Kecha. Abdulhamid Cho‘lpon

Kecha. Abdulhamid Cho‘lpon

B i r i n ch i k i t o b
(Romandan parcha)

Hamal keldi, amal keldi.
Xalq maqoli.

Har yil bir keladigan bahor sevinchi yana ko‘ngillarni qitiqlay boshladi. Yana tabiatning dildiragan tanlariga iliq qon yugurdi… Tollarning ko‘m-ko‘k sochpopuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa bosh-ladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalar-da, bo‘shalgan qul singari erkinlik nash’asini kemira-kemira ilgari bosadilar. Simyog‘ochlarning uchlarida yakka-yakka qushlar ko‘rina boshladi. Birinchi ko‘ringan ko‘klam qushi birinchi yorilgan bodroq nash’asini beradi.

 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi… Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat! Erkaklarning gullik do‘ppisiga tegmay, yalang ayollar bilan, ularning sochlari, gajaklari va ro‘mol popuklari bilan hazillashib o‘ynagan salqin shabada… ko‘klam nash’asi bilan sho‘xlik qiladi.
Hayot nega bu qadar go‘zal va shirin bo‘ladi bahorda?


Zebi (Zebinisa)ning qish ichi siqilib, zanglab chiqqan ko‘ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan; endi ustiga poxol to‘shalgan aravada bo‘lsa ham, allaqaylarga, dala-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi.

Qish ichi ham keti uzilmagan sovchilar bir-ikki haftadan beri kelishdan to‘xtaganlar, endi tashqari eshikning «g‘iyt» etishi – bir-ikki ayolning astagina bosib, paranjisini sudrab kirib kelishiga dalolat qilmas, hali endigina o‘n beshga qadam qo‘ygan bu yosh qizning go‘dak ko‘nglini uncha cho‘chitmas edi. Ko‘k terish bahonasi bilan bir-ikki marta keng hovlilarga, shahar ichida bo‘lsa hamki, dala-tuzlarga chiqib kelganidan beri ko‘ngli qirlarni, dalalarni, ishqilib olis-olis joylarni yana ko‘proq tusay boshlagan edi.

Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog‘ish bilan ovora, o‘zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqari eshikning besaranjom ochilishi Zebining ko‘nglini bir qur seskantirib oldi. Bir qo‘lida supurgisi, bir qo‘li tizzasida – yerga egilgan ko‘yi eshik tomonga tikilib qoldi. Otasining odatdagi tomoq qirish va yo‘talishlar bilan, katta eshikning og‘ir zanjirini sharaq-shuruq qilib tushirib, namozga chiqib ketganiga hali ko‘p o‘tmagan edi. Halol-haromni ko‘p ham farq qilmayturgan bu odamning avrodda o‘tirish odatlari, hatto hammadan keyin qolib, machit shamlarini puflab chiqish rasmlari bo‘lardi.

Aytgandek, eshikdan shoshilib kirib kelgan – yoshgina, o‘zi tengi bir qizcha bo‘ldi. Hali tuzuk-quruq odam qatoriga kirib yetmagan bu qizchani katta xotinlarning oriyat paranjisiga burkaganlar, paranjining uzun etaklari katta bir tugundek uning qo‘ltig‘ini to‘lg‘azardi… O‘rangan qiz ichkari eshikdan hatlar-hatlamas paranjini irg‘itdi va o‘zining bolalik ruhi bilan yugurganicha borib Zebini quchoqladi. Ikkalasi quvona-quvona ko‘rishdilar.

Supurgi yetgan joyidan nariga o‘tmasdan yerga yonboshladi… Ikkala yosh – yuzlari kulgan, ko‘ngillari yozilgan – qo‘ltiqlashib ayvonga bordilar va Zebining otasi turib ketgan so‘rining chekkasiga o‘tirish-dilar. Salti (Saltanat) erta saharda munaqa halloslab kelishining sababini hali aytgani yo‘q edi, ular ko‘rishgan hamon, yosh qizlarning o‘z oralarida o‘taturgan mahram gaplarini gaplashib, tikayot-gan kashtalari, piltaga kirgan do‘ppilari to‘g‘risida bir-birlariga kalta-kalta ma’lumot berishgan edilar. Salti endi gap ochdi:

– Erta saharlab chopganim bekorga emas…

– Men ham sezganman… Yuragim bir qur seskanib ham oldi…
– Nimaga, o‘rtoqjon?
– O‘zingiz bilgan sovchilar balosi-da… Qish ichi keti uzilmadi.
– Menam bezganman, jonim qaqa… shuning uchun bir qishloqqa chiqib kelsammikan, deb edim…
– Nimasini aytasiz… Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqdi-ku.

Zebining yuzini, shu topda, butun qish ichi to‘planib qolgan horg‘inlikning asarlari egallagan edi. Uning ikkala yuzi, ayniqsa, ko‘rpaning katta-katta qavig‘iga tikilgan andishalik ko‘zlari hovur bosgan oynakning betiga o‘xshardi. Aksincha, Saltining yuzlari charaqlagan yulduzday, sernash’a, quvnoq va har qanday andishadan yiroq bo‘lib, ko‘nglining chuqur burchaklaridan chiqib kelgan sevinch to‘lqinlarini aks ettirardi.

Shu uchun u Zebining so‘ng so‘zlaridagi og‘ir ma’yuslikni payqay olmadi. Uning ko‘zlari Zebida bo‘lsa ham, nazarlari boshqa yoqlarda edi.
– Enaxonni bilasiz-a? Yoyilma soydagi o‘rtog‘im bor-ku?
Zebi boshini ko‘tarib, o‘rtog‘iga qaradi, shu qarash uning nechikdir Enaxonni eslolmay turganini ko‘rsatardi. So‘ngra Salti ta’rif qildi:
– O‘tgan kuz biznikiga mehmon bo‘lib kelishdi-ku – kelinbibisi bilan birga? O‘shanda necha marta kishi yuborib chaqirtirdim, bormadingiz, otangiz javob bermadi…
Zebi bosh tebratdi:
– Ha, ha… bildim, bildim. O‘zini ko‘rganim yo‘q-ku, eshitib bilaman.
– Ana o‘sha qiz o‘sha safar kelganida meni aytib ketib edi. Bahorlashib bir borib kelaman, deb yurib edim. Yaqinda yana aytib yuboribdi. Shunga teng-to‘shlarim bilan bir borib kelmoqchiman. Sizni ham olib boraman…
– Qachon?
Zebining bu kalta savolidan Salti ko‘p narsani angladi. Bu savol Zebining iloji bo‘lsa shu kun paranjisini qo‘liga olib (yopinib ham o‘tirmasdan!), shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpinganini ko‘rsatardi. Shu uchun Salti:
– Men sizni olib ketgali keldim, aylanay! – dedi.

Va ikki yosh bola nihoyasiz quvonchlar ichida yana bir-birlariga chirmashdilar…


Odatda, onaning ko‘ngli yumshoq bo‘ladi. Zebining onasi – Qurvonbibi Saltidan haligi chaqiriqni eshitgandan keyin darhol rozilik berdi:
– Mayli, o‘ynab, yozilib kelinglar. Qish ichi yuraklaring g‘ash bo‘lgandir… Yosh narsalar, – dedi. Zebi onasining beradigan javobini ilgaridan bilardi. Bu ona qizining saodatidan boshqa narsani bilmaydirgan onalardan edi. Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. Lekin…

Onaning rozilik so‘zlariga bu birgina «lekin» elchib kelganidan, bechora qizlar sevinish to‘lqinlarini yana bir qur ko‘tarishga fursat topolmadilar. Hamma jim qoldi. Har kim o‘z oldida bir narsa topib
shunga ko‘z tikkan va u narsada Zebi – o‘z otasini, Qurvonbibi – o‘z erini, Salti – qovog‘idan doim qor yog‘ib turgan sovuq bir so‘fini ko‘rardi. Bu bulutli havoni ochmoq faqat onaning vazifasi edi:
– Otasi bomdoddan kirsin, – dedi u Saltiga qarab, – men o‘zim yotig‘i bilan aytib ko‘ray, yo‘q demas, – so‘ngra Zebiga yuzlandi: – Sen, qizim, uyga joy qil, o‘rtog‘ingni o‘tqiz, dasturxon sol. Biz, otang bilan, choyni so‘rida ichib, haligi gapni gaplashamiz.

Ikkala qiz ham og‘iz ochmay jim qolishdi. Chunki Razzoq so‘fining mijozini ularning ikkalasi ham yaxshi bilardi. So‘figa eng ma’qul bir masalani bo‘lsa ham uqtirib roziligini olmoq uchun yo o‘zining piri, yoki katta bir davlatga ega bo‘lish kerak edi. U odam o‘z tenglaridan hech birining hech qachon hech bir gapini tinglagan emasdi. Ayollardan maslahat, ayniqsa, o‘z xotinidan bir taklif eshitmoq uchun Razzoq so‘fining qayta boshdan bunyodga kelishi kerak bo‘lardi…
Shuning uchun Zebi ko‘zlari andisha bilan kengayib ochilgani holda indamasdan joylarni yig‘a boshladi. U o‘rinlarni yig‘ishtirib, nonushta joylarini tayyorlab bo‘lgandan so‘ng o‘choq boshida choynaklarga choy tashlarkan:

– Otamdan darak yo‘q-ku? – deb so‘radi onasidan.
Qurvonbibi bir ko‘cha eshigiga, bir yonboshdagi daraxtlar orasidan ko‘tarilib kelayotgan quyoshga, bir o‘choqboshidagi qiziga qaragandan keyin:
– Bilmadim, avrod cho‘zilibroq ketdimikin? Sen choyni jindek qo‘yib turib, chala qoldirgan yerlaringni supuratur, kelib qolar, – dedi.

Zebi shu topda yana qaytib qo‘liga supurgi olishni istamasa-da, o‘rtog‘ining «bu qiz enasining gapiga kirmas ekan», degan o‘yga borishini o‘ylab, indamasdan supurgini qo‘liga oldi va bir qo‘lini bir tizzasiga qo‘yib, sahn betini supura boshladi. Zebining choy damlab kelishini kutib, uyda – dasturxon boshida o‘tirgan Salti ikkala qanoti ochiq turgan eshik orqali bu holni ko‘rganidan keyin o‘rnidan turib, o‘rtog‘ining yoniga chiqdi. Zebi uni uzr aytib qarshi oldi:
– O‘rtoqjon, – dedi, – otam avrodda o‘tirib qoldi, shekilli, shunaqa odati bor. Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bo‘lmang-a?

Bu so‘nggi kalta jumlaning aytilishidagi samimiyat bir-biri bilan yaqin o‘rtoq tutishgan yosh qizlardagina bo‘ladi. «Xafa bo‘lmang-a?» deb turgan vaqtida Zebining yuzini ko‘rish kerak edi, bir qo‘lida supurgi, bir qo‘li tizzasida, supurgi ham yerdan uzib olingan emas, faqat bosh yuqori ko‘tarilgan-u butun vujud Saltining ixtiyorida! Ko‘ngil, orzu, sevgi, sevinch… bular hammasi Saltiga tomon uchadi, unga tomon otiladi, uni o‘rab, uni aylantirib, uni quchadi!

Zebining yuzlaridagi – oyday tiniq va quyoshday yorug‘ bu holat moddiy haqiqatlar qadar ochiq ko‘rinardi. O‘rtog‘ining bu samimiyatini Salti ham ko‘z bilan ko‘ribgina emas, ko‘ngil bilan sezib anglagan edi. Shuning uchun u Zebining so‘ziga javob ham berib o‘tirmasdan, birdaniga uning qo‘lidagi supurgiga yopishdi. O‘z ko‘nglida, supurgini olib, biroz supurishib bersa, haligi samimiyatga yarasha javob bergan bo‘lardi. Zebi supurgini qo‘ldan oldirdi, lekin o‘rtog‘i supura boshlagandan so‘ng:
– Voy, bu nimasi! Qo‘ying, o‘zim supuraman! – deb yana supurgiga yopishdi. Salti bermadi, bu olmoq istadi;

Salti qochdi, bu quvladi; shunday qilib, sahnni supurish o‘rniga bu ikki o‘rtoq butun hovlini boshlariga ko‘tarib, shovqinlar va qiyqirishlar bilan dunyoni buzib, bir-birlarini quvlashib ketdilar…
O‘z uyining qabristonlar qadar jim-jit, xonaqohlar qadar unsiz, o‘z ko‘ngli qadar tund va xo‘mraygan bo‘lishini istagan Razzoq so‘fi xuddi shu ola-to‘polon ustiga kirib keldi! Eshikdan kirar-kirmas ovozining boricha:
– Bu nima qiyomat!!! – deb shovqin solishi ikkala yosh qizni, chaqmoq tekkan daraxtday, turgan joylarida qotirib qo‘ydi. Yo‘qsa, so‘fi erining dindor xotini bo‘lgan Qurvonbibi ham «bas endi!» deb ozmuncha qichqirmagan edi…

Agar bu sovuq so‘fi kirib kelgan bo‘lmasa, ikki yosh qizning
qish bo‘yi to‘plangan ko‘ngil g‘ashliklari biroz sho‘xlik bilan ancha yozilgan bo‘lardi. Zotan, ularning o‘zlarini unutar darajada bir-birlari bilan bu xilda o‘ynashuvlari o‘sha g‘am-g‘ashlar purjinasining bo‘shalishi, siqintilar oqimining to‘g‘onini buzib, oldinga tomon yo‘l solish emasmidi? Bunday telbalarcha ko‘pirib-toshuvlarni to‘xtatmoq uchun ham, albatta, telbalarcha hayqirishlar, chaqmoq qadar quvvatli zarblar lozim bo‘lardi…


Razzoq so‘fida unday quvvat ortig‘i bilan bor. Bu odam, jadidnamo bir hamshahrining deganidek, «ko‘rgazmaga qo‘yilaturgan antiqa maxluqlardan edi». Aytishlaricha, uni ona qornidan sihat-salomat tushirtirgan va birinchi daf’a yo‘rgaklagan kampir hazilkashligi va sho‘xligi bilan xotin-xalaj o‘rtasida dong chiqargan Hamro enaymish.

Bolani yo‘rgaklaganidan keyin hali u qadar odam kepatasiga kirmagan yuzlariga tikilgan va mana bu so‘zlar bilan erkalatganmish:
– Aylanay, mehmon, kimdan xafa bo‘lib tushdingiz? Kim ozor berdi sizga? Ayting! Qovog‘ingizni ochsangiz-chi! Yorug‘ dunyoga keldingiz! Shukur qiling! Sevining! Mundoq bir kuling! Kulimsirang! Iljaying!..
O‘shanda kulmagan Razzoq so‘fi undan keyin ham kulmay o‘tdi. Kulish bilan yig‘lash orasida katta farq bor. Kulish bilan kulmasdan tekkina jiddiyat saqlab turish orasida ham anchagina masofa bor. Shu uchun Razzoq so‘fining kulishlarini kulish, deb bo‘lmaydi…

Kulmasdan chidab bo‘lmaydigan maqomlarda u ham kuladi, lekin u kulish – kasal odamning kulishiday og‘ir, bir xil sovuq hazillarday malol keltiruvchi, yolg‘on xushomadlarday ko‘ngilga uruvchi bo‘lardi. Bir kun Zebining juda jiddiy bir chehra bilan:
– Otam kulmas ekan-da! – deganini eshitib, Qurvonbibi koyib bergan edi. Shu haqiqatni aytgani uchun qizidan alayna-oshkor koyingan Qurvonbibi, bu haqiqatni o‘zi o‘z ko‘nglida necha marta takrorlagan bo‘lsaykin?..

Til bilan birovning aybini aytish oson, o‘z tili bilan o‘z aybini aytadiganlar juda kam, Qurvonbibi har qancha so‘zga epchil xotin bo‘lsa ham, uni bu kamlar orasiga qo‘shib bo‘lmaydi. Qurvonbibi so‘zga qancha epchil bo‘lsa, Razzoq so‘fi shu qadar kamgap, indamas, damini ichiga solgan, ziqna odam edi. Tashqari olamda, ya’ni o‘z hovlisidan tashqarida uning doimiy va birdan bir vazifasi: o‘zidan ulug‘ va kuchlilar gapirsa – «hovva-hovva», demak, o‘zidan past va kuchsizlar gapirsa – «yo‘q, yo‘q», degan ma’nida bosh chayqash bo‘lardi…

O‘zbekda axir har bir erkak o‘z xotinini – o‘z halol juftini qizi yo o‘g‘lining nomi bilan atab chaqiradi. O‘z xotinining ismini aytib chaqirish yaramaydi. Xotinining ismi Maryam, qizining ismi Xadicha bo‘lsa, mo‘min-musulmon: – sharm-u hayo yuzasidan bo‘lsamikan? – xotinini «Xadicha» deb chaqiradi…
Bizning so‘fi mo‘min-musulmonning bu urfiga ham amal qilmaydi, u o‘z halol jufti Qurvonbibini hamma vaqt «Fitna» deb chaqiradi: «Fitna, sallamni ber!», «Fitna, qiz o‘lguring qani?», «Fitna, puldan uzat!» …Uning ma’lum bir kasbi, hunari yo‘q. Na savdo-sotiq qiladi, na dehqonchilikka urinadi, na kosib-hunarmandlik peshasini tutadi. Shu bilan birga, dasturxoni nonsiz, qozoni issiqsiz qolmaydi…


Otasi kirib kelganidan keyin Zebining ko‘nglida o‘ynagan iztirob va hayajonlar Razzoq so‘fining «Nima bu qiyomat!» degan qiyomatidan qo‘rqinchliroq edi. Sovuq bir so‘fining nazdida, bu qadar vahimali bo‘lib ko‘ringan oddiy va tabiiy bir bolalik o‘yini qafas darichasining ochilishini kutgan vaqtida darichaga kattakon bir qulf urilayotganganini ko‘rgan bir qushning iztirobidan kam bo‘larmidi?
G‘aflatda qolganlarning boshiga tushadigan tayoq yomon zil ketadi, deydilar. Bu ikkala qiz o‘yin va sho‘xlik havasi bilan g‘aflatda edilar. So‘fining og‘ir zarbi bilan o‘zlariga kelgach, oldilarida zo‘r bir tog‘ turganini ko‘rib, ixtiyorsiz cho‘chib ketdilar.

Bu tog‘dan o‘tish kerak edi, holbuki, bu tog‘ – munaqa yosh bolalar o‘ta oladigan tog‘lardan emasdi. Ikkalasi ham iztirobning bu og‘ir yukini bir-birlarining
ko‘zlarida o‘qidilar…
So‘fining baqirishidan so‘ng biroz shoshib turgach, ular yugurgancha uyga kirdilar va o‘zlarini eshikli derazaning panasiga olib, Razzoq so‘fining harakatlarini kuzata boshladilar. Ko‘zlari so‘fida bo‘lsa, quloqlari Qurvonbibining og‘zida edi. Uning gapiradigan gaplari ularning ko‘ngillarida tugilgan og‘ir va chigal tugunchakni yo yechib yuborajak, yoki yana battarroq chigallashtirib, ikki yosh narsani – yana necha oy! – bir-biridan ajratib tashlayajakdi…

So‘fi bular uyga kirib olguncha eshik oldida bo‘zarib gezarib turdi. Bular uyga kirganlaridan keyin sallasini Qurvonbibiga uzatib, ustidagi malla yaxtagini olisdan turib kartga irg‘itdi.
– Yosh narsalar o‘ynashsa, nima bo‘libdi? Muncha endi zabtga oldingiz? – dedi Qurvonbibi.
– Gapirma…
Qurvonbibi jim bo‘ldi. So‘fi kart tomonga qarab yurdi. Kart ustiga dasturxon yozilib, bir mistovoq non bilan piyolada qiyom qo‘yilgan edi. So‘fi kartga chiqib o‘tirgandan keyin Qurvonbibi o‘choqdan choyni olib keldi. – So‘fining bu avzoyini ko‘rgandan keyin ikki qizning borqadar umidi ham uzilib bo‘ldi. Zebi bu umidsizlikni yashirolmadi:
– O‘ynashmay o‘laylik, endi otam hech qayerga chiqarmaydi…
Salti ham o‘z tashvishini anglatdi:

– Nima qilamiz endi? Siz bormasangiz, men ham bormayman… Enaxon toza koyiydi-da.
– Tek o‘tirgan bo‘lsak ko‘ngli yumsharmidikan? – dedi Zebi. Salti indamadi. Birozdan so‘ng yana o‘zi ilova qildi:
– Ko‘ngli o‘lsin, yumshagan vaqtini ko‘rganim yo‘q! Katta-katta xarsangtoshlarni soy bo‘yiga devlar tashlashgan, deydi… Eng kattasini otamning ko‘kragiga tashlab qo‘yib, «Mana shu sening ko‘ngling!» deganmikan, yashamagurlar! Bu gap Saltiga ta’sir qildi, shekilli, «pix-x» eta kulib yubordi. Zebining munga chinakam achchig‘i kelgan edi, qo‘lini uzatib, o‘rtog‘ining og‘zini to‘sdi.
– Voy, anovi qizni! Yana besh battar qilasiz ishni! – dedi.
Salti zo‘r bilan o‘zini bosib oldi. Ikkalasi yana – ko‘zlarini miltillatib – chol bilan kampirga tikildilar.
Boyadan beri eriga qarab jim o‘tirgan kampirning endi astagina kulimsirashi bularga jon kirgizdi. «Ko‘rdingizmi?» deganni qilib ikkalasi bir-biriga qarab olishdi. Chinakam, Qurvonbibi, so‘figa yoqadigan bir so‘z topganday, dadillik va bemalollik bilan kulib turib gap boshladi:
– Men Zebini bir joyga jo‘natib yotirman… So‘fi bu safar baqirmasa hamki, dag‘al bir ovoz bilan so‘radi:
– Qayerga? Nega?
– Oydinko‘ldagi Xalfa eshonimizning kichik qizlari bir ikkita o‘rtog‘ini «Bahorlashib ketinglar», deb chaqirtirgan ekanlar. Shularning bittasi Zebi, yana bittasi uning o‘rtog‘i Saltanatxon ekan. Saltanatxon aravani qo‘shtirib qo‘yib, o‘zi Zebini aytgali kelibdi. «Yo‘q», desak qanday bo‘ladi?
Xotini nima desa, «yo‘q» deydigan so‘fi bu safar birdaniga «yo‘q» demasdan, xayolga ketdi. Qizlar Qurvonbibining bu tadbiridan xursand bo‘lib, yana umidlana boshlagan edilar.
– Qurvon xolam bopladi! – dedi Salti.
– Enam gapga usta. Eshondan tushganini ko‘ring. «Eshon», desangiz, otam o‘lganini ham bilmaydi… Xudo muni eshonlar uchun yaratgan.

Salti Zebining bu gaplarini eshitgandan keyin so‘fining «xo‘p» deb javob berishiga ishonib ketdi. Bir qo‘lini o‘rtog‘ining bo‘yniga tashlab, uni quchoqlar ekan:
– Bo‘ldi, o‘rtoq, endi! Jo‘naymiz! – dedi.
– Sanamasdan sakkiz demay turing hali! Otam osonlik bilan ma’qul gapga ko‘nadigan odam emas. Jim turib qolishini ko‘ring: hali ham churq etmaydi. Sukut uzoqqa cho‘zilgandan keyin Qurvonbibi endi bu safar jiddiy bir chehra bilan:
– Nimaga indamaysiz? Xo‘p, deng! Katta odam, uyat bo‘ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O‘zlarini bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, – dedi. So‘fi negadir:
– Bilaman, Fitna, bilaman! – deb qo‘yib, yana jim bo‘ldi. Endi Qurvonbibi yana ham jiddiylashdi:
– Bo‘lmasa, «yo‘q», deng. Saltanatxonga javob beray, ketsin! Azonda kelgan edi.
Shundan keyin so‘fining tili aylandi:
– Shoshma, Fitna, «yo‘q», dema, mayli, bora qolsin…
Qachon keladi?
– Indinga erta bilan yo kechqurun.
– Eshon oyimning ra’ylariga qarasin.
So‘fi o‘rnidan turdi. Kartdan tushib, kavshini kiyarkan:
– Ovozim bor, deb ashulaga zo‘r bermasin, – dedi. – Nomahramlarga ovozini eshittirsa, rozi emasman.

Bu safar odamga o‘xshash gapirib, Qurvonbibini quvontirgan Razzoq so‘fi shu so‘zlardan so‘ng yana o‘z jimligiga qaytdi. Biroz so‘ngra sallasini kiyib, yaxtagini qo‘liga olgandan so‘ng:
– Xurjunni ber, Fitna! Bo‘lmasa, ikkita qop ber! – deb qoldi. Qurvonbibi qopni uzatarkan, erining qo‘liga shu topda biroz pul tushganini, endi kattaroq xarid qilish uchun bozorga ketayotganini va haligi zo‘r iltifotning ham pulning kuchi bilan bo‘lganini angladi…

So‘fi tomoq qirib eshikdan chiqarkan, uydagi ikki sho‘x qiz yana bir-biriga chirmashgan edi… Qafasning darichasi ochildi! Endi qushlarga qanotlarini rostlab turib: «pirr» eta uchmoqdan, keng ko‘klarga, fazolarga parvoz qilmoqdan boshqa narsa qolmadi. Paranjini yopinib o‘tirmasdan, shundoq bosh ustiga tashlab, chimmatni «xo‘ja ko‘rsin»ga tutgan bo‘lib yugurish kerak, xolos…

Saltilarnikida kechgacha safarga tayyorlanib – birozgina patir bilan somsa yopib, ko‘cha eshigining chap biqinidagi katta kundadan aravaga hatlagan vaqtlarida kun botib borardi. Arava shahar ichidan chiqib, dala yo‘liga kirganda, kechaning qora pardasi yer betini o‘ragan edi. Qor ostidan chiqqan yerlar, bahorning salqin havosi va yoqimli shabadasi ostida mudrashib yotardilar.

Oy hali chiqmagan; faqat kechaning qorong‘isiga o‘chakishgan sanoqsiz yulduzlar tepada turib mash’allarini yondirganlar, xuddi peshona oldida ko‘ringan eng yorug‘ bir yulduz, piyoz to‘g‘rab yotgan kelinchakning ko‘zlariday, pirpirab yonardi. Qizlar jim edilar. Aravakash zerikdi, shekilli, astagina ashula boshladi. Uning ashulasi ham xirgoyidan nariga o‘tmaganidan keyin Salti ko‘tarildi:
– O‘lmasxon, bormisiz? Durustroq aytsangiz-chi! Saltining yana bir o‘rtog‘i – Qumri uning so‘zini quvvatladi:
– Ha, rost, shunday yaxshi ovozingiz bor ekan, sho‘xsho‘x aytmaysizmi? Keng dalada qancha cho‘zsangiz, shuncha ketadi varanglab…

Yigitcha kuldi. U qorong‘ida sekingina orqasiga qayrilgan edi. Orqa safdagi qizlar chimmatini ko‘tarib o‘tirganlaridan ularning yuzlarini sal-pal ko‘rsa bo‘lardi. Kulimsirab turib, qizlarga biroz qaragach:
– Orangizda dong‘i ketgan ashulachingiz bor turib, menga osilganlaring qiziq! – dedi. – Biz, «suv bo‘lmasa tayammum»ga yaraydigan ashulachilardan…
Qizlar hammasi Zebiga qarashdilar. Har tomondan har xil ovozlar chiqdi:
– Ha, rost!
– Chinakam, indamay o‘tirganimizni qaranglar-a!
– Ashulachi oramizda-ku.

Zebi «churq» etmasdan o‘tirardi. Uning munday qilishi ham shu xil taklifdan qo‘rqqanidan edi. Albatta, yosh narsaning ko‘nglida o‘ynash, kulish va xushvaqtlik qilish mayllari boshqa har narsadan ko‘ra kuchlik keladi. Lekin Zebi shunday bir otaning qizikim, uning qo‘lida har qanday kuchli mayllarini ham yuganlab tutmoqqa, ko‘ngilning har bir havas va tilagini ko‘ringan joyida bo‘g‘ib tashlamoqqa to‘g‘ri keladi ham.

Zebi shunday qilishga o‘rganib qolgan. Shuning uchun ham yigitning og‘zidan o‘z ismini eshitgach, badani durkirab ketdi. So‘ngra qizlar tomonidan aytilgan so‘zlar uni iztirobga tushirdi. Nima deyishni bilmas edi. O‘ylabroq javob bermoq uchun ko‘ngilning talvasaga tushmasligi darkor. Holbuki, ko‘ngil tashvishda va shu sababli talvasada…
Aravakash u yog‘dan turib:
– Ha, barakalla, bor ekansizlar-ku! O‘rtaga olinglar ashulachini! – degandan keyingina Zebining tillari qaldiradi:
– Gaplashib ketaylik. Shunday qorong‘ida!..
– Jin urarmidi? – dedi bittasi.
– Yaxshi emas, shunday zim-ziyo qorong‘ida… Gaplashib ketaylik… Shirin-shirin gaplardan…
Aravakash uning so‘zini ilib oldi:
– Shirin-shirin gap o‘rniga shirin-shirin ashuladan bo‘lsin, opa. Ta’rifingizni eshitib, jigarlarimiz laxta-laxta qon bo‘lib ketgan…
Salti tegishdi:
– Voy, tovva-e! Laxta-laxta qon bo‘lganmi? Jabr bo‘lgan ekan… Aravakash ham bo‘sh kelmadi:
– Qon bo‘lgan yuraklarni bir nafasda yozish sizlarning qo‘lingizda, opalar! Biz ham dunyoga kelib bir yayraylik-da!
Yana indamasdan o‘tirgan Zebiga endi bu safar Salti yalindi:
– O‘rtoqjon, bir narsa desangiz-chi. Hamma baravar tashna ekan… Zebi o‘rtog‘ini astoydil koyib berdi:
– Sizdan kelgan gap shumi, hali? Otamning aytganlarini o‘z qulog‘ingiz bilan eshitib edingiz-ku! Eshitib-netib qolsa, nima bo‘ladi? Bilib turib…
Salti o‘rtog‘ini to‘xtatdi:
– Bilaman, o‘rtoqjon, bilaman! Otangizning gaplarini bir emas, ikki qulog‘im bilan eshitdim. Odamlar ichida, ko‘pchilik orasida qistasam, mendan xafa bo‘ling. Bu yer dala joy bo‘lsa, odam asari bo‘lmasa, kechasi – qorong‘i bo‘lsa, bir-ikki juft aytib bermaysizmi?

– Nomahramga eshitdirib-a?
Zebi bu so‘zni chin ko‘ngildan chiqarib va jerkib turib aytgan bo‘lsa ham, qizlar hammasi birdan kulishib yubordilar. Yana har xil ovozlar ko‘tarildi.
– Shu ham nomahram bo‘libdimi?
– Shu O‘lmasjon-a?
– Nomahram o‘la qolsin…
Zebi chinakam ranjigan edi. Yig‘lamsirashga yaqin bir ovoz bilan Saltiga:
– Munaqa qilishingizni bilsam, kelmas edim… – dedi.
Qizlar ishning bu tomonga aylanganiga hayron bo‘lishib jim qoldilar. Aravakash:
– Ey, tovba! Ey, tovba! – deb o‘z-o‘ziga so‘zlanib, otni qattiq-qattiq besh-olti qamchiladi.

Ot qadamlarini ildamlatib, aravani guldur-guldur g‘ildirata boshladi. Hamma jim bo‘ldi. Faqat Salti bilan Zebi ikkovi bir-birlari bilan pichirlashib so‘zlashardilar. Bu pichirlash natijasida, Salti o‘rtog‘ini tinchlatishga muvaffaq bo‘lgan, buning ustiga yana, qizlar «yor-yor» boshlaganda, uning qo‘shilajagi to‘g‘risida so‘z olgan edi. Bir marta boshlangandan keyin undan narisi o‘zi keta beradi, deb o‘ylardi Salti.
Darrov qizlarga tomon burildi:
– Qani, qizlar, o‘zimiz «yor-yor» boshlaymiz!
– Ha, balli! – dedi aravakash.
Qizlardan javob kutib o‘tirmasdanoq Salti o‘zi boshlab yubordi.
«Uzun-uzun arg‘amchi-yo… Qizlar qo‘shilishdi: …Halinchakka, Chakan ko‘ynak yarashar Kelinchakka. Chakan ko‘ynak yengiga Tut qoqaylik…» Bir-ikki bayt o‘tgandan keyin Zebining tiniq, g‘uborsiz, jonon piyoladek jaranglab chiqadigan chiroyli va o‘tkir ovozi qo‘shildi. Bu ovoz, peshona ustida pilpillagan eng yorug‘ yulduz singari boshqa ovozlardan ochiq ajralib turardi. Shu choqqacha «yor-yor»ga quloq berib, indamasdan, asta-asta otini qamchilab ketayotgan aravakash bu ovoz chiqishi bilan og‘ir bir «uh» tortdi, qo‘lidagi qamchisi daraxtdagi kuzgi yaproq singari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a barmoqlariga
osilib qoldi…

Arava yakka qanotli kichkinagina bir eshik oldida to‘xtab, aravakash bola qamchi sopi bilan eshikni qoqqanda va ichkaridan bir kampirning ingichka va jonsiz ovozi «Kim u?» deb so‘raganda, odamlar bir uyquni urgan edilar…
Kampirchaning so‘rog‘iga aravakash hazillashib javob berdi:
– Shahardan bir arava mehmon olib keldim, ena! Uyingiz kuydi toza! Ikki kunda bor-yo‘g‘ingizdan ajralib qoqlanasiz endi! Qani, bo‘ling, eshikni oching! Qornimiz o‘lgudek och…
Qizlar kuldilar. Kampir qizlarning kulishini eshitganidan keyin mehmonlarning kimligini angladi:
– Ha-a-a, Saltanatxonlardir? – dedi u.
Shu so‘z bilan birga kichkinagina zanjirining shiriqlab tushgani va eshikning g‘ichirlab ochilgani eshitildi. Kampircha eshikni ochar-ochmas sevinchilamoq uchun ichkariga yugurgan edi.
Aravakash:
– Qani, tushinglar endi, opalar! – deb muzaffarona bir ovoz bilan qichqirdi.
Faqat uning bu chaqirig‘i foydasiz edi. Chunki zanjirning zaif shiriqlashi quloqlarga kirar-kirmas, qizlar o‘zlarini aravadan tappa-tappa tashlay boshlagan edilar. Yorug‘idan ko‘ra tutuni va buruqsashi ko‘p fonarchani ushlagan kampir bilan birga Zebilar tenglik bir qiz «Voy, o‘layin, uxlab qolibman!
Voy, o‘layin, ko‘zim uyquga ketibdi!» deb, ho‘… allaqayerdan uzr aytib chiqib keldi. Bu yoqdan:
– Voy, aylanay! Enaxon! Jonim o‘rtog‘im! Bormisiz? – deb paranjisini qo‘liga olib Salti yugurdi. Quchoqlashib ko‘risha ketdilar. Boshqa qizlar bilan naridan beri qo‘l uchini tekkizib ko‘rishgach,

Enaxon yana Saltiga yopishdi va ikkalasi qo‘ltiqlashib ichkariga tomon yurdilar. Ikkala o‘rtoqning
sharaq-sharaq gaplashgan, bir-birlariga sevinch bildirishgan quvnoq va baland ovozlari boshqa hamma unlarni bosib ketdi…
Faqat ko‘chada – arava ustida boshqa hangomalar bo‘layotgan edikim, bulardan haligi ikki baxtlining hech bir xabari yo‘g‘idi:
Saltining onasi bilan katta onasi uni o‘zi tenglik yosh qizlar bilan birga olis joyga yuborarkan, ehtiyot tomonini ham unutmagan edilar. Uning oyisi o‘z qaynonasiga:

– Yosh qizlarning o‘zlarini yuborib, bo‘ladimi, qalay?
Bitta-yarimtamiz birgalashmasak bo‘lmas? – deb o‘zining eslik xotin ekanini bildirgan vaqtida, qaynonasi juda keskinlik bilan javob bergan edi:
– Albatta, aylanay! O‘zlari yolg‘iz borishadigan bo‘lsa, javob yo‘q!..
Tandir oldida kuyib-pishib, shabnam donalariday yirik-yirik terlarga botib, Zebi bilan birga patir yopayotgan Saltiga bu maslahat juda yomon qattiq tekkan va u ham darhol o‘z ovozini eshittirgan edi:
– Bizni bo‘ri yermidi? Yosh narsalaga qarilarni aralashtirib nima bor? Siqilib o‘lmaydimi odam?..
Maslahat natijasida qaynona bilan kelin uyda qoladigan bo‘lib, ikki-uch oydan beri bularnikida yashaydigan qarindoshlardan Savribibi degan kampir qizlarga ko‘z-quloq qilib berilgan edi.

Bu qari kampirning qo‘shilganiga qizlar xafa bo‘lmagan, balki, aksincha, sevingan edilar. Bu kampir, aravaga oyoq qo‘yar-qo‘ymas, qizlarning o‘rtasiga joylanib olib, Zebining tizzasiga bosh qo‘ygani holda uyquga ketgan va shu bo‘yicha qishloqqa kelib yetganda ham ko‘zini ochmagan edi…
Qizlar o‘zlarini tappa-tappa aravadan tashlab, eshikdan ichkariga kirarkan, Zebi sekingina kampirni uyg‘otdi:
– Enajon, turing, kelib qoldik!
Enajondan javob bo‘lmadi. Zebi o‘sha past ovoz bilan yana bir uyg‘otdi, enajon hali ham jim edi. Aravaning oldi tomonidan kelib, aravakash ham yordamlashdi:
– Ho‘… xola, turing, kelib qoldik!
Erkak kishining kuchlik ovozi bilan kampir ko‘zini ochdi, lekin uyqusirab turib:
– Hozir aylanay… xo‘p, turaman… – degandan keyin yana uyquga ketdi.

Zebi kamoli hayron bo‘lganidan aravakashning nomahramligini ham unutib, haligi tangriqosh nazari bilan unga qaradi. Bu vaqtda oy anchagina yuqori ko‘tarilib qolgan edi.
Aravakash yumshoqqina kulimsiradi. Yosh yigitning bu yosh shirin tabassumini oy yorug‘ida alayna ko‘ra olgan yosh qiz butun badanlaridan muloyimgina durkirash kechganini payqadi va qizarib, teskari qaradi… U qarash aravakash yigitchaga ham boshqacha ta’sir qilgan bo‘lsa kerak, kampirni turtib uyg‘otmoq uchun qo‘lini yuqori uzatdi.

Shunda kampirning boshidagi qo‘l boshqa bir qo‘lning o‘ziga kelib tekkanini boyagidan kuchliroq bir durkirash bilan sezdi. Erkak zoti bilan birinchi marta bu xilda uchrashgan yosh qiz shu paytda biroz gangragan edi. Shuning uchun qo‘lini darrov tortib olmasdan, o‘ziga kelganidan keyin, birdaniga jerkib tortdi.

Faqat yosh yigitning kuchli qo‘llari uni mahkam ushlab, kampirning boshidan pastroq tushirdi va ikkala yosh, shu bo‘yicha, turgan joylarida turib qoldilar…
Ichkarida o‘tirgan baxtli mehmon o‘zidan baxtli izmon bilan birga, ho‘… ancha vaqt o‘tgandan so‘ng yo‘qolgan ikki mehmonni izlab, ko‘chaga chiqqan vaqtida, ko‘chadagi ikki yosh vujud qo‘llarini bir-birlaridan hanuz ajratib ololmagan edilar.

Kampir esa ikki yoshning bu talvasali uchrashuviga quruq gavdasi bilan guvoh bo‘lib, hali ham shirin uyquda dang qotib yotardi…
Mehmonlar osh-suv taraddudiga yo‘l qo‘ymasdan, sut-qatiq bilan quruq choy ichib, darhol o‘tirgan joylariga uzandilar va aravada urinib kelganlari uchun uzanar-uzanmas uyquga ketdilar.
Aravakash ichkaridan chiqqan ikki non bilan bir piyola qatiqni ichib oldi-da, otni tashqariga bog‘lab, o‘zi arava ustiga cho‘zildi. Uyqusi qochgan edi… Miyasida, umrida birinchi martaba o‘laroq, ajib va shirin xayollar aylanardi. Ko‘kdagi oyga qarab, yerdagi oyni o‘ylar va boyagiday shirin-shirin kulimsirardi…
Ichkaridagilar ham dong qotdilar. Faqat, oralarida, xuddi ko‘chadagi yosh yigitcha singari uyqusi ochilgan, ko‘kragidagi yangi, begona va shirin hislarni anglayolmasdan hayron bo‘lgan birov bor edi. U ham ko‘kdagi oyga qarab, yerdagi «toy»ni o‘ylar va yuzlari anorday qizarardi…
III
Mehmonlarga qo‘lidan kelgancha yaxshi dasturxon solib, qo‘ni-qo‘shni qizlar va kelinchaklarni chaqirtirib, allaqaylardan tori uzilgan dutorlarni topdirib kelgan va ularni xursand qilmoq uchun tirishib-tirmashgan Enaxon o‘z ko‘nglida yana xijolat tortishdan qutulmadi.

Qadrli mehmonlarini yana allaqanday ziyofatlar, mehmongarchiliklar, takalluflarga ko‘mib tashlamoqchi bo‘lardi. Uncha narsa bo‘lmaganda ham, odamlar singari, tuzukroq bir siylab yuborishni, albatta, lozim, deb o‘ylardi. O‘z qo‘lida bunday qudrat yo‘qligini o‘ylab, noumidlikka tushar, bo‘g‘ilardi…
Boyadan beri shu to‘g‘rida o‘ylanib, oqqan suvga xashak tashlab o‘tirgan kelinning yuzlarida xuddi shu paytda bir yoqimli kulimsirash paydo bo‘lgan edi. O‘rnidan turib, haligi shirin kulimsirashi borgan sari ochilgani va yoyilgani holda Enaxonga yaqin bordi:
– Xafa bo‘lmang, aylanay! – dedi. – Men ilojini topdim. Boylarnikiga o‘xshagan g‘alati ziyofat qilib jo‘natamiz mehmonlarimizni!
Enaxon bu ilojning nimaligini anglayolmaganidan hayron bo‘lib kelinbibisiga qarar, hali yuzi kulmas edi.
– Nechuk? – dedi u va kelinbibisining ko‘zlariga baqrayib tikilgani holda uning ikkala qo‘lini qo‘llari orasiga oldi.
– O‘zimizning kuchimiz yetmasa, teng-to‘shlarimiz, o‘rtoqlarimiz bor. Ularga aytib chaqirtiramiz…
Enaxonning yuzi birdaniga ochildi. Lablariga keng bir tabassum yoyildi. U kelinbibisi topgan ilojni anglagan edi:
– Mingboshining qiziga aytmoqchimisiz? O‘sha chaqirsin, deysizmi?
– Yo u, yo bo‘lmasa kichik xotini Sultonxon-chi?
– Bo‘larmikin?
Shu yergacha ular ikkovi bir joyda to‘xtashib so‘zlashmoqda edilar. Keyin:
– Bo‘ldirishni menga qo‘yib bering. Ishingiz bo‘lmasin.
Ishqilib, mehmonlarni xursand qilsam, bo‘ldimi? – dedi. Shundan so‘ng ikkalasi bel ushlashib, uyga tomon yura boshladilar…
– Biz shu kechaga mingboshi tog‘aning qizi bilan kichik xotinini chaqirtiraylik. Kecha chaqirtirganimizda kelmasalar, bugun chaqirtirsak, albatta, kelishadi. Siz nima deb o‘tiribsiz! Zebixonning ovozi, ashulalari undan kattaroqlarni ham sudrab keltiradi. Siz xotirjam bo‘ling. Men o‘zim g‘izillab chiqib kelaman. Bu kecha bitta-yarimta ashula eshitib, suhbatni ko‘rishsa, ertaga, albatta, chaqirtirishadi.

Ikkalasi, yuzlari yulduzday charaqlagani holda, darichadan ichkariga hatlagan vaqtlarida Zebining «Qora sochim» kuyiga aytayotgan ashulasi quloqlarni shirin-shirin qitiqlamoqda edi…
Dasturxon yig‘ilgandan keyin bazm boshlandi; shundan keyin hamma o‘zini unutdi, hamma yosh bolaga aylandi. Uch ovozlik qizga yana bir nechtasi qo‘shilib, yalla ohangi ko‘klarga ko‘tarilgandan keyin qishloqning past-past, yiqiq-yoriq devorlaridan osongina oshib o‘tib, bitta-yarimta yigit-yalang ham to‘plana boshladi.

Ular xira yongan chirog‘chaning yorug‘i zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yetadigan joylarda ayvonning ikki yonida cho‘n-qayib o‘tirishgan, nafaslarini ichlariga olgan edilar. Ular orasida Xolmat (Enaxonning akasi) bilan aravakash bola ham bor, ular ikkovi katta tut yog‘ochiga suyanib, tikka turardilar. Xolmat havas bilan qiziqib qarasa-da, uning ko‘ngli tamom betaraf edi, faqat aravakash yigit shuncha to‘polon-yalla orasida Zebining ovozidan boshqa ovozlarni, nechukdir, farq etolmasdi.

U ovozni eshitishi bilan ko‘nglining chuqur joylaridan xuruj qilib kelgan allaqanday totli bir sevinchini yashirolmadi:
– Zebinisaning ovozini aytaman, Xolmat aka… – dedi u, o‘zi shu so‘zni aytganidan keyin, negadir, biroz qizara tushib, yerga qaradi.
– Chakki emas! – dedi Xolmat. So‘ngra so‘radi: – Oti Zebinisami?
– Ha, Zebinisaxon!
Yigitchaning shu «xon» degan qo‘shimchasida «mening Zebinisam» degan ma’noda bir maqtanish, bir g‘urur ohangi bor edi. Bu ohang juda ochiq eshitilgan bo‘lsa kerakki, Xolmat darhol fahmiga bordi va «a, haromi-ey!» deganday qilib unga qaragach:
– Yurakdan urgan ekan-a!.. – dedi.
Yigitcha bu so‘zdan o‘ng‘aysizlandi va tona boshladi:
– Yo‘g‘-e, ovozi soz deyman-da, ovozi! – dedi, lekin tili gapirgani bilan yuragi «yolg‘on, yolg‘on» deb turganini o‘zi ham bilar, Xolmatning ishonmasligiga aqli yetardi. Shuning uchun masalani chuqurlashtirmasdan, so‘zni boshqa tomongaroq burishni ep ko‘rdi: – Ovoziga nima deysiz, chinakam qiyomat-a? – dedi Xolmatga

– Ha, ovozi joyida. Saltanatxondi o‘rtog‘imi?
– Eng yaqin o‘rtog‘i.
– Kimning qizi o‘zi?
– Razzoq so‘fi degan bir odamning…
– Razzoq so‘fi?
– Ha, Razzoq so‘fi. Xudo bergan lekin so‘figa!
– Xaridori ham ko‘pdir?
– Sovchining ko‘pligidan ostonasi yeyilib ketgan, deydilar… Bilmadik, qaysi toleyi balandga nasib bo‘lar ekan!
– Xudodan tilab turing, «noumid shayton», degan gap bor…
Shu so‘zlarni ayta turib, Xolmat ham yigitchaga shayton qarashi bilan qaradi.
Bu vaqtda ashulachi qizlar yalladan to‘xtadilar, ingichka-yo‘g‘on ayol ovozlaridan iborat kuchlik bir xorning:
– Bor bo‘lsinlar! – degan olqishi yuksaldi. Erkaklar o‘z olqishlarini ichlarida saqlamoqqa majbur edilar. Ularning to‘planganlarini bir-ikkita kampirdan boshqa hech kim bilmas edi. Yalla bitgach, ba’zi qizlar o‘rinlaridan turib, u yoq-bu yoqqa jilishdilar, ba’zilari o‘choq boshiga choy olgali ketdilar, ba’zi-lari joylarini almashtirib, yaqin ko‘rgan o‘rtoqlarining yonlariga o‘tib o‘tirdilar. Endi erkaklar ham o‘zla-rini orqaroq olmoqqa majbur edilar, ular ham jilishdilar.

Mehmonlardan Qumrixon birdaniga tutning tagiga borib qolib, u yerda ikki erkakning o‘ziga qarab kulib turganini ko‘rgach, «voy, o‘la qolay!» deb, uyalib orqaga qaytdi. Yana Saltining yoniga borib o‘tirgach, pichirlabgina:
– Tevaragimizni shundoqqina qishloq yigitlari o‘rab olishibdi. Bilmasdan tutning tagiga borib qolsam, ikkitasi menga qarab baqrayib turibdi… Bittasi o‘zimizning aravakashmi…
Bu vaqtda bu ikkala qizning nimalar deb pichirlashayotganidan vasvasaga tushgan Zebi sekingina bo‘ynini cho‘zib, gapga quloq soldi. U faqat Qumrining so‘zini – «bittasi o‘zimizning aravakash…» degan so‘nggi so‘zini eshitib oldi.

Yuragi o‘ynadi… va darhol burilib tashqariga qaradi. Chirog‘ning xira yorug‘ida kampirlarning ivirsib yurganlarini ko‘rdi. Boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Yurak o‘ynashi bosilmadi. Lablari titramoqqa boshlagan edi… Birdaniga o‘rnidan turdi; qizlar yo‘l bo‘shatdilar, ularni oralab o‘tdi. Ayvondan chiqib olguncha hammaning ko‘zi unda edi, ayvondan sahnga tushgach, qizlar yana o‘z suhbatlariga mashg‘ul bo‘ldilar.
Sahnda uni poyloqchi kampir qarshi olib, peshonasidan o‘pdi:
– Ilohim, yomon ko‘zdan saqlasin, bolam! – dedi. Ikkala ko‘zidan yana bir martadan o‘pgach, ichkari uyga tomon burildi.
– Ha, xola, uyda nima qilasiz? – deb so‘radi Zebi.
– Uxlayin, bolam, men qari narsa, yarim kechagacha o‘tirolamanmi? Sizlar yosh-yalang, o‘ynab-kulib ko‘ngillarni yozinglar. Men orom olay…
Poyloqchining bu xislati hammaga ma’qul edi. Ayniqsa, shu topda ko‘ngli allaqaylarga tortayotgan Zebi uchun bir xil ezma kampirlardan ko‘ra bu – kamgap, seruyqu kampir yaxshi edi. Yuragi urgan holda bitta-bitta bosib, qorong‘ilikka kirdi. U ham tut tagiga – katta so‘rining yoniga borayotir edi.
Qorong‘ida turgan aravakash yigit yorug‘ tomondan kelayotgan qizni tanidi, birdaniga:
– Ana, o‘zi kelayotir! – deb qichqirdi.
Uning bu qichqirishi ixtiyorsiz bo‘lgan edi. Allaqachonlar masalaning fahmiga borib qolgan Xolmat shu topda yigitchadan yiroqlashuvni ep ko‘rdi. Unga ma’nolik qarash bilan kulimsirab qarab, yelkasiga bir-ikki urgach:
– «Umidsiz shayton», dedim-ku, uka… Mana, biz ketdik… – dedi va quyuq qorong‘ilikka kirib, yo‘q bo‘ldi. Yigit esa Xolmatning bor-yo‘g‘ini farq etolmaydigan holdaydi. Shunday paytlarda og‘izdan ixtiyorsiz chiqishi lozim bo‘lgan «bor bo‘ling», «o‘lmang» kabi minnatdorlik so‘zlari ham esga kelmasdi. U, yuragini hovuchlagani holda, ixtiyorsiz, qari tutning yo‘g‘on badaniga yopishdi…
Zebi yigitchaning «Ana, o‘zi kelayotir!» degan so‘zlarini eshitgan edi.

Agar esi o‘zida bo‘lsa, u ham Qumri singari «Voy, o‘la qolay!» deb qaytib ketishi kerak edi. Holbuki, u o‘zini bilmasdan va hech narsa o‘ylayolmasdan, telba qadamlar bilan bitta-bitta bosib, ilgari yurardi… Uning oyoqlari allaqanday yomon bir kuchning afsuniga ilashganlar, o‘sha kuchning sudragan tomoniga borardilar. Yosh qiz o‘z ko‘nglining birinchi marta o‘ziga begonalashganini, o‘zidan boshqa bir kuchning ko‘ngliga egalik qilganini sezardi…
Zebi tegrasiga bir ko‘z yugurtib olgach, qadam bosishini sekinlatib, katta tutning o‘ng tomonida to‘xtadi. Yigitcha chap tomonda edi. Ikkalasi ham anchagacha jim qoldilar. Qaysi biri oldin
gap boshlashni va nima deyishni bilmasdi. Nihoyat, yigitcha bir gap topgan bo‘ldi.
– Bugun sahar… aravani qo‘shamanmi?
– Nimaga?
– Ketmaymizmi?
Zebi javob berolmay qoldi… Bu savolga javob bo‘lgunday bir so‘z uning shu topda juda yomon g‘ovlab ketgan miyasiga yaqin kelmasidi. So‘zga-so‘z qaytarmoq uchungina:
– Shoshiltirib nima qilasiz? – dedi va so‘zlarning o‘z og‘zidan uzilib tushib borganini sezdi. Shu topda o‘z ovozi ham o‘ziga yot edi, shu so‘zlarni aytayotgan ovoz uning o‘z qulog‘iga soyning narigi betidan kelayotganday eshitilardi. Yigitcha o‘zini to‘xtatib olgan edi.

Endi u dadillanib va kulib turib, qo‘lini tutning o‘ng tomoniga uzatdi. Faqat ikkalasining orasi ancha yiroq bo‘lganidan boshqa bir qo‘l uning qo‘liga urinmadi. Holbuki, Zebi birovning qo‘l uzatganini payqaydigan holda emas edi. Yigitcha Zebidan muqobala ko‘rmagach, qo‘lini tortib oldi va endi, bu safar bo‘ynini egib, ikki ko‘zi bilan qizni axtararkan, quvnoq bir ovoz bilan.
– Hali bir-ikki kun o‘ynaymizmi? Otga dam beramizmi? – dedi. Zebidan javob bo‘lmagach, ilova qildi:
– Xayr, mayli, sizlar qachon «qo‘sh», desanglar shunda qo‘shaman. Zebi tutga suyangan, o‘zining qayda turganini unutayozgan, shuncha gapga bir og‘iz javob bermasdan, og‘ir o‘ylarga tolgan edi. U shu topda o‘zining yaqin kelajakdagi qora kunlarini, qay rangda ko‘rinishi ma’lum bo‘lmagan baxti, toleyini o‘ylardi. Uning butun baxti Razzoq so‘fining johil vujudiga bog‘li emasmi?

O‘sha sovuq so‘fi shu quvnoq jonni va sayroq qushchani istagan vaqtida baxtli yoki baxtsiz eta olmaydimi? Uning bir og‘iz «ha» yoki «yo‘q» deyishi qiz bechoraning behad quvnab yayrashiga yoxud xazon yaprog‘iday bir nafasda so‘lib, nobud bo‘luviga yaramaydimi? Qiz sho‘rlik, u bir umr qovog‘i o‘yig‘liq va yuzi kulmas otadan hech bir xayriyat kutmaydi.

Otasi to‘g‘risida o‘ylagan vaqtida o‘zini o‘limga mahkum bir odam, otasini mahkumaning jallodi kabi ko‘radi… va titraydi! Bu qishloq sayohati, aravakash yigitcha bilan tasodifan tanishib qolishi, shu tanishuv orqasida ko‘nglida sezgani besaramjomliklar bechora qizni haligidek qora o‘ylarni o‘ylashga majbur qilgan edi. U xil qora o‘ylar uning uchun yangi emas, albatta.

Yoshi balog‘atga yetib uylari sovchilarning qatnov yo‘llariga aylanganidan beri u sho‘rlikning qora o‘ylarga botmagan kuni yo‘q! Faqat shirin bir umid bilan, ko‘zda ko‘rilib, qo‘lda tutilgan – naqd bir umid bilan birga kelgan qora o‘ylar qiz bechorani yomon ezib tashlaydi! Bir-ikki kundan beri ashula, o‘yin deganda o‘zini bilmas darajada berilib ketishi, shu iztiroblarning hordig‘ini chiqarish uchun emasmi? Ko‘ngliga og‘ir tashvishlar solgan yigitchaning shunday yonginasida juda shirin xayollar bilan birga juda qora o‘ylarga botib turgan vaqtida birdaniga ayvon tomondan bir ovoz eshitildi:
– Hay, nima bu hammayoq jimjit bo‘lib qoldi? Zebinisaxon qanilar? Saltanatxon, aylanay, o‘rtoqjoningizni topmaysizmi?
Yana bir ovoz eshitildi:
– Rost-a, hammayoq muzlab ketdi! Hay, qizlar, sizga nima bo‘ldi? Birdan bir necha ovoz ko‘tarildi:
– Zebinisaxon, Zebinisaxon!
Qizlar o‘rinlaridan turib, u yoq-bu yoqqa yurishib qoldilar.
Bu qichqirishlar har qanday og‘ir uyqudan uyg‘otishga yarardilar, Zebi ham yarim mastlik holatidan seskanib uyg‘ondi va apil-tapil javob qildi:
– Mana men… Hozir boraman… hozir…
Faqat bu safar uning ovozi kasal odamning ovozi singari darmonsiz va jonsiz chiqardi. Yigit buni angladi va tezgina:
– Boring, bemalol o‘yin-kulgingizni qiling! Hech narsadan qo‘rqmang, hech bir g‘am yeya ko‘rmang! – dedi. So‘ngra darhol o‘zini tutning panasiga oldi. U yoqdan bir-ikki qiz yugurib kelib, Zebini yetaklab
ketishdi. Shularning biri mingboshining kichik xotini Sultonxon edi. Bu safar faqat o‘yin bo‘ldi. Yosh juvonlar va qizlarning hammasini deyarlik tortdilar. Shaharliklardan yaxshi o‘ynagan Qumri bo‘ldi. Qishloq qizlaridan ikki-uchtasi yaxshi o‘ynadilar.

Mingboshining qizi bir-ikki aylanib to‘xtadi, kichik xotini esa ko‘nmadi, uni ko‘p ham zo‘rlay olmadilar. Zebi esa dutorchilar va ashulachilar bilan birga yengil-yengil yallalar qilib turdi. O‘yin tamom bo‘lib, palov dasturxoni yozilganda, oy ancha balandga ko‘tarilgan edi. Oshdan so‘ng qishloq qizlaridan o‘ziga durustroq bir dehqonning qizi o‘rnidan turib:
– Ertaga mehmonlarni biz kutamiz, – dedi. Shundan keyin mingboshining kichik xotini Sultonxon katta kundoshining qizi bilan gapni bir joyga qo‘yib, o‘rnidan turdi va Enaxonga tomon yuzlanib:
– Bo‘lmasa, mehmonlaringiz indinga biznikida bo‘lishadi, – dedi, – tuzukmi? Endi bizga ruxsat! U kundoshining qizi bilan birga ayvondan pastga tushib, kavshini kiya boshlagach, boshqa qizlar ham bitta-bitta o‘rinlaridan turdilar. Shunday qilib, bu qiyomat yig‘in kecha yarim bo‘lganda, «guv-guv» bilan tarqaldi.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Kecha. Abdulhamid Cho‘lpon