OʻZBEK TILI
OʻZBEK TILI — turkiy tillarning qorluq guruhiga mansub tillardan; yangi uygʻur tili bilan birgalikda qorluqxorazm guruhchasini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili (1989 yil 21-oktyabr dagi «Davlat tili haqida»gi qonunga muvofik, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan). Asosan, Oʻzbekistonda, shuningdek, Afgʻoniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston, RF, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, AQSH, Germaniya va boshqalar mamlakatlarda tarqalgan. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 25 mln. kishidan ortiqroq (Oʻzbekistonning oʻzida 18 mln. dan, Tojikistonda 1,2 mln. dan ziyodroq, Afgʻonistonda esa, turli manbalarga koʻra, 2,5 mln. dan 4 mln. gacha, Qirgʻiziston va Saudiya Arabistonining har birida 550—600 mingdan ortiq, Qozogʻiston va Turkmanistonning har birida 320—330 mingdan ortiq) kishini tashkil etadi (2000).
Ensiklopediya.uz
OʻZBEK TILI