Geografiya kitobi qaysi olim yozgan

Geografiya kitobi qaysi olim yozgan

Geografiya fanining rivojida Abu Rayhon Beruniyning xizmati beqiyos. Uning geografiyaga oid 22 ta asari bo‘lib, shundan 12 tasi geodeziya, 4 tasi kartografiya, 3 tasi iqlimshunoslik, 3 tasi mineralogiyaga oid va hozirgi kunda ham dolzarb hisoblanadi. U yasagan globus esa Yerning sharsimonligini isbotlash va tushuntirishda, Shimoliy yarimshar tabiatini o‘rganishda tengi yo‘q manba bo‘lgan. U yunon va rim olimlaridan farq qilib olamning geliotsentrik tuzilishi nazariyasini rivojlantirishga hissa qo‘shgan.

Geografiya fanining tarixi va hozirgi davrdagi rivojlanishi

Geografiya eng qadimgi va hamisha navqiron fanlardan biri. Geografik kashfiyotlar, g‘oya va bilimlarning rivojlanish xususiyatlariga asoslanib, bu fanning tarixida quyidagi bosqichlarni ajratish mumkin.

Qadimgi yoki antik davr bosqichi. Ibtidoiy odamlarning o‘zi yashab turgan joyni o‘rganish, yashash uchun qulay, tabiiy resurslarga boy joylarni topish va tasvirlashga bo‘lgan intilishlari asnosida dastlabki Geografik bilimlar to‘planib borgan. Er.avv. 2-ming yillikda finikiyaliklar O‘rta dengizdan Gibraltar bo‘g‘izi orqali suzib o‘tib, Afrika qirg‘oqlari bo‘ylab Hindistongacha suzib borganlar. Shu paytdan Osiyo va Yevropa nomlari paydo bo‘lgan.

Bu davrda yunonlar va rimliklar o‘sha paytda ma’lum bo‘lgan hududlarni tasvirlab yozish bilan birga xaritalarini ham tuzdilar. Gomer er.avv.XII asrda O‘rta dengiz va uning atrofini tasvirlovchi dunyo xaritasini tuzdi. Pifagorning shogirdlari er.avv. VI asrda Yerning sharsimonligini aytdilar. Aristotel, er.avv.IV asrda, Yerning sharsimonligini, issiqlik mintaqalari mavjudligini mantiqiy jihatdan isbotladi. Olamning markazida Yer turadi degan geotsentrik nazariyani ilgari surdi. Eratosfen er.avv. III asrda birinchi bo‘lib Yerning kattaligini o‘lchadi va “Geografika” nomli kitobini yozib, geografiya fanining mustaqil fan bo‘lib chiqishiga asos soldi. Eramizning II asrida Ptolemey 8 jildlik “Geografiya” asarini yozdi va xaritalarni tuzishda kartograf ya proyeksiyalar va daraja to‘rini ixtiro qildi, dastlabki “Atlas” ni yaratdi. Shu davrda Strabon ham 17 jilddan iborat “Geografiya” asarini yozdi.

Bu bosqichning asosiy natijalari: geografiya fani vujudga keldi va “geografiya” nomli kitoblar yozildi, dunyo xaritalari tuzildi, geografik koordinatalar va daraja to‘ri ixtiro qilindi, Yerning sharsimonligi mantiqiy isbotlandi va o‘lchamlari aniqlandi.

O‘rta asrlar bosqichi. Bu davrda geografiya, umuman, ilm-fan, asosan Sharqda, xususan, O‘rta Osiyo, Misr, Eronda rivojlandi. Geografiya fani, asosan o‘lkashunoslik, kartografiya, geodeziya yo‘nalishida rivojlandi. Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy IX asrda Yerning sharsimon ekanligini isbotlab, uning o‘lchamlarini nisbatan aniq o‘lchadi. “Surat-al-Arz” nomli kitob yozib, Sharq geografiyasiga asos soldi.

Geografiya fanining rivojida Abu Rayhon Beruniyning xizmati beqiyos. Uning geografiyaga oid 22 ta asari bo‘lib, shundan 12 tasi geodeziya, 4 tasi kartografiya, 3 tasi iqlimshunoslik, 3 tasi mineralogiyaga oid va hozirgi kunda ham dolzarb hisoblanadi. U yasagan globus esa Yerning sharsimonligini isbotlash va tushuntirishda, Shimoliy yarimshar tabiatini o‘rganishda tengi yo‘q manba bo‘lgan. U yunon va rim olimlaridan farq qilib olamning geliotsentrik tuzilishi nazariyasini rivojlantirishga hissa qo‘shgan.

Abdurazzoq Samarqandiy Hindistonga sayohat qilib, Eron, Pokiston, Arabiston dengizi haqida boy ma’lumotlar to‘pladi. Ahmad Farg‘oniy astronomiya, iqlimshunoslik gidrologiya fanlariga oid asarlar yaratdi. U Nil daryosining suv sarfini o‘lchaydigan “Nilometr” asbobini yaratib, daryolarning suv sarfini o‘lchash va unga bog‘liq ishlarni to‘g‘ri rejalashtirishga asos yaratdi. Umar Xayyom tomonidan ko‘plab xaritalar tuzildi. Yoqut Hamaviy geografik lug‘at – o‘sha davrdagi geografik bilimlar ensiklopediyasini tuzdi.Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asari orqali geografiya faniga katta hissa qo‘shdi.

Bu davrda yevropaliklar ham sayohatlar uyushtirib, geografik bilimlarning boyishiga sezilarli hissa qo‘shdilar. 982-yil Erik Rauda Grenlandiyani, uning o‘g‘li Leyve Eriksson esa Shimoliy Amerikaning shimoli-sharqiy sohillarini o‘rgandi. 1271–1295-yillarda venetsiyalikMarko Polo Xitoyga safar uyushtiradi va uning ma’lumotlari Ptolemeyning xaritasida tasvirlanmagan joylarni to‘ldiradi. 1466–1472-yillarda A.Nikitin Hindistonga sayohat qilib “Uch dengiz osha sayohat” asarini yozadi.

Bosqichning asosiy natijalari: Yerning shakli va o‘lchamlari aniqroq o‘lchandi, geodeziya, kartografiya, gidrologiya, iqlimshunoslik fanlari shakllandi va rivojlandi, o‘lkashunoslik va mamlakatshunoslikka bag‘ishlangan yirik asarlar yozildi, Sharq, xususan, O‘rta Osiyo geografiyasiga asos solindi.

Buyuk geografik kashfiyotlar bosqichi. XV asrning 2-yarmiga kelib, Yevropada tabiiy resurslar va xomashyoga boy deb hisoblangan Hindiston va Xitoyga yangi yo‘llarni topish ishlari boshlandi. Natijada “Buyuk geografik kashfiyotlar” qilindi. Buyuk geografik kashfiyotlar asosan 3 ta yo‘nalishda olib borildi: 1) janubiy – Afrika bo‘ylab; 2) g‘arbiy – Atlantika okeani orqali; 3) shimoliy – Yevrosiyoning qutbiy o‘lkalari va shimoliy qirg‘oqlari bo‘ylab.

Ushbu bosqich 1492-yil ispaniyalik Xristofor Kolumbning Amerikaga 1-sayohatidan boshlanadi. X.Kolumb Amerikaga jami 4 marta borib, har safar yangi-yangi orollarni kashf etishiga qaramay, u yerlarni Hindiston emasligini bilmagan. 1499–1501-yillari Amerigo Vespuchchi Janubiy Amerika qirg‘oqlarini tekshirib, bu yerlar Hindiston emas, yangi yerlar ekanligini yozadi. 1507-yilda M.Valdzemuller “Kosmografiyaga kirish” nomli asarida bu yangi yerlarni “Terra Amerika” deb nomlaydi. Keyinchalik Merkator o‘zi tuzgan xaritalarida har ikki materikni ham shu nom bilan ataydi.

1498-yili portugaliyalik Vasko da Gama ekspeditsiyasi Afrikani aylanib o‘tib, Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo‘lini ochdi. 1519–1521-yillarda ispaniyalik Fernan Magellan ekspeditsiyasi dunyo bo‘ylab sayohatini amalga oshirdi. Natijada Yerning sharsimonligi amalda isbotlandi va Dunyo okeanining yaxlitligi ma’lum bo‘ldi.

XVI asrda Angliya va Gollandiyalik sayyohlar ham Hindiston va Xitoyga dengiz yo‘lini ochish maqsadida shimoli-g‘arbiy va shimoli-sharqiy yo‘nalishlarda ekspeditsiyalar o‘tkazdilar. Natijada Shimoliy Amerika va Yevrosiyoning shimoliy qirg‘oqlari va ko‘plab orollar o‘rganildi. Lekin dengiz yo‘lini ochishga muvaffaq bo‘linmadi. Shu ningdek, Amerikaning ichki o‘lkalarini, ya’ni angliyaliklar – AQSH hududini, fransuzlar – Kanada hududini tekshirdilar.

XVI asrning oxirlaridan boshlab Janubiy Osiyo, Avstraliya va Okeaniya hududlari ingliz va gollandlar tomonidan tekshirilib, zabt etila boshlandi. 1605-yilda golland sayyohi Yanszon Avstraliya materigini kashf qildi. So‘ngra 1641–1643-yillarda A. Tasman materikni aylanib chiqdi.

Shu davrda rus sayyohlari Sibir, Uzoq Sharq, Yevrosiyoning shimoliy va shimoli-sharqiy qirg‘oqlarini, Shimoliy Amerikaning shimoli-g‘arbiy qismigacha bo‘lgan hududlarni o‘rganib, xaritaga tushirdilar va tasvirlab yozdilar.

Yuqorida aytilgan va boshqa o‘nlab ekspeditsiyalarda to‘plangan ma’lumotlar geografik bilimlarning kengayishiga va takomillashuviga olib keldi. 1544-yilda S. Myunsterning “Kosmografiya”, 1650-yili golland olimi B.Vareniusning “Umumiy geografiya” nomli asari bosilib chiqdi. G.Merkator xaritalarning matematik asosini, kartografik proyeksiyalarni ishlab chiqdi. Bularning bari ilmiy geografiya rivojlanishi uchun asos bo‘ldi.

Bu bosqichning asosiy natijalari: Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya materiklari kashf etildi; Yerning sharsimonligi va Dunyo okeanining uzluksiz, yaxlitligi amalda isbotlandi; ilgari noma’lum bo‘lgan Tinch okeanining mavjudligi va uning eng katta okean ekanligi, Yer yuzining katta qismi quruqlik emas, suvlikdan iboratligi aniqlandi.

Ilmiy geografik ishlar bosqichi. XVII asrga kelib fanlarning rivoj lanishida keskin ildamlash ro‘y berdi. Geografiyada maxsus ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirila boshlandi. Bunday ekspeditsiyalardan eng muhimlari: 1725–1741-yillarda V.Bering va A.Chirikov boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi, 1785–1788-yillarda J.Laperuz rahbarligidagi fransuz ekspeditsiyasi, 1768–1779-yillarda J.Kuk boshchiligidagi 3 marotaba dunyo bo‘ylab ingliz ekspeditsiyasi. Bu ekspeditsiyalar tomonidan Kuril orollari, Kamchatka va Chukotka yarimorollari, Osiyoning shimoliy qirg‘oqlari, Afrika va Janubiy Amerikaning ichki qismlari, Avstraliyaning sharqiy sohillari, Yangi Zelandiya, Yangi Kaledoniya, Janubiy Georgiya, Jamiyat, Gavayi, Kuk va boshqa orollar o‘rganildi.

Yerning ichki qismlari, tektonik harakatlar haqidagi bilimlarning to‘planishi bilan tabiiy geografiyadan geologiya ajralib chiqdi, Yer yuzasi relyef, yer usti va osti suvlari, iqlim, shamollar, o‘simliklar haqidagi bilimlarning kengayishi esa geomorfologiya, gidrologiya, meteorologiya va geobotanika fanlarining mustaqil fan darajasida rivojlanishiga olib keldi. Ushbu bosqichda ilmiy ishlar, ko‘pincha o‘rganilgan yerlarning geografik tavsifga bag‘ishlangan bo‘lib, yangi kitoblar va xaritalar ishlangan.

Bu bosqichda bir qancha nazariya va gipotezalar, kitoblar yaratildi. Bular: Kant-Laplasning kosmogonik nazariyasi; Pallasning geologik qatlamlarning yoshi haqidagi nazariyasi; Leybnitsning tog‘ hosil bo‘lishida vulqon harakatlari gipotezasi; M. Lomonosovning “Yer qatlamlari haqida”, “Atmosfera hodisalari haqida” kitoblari, Kantning “Tabiiy geografiyadan ma’ruzalar” kitobi va boshqalar.

Bu bosqichning asosiy natijalari: Yer yuzining turli qismlari ilmiy o‘rganildi; fanda yangi nazariya va gipotezalar yaratildi; kartografik proyeksiyalar va relyefni tasvirlashning yangi usullari ixtiro qilindi; yirik asarlar va kitoblar yaratildi, geografiya fanining tarkibida bir qancha mustaqil fanlar rivojlandi.

XIX asr va XX asrning 1-yarmida geografiyaning rivojlanishi. Bu bosqichga kelib milliy geografiya jamiyatlari tashkil etilishi boshlandi. Jumladan, Fransiya (1821), Germaniya (1828), Buyuk Britaniya (1830), Rossiya (1845), Turkistonda esa 1897-yilda tuzilgan. Ko‘pgina davlatlar tomonidan yirik ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari uyushtirildi. 1821-yil F.F.Bellinsgauzen va M.P.Lazarev tomonidan Antarktida kashf etildi. 1823–1825-yillarda O.E.Kotsebu Dunyo okeani bo‘ylab ekspeditsiyada marjon orollarining kelib chiqishini o‘rgandi, fizik E.Lens esa chuqurlikni o‘lchash uchun birinchi bor batometrni qo‘lladi. D.Livingston Afrikaning ichki qismlarini o‘rgandi. P.P.Semyonov-Tyanshanskiy boshchiligida O‘rta Osiyoning ichki hududlari o‘rganildi. R.Piri 1909-yilda Shimoliy qutbni, R.Amundsen esa 1911-yilda Janubiy qutbni zabt etdi.

A.Gumboldt Yevropa, Amerika, Osiyoga ekspeditsiya uyushtirib, juda ko‘p ma’lumotlar to‘pladi. O‘simliklarning kenglik zonalligi va balandlik mintaqalanishi qonuniyatini aniqladi. Mazkur ma’lumotlarni umumlashtirgan bir necha jildlik “Tabiat manzarasi”, “Kosmos” kabi yirik asarlarini yozdi. Gumboldt tabiatni bir butun, qat’iy qonuniyatli va uzluksiz rivojlanadigan tizim sifatida qarab yangi geografiyani yaratdi. Bu geografiyaning vazifasi tabiatni rivojlanishda va bir butun, yaxlit hosila sifatida o‘rganish, tabiatdagi qonuniyatlarni aniqlash, jism va hodisalar orasidagi aloqadorliklarni, o‘zaro ta’sir va bog‘liqliklarni ochish va boshqalardir.

Ch.Layel tomonidan yer po‘stining rivojlanish nazariyasi ishlab chiqildi. V.V.Dokuchayev tomonidan tabiat zonalligi ta’limoti, A.A.Grigorev tomonidan geografik qobiq ta’limoti, V.A.Vernadskiy tomonidan biosfera ta’limoti yaratildi.

Bu bosqichning asosiy natijalari: geografiya jamiyatlari tuzildi. Shimoliy va Janubiy qutblar zabt etildi va dunyo xaritasida noma’lum bo‘lgan hududlar qolmadi. Ilmiy geografiya vujudga keldi. Okeanograf ya fani shakllandi. Meteorologik va gidrologik stansiyalar bunyod etildi. Atmosfera va okeandagi harakatlarning mohiyati ochib berildi. Yer po‘stining rivojlanish nazariyasi ishlab chiqildi. Bir necha ta’limotlar: tabiat zonalligi, geografik qobiq, biosfera ta’limotlari yaratildi.

Hozirgi zamon bosqichi. Geografiya fan-texnika inqilobi ta’sirida jadal rivojlanmoqda. Bu bosqichda geografiya fanining rivojlanishidagi asosiy xususiyatlar quyidagilardan iborat: geografik tadqiqotlarda modellashtirish va tajriba usullari, geografik axborot tizimlari, kompyuter texnologiyalari, kosmik usullar keng qo‘llanilmoqda. Kosmik usullar yordamida aylanasimon tuzilmalar, atmosfera harakatlari, okean suvi aylanma harakati va chuqurdagi suvlarning ko‘tarilish jarayonlari aniqlandi. Insonning tabiatga ta’siri kuchayib, hatto geografik qobiq doirasidan tashqariga chiqib ketdi. Shu munosabat bilan tadqiqotlar lokal (mahalliy) muammolar bilan bir paytda global muammolarga ham o‘z diqqatini qaratmoqda.

Fanda tabaqalanish, ya’ni geografik fanlar ichida yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lmoqda. Masalan, landshaftshunoslikning ichida amaliy landshaftshunoslik, antropogen landshaftshunoslik kabi bo‘linishlar yuzaga keldi. Shuningdek, turdosh fanlar bilan “oraliqda” yangi yo‘nalish va fan tarmoqlari paydo bo‘lmoqda. Masalan, geografiya bilan tibbiyot oralig‘ida tibbiyot geografiyasi, geografiya bilan tarix, filologiya oralig‘ida joy nomlarini o‘rganuvchi toponimika fani vujudga keldi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo’lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma’muriga xabarnoma jo’nating.

Geografiya kitobi qaysi olim yozgan

Powered by Phoca Download

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 – Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.

  • Bosh sahifa
  • Portal haqida
    • Portal tarixi
    • Sayt xaritasi
    • Muallif haqida
    • Tafakkur gulshani
    • Mumtoz faylasuflar hikmati
    • Ibratli hikoyatlar
    • Jahon xalqlari maqollari
    • Jadid matbuoti
    • Sovet davri matbuoti
    • Qayta qurish davri matbuoti
    • Mustaqillik matbuoti
    • Hozirgi davr matbuoti
    • Tarix
      • O‘zbekiston hukmdorlari
      • Temuriy malikalar
      • Yurt bo‘ynidagi qilich.
      • Qomusiy olimlar, sarkardalar
      • O‘zbek xalq og‘zaki ijodi
        • O‘zbek xalq maqollari
        • O‘zbek xalq ertaklari
        • O‘zbek xalq topishmoqlari
        • O‘zbek mumtoz adabiyoti
        • Zamonaviy o‘zbek she’riyati
        • Muxlislar ijodidan
        • Barcha kitoblar
        • Ziyouz jurnalxonasi
        • Ziyouz audiokutubxonasi
        • Mobil kutubxona
        • Maktab darsliklari
        • Oliy va OMTM darsliklari
        • Durdona to‘plamlar
        • Android uchun kitoblar
        • Videogalereya
        • Узбекская библиотека
        • Islomiy sahifamiz
        • Forum
        • Kross-shou
        • Foydali sahifalar
        • Saytdan qidirsh
        • Ziyouz viktorinasi arxivi

Qiziqarli malumotlar
Geografiya kitobi qaysi olim yozgan