Markaziy bankning asosiy stavkasi 1 foizga pasaytirildi
Markaziy bank boshqaruvi 2022 yil 9 iyundagi yigʻilishda asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 16% darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Tashqi iqtisodiy хatarlarning qisqa muddatli salbiy toʻlqinlarining ortda qolganligi, ichki valyuta bozorining barqarorlashuvi, valyuta oqimlari va milliy valyutadagi muddatli depozitlar oʻsuvchi dinamikasining tiklanganligini inobatga olib Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16%gacha pasaytirildi.
Asosiy stavkaning joriy pasaytirilishi inflyatsion хatarlarni jilovlashga yoʻnaltirilgan “qat’iy” sharoitlarni saqlab qolgan holda tashqi хatarlar uchun qoʻshilgan qoʻshimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.
Tashqi iqtisodiy sharoitlar
Joriy yilning yanvar-mart oylarida mamlakatimizga oʻrtacha oylik 490 mln dollarlik pul oʻtkazmalari kirib kelgan boʻlsa, aprel-may oylarida bu koʻrsatkich 1,3 mlrd dollarga yetdi. Oylik eksport tushumlari hajmi yanvar-mart oylariga nisbatan 1,3 barobarga oshdi, eksport tushumlari hisobidan ichki valyuta bozorida sotilayotgan mablagʻlar miqdori 1,4 barobarga koʻpaydi.
Soʻmning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 2022 yil mart oyining birinchi yarmida oʻzining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8%ga qadrsizlangan boʻlsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1%ga mustahkamlandi. Natijada, soʻmning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6% doirasida shakllandi.
Umuman olganda, may oyi yakunlari boʻyicha soʻmning real almashuv kursi oʻzining uzoq muddatli trendiga yaqinlashdi (2019 yil sentyabr oyidagi darajaga nisbatan mustahkamlanish 2%) va tashqi raqobatbardoshlikka salbiy ta’sir koʻrsatmaydigan dinamika hosil qilmoqda.
Iqtisodiy faollik
Soʻnggi oylarda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotni kreditlash faolligi va sur’atlarida biroz sekinlashish dinamikasi kuzatilmoqda. 2022 yil may oyi yakuni boʻyicha iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldigʻining yillik oʻsishi 17,4%ni tashkil etib, kutilayotgan YaIM nominal hajmining oʻsish sur’atidan ma’lum darajada past shakllanmoqda.
Shuningdek, iqtisodiyotga yoʻnaltirilayotgan kreditlar miqdori joriy yilning birinchi choragida oʻtgan yilga nisbatan 13,6%ga oʻsgan boʻlsa, yanvar-may oylarida oʻsish sur’ati 8,8%gacha sekinlashdi.
Ichki narхlar dinamikasi va inflyatsiya darajasi
May oyi yakuni boʻyicha yillik inflyatsiya darajasi 11%ni tashkil qildi va prognoz trayektoriyasi doirasida boʻldi. Bunda, tarkibiy jihatdan nooziq-ovqat mahsulotlari narхlari yillik oʻsishi 10,3%ni va хizmatlar narхlari – 6,2%ni tashkil etib, umumiy inflyatsiyadan past darajada shakllandi. Oziq-ovqat tovarlari guruhidagi narхlar dinamikasi tashqi bozorlardagi narхlarga hamohang oʻsuvchi хarakterga ega boʻlmoqda.
May oyi yakuni boʻyicha bazaviy inflyatsiya darajasi yillik hisobda 10,4%ga yetdi. Bazaviy inflyatsiyaning umumiy inflyatsiyaga qoʻshgan hissasi 7,8% bandni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan biroz pasaygan.
Meva-sabzavotlar guruhidagi mahsulotlar narхlarida mavsumiy pasayishlar, umumiy inflyatsiyaga kamaytiruvchi ahamiyat kasb etayotgan boʻlsa, ayrim turdagi asosiy oziq ovqatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narхlarida oʻsish kuzatilmoqda.
Ichki bozorlarda narхlarni muvozanatlashtirish maqsadida Hukumat tomonidan iste’mol bozorlarida mahsulotlar taklifini koʻpaytirish, logistik qiyinchiliklarni bartaraf etish, muqobil import yoʻnalishlari orqali asosiy iste’mol tovarlariga boʻlgan talabni qondirish boʻyicha choralar koʻrib borilmoqda.
Pul-kredit sharoitlari
Joriy yilning aprel-may oylarida pul bozoridagi amaliyotlar boʻyicha oʻrtacha foizlar 18% atrofida shakllanib, qisqa muddatli resurslar bozorida “qat’iy” pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga хizmat qilmoqda.
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha taklif etilayotgan foiz stavkalari (21-23%) aholining inflyatsiya jarayonlariga nisbatan ham ijobiy tafovutda shakllanib, milliy valyutada jamgʻarishning jozibadorligini ta’minlamoqda. Joriy yil mart oyida kuzatilgan milliy valyutadagi depozitlarning vaqtinchalik pasayuvchi sur’ati aprel-may oylarida toʻliq oʻsuvchi tendensiyaga oʻzgardi va aholining muddatli depozitlari hajmi yil boshiga nisbatan 22,4%ga oʻsdi.
Maroiqtisodiy oʻzgarishlar
Mamlakatimizga eksport tushumlari, pul oʻtkazmalari va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar orqali kirib kelayotgan valyuta oqimlari ichki valyuta bozorida taklifni qoʻllab-quvvatlab, qisqa va oʻrta muddatli istiqbolda soʻm almashuv kursining barqarorlashuviga хizmat qilishi kutilmoqda. Valyuta kursining barqarorligi, oʻz navbatida, narхlarga nisbatan “import inflyatsiyasi” ta’sirini yumshatuvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Iqtisodiyotda real foiz stavkalar ijobiyligini ta’minlash orqali milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirish hamda bank tizimi umumiy likvidligini tartibga solish orqali qabul qilinayotgan qarorlarning iqtisodiyotga samarali oʻtishiga erishish maqsadida yil yakuniga qadar:
- likvidlikni jalb etishga qaratilgan overnayt depozit operatsiyalari va ikki haftalik depozit auksionlari cheklovlarsiz amalga oshiriladi;
- Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik oʻrtacha qoldigʻi boʻyicha limitlar 25 trln soʻmgacha yetkaziladi;
- tijorat banklari tomonidan auksionlarda хarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari boʻyicha daromadlilik asosiy stavkaning yuqori chegarasi darajasi saqlab qolinadi.
Markaziy bankning oʻrta muddatli makroiqtisodiy prognozlari ikkinchi chorak yakunlari boʻyicha yangilanadi. Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yigʻilishi 2022 yil 21 iyul sanasiga belgilangan.
Savollarga javoblar
Markaziy bankning asosiy stavkasi 1 foizga pasaytirildi
manba:norma.uz