USTA SHIRIN

USTA SHIRIN

USTA SHIRIN Murodov (1879, Buxoro — 1957.12.2, Toshkent) — meʼmor, ganch oʻymakori; Oʻzbekiston FAning faxriy aʼzosi (1943), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1943). Hunarni otasi usta Murod va bobosi usta Nosirdan oʻrgangan, yoshligidan amakisi usta Hayot qoʻlida qolgan va undan taʼlim olgan. Mustaqil usta sifatida Buxoro amirining Karmanadagi saroyi (Sitorai Mohi Xosa yozlik saroyining Oq zali)ni bezashda katnashib, tanilgan. Usta Shirin ijodida ganch oʻymakorligi anʼanalarini mahorat bilan qoʻllagan, ularni yangi mazmun va shakllar bilan boyitgan, ilk bor ish faoliyati (ganch oʻymakorligi) da naqsh zaminida koʻzgudan foydalandi, yaʼni koʻzgu ustiga ganchkori naqshlar ishlab, jozibadorlikka, ajoyib naqsh jilvasiga erishdi.

Ensiklopediya.uz
USTA SHIRIN