Uran

Uran

Uran

 

uran 660f046d54158

Uran — Quyosh tizimidagi tartib bo‘yicha yettinchi, hajmi bo‘yicha esa Yupiter va Saturndan keyingi uchinchi sayyoradir. Uran sayyorasini tungi osmonda qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi va shu tufayli uzoq asrlar davomida mazkur sayyora haqida odamlar bilishmagan. Uranni 13-mart, 1781-yilda ingliz astronomi Uilyam Gershel kashf etdi. Gershelning kashfiyotiga qadar ham Uranni boshqa olimlar ham kuzatishgani ma’lum, lekin ular har safar bu sayyorani oddiy yulduz sifatida qabul qilaverishgan. Masalan, uni 1690-yilda Jon Felmstid 6 marta kuzatib, biroq uni Buzoq yulduz turkumiga mansub 34-yulduz sifatida qayd etadi. 1750-1769 yillar orasida farang astronomi Pyer Sharl le Monyer ham Uranni 12 marta kuzatib, baribir uni yulduz sifatida qabul qiladi. Umuman olganda Gershelgacha bo’lgan vaqtda Uran 21 marta astronomlarning teleskopi obyektivida namoyon bo’lgan. biroq uning quyosh tizimidagi tartib bo‘yicha yettinchi sayyora ekanligini aynan Uilyam Gershel hammadan avval fahmladi.

 

O‘sha vaqtlarda Gershel yulduzlar parallaksini aniqlash uchun olib borilayotgan umumiy kuzatuvlarda ishtirok etayotgan edi. Buning uchun u o‘z konstruksiyasi asosida maxsus teleskop yasab, Buyuk Britaniyaning Bat shahridagi «Nyu King strit» ko‘chasi, 19-uyda joylashgan o‘z hovlisidagi bog‘da doimiy kuzatish olib borar edi. 13-mart 1781-yilda u Uranni ilk marta ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. biroq bu haqda Gershel faqat bir yarim oydan keyin — 26-may kuni ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarida Gershel ham Uranni avvaliga kometa deb o‘ylagan. Biroq 17-martdagi kuzatish natijasiga ko‘ra, «kometa» (ya’ni Uran) o‘z vaziyatini o‘zgartirgan edi. Gershel teleskop linzasining optik kuchini o‘zgartirib ko‘rish orqali, uning haqiqatan ham yulduz emas, balki kometa ekanligiga ishonch hosil qildi. Biroq keyingi kuzatuvlardan keyin, kometaning na dumi na kallasi yo‘qligi, kometa esa dum va kallasiz bo‘lmasligini e’tirof etib, demak bu osmon jismi, quyosh atrofida aylanuvchi sayyora ekanligiga amin bo‘ldi. Bu haqda Qirollik Jamiyatiga bergan axborotida Gershel Yevropaning boshqa astronomlarining kuzatishlari natijasini ham ilova qilib o‘tib, o‘zi ochgan osmon jismi, xuddi yer, mars va boshqa ma’lum sayyoralar singari, quyosh atrofida aylanishi, ya’ni u quyosh tizimining yettinchi sayyorasi ekanligini bayon qildi. Qirol Georg III, buyuk astronomning ulkan kashfiyotini munosib mukofotladi va unga umrining oxirigacha har oyda 200 funt-sterling nafaqa tayinladi. Bunga javoban Gershel, yangi ochilgan sayyorani qirol Georg III sharfiga, Georg III sayyorasi deb nomlash taklifini ilgari surdi. Boshqa bir astronom, Fransiyalik Jozef Laland bu sayyorani, uni ochgan inson sharafiga Gershel sayyorasi deb nomlashni ham taklif etdi. Uran nomini esa olmon astronomi Iogann Bode taklif qilgan bo‘lib, u qadimgi an’ana — sayyoralar nomini afsonaviy ma’budlar nomi bilan bog‘lab atashni davom ettirishni ilgari surdi. Uran qadimgi yunon afsonalaridagi osmon ma’budi bo‘lib, Bode o‘rtaga tashlagan mantiqqa ko‘ra, Saturn — Yupiterning otasi bo‘lsa, demak, yangi sayyorani Saturnning otasi nomi bilan bog‘lash kerak edi. Bu sayyoraning nomi Uran sifatida rasman qayd etilishi 1823 yildan boshlangan bo‘lsa-da, biroq, «Georg» va «Gershel» nomlari amalda yana 70 yilgacha qo‘llanilib keldi. Sayyorani Uran deb nomlanishini oxir oqibat, Qirollik Dengiz Almanaxi nashriyotining 1850-yildagi almanaxlarida aynan Uran nomi bilan atalishi orqali rasmiy hujjatlarda mustahkamlandi. Nomlanishiga ko‘ra Uran, sayyorlar ichidagi, nomi qadimgi Rim afsonalaridan emas, balki yunon afsonalaridan kelib chiqqan yagona sayyoradir.

Uran — gigant sayyoralar turkumiga mansub. Uning diametri Yernikidan 4 barobar katta: 53000 km. Quyoshdan uzoqligi 19.1914 a.b. (2.8 milliard km).

Uran sirtiga oid biror bir ma’lumot olish juda mushkul. Sababi teleskop kuzatuv maydoniga nisbatan sayyoraning kuzatuv burchak o‘lchamlari juda kichik. Shu tufayli Uranning tadqiq qilish ishlari murakkab bo‘lib, shu jumladan, aylanish qonuniyatlari ham to‘la o‘rganilgan emas. Bu sayyora yerga nisbatan 14,5 marta og‘irroq. Uning ko‘rinadigan yulduz kattaligi +5,6m dan +5,9m gacha o‘zgarib turadi. Bu qurollanmagan ko‘z uchun chegaraviy qiymat (taxminan +6m) ga yaqin bo‘lib, ochiq tungi osmonda ham uni teleskopsiz ko‘rish o‘ta mushkul. Uranni qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rish faqat buyuk qarama-qarshilik vaqtlaridagina imkonli bo‘ladi.

Uranning ekvator tekisligining orbita tekisligiga nisbatan og‘ishi 97,86°, ya’ni sayyora retrograd ravishda — boshqa barcha sayyoralardan farqli ravishda o‘z o‘qi atrofida sharqdan g‘arbga emas, balki, shimoldan janubga qarab aylanadi. Bunday g‘ayrioddiy ekvator qiyaligi yoritilishning ham g‘aroyib sharioitlarini keltirib chiqaradi. Ma’lum mavsumlarda quyosh nurlari qutblarga tik tushadi. Qutb tuni va qutb kuni esa, sayyoraning tor ekvator hududidan tashqari deyarli barcha qismini butunlay qoplaydi. Uran Quyosh atrofida 84 yilda bir marta to‘liq aylanib chiqadi. Undagi qutb kuni va tuni roppa rosa 42 yildan davom etadi. Faqat ekvator tekisligidagina quyosh uranning o‘z o‘qi atrofida aylanishiga mutanosib davriy ravishda chiqib, botib turadi. Uranning quyosh zenitda turgan qismlarida ham harorat -215 °C (bu ko‘rinadigan Uran bulutlarining harorati) ni tashkil qiladi. Uran qutblaridan biriga 42 yil quyosh nurlari tik tushishini inobatga olsak, Uranning qutblari, ekvatoridan ko‘ra ko‘proq energiya qabul qilishi kerak bo’ladi, biroq, amaliy kuzatuvlarda uranning ekvatorial hududlari baribir qutblaridan ko‘ra iliqroq ekan. Bunday hodisani keltirib chiqish sababi hozircha ma’lum emas.

Sayyora atmosferasida, bilvosita belgilarga ko‘ra, erasida molekulyar vodorod (83±3%) va geliy (15±3%) juda ko‘p miqdorni tashkil qiladi. Shuningdek Uran atmosferasida metan taxminan 2.3% bo‘lib, undan tashqari, ammiak, suv bug‘lari va oltingugurtvodorod birikmalarining o‘ta kam miqdorlari aniqlangan. Uran atmosferasining yuqori qatlamlarida metilatsetilen (CH3C2H), diatsitilen (C2HC2H) hamda etan (C2H6) qoldiqlari mavjud ekan.

Uranning o‘rtacha zichligi, Saturn va Yupiternikidan kattaroq: 1.58 gr/sm3. Olimlar buning sababi sifatida Uran yadrosida o‘g‘ir elementlar markazlashganligidan degan taxminni ilgari surmoqdalar.

Uranning yana bir ajoyib xususiyatlaridan biri, 1977-yilda kashf etilgan halqalaridir. Bu sayyoraning halqalari mavjud ekanligi U. Gershelning 1789-yilga oid qaydlarida ham mavjud edi, biroq, keyingi avlod astronomlaridan birortasi qaytib Uran halqalarini ko‘rishmagan. Lekin, 1977-yilning 10-mart kuni AQSHlik bir guruh astronomlar, Uran atmosferasini o‘rganish maqsadida, uni SAO 158687 yulduzi qoplab oladigan vaqtni poylash asnosida tasodifan kashf etishgan. o‘shanda Uranning 9 ta halqasi borligi aniqlangan edi. Voyajer-2 ning Uranga yaqinlashgan vaqtida yerga yuborgan fotosuratlari orqali, Uranning yana ikkita halqasi ochilgan bo‘lib, 2005-yilda esa, «Xabbl» fazoviy teleskopi yordamida yana 2 ta avval ma’lum bo‘lmagan halqalar topildi. Shunday qilib, hozirgacha bu gigant sayyorani o‘rab turgan 13 ta halqalar tizimi fanga ma’lum.

Uran halqalari qoramtir jismlar tashkil qiladi va u Saturn halqalaridan farqli ravishda, juda ham ingichka. Uran halqasi faqat sayyora ortidagi yulduzlar ravshanligini kuchli so‘ndirilganda ko‘rish mumkin. Chunki uning tashkil qiluvchi jismlar yorug‘likni o‘zida deyarli akslantirmaydi. Halqa sayyora sirtidan 1.6 — 1.85 Uran radiusi masofasida harakatlanadi.

Uran o‘ziga xos bo’lgan magnitosferaga ega. Sayyoraga Voyajer-2 yetib borguniga qadar, uning magnitosferasi haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas edi. 1986 yilda olingan ma’lumotlar asosida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Uran magnitosferasi uning aylanish o‘qiga nisbatan 59° burchak ostida joylashgan ekan. Amalda magnit dipoli sayyora markazidan janubiy qutb tomonga 1/3 Uran radiusi masofasida joylashgan. Bunday g‘ayrioddiy geometriyaga ko‘ra, sayyora magnit maydonining kuchlanganligi o‘ta asimmetrik bo‘lib, u janubiy yarim sharda 0.1 Gauss, shimolda esa 1.1 Gauss ga tenglashadi.

Uran butun quyosh tizimidagi sayyoralar ichida eng sovuq iqlimga ega. U hatto o‘zidan keyingi Neptun va Plutondan ham sovuqroq. Bunday iqlim sharoitining sababi sifatida, sayyoraning nisbatan kam ichki issiqlikka ega ekanligi ko‘rsatiladi. Uran atmosferasi tropopauzasida 49 K (≈224 °C) harorat qayd etilgan va bu barcha sayyoralar ichida rekord past ko‘rsatkichdir.

Uran ham Saturn va Yupiter singari ko‘p sonli tabiiy yo‘ldoshlar tizimiga ega. Hozirgacha Uranning 27 ta tabiiy yo‘ldoshi aniqlangan. Uran yo‘ldoshlariga Shekspir va Aleksandr Poup asarlari qahramonlari nomi berish qabul qilingan. Ulardan dastlabki ikkitasi — Titaniya va Oberonni Uran kashfiyotchisining o‘zi — Uilyam Gershel 11-yanvar, 1787-yilda ochgan edi. Yana ikkitasi — Ariel va Umbrielni 1851-yilda Uilyam Lassel kashf etgan. Bu vaqtda Uran yo‘ldoshlariga hali nom berilmagan edi. Ular sayyoradan uzoqlashish tartibida rim raqamlari bilan Uran I — Uran IV tarzida ifodalanar edi. Lassel kashfiyotlaridan keyin, 1852-yili Uilyam Gershelning og‘li Jon Gershel o‘sha vaqtda ma’lum bo’lgan Uranning 4-ta tabiiy yo‘ldoshga nom berdi. Mirandani esa 1948-yilda Jerard Koyper kashf etgan bo‘lib, qolgan yo‘ldoshlarni 1985-yildan keyin, unga Voyajer-2 yaqinlashgandan so‘ng va yerdagi kuchli teleskoplardan foydalanilib ochilgan. Masalan 1986-yilda Voyajer-2 yuborgan tasvirlar asosida Uranning 10 ta yangi tabiiy yo‘ldoshlari aniqlandi. 1997-yilda esa sayyoradan ancha olisda harakatlanadigan yana 9 ta tabiiy yo‘ldoshlari topildi. 2001-yilda, Voyajer-2 yuborgan fotosuratlarni qayta tahlil qilish jarayonida, ilgari nazardan chetda qolgan yana bir tabiiy yo‘ldosh — Perdita kashf etildi. Xabbl teleskopi yordamida esa 2003 yili yana ikkita kichik yo‘ldosh — Kupidon va Mab aniqlangan bo‘lsa, 2003-yilning o‘zida, Uranning hozirgacha ma’lum tabiiy yo‘ldoshlaridan oxirgisi — Margarita qayd etildi.

Uranning 27 ta tabiiy yo‘ldoshi aniqlangan:

 

Uran yo‘ldoshlari:

?

Tabiiy

yo‘ldosh nomi

Sayyora sirtidan

o‘rtacha

uzoqligi

(ming km.)

Aylanish davri

(kun)

Diamteri yoki

o‘lchamlari

(km)

Ochilgan yili

Kashf

etgan olim

1

Ariel

192

2.52

1157±1

1851

U.Lassell

2

Umbriel

267

4.14

1169±5

1851

U.Lassell

3

Titaniya

438

8.71

1577±3

1787

U.Gershell

4

Oberon

586

13.46

1522±5

1787

U.Gershell

5

Miranda

130

1.41

471.6

1948

J. Koyeper

6

Kordeliya

49.75

0.33

42±6

1986

Voyadjer-2

7

Ofeliya

53.77

0.38

46±8

1986

Voyadjer-2

8

Bianka

59.16

0.44

54±4

1986

Voyadjer-2

9

Kressida

61.77

0.46

82±4

1986

Voyadjer-2

10

Dezdemona

62.65

0.47

68±8

1986

Voyadjer-2

11

Julyetta

64.63

0.49

106±8

1986

Voyadjer-2

12

Portsiya

66.10

0.51

140±8

1986

Voyadjer-2

13

Rozalinda

69.93

0.56

72±12

1986

Voyadjer-2

14

Belinda

75.33

0.62

90±16

1986

Voyadjer-2

15

Pek

86

0.76

162±4

1985

Voyadjer-2

16

Kupidon

74.8

0.618

~18

2003

Xabbl

17

Perdita

76.4

0.63

30±6

1986/2001

Voyadjer-2

18

Mab

97.7

0.92

~25

2003

Xabbl

19

Fransisko

427.6

267.12**

~12

2001

 

20

Kaliban

723.1

579.39**

~98

1997

 

21

Stefano

800.4

677.48**

~20

1999

 

22

Trinkulo

850.4

748.83**

~10

2001

 

23

Sikoraksa

1217.9

1285.62**

~190

1997

 

24

Margarita

1434.5

1654.32

~11

2003

 

25

Prospero

1625.6

1962.95**

~30

1999

 

26

Setebos

1741.8

2196.35**

~30

1999

 

27

Ferdinand

2090.1

2805.51**

~12

2001

 

 


** Teskari yo‘nalishda aylanuvchi tabiiy yo‘ldoshlar.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Astronomiya
URAN

Manba:orbita.uz