ko‘rinishida).
Elektr tokini uzoq masofalarga uzatishda, uning kuchi va quvvatini yo‘qotmaslik juda muhim. Bunda, tok uzatiladigan sim qanchalik yaxshi o‘tkazgich bo‘lsa, elektr tokining yo‘l-yo‘lakay yo‘qotilishi shunchalik kam bo‘ladi. Elektr o‘tkazgichlarning sifatini aniqlashning usullaridan biri — simdan muayyan aniq miqdordagi tok o‘tganida, simning qanchalik qizib ketganligini aniqlashdan iboratdir. Sim tayyorlangan metallning o‘tkazuvchanligi qanchalik yaxshi bo‘lsa, sim shunchalik kam qiziydi. o‘tkazgich qanchalik yomon bo‘lsa, u shunga mos ravishda kuchliroq qiziydi. Energiyaning saqlanish qonuni albatta elektr energiyasi uchun ham taaluqlidir. Shunga ko‘ra, o‘tkazgichning qarshiligi qanchalik yuqori bo‘lsa, u shunga muvofiq kamroq tok o‘tkazadi. Qarshilik esa, elektr toki energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirib, tashqi muhitga tarqatib yuboradi. Bu esa, o‘tkazgich qizishi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. o‘tkazgichning qarshiligi qanchalik past bo‘lsa, u tokni shuncha yaxshi o‘tkazadi. Demakki, u shunchalik kam qiziydi va bunday o‘tkazgich orqali uzatilgan elektr energiyasi yo‘qotishlari ham kam bo‘ladi.
Albatta, o‘tkazgichning elektr tokini yomon o‘tkazish xossasidan ham foydalaniladi. Siz, elektr tokida ishlaydigan isitish asboblari va uskunalarini ko‘rgansiz albatta. Masalan, elektr choynaklar, fen, dazmol, payvandlagich (payalnik) singari asboblar shular jumlasidandir. Bunday asboblarda atayin, o‘tkazgich xossasi eng past bo‘lgan, ya’ni, qarshiligi eng yuqori bo‘lgan maxsus metallar, yoki, metall qotishmalari qo‘llanadi. Bunday metallardan tok o‘tganda, ularning kuchli qarshiligi evaziga, simlar kuchli qiziydi. Ya’ni, elektr energiyasi kerakli miqdordagi issiqlik energiyasiga aylantiriladi.
Endi tasavvur qiling, sizda, turli metallardan tayyorlangan bir necha o‘tkazgich simlar mavjud. Hamma simlar bir xil qalinlik va uzunlikka ega. Ularning har biridan bir xil miqdordagi elektr toki o‘tkazilsa, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu simlar ichida eng kam qiziydigani, demakki, qarshiligi ham eng pasti bu — kumush bo‘lib chiqadi. Haqiqatan ham, kumush — eng yaxshi o‘tkazgichdir. Mis undan keyingi o‘rinda turadi.
Agar metallarning o‘tkazuvchanlik xususiyatiga qarab, 100 ballik shkalada ball berilsa, unda kumush 100 ball olgan bo‘lur edi. Shunday baholash tizimida, mis — 95, oltin 67, alyuminiy 58, temir esa 16 ball oladi. Ishqoriy metallar ichida eng yaxshi o‘tkazgich bu — natriy bo‘lib, u mazkur tizimda 35 ball olgan bo‘lardi.
Ko‘rib turibsizki, mis ham o‘tkazgichlar ichida eng yaxshisi deyish mumkin. Uning o‘tkazuvchanligi kumushnikidan juda kam farq qiladi. Narxiga ko‘ra esa, mis kumushdan ancha arzon. Shu sababli, butun jahon bo‘ylab, maishiy va texnik elektr simlari asosan misdan tayyorlanadi.
Jahon bo‘yicha qazib olinayotgan va qayta ishlanayotgan misning yarimidan ziyodi keyinchalik aynan elektr o‘tkazgich sifatida ishlatiladi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida AQSHda mis zaxiralari shu darajada bo‘shab qoldiki, natijada hukumat tanga pullar zarb qilish uchun mis ishlatmaslikka qaror qildi. Mis tanqisligi darajaga borib yetdiki, Ouk-Rij laboratoriyasidagi ilmiy tadqiqotlarda ishlatish uchun yaxshi o‘tkazgich elektr simlari topilmay qoldi. Lekin, harbiy maqsadlardagi ilmiy tekshirishlarni to‘xtatib qo‘yib bo‘lmasdi. Mis esa yo‘q. Boshqa davlatlardan mis keltirish uchun dengiz yo‘llarini nemis va yapon kemalari to‘sib tashlagan. Natijada, zarur miqdordagi o‘tkazgich simlar ishlab chiqarish uchun davlat Fort-Noks qimmatbaho metallar zaxirasidagi kumushdan foydalanishga majbur bo‘lgan. Albatta, urush tugab, davlatda yana mis zaxiralari paydo bo‘lgach, Ouk-Rijdagi qimmatbaho kumush simlar yana davlat zaxirasiga qaytarilgan.
Ushbu achchiq tajribadan kelib chiqib, 1943-yilda AQSH hukumati misni iqtisod qilish maqsadida, 1-sentlik mis chaqa, ya’ni, pennini umuman boshqa metallar qotishmalaridan zarb etishga qaror qildi. Biroq, eksperiment o‘zini oqlamadi. Missiz 1-sentlik chaqa tashqi ko‘rinishidan 10-sentlik tangaga o‘xshab ketardi va bu ko‘pchilikni chalg‘itardi. Biroq, eng asosiy muammo bu emasdi. Missiz penning odamlarga ma’qul kelmagan va haqiqatan ham salbiy bo‘lgan jihati shu ediki, u qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, ko‘p bora muomalada bo‘lar ekan, tez fursatda o‘z sifatini yo‘qotardi. Bunday tanga bir necha kun ichida xiralashib, avval kulrang tusga kirar, keyin esa qorayib ketardi. Bu esa albatta hech kimga yoqmagan. Natijada, oradan 1 yil ham o‘tmay, markaziy bank bunday tangalarni muomaladan chiqarib tashlashga va yana o‘sha eski, mis chaqalarni zarb qilishga majbur bo‘lgan.
Mis — tirik to‘qimalar hayoti uchun muhim mikroelementlardan biri sanaladi (kobalt singari). Siz ayrim jonivorlarning qoni odatiy qizil rangda emas, balki ko‘k rangda bo‘lishini hech eshitganmisiz? Hayron bo‘lmang. Krablar, chig‘anoqlar, kalmarlar va shiliqqurtlarning qoni haqiqatan ham ko‘k rangda bo‘ladi. Qonining rangi qizil bo‘lgan jonzotlarda, xususan, odam tanasida kislorodni qondagi gemoglobin moddasi tashiydi. Qoni ko‘k bo‘lgan jonivorlarda esa, ayni vazifani qon tarkibidagi gemosianin moddasi bajaradi. Aynan gemosianin — ko‘k rangli modda bo‘lib, uning tarkibida mis atomi mavjud bo‘ladi.
Ushbu maqolada ko‘rib chiqilayotgan metallar ichida mis — nisbatan eng past inertlikka ega metalldir (boshqacha aytganda, eng faolroq metall). Shu sababli ham undan zeb-ziynat buyumlari yasash unchalik ham yaxshi chiqmaydi. Ochiq havoda turar ekan, mis avvaliga kislorod bilan birikib, qo‘ng‘ir rangli oksid qatlami bilan qoplanib oladi. Keyin esa, asta-sekinlik bilan, havoda mavjud oltingugurt birikmalari bilan ta’sirlashib, yashil rangga kirib qoladi. Albatta, mis buyumlarga yashil rang kirib qolishi kimlargadir yoqadi va zargarlar bunday misdan ham ajoyib taqinchoqlar yasab berishlari mumkin. Lekin, muammo shundaki, misga bu tarzda tabiiy yashil rang kirishi juda sekinlik bilan kechadi va bu jarayon yillar mobaynida davom etishi mumkin. Misga shunday g‘alati yashil rang kirib qolishiga misol sifatida Nyu-Yorkdagi mashhur «Ozodlik» haykalini ko‘rsatish mumkin. U asosan misdan yasalgan bo‘lib, o‘rnatilgandan buyon o‘tgan bir necha o‘n yillar mobaynida moviy-yashil tusga kirib qolgan. Misga o‘rnab qoladigan bunday yashil rangni mutaxassislar patina deb atashadi.
Mis rudasining keng tarqalgan yana bir turi malaxit deb nomlanadi. Malaxit tabiiy ravishda ajoyib yarqiroq yashil rangga ega bo‘ladi. Uzoq asrlar mobaynida rassomlar va haykaltaroshlar malaxitdan foydalanib, bir-biridan ajoyib san’at asarlari yaratib kelishgan. Malaxit — yashil va ko‘l ranglarning ajoyib tabiiy manbaidir.
Misning bunday birikmalarining rangi mis atomining o‘ziga bog‘liq bo‘lmaydi. Masalan, mis sulfati (CuSO4) oq rangda bo‘ladi. Agar, ushbu mis sulfatiga suv qo‘shilsa, uning har bir molekulasiga beshtadan suv molekulasi birikib oladi. Lekin bunday birikmaning kimyoviy bog‘lari unchalik ham mustahkam bo‘lmaydi. Mis sulfat va suv birikmasini gidratatsion suv deb yuritiladi. Oddiy qizdirish orqali, gidratatsion suv tarkibidagi suvni osonlik bilan chiqarib tashlash mumkin. Natijada, misning gidratlangan sulfati qoladi. Bu moddaning rangi esa, to‘q ko‘k tusda bo‘ladi.
Gidratlash orqali, mis sulfatga o‘xshash boshqa ko‘plab tuzlarning ham xossalarini o‘zgartirish mumkin. Gidratatsion suv chiqarib tashlanishi bilan, bunday tuzlarning molekulasi suvsizlanib qoladi. Suvzislangan tuzlarning aksariyati kristallar hosil qilmaydi. Aksincha, gidratlangan tuzlar esa, ajoyib kristallar hosil qiladi. Mis sulfat bilan ham aynan shu narsa sodir bo‘ladi. Shu sababli, gidratatsion suvni, kimyogarlar kristallovchi suv ham deb yuritishadi.
Mis sulfatning o‘zi esa, mikroskopik suv o‘tlarini yo‘q qilish uchun ishlatiladi. Suzish va cho‘milish havzalarining ichki yuzasiga mutaxassislar odatda mis sulfat bilan yoki, misning shunga o‘xshash boshqa bir birikmasi bilan ishlov berishadi. Shuning uchun ham basseynlarning ichki devorlari yuzasi ko‘k-moviy rangda ko‘rinadi. Bundan tashqari, misning bu kabi birikmalari, o‘simliklar tanasida parazitlik qiladigan mayda mikroskopik zambrug‘larga qarshi kurashda ham ishlatiladi.
Kumush esa juda ajoyib, chiroyli, yarqiroq metalldir. Uni tanimagan odam kam bo‘lsa kerak. Avvallari aksariyat oshxona jihozlari, xususan, pichoq, sanchqi va qoshiqlar, likopchalar kumushdan tayyorlanar edi. Keyinchalik, zanglamaydigan po‘lat (stainless steel) ixtiro qilinishi bilan, kumushning oshxona buyumlari orasidagi o‘rnini u egallab oldi. Eski kumush qoshiqlar esa, endilikda antikvar buyumlar sifatida baholanmoqda.
Kumush buyumlar oltingugurt va uning birikmalari ta’sirida xiralashib qoladi. Zamonaviy yirik sanoat korxonalarida atmosferaga buriqsib chiqib yotgan tutunlar tarkibida anchagina miqdorda oltingugurt birikmalari mavjud. Atmosferadagi aynan o‘sha oltingugurt birikmalari kumush buyumlarning sirtini qoplab oluvchi kumush sulfidi hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Kumush buyumga tovuq tuxumi chaqib yuborilsa ham, u juda tez xiralashib qoladi. Chunki, tuxum tarkibida ham oltingugurtning har xil birikmalari serob bo‘ladi.
Ushbu uch metall ichida inertligi eng yuqori bo‘lgani bu — oltindir. Oltin asosan zargarlik buyumlari tayyorlash hamda, davlatlarning oltin zaxiralarini boyitish uchun ishlatiladi. Xalq orasidagi «oltin zanglamas» degan ibora bekorga aytilmagan. Chunki, oltin haqiqatan ham zanglamaydi. Oltin elementi kislorod bilan ham, oltingugurt va uning birikmalari bilan ham, kislotalar bilan ham ta’sirlashmaydi. Sof oltin juda yumshoq metall bo‘lib, toza tilladan yasalgan ziynat buyumlari, taqinchoqlar taqib yurilganda, oddiy ishqalanish tufayli ham tezda uvalanib, yedirilib ketadi. Shu sababli ham, zargarlar taqinchoqlarning qattiqligini oshirish, hamda uning uzoq xizmat qilishini ta’minlash maqsadida, tilla taqinchoqlar tarkibiga baribir mis qo‘shishga majbur bo‘lishadi. Shu sababli, 100% sof oltin taqinchoq haqida gap ketsa, ishonmaganingiz ma’qul.
Oltinning sofligi karat birligi bilan o‘lchanadi. Mutlaq sof oltin 24 karat bo‘ladi. Odatda, do‘konlarda sotiladigan tilla taqinchoqlarning sofligi 14-karat bo‘ladi. Ya’ni, unda 58% tilla, qolgan 42% esa mis bo‘ladi. Zargarlik buyumlari tarkibida mis qancha ko‘p bo‘lsa, bunday taqinchoqning vaqt o‘tishi bilan xiralashib, sifatini yo‘qotishi shunchalik tez bo‘ladi.
Oltinga kislorod, oltingugurt va kislotalar ta’sir qilmasligini yuqorida aytdik. Biroq, oltinga ta’sir ko‘rsata oladigan element albatta bor. Bu — xlor elementidir. o‘rta asrlarda yashagan alkimyogarlar xlor haqida bilishmagan. Lekin, ular azot kislotasi bilan xlorid kislotasini aralashtirib, unga oltinni solishganida, aralashma ichida oltin erib ketganiga guvoh bo‘lishgan. o‘rta asrlarda odamlar oltinni «metallar podshosi» deb atashardi. Podsho metallni eritib yuborgan aralashmani esa, alkimyogarlar «podsholar arog‘i» deb atashgan. Kimyogarlar hozirda ham bu nomni tez-tez qo‘llab turishadi. Biroq, bu o‘rinda bir narsaga e’tibor qaratish lozimki, ushbu jarayonda oltinni azot yoki xlorid kislotalaridan biri emas, balki, ular o‘zaro ta’sirlashganda ajralib chiqadigan xlor elementi eritadi. Bunday aralashma yashil tusda bo‘ladi va u turgan xonani xlor hidi tutib ketadi. Demak, oltinni aynan o‘sha xlor eritadi.
Kumush — anchayin inert metall bo‘lgani uchun, uni turli birikmalar tarkibidan ajratib olish ham anchayin oson kechadi. Kumush xloridi — tabiatda ko‘p uchraydigan birikmalardan biri bo‘lib, oq kukun ko‘rinishida bo‘ladi. Uning tarkibida atiga bittadan kumush va xlor atomi mavjud bo‘ladi. Bu birikma juda bo‘sh va mo‘rt bo‘lib, uni tarkibiy elementlarga, ya’ni kumush va xlor atomiga parchalab yuborish uchun yengil kuch bilan ta’sir etish ham kifoya qiladi. Kumush xloridini parchalash shunchalik osonki, bunga oddiy yorug‘likning energiyasi ham yetarli bo‘ladi. Ya’ni, bu modda yorug‘lik ta’sirida qoldirilsa, u tarkibiy elementlarga ajrab ketadi. Natijada, ajralib chiqqan xlor asta-sekinlik bilan gazga aylanib, havoga uchib ketadi. Kumush esa, juda-juda mayda kukun ko‘rinishida sirt yuzada qolaveradi. Aksariyat metallar singari, kumush ham kukun holatida qoramtir tusda bo‘ladi.
Kumush xlorididan kumush va xlorni ajratib yuboradigan kimyoviy reagentlar ham ko‘p. Bunday reagentlarni ta’sir qildirishdan avval, kumush xloridini yorug‘lik ta’siriga qo‘yib, keyin yana reagentlarga qaytarilsa, birikmaning parchalanishi tezlashadi. Keyinchalik, parchalanish uchun yorug‘lik ham zarur bo‘lmay qoladi. U reagent ishtirokida parchalanaveradi.
Kumush xloridining ushbu ajoyib xossasidan foydalanib, XIX asrda avvaliga Nyeps va keyinroq uning shogirdi va hamkori Lui Dager, fotografiyani ixtiro qilishgan. Dastlabki paytlarda fototasvirga olish uchun juda uzoq vaqt talab etilardi. Chunki, oddiy kumush xlorid sirtiga yorug‘lik fokuslanib, uning tarkibidagi xlor ajralib chiqib, kumush kukun tasvir hosil qilib qotgunicha 1-2 soatga yaqin vaqt ketardi. Lekin, keyinchalik mutaxassislar fotografiyani yanada takomillashtirishdi. Kimyogarlar esa, fotoplastinkalar tayyorlash uchun kumush xloridning yanada kuchli va tez ta’sirlanadigan boshqacha birikmalarini ishlab chiqishdi. Vaqt o‘tib, endi fotosuratga olish uchun atiga bir lahza kifoya qiladigan kumush birikmalari ixtiro qilindi. Bunday kumush birikmalari yordamida nafaqat statik obyektlar, ya’ni, qimirlamay turgan odam, yoki, buyumni, balki, harakatdagi narsalarni ham uzluksiz tasvirga olish mumkin edi. Nitrosellyuloza moddasiga azot kislotasi bilan ishlov berish orqali undan uzun rulonlarga o‘rash mumkin bo‘ladigan shaffof fotoplyonka tayyorlash texnologiyasi ixtiro qilingach esa, fotografiya tamomila yangi bosqichga o‘tdi va uning asosida yangi san’at turi — kinematograf shakllana boshladi. Shunday fotoplyonkani birinchi bo‘lib 1884-yilda AQSHlik Jorj Istman tayyorlagan edi. 1909-yilda e’tiboran esa, nitrosellyuloza o‘rniga atsetat sellyulozadan tayyorlangan fotoplyonkalar ishlab chiqarila boshlagan. Bunday plyonka nitrosellyuloza plyonkaga qaraganda yong‘in xavfsizligi jihatdan ishonchliroq material bo‘lib, uni yonishi juda mushkul. Shu sababli ham keyinchalik bunday plyonkalar ommalashib ketgan.
Bugungi kunga kelib, deyarli barcha foto va videotexnika apparatlari raqamli formatda ishlamoqda. Hozirda plyonkali fotoapparat yoki, magnit tasmasiga yozilgan videolarni uchratish tobora mahol bo‘lib bormoqda. Chunki, endi raqamli texnika endilikda ham sifat, ham tannarxiga ko‘ra bunday eskicha texnikani ortda qoldirdi. Biroq, deyarli butun XX-asr davomida olingan suratlar va kinotasvirlar hammasi aynan o‘shanday plyonkalarga olingan edi. Shunga muvofiq, XX asr davomida qazib olingan va ishlatilgan kumushning asosiy qismi fotografiya uchun sarflangan.
Kumushning yana bir birikmasi — kumush yodit (unda bittadan kumush va yod atomlari bo‘ladi) qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan g‘alati bir xossaga ega. Yo‘q, kumush yodit qishloq xo‘jalik zararkunandalariga qarshi vosita hisoblanmaydi. Bu birikmadan yomg‘ir chaqirish uchun foydalaniladi! Ha-ha, yanglishmadingiz, kumush yoditdan yomg‘ir chorlash uchun ishlatiladi. Qadimgi xalq qo‘shig‘idagi «sust xotin, suzma xotin» jumlalari aynan kumush yoditga atalgan bo‘lsa ajab emas (hazil albatta J). Gap shundaki, kumush yoditni kukun holida samolyotda bulutlar ustida sochib chiqilsa, bunday kukun tarkibidagi har bir zarra o‘z atrofida yomg‘ir tomchisi shakllantirishi mumkin bo‘ladi. Bulutlarga shunday kukundan sochib yuborilsa, tez orada yomg‘ir boshlanadi. Hozirgi kunda, yomg‘ir chaqirish uchun «sust xotin» qo‘shig‘ining ilmiy qayta ijrosi shunday desak yanglishmaymiz. Bu narsa, qurg‘oqchil mintaqalarda va hosilga xavf tug‘ilganda qo‘llansa, kutilgan natijani berishi mumkin. Faqat, odatda bu ancha qimmatga tushadi. Samolyot ijarasi va uning yoqilg‘isidan tashqari, kumush yoditning o‘zi ham uncha-muncha pul turadi. Odatda bir maydonga bu usulda yomg‘ir yog‘dirish, o‘sha maydondan olinadigan hosilning foydasidan qimmatga tushishi mumkin. Shu sababli ham, mazkur usul o‘ta favqulodda holatlarda va asosan, cho‘llanish hududlarida qo‘llanadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, mis va kumush ham chiroyli, qimmat va foydali elementlardir. Elektr simlarini missiz, XX-asr fotografiyasini kumushsiz tasavvur qilish mumkin emas.
Xo‘sh, oltinchi? Oltindan naf bormi?
Hafsalangizni pir qilaman. Odatda odamlarni ochko‘zlikka o‘rgatib, vasvasaga soladigan, aka-uka, qarindosh-urug‘ orasiga adovat solib, ba’zan esa, butun boshli urushlarga sabab bo‘ladigan bu yaltiroq metalldan aslida amaliy (texnik) naf deyarli yo‘q! Albatta ayrim juda kichik istisnolarni inobatga olmasa. o‘sha kichik istisnolardan biri — shishasozlik yo‘nalishidir. Agar shisha eritilayotganda uning tarkibida oz miqdorda oltin qo‘shib yuborilsa, bunday shisha pishgach yorqin-qirmizi, yoki, binafsharang tusga kiradi. Binolarning peshoynalarini dekorativ bezash uchun bunday shishadan foydalanish mumkin albatta. Bunday shishani shishasozlar «yoqut shisha«, yoki, «la’l shisha» deb atashadi. Xuddi shu maqsad uchun shisha tarkibiga mis qo‘shib yuborilsa, unda mahsulot ko‘kimtir, yoki, yam-yashil bo‘lib chiqadi.
Oltin — eng oson ishlov beriladigan, yumshoq metalldir. Oddiy bolg‘a bilan bir urib, oltinni yupqa list ko‘rinishiga keltirish qo‘yish mumkin. Oltinni shu darajada yupqa qilish mumkinki, yaxshi texnologlar oltindan atiga 0,0001 mm qalinlikdagi zarqog‘ozlar ham tayyorlay olishadi. Bunday zarqog‘ozlardan odatda «tilla suvi yuritilgan» deyiladigan buyumlarning sirtini qoplanadi. Masalan, tilla rangda tovlanadigan hajmli harflar bilan yirik korporatsiyalarning ofislar, yoki, asosiy binolarida ushbu korporatsiyaning nomi shunday zarhal harflar bilan yozib qo‘yiladi. Bunday harflar bilan terilgan nomlar juda yorqin va jilvakor ko‘rinadi. Binoga ulug‘vorlik baxsh etib turadi. Lekin, hozirda oltin rangida tovlanadigan boshqa sun’iy materiallar ham juda ko‘payib ketgani uchun, endilikda hech kim qimmatbaho asl oltinda zarhal har termay ham qo‘ygan. Yuqorida ayrib o‘tilganidek, hozirda hech bir mamlakatda, umumiy muomaladagi tanga pullar ham oltindan zarb etilmay qo‘ygan. Shundan kelib chiqsak, ushbu metall endilikda faqat zeb-ziynat buyumlari va taqinchoqlar yasash uchun ishlatilmoqda deyish mumkin. (Albatta, mamlakatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy barqarorligi ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lmish — oltin zaxiralari ham ushbu metallning asosiy borar joyidir).
Oltinga xos qiziq jihatlardan biri shuki, bu metall ancha og‘ir metall sanaladi. Oltin — tabiatdagi eng og‘ir moddalardan biridir. Bir xil hajm va sharoitda turgan oltin va po‘lat olinsa, oltinning vazni po‘latnikidan deyarli 3 barobar og‘ir bo‘lib chiqadi. Qirralari uzunligi 2,5 sm dan bo‘lgan kub shaklida quyilgan sof temirning og‘irligi 100 grammdan biroz og‘irroq bo‘ladi xolos. Po‘lat ham deyarli shunday. Shunday kubni misdan quyilsa, u 120 gramm vaznga ega bo‘ladi. Kumush 150 gramm atrofida bo‘lsa, oltin esa, 300 gramm tosh bosadi!
Oltinning ushbu fizik xossasidan boxabar bo‘lgan odamni oltin oldi-sotdisida aldash juda qiyin. Bir paytlar Yevropa xalqlarida g‘alati bir ertak bo‘lardi. Unda qishloqda shaharga kelgan to‘pori bir yigit, shaharlik mug‘ombir savdogarning nayrangiga uchun, undan «sof oltindan quyilgan» g‘isht sotib oladi. Aslida esa bu oddiy guvala g‘isht bo‘lib, faqat uning yuzasiga tilla suvi yuritilgan bo‘ladi. Agar o‘sha bechora qishloqi yigit, g‘isht kattaligidagi sof oltin quymasi eng kamida 20 kg bo‘lishini bilganida, bunday oson aldanmagan bo‘lardi. Haqiqatan ham, 65×120×250 mm o‘lchamdagi oddiy g‘ishtning hajmi 1950000 mm3 bo‘ladi. Bunday hajmli guvala g‘isht esa taxminan 3 kg tosh bosadi xolos. Sof oltindan quyilgan shunday hajmli g‘isht esa, taxminan 20 kg atrofida massaga ega bo‘lishi kerak! Shu sababli, siz agar kimdir «sof oltin» quymasi ko‘rinishidagi g‘ishtni bir qo‘li bilan ushlab turganini ko‘rsangiz, bilingki, u hech qanaqasiga oltin emas…
|
kеyingi > |
---|
Qiziqarli kimyo
MIS, oltin va kumush — «soqqali» elementlar
Manba:orbita.uz