Ifodalilik va o’xshatishlar

Ifodalilik va o’xshatishlar

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. 1-topshiriq
  2. 2-topshiriq
  3. 103-mashq
  4. 104-mashq
  5. 105-mashq
  6. 106-mashq
  7. 107-mashq
  8. 108-mashq

1-topshiriq

Berilgan gaplardagi oltindek (-day) so‘zining o‘xshatish unsuri sifatida ifodalilikni kuchaytirishdagi ishtirokini izohlang.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
  1. O‘shanda bo‘ychan o‘spirin otasi bilan birga ekib, parvarishlagan bug‘doy oltindek sarg‘ayib pishayotgan edi. (G‘ulom Karimiy)
  2. Yaproq quyosh nurida oltindek tovlanib, yengil tebranganicha ko‘kka dadil bo‘y cho‘zib turardi. (O‘. Umarbekov)
  3. Bular so‘zlab bergan har bir hikoya, O‘zi shundoqqina oltinday kitob. (Zulfiya)

2-topshiriq

Berilgan gaplardagi o‘xshatishlarni izohlang, ularni yaratishda ijodkor mahorati haqida gapiring.

  1. So‘fining tani shu topda Arabiston tog‘larining saratondagi toshlariday qizib yonardi. (Cho‘lpon)
  2. Xayollar qo‘ymaydi o‘z holimizga – Lo‘livachchalardek yopishqoq, kir-chir. (Iqbol Mirzo)

O‘xshatishlar nutqda katta badiiy-uslubiy imkoniyatlarga ega bo‘lganligi uchun nutqning ifodaliligini ta’minlaydigan alohida vosita vazifasini bajaradi. O‘xshatishlar to‘rt unsurdan tarkib topadi, ya’ni: 1) o‘xshatiladigan narsa (yoki subyekt); 2) o‘xshatish etaloni; 3) o‘xshatish asosi; 4) o‘xshatishning shakliy ko‘rsatkichi. Masalan, Yigit musichadek beozor ekan o‘xshatishida yigit o‘xshatiladigan narsa, musicha o‘xshatish etaloni, beozor o‘xshatish asosi, dek qo‘shimchasi esa o‘xshatishning shakliy ko‘rsatkichidir.

O‘xshatishlarning ikki turi farqlanadi: 1) erkin o‘xshatishlar; 2) turg‘un (doimiy) o‘xshatishlar. Badiiy-estetik qimmat, lingvopoetik salmoq nuqtayi nazaridan erkin o‘xshatishlar yozuvchining mahoratini namoyon etuvchi vositalardan biri sifatida badiiy nutqda alohida o‘rin tutadi. Yozuvchi o‘zining badiiy tasvir maqsadiga muvofiq ravishda xilma-xil original o‘xshatishlar yaratadi, bu o‘xshatishlar kutilmaganligi, ohorliligi bilan o‘quvchini rom etadi, muayyan ruhiy yoki jismoniy holat, xususiyat, predmetlarni o‘quvchi ko‘z o‘ngida yaqqol gavdalantiradi.

Masalan, Miryoqub ikki kishining pichirlashib gaplashganini eshitdi, yuragi objuvoz likopiday ura boshladi (Cho‘lpon) gapidagi o‘xshatish – yozuvchining o‘z ijodi mahsuli. Mana bu o‘xshatishlar ham erkin badiiy o‘xshatishlardir: Maydalab o‘rilgan sochlardek egatlarga taralgan suvlar – nay ko‘ksidan oqayotgan ohanglar kabi sirli-sirli jildiraydilar (Ismoil To‘lak).

Turg‘un o‘xshatishlarda o‘xshatish etalonida ifodalangan obraz barqarorlashgan bo‘ladi. Bunday o‘xshatishlar, garchi muayyan shaxs yoki ijodkor tomonidan qo‘llangan bo‘lsa-da, vaqtlar o‘tishi bilan til jamoasida urfga kirigan. Doimiy ifodalar sifatida turg‘unlashgan, umumxalq tilidan joy olib ulgurgan bo‘ladi. Bunday o‘xshatishlar xuddi tildagi tayyor frazeologik birliklar kabi nutqqa olib kiriladi.

Masalan, Uning bu xislati ham hammaga otning qashqasiday ma’lum (Cho‘lpon); Bolalari qo‘rqqanlaridan baqadek qotib qolishdi (M. Nizanov) gaplaridagi o‘xshatishlar turg‘un o‘xshatishlardir. Turg‘un o‘xshatishlar ham nutqning ifodaliligini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi.

103-mashq

N. Mahmudov va D. Xudoyberganovaning «O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati»dan olingan o‘q so‘zi ishtirokidagi turg‘un o‘xshatishlarning ma’nolariga diqqat qiling. O‘z mulohazalaringizni bayon qiling. O ‘qday (kabi, singari)

O ‘qday (kabi, singari)

  1. To‘g‘ri, adil. Asosan, egri bo‘lmagan ko‘cha, yo‘l va boshqa narsalar haqida: Hammasini yer yuzidan sidirib tashlab, o‘rniga bog‘-rog‘ga ko‘milgan, ko‘chalari o‘qday to‘g‘ri, oppoq, ko‘rkam qishloq barpo qildi. (O. Yoqubov, «Diyonat»)
  2. To‘g‘ri. Rost, adolatli so‘z, shuningdek, g‘irromlikni bilmaydigan odam haqida: O‘qdek to‘g‘ri bo‘lmoqlik, kibr-u havoga yo‘l ochmasligi lozim… – negadir o‘ylanib qoldi sohibqiron. (M. Ali, «Ulugsaltanat»)
  3. Botmoq, tegmoq, teshib o‘tmoq, sanchilmoq, qadalmoq. Odamga qattiq ruhiy azob bermoq. Asosan, gap-so‘z, o‘y-xayol haqida: Uning so‘zlari garchi o‘q kabi botayotgan bo‘lsa-da, Elchin uchun yangilik emasdi. (T. Ma lik, «Shaytanat») U ketdi, ketdi-yu endi shum o‘ylar Sanchilaveradi qalbga misli o‘q. (A. O‘ktam, «U ketdi…»)
  4. Uchmoq. Juda ham tez harakatlanmoq; zarb, shiddat bilan chiqib ketmoq Vatan, aylanarman bir keskir toshga, Qoshingga o‘q kabi uchib borarman. (R. Parfi, «Ona Turkiston») Bizdan uzr so‘rab, «pat-pat»iga o‘tirdi-yu o‘qday uchirib ketdi. (M. M. Do‘st, «Lolazor»)
  5. Otilmoq. Keskin, shiddat bilan biror tomonga tashlanmoq; odam, jonivor va boshqa harakatlanuvchi narsalar haqida: Qamchi yeb o‘rganmagan uchqur bedov oldinga o‘qday otilib, egasini balo qazodan olib chiqib ketdi. (P. Qodirov «Yulduzli tunlar»)
  6. Otilib chiqmoq. Asosan, qattiq hayajon, hissiy taranglik bilan aytilgan gap-so‘z, xitob va shu kabilar haqida: Ko‘kragidan shu so‘zlar o‘qday otilib chiqdi: «Otamning qamalishi emas, sizning qilmishingiz meni o‘rtoqlarim oldida yerga kirgizib yubordi». (A. Qahhor, «Zilzila»)
  7. Kirmoq, sanchilmoq, qadalmoq, urilmoq. Qattiq, dag‘al, quloqqa ozor beradigan darajada eshitiladigan ovoz, gap-so‘z haqida: Uxlab qoldingizmi, nima balo! – rejissyorning tajang qichqirig‘i Zuhraning quloqlariga o‘qday kirdi. (O‘. Hoshimov, «Nur borki, soya bor»)
  8. Qadamoq, tikmoq. Qattiq tikilib qaramoq. Asosan, ko‘z haqida: Ertalab haykalning ochilishidan qaytayotib, mashina oynasidan o‘ziga o‘qdek qadalib turgan bir juft ko‘zni ko‘rib qoldi. (E. A’zam, «Shoirning to‘yi»)

104-mashq

Hassos shoir Erkin Vohidov asarlaridan olingan she’riy parchalarni o‘qing, ulardagi erkin va turg‘un o‘xshatishlarni aniqlab, izohlang.

  1. Bu vatanda bir Vatan Qurmoqni istaydir ko‘ngil, O‘zni ozod qush kabi Ko‘rmoqni istaydir ko‘ngil… Sarhad uzra soqchidek Turmoqni istaydir ko‘ngil.
  2. Mevalarki, cho‘g‘day qip-qizil, Husni yoqut, shirinlikda bol.
  3. Yarq etgan toleday quyosh ko‘rindi, O‘lkamda bahordir, o‘lkamda bahor.
  4. Uni kiyib Matmusa, Yigit bo‘ldi chaqmoqday.
  5. Ko‘rakdek og‘izni Yumarmiz har dam, Ochmasam chanoqdek Dilni endi ham, Men nechuk shoirman, Men nechuk odam?
  6. Va yo aytmangki, mo‘rt toldek Shamollarda sinib ketdi.
  7. Dunyoda o‘z yurtimizdek jononasi yo‘q, London, Parij – shaharmi? Bir choyxonasi yo‘q.

105-mashq

«Hasharda» yoki «Navro‘z» mavzusida matn tuzing, unda turg‘un va erkin o‘xshatishlardan foydalaning.

106-mashq

Gaplarni o‘qing. Erkin o‘xshatishlarni aniqlab, ularni daftaringizga ko‘chiring, ma’nosini izohlang.

  1. Kulmasdan chidab bo‘lmaydigan maqomlarda u ham kuladi, lekin u kulish – kasal odamning kulishiday og‘ir, bir xil sovuq hazillarday malol keltiruvchi, yolg‘on xushomadlarday ko‘ngilga uruvchi bo‘lardi. (Cho‘lpon)
  2. Hamma uyquda. Yangi yoqqan qor oyoq ostlarida g‘irchillama etik singari ovoz berib yotardi. To‘shakcha ustidagi dumaloq bolish – tepasi qor, ikki yoni quruq – chala bo‘yalgan tuxum singari chuchmal va g‘alati ko‘rinardi. (Cho‘lpon)
  3. Kun issig‘idan anor yuzlari bo‘rtinib ketgan. Baxt yo‘llariday oq va keng manglayda marvarid donalariday mayda ter. (G‘afur G‘ulom)
  4. Ilon chaqqan kishidek dovdir va besaranjom ko‘zlari bilan tevarakka bejo-bejo nazar tashlar edi. (Abdulla Qodiriy)
  5. Ko‘chada yuk ortilgan tuyalar ko‘p. Qing‘ir-qiyshiq ko‘cha ular uchun go‘yo sichqonning qopqoniday bo‘lganidan tiqilib qolishgan. (Oybek)

107-mashq

Gaplarni o‘qing. O‘xshatish etalonlarini aniqlang, ularning nutq ifodaliligidagi o‘rnini tushuntiring.

  1. Qalay, maza qildingmi? – dedi chol Amirdan uch-to‘rt odim narida to‘xtab, so‘ng kalladek keladigan toshga omonatgina o‘tirdi. (Ulug‘bek Hamdam)
  2. Hozir ini buzilgan chumoliday to‘zib, har kim o‘z boshini asrash bilan ovora. (Murod Mansur)
  3. G‘anijonning xotini tug‘may yurib-yurib, birdaniga qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ib berdi. (Abdulla Qahhor)
  4. Ukajonim! Men senga shunday bir mo‘jiza suv opkeldimki! Ichding – ertasiyoq toychoqday dikirlab ketasan! (Erkin A’zam)
  5. To‘ygan qo‘ziday bo‘lib o‘tirishini qarang! (P. Qodirov)
  6. Dengiz notinch, katta-katta to‘lqinlar mast tuyaday ko‘pirib, kemani u yoqdan bu yoqqa uloqtirar edi. (P. Qodirov)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Qo‘ltig‘iga suv purkamoq Biror ishni qilishga o‘chakishtirmoq, gijgijlamoq.
Hasratidan chang chiqmoq Ortiq darajada norozilik bildirib gapirmoq.

  1. O‘xshatishlarning tarkibiy unsurlarini sanang, ularni misollar bilan izohlang.
  2. Erkin o‘xshatishlarni ta’riflang.
  3. Turg‘un o‘xshatishlar haqida nimalarni bilasiz?
  4. O‘xshatishlarning nutq ifodaliligini ta’minlashdagi ishtiroki haqida so‘zlang.
  5. Turg‘un o‘xshatishlar va frazeologik iboralarni qiyoslang, ularning umumiy va farqli jihatlarini tushuntiring.

108-mashq

O‘qiyotgan badiiy asaringizdan beshta erkin va beshta turg‘un o‘xshatishlarga misollar topib, ularni tegishli gaplari bilan ko‘chiring. Ular ishtirokida yuzaga kelgan ifodalilik haqida mulohaza qiling.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Ifodalilik va o’xshatishlar