Nutq texnikasida urg’u va to’xtam (pauza)

Nutq texnikasida urg’u va to’xtam (pauza)

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. 1-topshiriq
  2. 2-topshiriq
  3. 113-mashq
  4. 114-mashq
  5. 115-mashq
  6. 116-mashq

1-topshiriq

Berilgan juftliklardagi so‘zlarning urg‘u va ma’no jihatdan farqlarini izohlang.
Olma (ot) – olma (fe’l);
Akademik (ot) – akademik -(sifat).

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

2-topshiriq

Berilgan gapning intonatsiyasini o‘zgartirganda, gapning boshqa mazmuniy turi yuzaga kelishiga diqqat qiling.
Ona bolalariga ertag-u naqllar aytib berdi. (Y. Muqimov) (darak gap)
Ona bolalariga ertag-u naqllar aytib berdi? (so‘roq gap)
Ona bolalariga ertag-u naqllar aytib berdi! (his-hayajon gap)

Nutqning madaniyligini ta’minlashda undagi ohang ham alohida o‘rin tutadi. Nutqda yaxlit ohangning shakllanishida urg‘u, to‘xtam (pauza), mazmuniy-hissiy intonatsiya kabi unsurlar ishtirok etadi. Og‘zaki madaniy nutq tuzayotgan kishi ana shu unsurlarning aniq va to‘g‘ri namoyon qilishi zarur. Siz oldingi sinflardan yaxshi bilasizki, urg‘u ikki xil bo‘ladi, ya’ni: so‘z urg‘usi va gap urg‘usi. Gap tarkibidagi mantiqan muhim bo‘lak gap urg‘usi bilan ta’kidlanadi.

Nutq oqimidagi noto‘g‘ri yoki o‘rinsiz to‘xtam (pauza) hatto fikrning yanglish anglanishiga ham olib kelishi mumkin. Masalan, Hovliga ikki bolali ayol kirib keldi gapi agar Hovliga ikki / bolali ayol kirib keldi tarzidagi to‘xtam bilan aytilsa, «Hovliga bolasi bor ikkita ayol kirib keldi» mazmuni anglashiladi, Hovliga ikki bolali ayol kirib keldi tarzidagi to‘xtam bilan aytilganda esa «Hovliga ikkita bolasi bor bitta ayol kirib keldi» mazmuni ifodalanadi. Intonatsiya gapning mazmuniy-hissiy yo‘nalishini ko‘rsatadi.

113-mashq

So‘z va gap urg‘usi hamda to‘xtam qoidalariga rioya qilgan holda she’rni o‘qing. Unda ifodalangan fikrlarni nasriy bayon qilishga harakat qiling va ularga o‘z munosabatingizni bildiring.

Maqollar kitobi”

Eltib sizni g‘aroyib
Yurtga ukajonlarim,
Ko‘rsataman u joyning
Qiziq qush, hayvonlarin.

Bunaqasin ko‘rmaysiz
Hech bitta zooparkda.
Bu yerda: hatto shohning
Ishqi tushgan qurbaqa;

Yaxshi so‘zga inidan
Chiqadigan ilonlar;
Sira bosgan izidan
Qaytmaydigan arslonlar;

Inga sig‘mas dumiga
G‘alvir bog‘lagan sichqon;
Bolasin botirim deb,
Alqagan qo‘rqoq quyon;

Do‘stlardan ayrilganni
Yeydigan ayiqlar bor;
Changi chiqsa ham, dong‘i
Chiqmaydigan yolg‘iz ot…

Yana ko‘p-u, lekin men
Tugataman so‘zimni.
Endi ko‘rib olasiz
Qolganini o‘zingiz.

(Dilshod Rajab)

114-mashq

Matnni gaplarning turlariga muvofiq intonatsiya bilan o‘qing. Matn mazmunidan kelib chiqadigan ibratli xulosa yuzasidan mulohazalaringizni o‘rtoqlashing.

Biri ikki bo‘lmagan

Qadimda ikki aka-uka bo‘lgan ekan. Ikkalasi harchand uringani bilan ishi yurishmas, omadi chopmas ekan. Kunlardan birida aka-ukalar donishmand huzuriga borib, maslahat so‘rabdi:
– Shuncha harakat qilsak ham, birimiz ikki bo‘lmaydi. Nima qilaylik?
Donishmand aytibdi:
– Ikkovlaring inoqmisan? Faqat to‘g‘risini gapir!
Aka-ukalar noahil ekanini tan olibdi.
– Ey nodon! – debdi donishmand. – Ikkisi bir bo‘lmaganning qandoq qilib biri ikki bo‘lsin?! (O‘. Hoshimov)

115-mashq

Matnni undagi gaplarning mazmuniga mos ohang bilan o‘qing, so‘z va gap urg‘ularini to‘g‘ri belgilang. Rivoyatdan kelib chiqadigan ibratli xulosa haqida fikrlaringizni bayon qiling.

Xazina

Bir bog‘bondan ikki yalqov o‘g‘il qolibdi. «Kambag‘allik qursin, o‘g‘illarimga arzigulik meros qoldirolmay dunyodan o‘tyapman» deb, tashvish tortadigan bo‘libdi ota umr adog‘ida.
Bog‘bon bisotidagi kichkinagina bog‘ini ikki o‘g‘liga bo‘lib beribdi.
– Esim qursin, – depti otajon berish oldidan, – sal bo‘lmasa, unutayozgan ekanman. Qaysidir bir tokning tagiga xazina ko‘mgandim… Ota qazo qilgach, ikki noshud o‘g‘il tok tagiga ko‘milgan xazinani axtarishga tushishdi. Tagi ag‘darilmagan birorta tok qolmadi. O‘g‘illardan biri toklarning ildizigacha qo‘porib tashladi. Lekin xazinani topolmadi.

Ikkinchi o‘g‘ilning aqli bir qadar butunroq ekan, toklarning ildiziga zarar yetkazmay, tokzorni birma-bir ag‘darib chiqdi. Biroq u ham ota ko‘mgan xazinani topolmadi. Ammo yozga chiqib, tokzor shunday hosil berdiki, bargidan uzumi ko‘p, g‘uj-g‘uj… yegan va sotgan bilan ado qilib bo‘lmadi.
O‘g‘illardan biri barmoq tishlasa, ikkinchisi bol yedi. Ana shundan so‘nggina ular dono ota «ko‘mib qoldirgan» xazina ma’nosini tushunishdi. «Xazinaning kaliti o‘zimizda ekan» degan xulosaga kelishdi ikki o‘g‘lon. (Y. Muqimov)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Labi labiga tegmaydi Juda tez va ko‘p gapirmoq. Labini tishlamoq Kutilmagan hodisaga duch kelib, nima deyishini bilmay qolmoq. O‘xshashi: tilini tishlamoq.

  1. Ohangning shakllanishida nimalar ishtirok etadi?
  2. So‘z urg‘usi haqida gapiring.
  3. Gap urg‘usi va uning gapdagi o‘rnini tushuntiring.
  4. Nutq oqimidagi to‘xtam (pauza) haqida so‘zlang.
  5. Gapning mazmuniy-hissiy turlariga xos ohang haqida gapiring.

116-mashq

Urg‘u va uning turlari hamda ularning nutqdagi ahamiyati haqida yozma matn tuzing.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutq texnikasida urg’u va to’xtam (pauza)