Muhammadsharif Soʻfizoda (1880–1937)
Muhammadsharif Soʻfizoda (1880–1937)
DO`STLARGA ULASHING:
Muhammadsharif Egamberdi oʻgʻli Soʻfizoda oʻzbek demokratik va maʼrifatparvarlik davri adabiyoti anʼanalarini davom ettirgan adiblar sirasiga kiradi. Adibning shaxsiy ishidagi savol varaqasida “Soʻfizoda 1880 yilning 29 yanvarida Chustda, kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan, maʼlumoti oʻrta, asosiy kasbi oʻqituvchilik, qilib turgan vazifasi va ishi shoirlik boʻlib, oilasi 8 jondan iborat”, deb koʻrsatilgan.
1893–1898 yillarda u Qoʻqonda yashab, Muqimiy, Furqat taʼsirida “Vahshiy” taxallusi bilan hajviy asarlar yaratdi. Ayniqsa, uning “Dakanang”, “Bedanang”, “Ayting bu soʻzimni”, “Oʻpay”, “Gʻubor dardu olam” kabi hajviy va lirik gʻazallari eʼtiborga loyiqdir. Biroq, Muqimiy hajviyasi zarbidan alamzada yurgan zamona hokimlari uning izdoshi sifatida maydonga chiqayotgan yosh Muhammadsharifga qarshi keskin hujum boshlaydilar. Oqibatda u 1899 yili Qoʻqondan Chustga qaytib keladi. Oradan ikki yil oʻtgach, amir amaldorlari uni dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar. Soʻfizoda Chustdan bosh olib ketib, oʻn toʻrt yil mobaynida turli Sharq mamlakatlarida yashashga majbur boʻladi. Xuddi shu yillar (1900–1914) da Soʻfizoda ijodida yangi davr boshlanadi. U Bokuda Jalil Mamadqulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarbayjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. Soʻng Arabiston, Hindiston va Turkiya mamlakatlarini kezib, oddiy xalq hayotini oʻrganadi.
1910–1913 yillarda Qoʻngʻirotda muallimlik qiladi, maʼrifatparvarlik ruhida sheʼrlar yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan gazeta-jurnallarda tez-tez koʻrina boshlaydi. Shu yillarda yaratgan sheʼrlari orasida “Oʻzbek xonimiga”, “Xonimlar isminda”, “Vatan”, “Muslimalar” asarlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Soʻfizoda 1913 yil Chustga qaytib, yetim bolalar uchun maktab ochadi va unda muallimlik qiladi. Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda oʻrgatishga bel bogʻlaydi. Ayni chogʻda ayrim shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni hajv qamchisi bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf vakillari uni oʻldirish payiga tushadilar. Shoir 1915 yili yana xorijiy mamlakatlarga chiqib ketishga majbur boʻladi: “Quvdi meni johillar oʻshandogʻ vatanimdan, Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan”.
U dastlab Hindiston, soʻng Afgʻonistonda oʻqituvchilik bilan mashgʻul boʻladi. 1918 yilda Afgʻoniston maorif vazirining oʻrinbosari sifatida Toshkentga kelib, Afgʻon vakolatxonasida tarjimon boʻlib ishlaydi va yana hajviy sheʼrlar yozishda davom etadi.
Uning asarlari “Qizil Oʻzbekiston”, “Mushtum”, “Fargʻona” gazetalarida tez-tez bosilib turadi. 1925 yil 13 avgustda “Fargʻona” gazetasida “Xushchaqchaq qalamlar” sarlavhasi ostida bir qator hajviy sheʼrlari chop etiladi. “Haqiqatdan koʻz yumganlar”, “Qalaysizlar?”, “Saylovga” kabi sheʼrlarida oʻsha suronli yillar ovozi baralla eshitiladi. 1934 yilda Soʻfizoda “Bayram nashidalari” dostonini yozadi. 1926 yil 27 fevralda unga “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvoni beriladi.
Muhammadsharif Egamberdi oʻgʻli Soʻfizoda 1937 yilda qamoqqa olinadi va “xalq dushmani” sifatida otuvga hukm qilinadi. Shu sababli Gʻayratiy muharrirligida tayyorlangan saylanma kitobi nashri toʻxtatilib, qoʻlyozmalari yoqib yuboriladi.
Uning “Tarona” sarlavhali sheʼrlar toʻplami 1968 yilda nashr etilgan.
“Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan
Muhammadsharif Soʻfizoda (1880–1937)