Bola tishlarini kariesdan qanday himoya qilish mumkin?
Karies xastaligi kelib chiqish sababi nima? Tishlarni kariesdan qanday saqlash mumkin? Bir martalik plombolar qancha vaqtgacha turadi? SSV matbuot xizmatining shu yo`nalishdagi savollariga oliy toifali stomatolog-shifokor Miravzal Irxanov javob berdi.
—Bolalarda ko`p uchraydigan karies kasalligi va uning kelib chiqishi sabablari nimalardan iborat?
— Ovqat qoldiqlari chaynov yuzasi yoki tish bo`yin qismlarida yig`ilib qolib, tishlar yuvilganida ular tishning tabiiy chuqurchalarida qolib ketadi. Ma`lum vaqt o`tib esa tish emalini chiritadi, bu kariesning boshlanishidir. Ota-ona bolaning tish yuvishini o`z nazoratiga olishi lozim.
— Tish yuzasiga kumush bilan ishlov berish kariesdan himoya qila oladimi?
— Sut tishlarida erta boshlangan kariesni davolashda kumushlash amaliyoti keng qo`llaniladi. Ma`lum foizdagi kumush eritmasi tish yuzasiga surtiladi va bu kariesning to`xtashiga xizmat qiladi. Ammo kumushlashdan so`ng tish emali biroz qorayib qolishi mumkin. Karies aniqlangach, bola har olti oyda bir marta stomatolog ko`rigidan o`tib turishi kerak. Agar tish kariesi kattalashib borsa, qo`shimcha ravishda kumush nitrati surtiladi.
— Bir martalik plomba necha yil xizmat qilishi mumkin?
— Bola sut tishlariga qo`yiladigan plombalarning bir nechta turi bor. Tish nervi olinganidan so`ng qo`yiladigan plomba tish ildiz kanalining doimiy tishga almashguniga qadar xizmat qiladi. Tish toj qismiga qo`yiladigan plomba ovqatlanish paytida xalaqit bermaydi va doimiy tishlar almashguniga qadar etib beradi. Agar plomba yaxshi turgan bo`lsa, uni almashtirish talab etilmaydi. Plomba tushib qolmaguncha undan foydalanib yuraversa bo`ladi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Bola tishlarini kariesdan qanday himoya qilish mumkin?