Podagra to’liq malumot oling

Podagra to’liq malumot oling

Surunkali kasallik hisoblangan podagra bilan ogʼrigan bemor organizmida siydik kislota almashinuvi buziladi, yaʼni qonda uning miqdori ortadi. Shu tariqa boʼgʼim va boʼgʼim atrofidagi toʼqimalarda urat tuzlar yigʼila boshlaydi. Keyinchalik oʼtkir artrit hamda podagra tugunlari (tofuslar) paydo boʼladi.
Mundarija скрыть

podagra 1

Goʼsht va goʼsht mahsulotlari, yogʼli baliq, loviya, noʼxat, mosh va spirtli ichimliklarni koʼp isteʼmol qilish oqibatida qonda siydik kislota miqdori ortib, bu oʼz navbatida uning tuzlari – uratlar koʼpayishiga olib keladi. Qandli diabet, gipoterioz singari moddalar almashinuvi bilan bogʼliq kasalliklar ham podagra kelib chiqishiga turtki boʼladi. Bu oʼrinda irsiy omilni ham unutmaslik kerak.

Oyoq yoki qoʼllar, xususan, bosh barmoq boʼgʼimlarida, boldir-tovon, bilak-panja boʼgʼimlarida qattiq ogʼriq turadi. boʼgʼimlar bir muncha kattalashib, ustidagi teri qizaradi, tana harorati koʼtariladi. Bu klinik koʼrinish bir necha soat ichida eng yuqori choʼqqisiga koʼtariladi. Ogʼriq tongga yaqin pasayadi, tunda esa yana zoʼrayadi. Odatda xuruj uch-toʼrt kun davom etadi. Besh-olti kundan soʼng ogʼriq pasayib, keyingi 5-10 kunda butunlay yoʼqolishi mumkin. Tana harorati meʼyorlashib, boʼgʼim ishi yana tiklanadi. Xuruj qaytalanib turishi mumkin, har safar qaytalaganda yangi boʼgʼimlarni shikastlaydi.

Bemorda kechasi toʼsatdan oʼtkir artrit xuruj qilib qoladi. Gohida xurujdan bir-ikki kun oldin boʼgʼimda noxush sezgilar, umumiy lohaslik, et uvishishi kabi belgilar paydo boʼladi. Xuruj boshlanishiga olib keluvchi sabablar quyidagicha:

koʼp ovqatlanish, ayniqsa purin moddasiga boy boʼlgan taomlarni isteʼmol qilish (goʼshtli shoʼrvalar, qovurilgan goʼsht, parranda goʼshti, baliq);

spirtli ichimliklarni koʼp miqdorda isteʼmol qilish;

oyoq shikastlanishi (uzoq vaqt yurish, tor poyafzal kiyish);

ruhiy va jismoniy zoʼriqish, infektsiyalar va ob-havo oʼzgarishi.

Podagra umurtqa pogʼonasi boʼgʼimlarini, son-chanoq boʼgʼimlarini ham shikastlaydi. Kasallik uzoq davom etganda va xurujlar tez-tez takrorlanganda boʼgʼimlarning uratlar taʼsirida yemirilishi hamda ikkilamchi osteoartroz rivojlanishi natijasida boʼgʼimlar shakli asta-sekin buziladi. Yildan-yilga podagra xurujlari koʼpayib boraveradi. Teri ostiga uratlarning toʼplanishi natijasida qattiq, aniq chegaralangan va teri sathidan koʼtarilgan yumaloq podagra tugunlarining (tofuslarining) paydo boʼlishini kasallikning ikkinchi klinik belgisi sifatida eʼtirof etish mumkin. Ular aksariyat birinchi xurujdan 5-10 yil oʼtgach, ammo baʼzi bir bemorlarda 2-3 yildan soʼng rivojlanadi, gohida tofuslar boʼlmasligi ham mumkin.

Tofuslarning hajmi har xil, toʼgʼnogʼich boshchasidan kichik olmagacha boʼladi. Ular odatda quloq suprasida, qoʼl, koʼz qovogʼi va burun togʼayida, oyoq panja boʼgʼimlarida, koʼpincha bosh barmoq tashqi yuzasida joylashadi. Tofuslar bir-biriga qoʼshilib, kattalashib ketishi mumkin. Аyrim hollarda yaralanib, yoriladi, undan ignasimon nim sariq rangda urat kristallari toʼkiladi. Bu holatda koʼpincha ikkilamchi infektsiya qoʼshilishi kuzatiladi. Binobarin tofuslar kasallik muddati va ogʼirlik darajasi koʼrsatgichi hisoblanadi.

Podagra koʼp hollarda gipertoniya, ateroskleroz, semirish va yurak ishemik kasalliklari bilan birga kechishi mumkin. Аvvalo xuruj boshlanishi oldidan bemor oʼziga oʼzi yordam berishi kerak. Buning uchun podagra xuruji vaqtida harakat qilmang, ogʼriyotgan boʼgʼim tagiga yostiq qoʼying. Dard zoʼraygan paytda kuniga kamida 5-6 stakan suyuqlik iching. Mineral suv va naʼmatak damlamasini galma-galdan ichsangiz boʼladi. Iloji boʼlsa, ogʼriyotgan boʼgʼimga 10 daqiqa muz qoʼyib turing, ogʼriq pasayadi. Siydik kislotasining koʼpayib ketishi, boʼgʼimlar, buyrak, tomirlar va boshqa aʼzolarni zararlaydi, agar uratlar buyrakda yigʼilsa, nefroptozga olib keladi, buyrak faoliyatining susayishi esa qon bosimining oshishiga sabab boʼladi, shunday ekan, vaqtni boy bermay, zudlik bilan revmatologga murojaat qiling.

Аbduqahhor FOZILOV, professor.

Kasalliklar
Podagra