Hamid Olimjon va Zulfiya izdoshlari

Hamid Olimjon va Zulfiya izdoshlari
hamid olimjon va zulfiya izdoshlari 65ca82fd38670

EeGlekuX0AIp65H

Hamid Olimjon va Zulfiya izdoshlari

Mundarija скрыть
Hamid Olimjon va Zulfiya izdoshlari
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Hamid Olimjon va Zulfiya izdoshlari
E’tiboringizga Jizzax viloyatida joylashgan Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabida tahsil oluvchi yuqori sinf o‘quvchilarining she’rlarini taqdim etmoqdamiz.
* * *
Ishq haqqiga birgina qadam
Tashlamoqqa jur’atimiz yo‘q.
Afsus, yurak dodini to‘kib,
So‘zlamoqqa san’atimiz yo‘q.
Mensizlikning suratin chizgin,
O‘tmoqdami kunlar sog‘inchli?!
Bildirmaysan ko‘nglingda ne bor,
Ha… Sening ham g‘ururing kuchli.
Mayli, endi ne bo‘lsa, bo‘lsin,
Muhabbat deb ortiq g‘am yema.
Senga bo‘lgan tuyg‘ularimni
Dema… aslo yolg‘ondan dema!
Bu dunyoga muhabbat eltib,
Tug‘ilganman sevgi faslida.
Osmondasan, deb to‘g‘ri aytding,
Quyoshqizman, ha men aslida.
Gulsanam Bahriddinova
* * *
Bulutni yig‘latdi so‘zlarim,
Dardkashim birgina u bo‘ldi.
Yolg‘izlik..
Sensizlik….
Mensizlik….
Qidirib topganim shu bo‘ldi.
Nomusni qo‘yiboq o‘rtaga,
Mahv etdim baxtsizlik kemasin.
Cheksizlik domiga yo‘l oldim,
Yuragim “xato yo‘l” demasin.
Sukunat qalbimda malika,
G‘amlarim yurakda shoh bo‘ldi.
Ko‘zimdan tomgani alam-u,
Zabondan chiqqani oh bo‘ldi.
Lek taskin bermadi bitta o‘y –
Qoldirdim nimani yo‘lingda.
Yig‘ladim…
Izladim…
Esladim…
Kulgichim qolibdi qo‘lingda.
Bermading qaytarib bir umr,
Mendan bir xotira u bo‘ldi.
Yolg‘izlik…
Sensizlik…
Mensizlik…
Bir sendan qolgani shu bo‘ldi.
Umida Mavlonova
Haqiqat haqida
Haqiqatni izlar odamzot,
Bilmaydi-da, haqiqat mavhum.
Hukm sursa gar fisq-u fasod
Indamasdan qarab turar, jim.
Haqiqatni izlaydi odam
Unga qarab intilar faqat.
Haqiqat gar topilganida
Yetarmikan insonda toqat.
So‘zlar achchiq, qarashlar tahir
Haqiqatni yo‘qolgan, dedim.
Bu o‘tkinchi dunyodan axir,
Men haqiqat izlagan edim.
Topilarmi degan niyatda
Haqiqatni kimdan so‘raymiz.
Topganda ham biz haqiqatning
Ko‘zlariga qanday qaraymiz?
Qidirishda etyapmiz davom,
Balki o‘lgan, yo hali tirik…
Toparmiz ham bir kuni, ammo
Ko‘zlariga qarolmaymiz tik!
Iroda Xolbekova
***
Tun chog‘i bag‘ringga sochganing, osmon,
Rostin ayt, yulduzmas, ko‘zyoshlarimmi?
Injiq tuyg‘u ila yashayman hamon,
Bu qaysar ruhimda faryodlar jimmi?
Hasrat to‘lqinlari qilar g‘alayon,
Alvon tug‘yonlarga g‘arq bo‘lgan yurak.
Sukutimiz aro sukutda fig‘on,
Eh, dengiz, ikkimiz o‘xshasak kerak.
Yuragim huvillab qolmoqda go‘yo,
To‘kilib ketmoqda mavjli hislarim.
Yarmini o‘g‘irlab olding-ov, dunyo,
Dardlarga qorishgan dilimdir yarim.
Yomg‘irjon, qalb ko‘zim mujgonlaridan
Yosh emas, alamlar oqmoqda qara.
Shodlig-u quvonch-u baxt-u baridan
Umidlar ilinj-la boqmoqda qara.
Ishonchim mavhumlik qa’riga cho‘kdi,
Shamollar, qadrimni uchirgandeksiz…
Savolga, zavolga javoblar yo‘qdir,
Bu dilda so‘rovlar juda ham cheksiz.
Xayollar holimni etmoqda abgor,
Ko‘nglimga ko‘milgan armonli bayot.
Tinglagin, sendan bir iltimosim bor:
O‘zimni o‘zimga qaytargin, hayot!
Nasiba Boshmonova
Yaralmagan ishq
Baxtni quchib ulg‘aydim axir,
Ne savdoni ko‘ribdi boshim?
Yaralmagan ishqimsan mening
O‘n sakkizga kirmagan yoshim.
Tonglarimga baxtimni so‘ylab
Tunlarimga yig‘ladim zor-zor.
Chap ko‘ksingda qolgan dilimdan
Nahot, qalbing chekmoqda ozor?
Kuzning xazon mujdalarini
Sekingina gulga o‘radim.
Ezgulikka yetmoqlik uchun
Maysalardan izn so‘radim.
Xudo, ishq ber! Shu o‘tingda bir
Yonganim yo‘q, kuyolganim yo‘q!
Kaftlaringda kul bo‘lib hali
Dardlarimni suyolganim yo‘q.
Xudo, ishq ber! Yolvoray toki
Toshga ko‘ngil bergunga qadar.
Tan olmayman bu muhabbatni
Tuproqqa dil bermasam agar.
Nedan yolg‘on so‘zlashim mumkin,
Har bir amal – ishim seniki.
Yaralajak tuyg‘ularim-u,
Yaralmagan ishqim seniki.
Baxtni quchib ulg‘aydim, axir…
Sevinch Abdazova

manba:nodirabegim.uz

Hamid Olimjon va Zulfiya izdoshlari