Erkin Samandar (1935)
Erkin Samandar (1935)
DO`STLARGA ULASHING:
Erkin Samandar oʻtgan asrning 50-yillarida adabiyot dargohiga kirib kelgan. 1966 yilda “Amu jilolalari” nomli birinchi sheʼriy toʻplami chiqdi. Shundan keyin “Dunyoning yoshligi” (1968), “Osmon toʻla nur” (1970), “Vafo degan gavhar” (1973), “Mening yigitlik vaqtim” (saylanma, 1979), “Qabul soatlari” (1980), “Sohildagi bolalar” (1982), “Yablonya vo dvore” (Moskva, 1982), “Bahor oqshomlari” (1984), “Shedrost rassveta” (1985), “Sevgi fasllari” (1987), “Bu bogʻni qaysi bogʻ derlar” (1988), “Yurakka yoʻl” (1990), “Sevgi kitobi” (1996), “Va yana bahor” (2010, qizi Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), “Koʻngil yoshligi” (2010) jami 17 sheʼriy majmuasi nashr etildi.
U “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”, “Qoʻshiq izlab”, “Samarqandni oshiqlar qurgan” kabi dostonlar, 100 dan ortiq qoʻshiqlar mualshlifidir.
Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan “Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq” (roman, 1989), “Tangri qudugʻi” (roman, birinchi kitob, 1989), “Quduq tubidan sadolar” (roman, ikkinchi kitob, 1989), “Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy” (2000), “Sulton Jaloliddin” (roman, 2007), “Quyun yuzlari yoxud Ogahiy” (roman, 2009), “Gʻarb qushlari” (roman, qissa va hikoyalar, 2011) kabi kitoblar muallifi hamdir.
Dramaturg sifatida “Javohir” (musiqali drama, 1984), “Ajdodlar qilichi” (tarixiy drama, 1986), “Jaloliddin Manguberdi” (“Yot hujra”, pyesa, 1988), “Bashorat” (musiqali drama, 1988), “Arabmuhammad” (tarixiy drama, 1992), “Dilda borim” (musiqali komediya, 2012) kabi sahna asarlarini yozdi. “Avaz Oʻtar”, “Madraim Sheroziy”, “Uzoq yoʻl hikmatlari”, “Ming otlilar diyori”, “Ogahiy qoʻlini olgan rais”, “Xiva”, “Qum sayli”, “Taqdir yoʻllari” nomli hujjatli-publitsistik filmlar yaratdi, koʻplab esselar yozdi.
Erkin Samandar “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” (1990) unvoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Erkin Samandar (1935)