Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba

Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba

Bugun mamlakatimizda Sohibqiron qalamiga mansub asarlardan iqtiboslar keltirilgan holda tarixiy voqyea-hodisalar, sarkarda va buyuk davlat asoschisining o‘gitlari targ‘ib etilmoqda. O‘zbekiston MET Axborot xizmati ham ushbu an’anani davom ettirish niyatida Sizlarni qiziqarli mutolaaga chorlaydi.

Qoʻmondonlik tomonidan faol yoshlarga “Temur tuzuklari” kitobi sovgʻa qilindi

Poytaxtimizda joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk sarkarda, davlat arbobi Amir Temur tavalludining 686-yilligiga bagʻishlab “Amir Temurning mamlakatni birlashtirish va markazlashgan buyuk davlat tuzishdagi tarixiy xizmati”, “Amir Temur davlatining qurilishi” mavzularida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir hamda davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻquvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning maʼnaviy-intellektual salohiyatini yanada oshirish, oʻtmishni yaxshiroq his qilgan holda bobolari tarixini yaqindan oʻrganish, yuksak maʼnaviy fazilatlarini boyitish maqsadida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-oʻqituvchilar, tarixshunos olimlar, harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda tarixshunos olimlar tomonidan Amir Temurning adolatli jamiyat barpo etish, xalq farovonligini taʼminlash, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga oid ezgu tamoyillari qayd etib oʻtildi.

Darhaqiqat, buyuk sarkardaning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayot, ezgu amallar haqida bildirgan fikrlari, har bir masalada yetti oʻlchab, el manfaatini oʻylab ish tutish bilan bogʻliq ibratli fazilatlari “Temur tuzuklari” asarida batafsil yoritilgan.

Tadbir davomida qoʻmondonlik tasarrufidagi “Isteʼdod” badiiy-havaskorlik jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbir yakunida faol yoshlar hamda tadbirni tashkil qilishda yaqindan yordam bergan ishtirokchilarga tashakkurnoma hamda “Temur tuzuklari” kitobi sovgʻa qilindi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

“Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba

Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” qayta-qayta nashr etilayotgani tahsinga loyiq. Turli manbalarda bu asar Temur tuzuklari”, (“Tuzuki Temuriy”) “Temurning aytganlari” (“Malfuzoti Temuriy”) va “Temur haqida xotiralar” (“Voqioti Temuriy”) degan nomlar bilan ataladi.

bugungi kunda “Temur tuzuklari”ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Ushbu noyob asarni jahonning ko‘pgina mamlakatlarida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Rossiya, Finlyandiya, Daniya, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr, Yaman kutubxonalaridan topsa bo‘ladi.

Tuzuk nima?

“Tuzuk” so‘zining lug‘aviy ma’nosi qonun-qoidalar to‘plami, nizom, degan ma’nolarni anglatadi. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni, deganidir.

“Konstitutsiya” atamasi, “Imperator Konstitutsiyasi” deb atalgan qonun misolida, qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgan. O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lib, shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

Atoqli rus olimi D.Logofet “Temur tuzuklari”ni o‘rganib, unga Turkistonda Yevropadan 500 yillar oldin vujudga kelgan Konstitutsiyaviy kodeks, boshqacha aytganda, Amir Temur saltanatining Konstitutsiyasi, deb yuksak baho bergan. Binobarin, mustaqillikning dastlabki yillari – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining muhokamasi davrida Asosiy qonunimizni “Tuzuklar” deb atash tavsiya etilgani ham bejiz emas.

Azaldan ma’lumki, qaysi bir asar mazmun-mohiyatan g‘oyatda qimmatli, amalda juda zarur bo‘lsa, o‘shandan ko‘plab nusxalar ko‘chirilgan va tarqatilgan. “Temur tuzuklari” asosan toju taxt sohiblari uchun muhim qo‘llanma hisoblangan. Shuning uchun ham hukmdorlarning aksariyati bu asardan nusxa ko‘chirtirib, shaxsiy kutubxonasida asragan va davlat siyosiy faoliyatida muhim yo‘l-yo‘riq sifatida foydalangan.

Tarixga murojaat etadigan bo‘lsak, buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shoh Jahon (1628—1657), Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1821—1842) va Buxoro amiri Abdulahadxon (1885—1910) mohir kotiblariga buyurib, “Temur tuzuklari”dan o‘zlari uchun nusxa ko‘chirtirganlar.

Haqiqatan, har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, ba’zan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan bu asarda qanday teran ma’no mujassam ekanini ma’rifatli, zukko insonlar yaxshi anglashlari tayin.

Amir Temurning davlat boshqaruvi tizimi

Sohibqiron ajdodimiz, ilgarigi davrlardan farqli holda, jamiyatdagi barcha tabaqalarning haq-huquqlari va manfaatlarini inobatga olib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zaminni vujudga keltirgan. Har bir toifaning haq-huquklari, burch va majburiyatlari o‘ziga xos qonun bilan kafolatlab qo‘yilgan.

Amir Temurning ulkan xizmatlaridan yana biri – davlat boshqaruvini tashkil qilish bilan bog‘liq. Hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijroiya tarmoqlariga bo‘linishiga asoslangan mazkur tizimni joriy etishda Amir Temur ko‘r-ko‘rona emas, balki o‘zi yashab turgan voqelikni nazarda tutgan holda ish yuritgan.

Taniqli tarixchi olim Azamat Зиёning fikricha, bu tizimda saltanat darajasiga ko‘tarilgan davlatning jo‘g‘rofiy hududlari doirasida yashovchi xalqlarning turmush tarzi, an’analari, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlari ham inobatga olingan. Davlat boshqaruvi tizimiga Amir Temur olib kirgan yangilikning mohiyati ham aslida shu bilan belgilanadi.

Amir Temur oliy davlat idorasi maqomida qurultoyni belgilagan. bugungi tushunchadagi kongress, assambleya, majlis, s’ezd kabilarga to‘g‘ri keladigan ushbu siyosiy institut boshqaruv mahkamasi va davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan eng asosiy masalalarni hal etib, unda saltanatdagi barcha yirik siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy soha namoyandalari ishtirok etgan.

Davlatni mustahkamlash, jamiyatni rivojlantirish borasida ijro etuvchi tizim vazirliklarning o‘rni muhim bo‘lgan Amir Temur davrida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, ulardan jamiyat manfaati yo‘lida foydalanish uchun qat’iy intizomga asoslangan, talabchan ijroiya mexanizmi zarur edi. Sohibqiron ana shunday tizimni yarata olgan.

Amir Temur saltanatining ijro etuvchi tizimidagi sakkiz vazirlik va yana bir necha muassasalar moliya, soliqlar, daromad va xarajatlar, mulkchilik, yetishtiriladigan hosil, chorva, yaylovlar ahvoli, obodonchilik, xabar va pochta, harbiy va adliya sohalarini boshqargan. Masalan, harbiy ishlar vazirligi harbiylarga maosh berish, ularga tegishli mulklarni boshqarish, qurol-aslaha ta’minoti, harbiy mashqlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan bir qatorda, iste’foga chiqqan, urushda yarador bo‘lib, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlarga nafaqa belgilash kabi yumushlarni ham bajargan.

Sohibqironning 12 muhim tuzugi

O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” asari davlatni idora qilish usullari, qo‘shinni tashkil etish qoidalari, urushlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan turli harbiy uslublar singari qator siyosiy, huquqiy, harbiy va axloqiy g‘oyalar va me’yorlarni o‘z ichiga olgan.

“Temur tuzuklari”ning markazida inson, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish turadi. Shu ma’noda, Sohibqironning huquqiy qarashlarida, avvalo, mamlakat ishlari tuzuki alohida ahamiyatga egadir.

“Saltanat ishlarini qonun va qoidalar, to‘ra va tuzukka solib, saltanatim martabayu e’tiborini saqladim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da va saltanat obro‘-martabasini saqlashga doir quyidagi to‘rtta asosiy tuzuk sanab o‘tiladi.

“Birinchidan, saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad)ning shariatiga bog‘lab, izzatu hurmatlash vojib bo‘lgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirish asosida tuzdim. Saltanatim martabasini to‘ra va tuzuklar asosida shunday saqladimki, uning ishlariga aralashishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi.

Ikkinchidan, sipohu raiyatni umid va qo‘rquv orasida saqladim. Do‘st-dushmanni murosayu madora martabasida tutdim. Qilmishlarini, aytgan gaplarini sabr-toqat va chidam bilan o‘tkazdiim. Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka aylandi.

Uchinchidan, hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Ish ko‘rgan, sinalgan, shijoatli er-yigitlarni qoshimda tutdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, ko‘ngli buzuq qo‘rqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.

To‘rtinchidan, ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim”, deb qayd etiladi asarda.

“Temur tuzuklari” talablari doirasida Amir Temur o‘z saltanatini o‘n ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamlagani tarixdan yaxshi ma’lum. Bu haqda: “Saltanatim martabasi bo‘lmish to‘ra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu o‘n ikki toifaga bog‘lab tuzdim”, deydi Sohibqiron hazratlari.

“Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvining har bir sohasi va har qaysi mansab darajasi bo‘yicha muayyan tuzuklar bitilgan. Amir Temur 12 ta eng muhim tuzukni o‘ziga shior qilib olgan va saltanatni tasarrufida saqlash uchun ularga qat’iy amal qilgan. Binobarin, ulug‘ ajdodimiz e’tirof etganidek, “O‘z tajribamdan sinab bildimki, agar qay bir podshoh shu o‘n ikki narsaga ega bo‘lmas ekan, saltanatdan bebahra qolur”.

Shunday qilib, 27 mamlakatdan tarkib topgan buyuk saltanat asoschisi Sohibqiron Amir Temur ibn Tarag‘ay yirik davlat arbobi, mohir diplomat, ulug‘ sarkarda, ilmu madaniyat homiysi, haq va adolatning jasoratli yalovbardori sifatida milliy davlatchilikda, huquq va siyosat sohasida o‘zidan unutilmas va barhayot ta’limotlar, to‘ra-tuzuklar qoldirgan.

“Temur tuzuklari” va O‘zbekiston Konstitutsiyasi

Amir Temurning huquqiy qarashlari va qonunchilik tizimi butun Temuriylar saltanatida hayotning barcha jabhalarida o‘z aksini topib, ulkan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan. Jumladan, Buyuk Ipak yo‘li xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilganki, bu bilan savdo-tijorat rivojiga katta hissa qo‘shgan Sharqu G‘arb mamlakatlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasining uchinchi bandida ushbu Asosiy Qonun “o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib” qabul qilindi, deb ta’kidlangan. Albatta, o‘zbek davlatchiligi rivoji tarixiy tajribasining eng muhim qismi – Amir Temur va temuriylardan meros huquqiy, siyosiy va tarixiy manbalardan, ayniqsa, “Temur tuzuklari”, “Boburnoma”, “Jahongir tuzugi”, “Humoyunnoma”, “Zafarnoma” kabi ko‘plab nodir asarlardan iboratdir.

Sohibqiron qoldirgan qonuniy me’yorlar va huquqiy normalardan Konstitutsiyamizning turli qism va boblarida, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti”, “Vazirlar Mahkamasi”, “Sud hokimiyati”, “Mudofaa va xavfsizlik” boblarining muayyan moddalarida, zamon talablarini nazarda tutgan holda, ijodiy foydalanilgan.

Qonunga asoslangan tizimning ahamiyatini chuqur anglagan Amir Temur haqli ravishda “Kuch – adolatda” degan oliy me’yorni o‘ziga shior qilib olgan va hatto ushbu hikmatni uzuk-muhriga o‘yib yozdirgan. Bu haqda Ibn Arabshoh shunday guvohlik beradi: “Temur tamg‘asining naqshi “Rosti rasti” bo‘lib, bu “haqgo‘y bo‘lsang, najot topasan” demakdir”. Sohibqironning bu purhikmat so‘zlari bugun ham qudratli demokratik huquqiy davlat qurish uchun asosiy yo‘llanma hisoblanadi.

Amir Temurning huquqiy qarashlari va amaliy faoliyati har doim adolat va insof me’yorlari bilan hamohang bo‘lgan. Ulug‘ Sohibqiron o‘z davlati hududlarida tuzuk-to‘ra va shariat qoidalari ustuvorligini amalda ta’minlagan. Bu haqda, jumladan: “Sipohiylarimni hamisha jangga tayyor holda tutdim; oylik haqlarini so‘rattirmay vaqtida berardim. Chunonchi, Rum yurishida sipohiylarimga o‘tgan va kelajakda qiladigan xizmatlari uchun yetti yillik oziq-ovqatlarini birvarkayiga berdim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da.

Bundan tashqari, Sohibqiron saltanatida kasbu hunar va ma’rifat ahli muntazam ish bilan ta’minlangan. Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarlarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilgan. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tekin uchun zarur urug‘lik va mehnat qurollari tayyorlab berilgan. Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bunday amaliy misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Amir Temur asos solgan buyuk davlat o‘zining turli bosqichlarida – ham Turon, ham Xuroson, ham Eron, ham Hindistonda adolat me’yorlariga asoslangan tuzum sifatida olam ahlining diqqatini o‘ziga tortib, hanuz tarixiy ahamiyatini yo‘qotmagan. bugungi kunda Sohibqironning sud va qonunchilikka munosabati ham alohida o‘rnak vazifasini o‘taydi. Zero, bundan olti asr burun Movarounnahr sud tizimida o‘ziga xos tartib va qoidalar mavjud bo‘lgan.

Yengilmas ajdodimizning harbiy-nazariy tafakkuri

Yana bir muhim jihat. Yangi turdagi muntazam armiyaning tashkil etilishi, siyosiy uyushuv, hayotning barcha jabhalari, ayniqsa, iqtisodiyotning g‘alaba qozonish yo‘lidagi strategik vazifaga bo‘ysundirilishi, mustahkam intizom, har bir jangchi tomonidan harbiy harakatlar olib borish qoidalariga rioya qilinishi, diplomatik vositalardan ustalik bilan foydalanish kabi omillar raqib ustidan zafaru g‘alabani ta’minlagan. Amir Temur o‘zining butun hukmronligi davrida biron marta ham mag‘lubiyatga uchramagan.

Mashhur arab tarixchisi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur qo‘rqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan bo‘lib, jasoratli (kishi)larni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi”. Binobarin, Sohibqironning asosiy maqsadi alohida bo‘lgan mulklarni mustahkam va qudratli davlatga birlashtirishdan iborat bo‘lgan.

Qisqacha aytganda, Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi bilan harbiy ish sohasida ulkan o‘zgarishlar yuz bergan, ular Sharqu G‘arb harbiy-nazariy tafakkuri taraqqiyotida katta rol o‘ynagan.

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi. Amir Temur nomi, uning siymosi xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, iymon-oqibatli bo‘lishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi-yangi kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlab turibdi.

Zero, ma’naviyatimizning eng teran o‘q tomirlaridan biri – ulug‘ zot Amir Temur siymosidir. Sohibqiron siymosi insoniyat tarixida bizgacha bo‘lgan, bizdan keyin ham bo‘ladigan katta bir olamshumul voqelikdir.

Akmal Saidov,

akademik

Temur tuzuklari kitob haqida

Ko‘pchilikka ma’lumki, bugun buyuk bobokalonimiz, ulug‘ sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavallud topgan kun. Bundan 684 yil ilgari O‘zbekiston zaminida tug‘ilib voyaga yetgan jahongir dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirdi, buyuk davlat barpo etib, uni ilm-ma’rifat, me’morchilik markaziga aylantirdi.

Yurtimizda yuqumli kasallik karantini tufayli ushbu sana ommaviy tadbirlar ko‘rinishida emas, ko‘proq OAV orqali, ijtimoiy tarmoq sahifalarida keng nishonlanmoqda. «O‘zbekiston MET» AJ ma’muriyati ham barchani ushbu sana bilan qutlab, karantin paytida respublika shtabi tomonidan berilayotgan tavsiyalarga amal qilishingizni so‘rab qoladi.

Bugun mamlakatimizda Sohibqiron qalamiga mansub asarlardan iqtiboslar keltirilgan holda tarixiy voqyea-hodisalar, sarkarda va buyuk davlat asoschisining o‘gitlari targ‘ib etilmoqda. O‘zbekiston MET Axborot xizmati ham ushbu an’anani davom ettirish niyatida Sizlarni qiziqarli mutolaaga chorlaydi.

«TEMUR TUZUKLARI» ASARIDA TILGA OLINGAN 4 TA DARYO HAQIDA…

  • Siz yashayotgan hududdan qaysi daryo oqib o‘tadi?
  • Daryolarning qadimgi nomlarini bilasizmi?
  • «Temur tuzuklari» asarini mutolaa qilganmisiz?
  • Tarixiy shaxslar, tarixiy joy nomlariga qiziqasizmi?
  • O‘zbekiston hududida nechta daryo bor?
  • Siz qaysi daryo qirg‘og‘iga tushishga yoki unda cho‘milishga muyassar bo‘lgansiz?
  • Umuman, daryo nomlaridan shahar va qishloqlar nomi kelib chiqqanmi yoki aksincha?

«Temur tuzuklari» asari

Sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» asari haqida umumiy ma’lumot

Ulug‘ bobokalonimiz Amir Temur haqida ko‘p narsalarni bilamiz. Xalq og‘zaki ijodi orqali eshitganmiz, maktab darsliklari, ilmiy-badiiy kitoblarda o‘qiganmiz, hujjatli va badiiy filmlarda tomosha qilganmiz.

Sohibqiron Amir Temurning shaxsi hamda uning «Temur tuzuklari» asari nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon hamjamiyatida ham katta qiziqishga sazovor. Tarixda Temuriylar saltanatining asoschisi sifatida nom qoldirgan buyuk bobokalonimiz hozirda mavjud o‘nlab davlatlar hududlarini ishg‘ol qilgan. Uning harbiy yurishlari bilan Osiyo, qisman Yevropa qit’asining turli burchaklariga islom dini va madaniyati, Markaziy Osiyo xalqlariga mansub madaniy qadriyatlar, urf-odatlar, me’morchilik, hunarmadchilik, adabiyot, til va lahjalar kirib borgan.

Yevroosiyo materigining turli mintaqalarida Amir Temurning harbiy yurishlari natijasida qolgan «tarixiy izlarni» ko‘rish mumkin. O‘rta asrlarda sodir bo‘lgan bunday harbiy yurishlar natijasida turli qabila va elatlar vujudga kelgan, qadimdan mavjud xalqlarning madaniyati, lug‘at boyligi, nasl xilma-xilligi yangilanib to‘ldirilgan. Hanuzgacha dunyoning 30 dan ortiq davlatlarida o‘g‘il bolalarga «Temur» deb ism qo‘yiladi.

Bir gap bilan aytganda, Sohibqiron saltanatning dovrug‘i butun jahonga ma’lum va mashhur. O‘rta asrlardayoq Amir Temur haqida ingliz dramaturgi Kristofer Marlou 1588-yili tarixiy pyesa, nemis kompozitori Georg Gendel 1724-yili opera, amerikalik Edgar Po 1827-yili she’riy poema yaratgan. Amir Temur siymosi gavdalangan yuzlab badiiy asarlar nashr etilgan. O‘nlab badiiy va hujjatli filmlarda Amir Temur shaxsi va Temiriylar saltanating tarixi tasvirlangan.

Amir Temur davlatining xaritasi

«Temur tuzuklari» asarida tilga olingan daryolar haqida

Ma’lumki, «Temur tuzuklari» asarining bir nechta tarixiy nashrlari mavjud. «Tuzuklar»ning Bombey, Tehron, Oksford nashrlari shular jumlasidan. Asarning tarjimalari va turli nashrlarida tarixiy shaxslar, joy va daryo nomlarida biroz xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan, ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan. Asarda eng ko‘p tilga olinadigan daryolar — Amudaryo va Sirdaryo. Matnda ularning tarixiy nomlari, kechuv joylari ham alohida e’tirof etilgan. Surxob, Terek, Chu, Ko‘kcha kabi daryolarning nomlari ham asar matni va uning izohlarida qayd etilgan. Biz «Temur tuzuklari» asarida alohida e’tirof etilgan 4 ta daryo nomi va u bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etishga jazm etdik.

1-daryo: Xo‘jand suvi — Sirdaryo daryosi

O‘zbekistonning ushbu ma’lum va mashhur daryosi haqida ko‘pchilik biladi. Uning sharafiga viloyat nomi (Sirdaryo viloyati) va bir nechta alohi punktlari qo‘yilgan. Qadimda Yaksart (Sayhun) nomi bilan mashhur daryoning uzunligi 2212 km (Norin irmog‘idan 3019 km ), daryo suv havzasi sathi 219 ming m2 ga teng. Sirdaryoning uzoq irmoqlari Farg‘ona vodiysi va qo‘shni respublikalardagi turli nomdagi daryo-kanallaridan boshlansada, uning uzani Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahri yaqinidagi Qayroqqum suv omboridan boshlanadi.

U O‘zbekiston hududidan xuddi Sirdaryo va Toshkent viloyati chegaralarini ikkiga ajratganday oqib o‘tadi. Mazkur daryo Shardara suv ombori orqali Qozog‘istonning uzoq Qizilo‘rda shahri yaqinidan ham oqib o‘tadi. Hatto yaqin o‘tmishda Orol dengiziga ham quyilgan.

Sirdaryo «Temur tuzuklari» asarning «Birinchi kitob» bo‘limi, «Kengash va tadbirlar» hikoyatida tilga olingan. Sohibqiron Amir Temur 1360-yilning bahorida yuz bergan tarixiy voqealarni bayon qiladi. Unda Chingizxon avlodidan bo‘lmish Tug‘luq Temurxon Movoraunnahrga qo‘shin tortib, ko‘psonli lashkarlari bilan Xo‘jand suvi, ya’ni Sirdaryoni kechib o‘tganini bayon qiladi. Amir Temur Tug‘luq Temurxon bilan ko‘rishadi va u Amir Temurga Movorounnahr viloyati, to Jayhun daryosining (Amudaryo) sohillarigacha cho‘zilgan hududni boshqarishni topshiradi.

2-daryo: Hirmand — Hilmand daryosi

Hilmand daryosi hozirgi kunda ham Afg‘oniston va Eron davlatlari hududidan oqib o‘tadi. Uning uzunligi taxminan 1150 km bo‘lib, suv havzasi sathi 500 ming m2 ga teng. Uning boshlang‘ich irmoqlari Hindikush tog‘laridan boshlanib, Seyiston kengliklarida tugaydi.

Hilmand daryosi suvining bir qismi Eron va Afg‘oniston hududidagi Hamun ko‘llarini to‘ldiradi. Ushbu daryo nomi «Temur tuzuklari» asarning «Xuruj kunlari qilgan beshinchi kengashim» hikoyatida tilga olingan. Sohibqiron Amir Temur Boxtarzamin (Qadimgi Baqtriya davlati hududlari, hozirda Afg‘onitonning Balx shahri atrofidagi hududlar) va Qandahor (hozirda Afg‘oniston janubidagi yirik qadimiy shahar) hududlarini ishg‘ol qilish maqsadida Hilmad daryosi yonida qarorgoh qurdiradi. Shu tariqa forschadan «issiq o‘lka» ma’nosini beruvchi Garmsir viloyati Sohibqiron saltanati tasarrufiga o‘tadi. Aynan shu yo‘nalishdagi harbiy yurishlarda, aniqrog‘i Sohibqironning Seyiston o‘lkasiga qilgan yurishlarida u o‘ng qo‘lining tirsagi hamda o‘ng oyog‘idan kamon o‘qi bilan yaralangan. Keyinchalik bu jarohat tufayli Amir Temur oqsoqlanib yuradigan bo‘lib qolgani ma’lum. Mazkur tarixiy voqeada Sohibqiron «Temurlang», ya’ni «Oqsoq Temur» deb atalgan.

3-daryo: Termiz daryosi — Amudaryo daryosi

«Temur tuzuklari» asarda Amudaryo o‘z nomida, shuningdek, Jayhun daryosi va Amuy suvi nomi bilan ko‘p bora tilga olinadi. «Xuruj kunlarida qilgan yettinchi kengashim» hikoyatida Sohibqiron Tamuka bohodirni uch otliq bilan Termiz daryosi, ya’ni Amudaryoning Termiz shahri yaqinidagi kechuvdan o‘tib, Jeta lashkarining ahvoli va harbiy rejalari haqida ma’lumot to‘plab kelish uchun yuboradi. So‘ng olingan ma’lumotlar asosida harbiy reja tuzib, natijada Jeta lashkari ustidan g‘alaba qozonadi. Mazkur tarixiy voqealar aynan Amudaryo havzasida ro‘y beradi.

Tarixdan ma’lumki, ushbu qadimgi daryoning bir nechta qadimgi nomlari bor: Oks, Amu, Balx, Jayxun shular jumlasidan. Amudaryoning uzunligi 1415 km atrofida, agar uni boshirmoqlari Panj yoki Vaxsh daryolaridan hisoblasak, uning uzunligi 2540 km atrofida. Ko‘plab qo‘yiluvchi va ajraluvchi irmoqlari bo‘lgan Amudaryo bir nechta suv omborlarini to‘ldirib, 4 ta davlat (Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston, Turkmaniston) hududidan oqib o‘tadi. Uning daryo suvi havzasining sathi 309 ming m2 ni tashkil etadi.

Xaritaga qarasangiz, Amudaryo xuddi Afg‘oniston va O‘zbekiston davlat chegaralarini chizib o‘tganday oqib o‘tganini ko‘rish mumkin. Yana u Vatanimiz kengliklarida xuddi Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarini ikkiga ajratganday oqib o‘tadi. Amudaryo Qoraqum va Qizilqum sahro kengliklari bag‘ridan, Termiz, Urganch va Nukus shaharlari yonidan oqib o‘tadi.

4-daryo: Samur suvi — Samur daryosi

1393-yilning sentabr oyi oxirida Sohibqiron Amir Temur birinchi bor Bag‘dod shahri va uning atrofidagi hududlarni egallaydi. «To‘xtamishxonni yo‘qotish uchun qilgan kengashim» hikoyatida u lashkarlarining soni 4 farsang, harbiy qo‘shin safi kengligida 24 km atrofida bo‘lganligi qayd etadi. U Dashti Qipchoq eliga noma yozishdan oldin Samur daryosini kechib o‘tganini yozib qoldirgan.

Hozirda Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Dog‘iston Respublikasida aynan shunday nomdagi daryo bor. Daryoning bir qismi Ozarbayjon Respublikasi hududidan ham oqib o‘tadi. Daryoning uzunligi 213 km ni tashkil etib, havza sathi 7330 m2 ga teng. Samur daryosining boshirmoqlari 3200 metr balandlikka ega Kavkaz tog‘laridan boshlanib, uning quyi oqimi Kasbiy dengiziga quyiladi.

Sohibqiron o‘z asarida qayd etgan Samur suvi kechuvidan so‘ng, aniqrog‘i 1395-yilning 17-aprel sanasida Terek daryosi bo‘yidagi vodiyda ayovsiz jang bo‘ladi. Jangda To‘xtamishxon yengilib, Amir Temur g‘alaba qozonadi. Shu tariqa Dashti Qipchoq viloyatlari va Oltin O‘rda Sohibqiron davlati sarhadlariga qo‘shib olinadi.

Xotima

Ma’lumki, Sohibqiron saltanatining hududi juda katta bo‘lgan. Biroq uning markazi Movoraunnahr, Turon zaminining ikki chekkasidan oqib o‘tadigan 2 ta yirik daryo — Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hududlardan iborat. Xaritaga nazar solsangiz, Osiyo qit’asida turli nomlar bilan atalgan daryolar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Muhimi, ular qadim-qadimdan sivilizatsiya o‘chog‘i bo‘lgan. Bunga qaysidir daryo sharafiga qo‘yilgan, aniqrog‘i nomi aynan daryo nomlaridan kelib chiqqan yuzlab shahar, viloyat va tuman nomlari misol. Birgina Zarafshon daryosi Samarqand shahri yaqiniga kelganda 2 ta katta irmoqqa, ya’ni Qoradaryo va Oqdaryoga bo‘linib oqishini, so‘ng Miyonqal’a nomi bilan mashhur orol hosil qilgach yana qo‘shilib oqishini hammayam bilavermasa kerak.

Chunonchi, Amir Temurning eng yirik qarorgohlari Zarafshon daryosi atrofida bo‘lgan. Sohibqiron o‘zining zafarli yurishlarida yuzlab daryolarni kechib o‘tgan. Tarixda turli nomlarda zirk etilgan janglar ham daryo havzalari atrofida bo‘lib o‘tgani ma’lum.

Shunday ekan, biz Vatanimiz va qo‘shni davlatlar hududidan oqib o‘tadigan daryolar va ularning irmoqlarini yaxshi bilishimiz darkor. Daryolarning tarixiy nomi, uning atrofidagi shaharlar tarixi — tarix va geografiya fanlaridan olgan bilimlarimizni mustahkamlaydi, tasavvurlarimizni to‘ldiradi.

Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining

matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Qiziqarli malumotlar
Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba