Ifodalilik va ko’chimlar
Topshiriq
Berilgan misralarda lochin so‘zining qanday ma’noda qo‘llanganini tushuntiring, undagi ko‘chma ma’no nima asosda yuzaga kelganini ayting.
Qutlug‘ joy ko‘p erur ushbu dunyoda,
Yulduzni ko‘zlagan lochin ham talay. (A. Oripov)
So‘zlarni ko‘chma ma’noda qo‘llash ham nutq ifodaliligini ta’minlash uchun tuganmas manbadir. Nutqda deyarli barcha asosiy holatlarda ko‘chma ma’no emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorlik kasb etadi. Nutqda so‘zlarni ko‘chma ma’noda ishlatishning xilma-xil ko‘rinishlari mavjud bo‘lib, ular ko‘chimlar nomi bilan umumlashtiriladi. Ko‘chimlarning asosida ikki narsa yoki tushunchani qiyoslash yotadi, ya’ni ikki narsa yoki tushuncha o‘rtasidagi muayyan munosabat (o‘xshashlik, umumiylik, aloqadorlik kabi) asosida tasviriylik, ifodalilik, aniqlikni kuchaytirish maqsadi bilan ulardan birining nomi ikkinchisiga ko‘chiriladi.
Ko‘chimlarning metafora, metonimiya, sinekdoxa kabi bir necha turlari farqlanadi. Metafora narsa yoki tushunchalar o‘rtasidagi o‘xshashlik asosida nom (so‘z)ning ko‘chishidir. Masalan, qozonning qulog‘i birikmasi- dagi quloq so‘zining ma’nosi metaforik ma’no, chunki u odamning qulog‘iga o‘xshashligi asosida yuzaga kelgan. Lekin ayni so‘zning bu ma’nosi tilda doimiy metaforaga aylangan, ya’ni turg‘unlashib, mazkur tushunchaning nomiga aylangan. Metafora qanchalik yangi, tutilmagan bo‘lsa, shunchalik ifodali bo‘ladi.
Mohir so‘z ustalari o‘z asarlarida so‘zlarni metaforik ma’noda qo‘llash orqali ifodali, obrazli nutqning go‘zal namunalarini yaratadilar. Quyidagi misolda buni ko‘rish mumkin: Manglayi tirishar zinapoyaning, Panjara kuylaydi misoli chiltor, Terlab ketganini ko‘rsang oynaning… Hamma narsa seni kutar intizor. (Iqbol Mirzo) Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlar ko‘chma – metaforik ma’noda qo‘llangan. Metonimiya narsa yoki tushunchalar o‘rtasidagi muayyan aloqadorlik asosida birining nomi bilan ikkinchisining atalishidir.
Masalan, Dasturxonga qarang! jumlasidagi dasturxon so‘zi metonimik qo‘llangan. Yozuvchining mahorati bilan badiiy nutqdagi metonimiya tufayli yuzaga kelgan ifodalilikka e’tibor bering: Bu yerga termulib parishon dunyo, To‘g‘rilab oladi qo‘lda soatin. (A. Oripov)
Sinekdoxa narsa yoki tushunchalar o‘rtasidagi butun-bo‘lak munosabati asosida birining nomini ikkinchisiga ko‘chirishdir. Masalan, Bu kishi tirnoqqa zor jumlasidagi tirnoq so‘zi sinekdoxa yo‘li bilan «farzand» ma’nosida qo‘llangan.
91-mashq
Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanidan olingan parchani o‘qing va ko‘chimlarni aniqlang, ularning ifodalilik jihatidan qimmatini izohlang.
Har yil bir keladigan bahor sevinchi yana ko‘ngillarni qitiqlay boshladi. Yana tabiatning dildiragan tanlariga iliq qon yugurdi… Tollarning ko‘m-ko‘k sochpopuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa boshladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalar-da, bo‘shalgan qul singari erkinlik nash’asini kemira-kemira ilgari bosadilar.
Simyog‘ochlarning uchlarida yakka-yakka qushlar ko‘rina boshladi. Birinchi ko‘ringan ko‘klam qushi birinchi yorilgan bodroq nash’asini beradi. Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi… Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat!
92-mashq
Gaplarni o‘qing. Ularda metonimiya va sinekdoxa yo‘li bilan hosil bo‘lgan ko‘chma ma’nolarni izohlang.
- Undan keyin sizning dasturxoningizni solib, qo‘lingizga suv berib, qizingizning choklarini tikishib, xizmatingizni qilib yotardim! (Cho‘lpon)
- Toki g‘olib ekan muzaffar o‘lka, Sha’niga she’r aytmoq shoirga odat. (A. Oripov)
- O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa, Oltin boshning kalla bo‘lgani shudir. (E. Vohidov)
- Balki, tush ko‘rganday qolursiz hayron, Eshitib Toshkentning sabr-u toqatin. (A. Oripov)
- Sevgidan yetim-u umr dan yarim, Qurigan ko‘ksida yolg‘iz belanchak. Abadiy firoqni, hayhot, do‘stlarim, Abadiy visol deb bildi kelinchak. (A. Oripov)
- Bashirjon yoniga ag‘darildi: «Rahmatli chol to‘g‘ri aytarkan. Undan-ku, bir tirnoq – men qoldim. Yaxshimi-yomonmi, har qalay, ismini familiya qilib yuribman». (N. Aminov)
93-mashq
Berilgan misralarda sor, burgut, lochin so‘zlarining qanday ma’noda qo‘llanganini tushuntiring, undagi ko‘chma ma’no nima asosda yuzaga kelganini yozma bayon qiling. O‘zingiz ham shunday ko‘chimlar qatnashgan misollarni yozib keling.
Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi,
Erkin-erkin havolarni quchguvchi,
Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi,
Uchar qushday yosh yigitlar qayerda?
Tog‘ egasi – sor, burgutlar qayerda? (Cho‘lpon)
Ahmad-u Muhammad, yonimga keling,
Farg‘ona, Xorazm sor, lochinlari! (E. Vohidov)
94-mashq
Gaplarni o‘qing. Ko‘chimlarni aniqlang, ularning nutq ifodaliligini ta’minlashdagi ishtirokini izohlang.
- Ammo siz hurmatlilarga ma’lumdirki, bizning shul Otabekdan o‘zga farzandimiz bo‘lmay, dunyoda o‘zimizdan keyin qoldiraturg‘an tuyoqimiz va ko‘z tikkan orzu-havasimiz, umid hadafimiz faqat shul Otabekdir. (Abdulla Qodiriy)
- Yuzlari tandirdan endi uzilgan nonday qizil, mo‘ylovli bir odam uloq boshiga keldi. Ana shu mo‘ylov bakovul bo‘ldi. (Tog‘ay Murod)
- Vodoprovod yonidagi oshrayhondan bir shox sindirib olib, kaftiga urdi. Yoqimli hid dimog‘ini qitiqladi. (O‘. Umarbekov)
- Kamarlar odatda tog‘ning belida, shamoldan pana, atrof yaxshi ko‘rinadigan yerda bo‘ladi. (Sh. Xolmirzayev)
95-mashq
She’rni ifodali o‘qing. So‘zlarni ko‘chma ma’noda qo‘llash orqali nutq ta’sirchanligi ta’minlanishiga diqqat qiling.
Atirgul
Gullar oqshom chog‘ida, o‘yga tolar emishlar,
Quyosh botgan tarafga, qarab qolar emishlar.
So‘ng barchasi subhidam sal iymanib, nozlanib,
Quyoshni kutar emish, sharq tomonga yuzlanib.
Faqatgina atirgul, sog‘inch dog‘lab ko‘ksini,
Quyoshi ketgan yo‘ldan olmas emish ko‘zini.
Ters tomondan kun chiqqach, to‘lib shabnam – ko‘z yoshga,
Hayrat-u araz bilan qayrilarmish quyoshga. (Mirzo Kenjabek)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Aravani quruq olib qochmoq Uddasidan chiqa olmaydigan ish yoki narsa haqida ortiq darajada maqtanmoq. Varianti: aravani olib qochmoq; olib qochmoq; quruq aravani olib qochmoq.
Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan Nihoyat darajada beozor, mo‘min.
- So‘zlarning o‘z va ko‘chma ma’nolari haqida gapiring.
- Metafora va ifodalalilik haqida so‘zlang.
- Metonimiya deganda nimani tushunasiz?
- Sinekdoxaning mohiyatini misollar asosida tushuntiring.
96-mashq
O‘zingiz o‘qiyotgan badiiy asardan ko‘chimlarga misollar toping. Ko‘chimlarning turlarini ko‘rsating, ularning badiiy qimmatini izohlang.
Maktab darsliklari, Ta‘lim
Ifodalilik va ko’chimlar