FAYNBERG Aleksandr Arkadyevich

FAYNBERG Aleksandr Arkadyevich

FAYNBERG Aleksandr Arkadyevich (1939.2.11, Toshkent) — rus shoiri. Oʻzbekiston xalq shoiri (2004). ToshDUning jurnalistika f-tini tugatgan (1965). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi (1965-69). «Etyud» (1967), «Soniya» (1969), «Sheʼrlar» (1977), «Olis koʻpriklar» (1978). «Ijobat» (1982). «Qisqa toʻlqin» (1983), «Yoyma toʻr» (1984), «Erkin sonetlar» (1990) va b. sheʼriy toʻplamlar muallifi. Faynbergning sheʼriy ijodida oʻtmish bilan hozirgi kun, Gʻarb bilan Sharq, milliylik bilan baynalmilallik oʻzaro tutashib, oʻziga xos badiiy olamni vujudga keltiradi. Faynbergning lirik qahramoni tarixiy-ijtimoiy silsilalar asrida oʻzining insoniy mohiyatini toʻla saqlab qolgan, oʻzgaga mehr-shafqat va madad qoʻlini uzatishga tayyor, ayni paytda yer kurrasida sodir bulayotgan noxush voqea va hodisalardan iztirob chekuvchi joʻmard insondir. Faynbergning sheʼriy ijodida rus va Yevropa shoirlarining eng yaxshi badiiy tajribalari sintezlashgan. Sharq mumtoz sheʼriyati anʼanalari ham uning ijodiy uslubiga begona emas.

Ensiklopediya.uz
FAYNBERG Aleksandr Arkadyevich