SONET

SONET

SONET (ital. sonetto) — 14 misradan iborat turgʻun sheʼriy shakl. S. qatʼiy qonun—qoidalar asosida yaratiladi. U 4 banddan iborat boʻlib, 1 va 2 bandlar 4 misradan (katren), 3 va 4 bandlar 3 misradan (terset) tashkil topadi. Katrenlar, koʻpincha, avav avav yoki avva avva shaklida, tersetlar esa cdc dcd yoki cde cde shaklida qofiyalangan boʻladi. Eng muhimi — qofiyalar toʻla va jarangdor boʻlishi lozim. S faqat shaklan emas, mazmunan ham shunday talablarga javob berishi kerak. Mas, uning 1bandida asosiy fikr aytiladi, 2bandda bu fikr rivojlanadi, 3bandda yechim, 4bandda esa xotima ifodalanadi. S 13-a. da vujudga kelgan. Sonetning mustaqil sheʼr turi sifatida shakllanishida F. Petrarkaning xizmati katta. Dante, P. Ronsar (152485), V. Shekspir, I. Gyote kabi shoirlar Sonetning mumtoz namunalarini yaratganlar. Rossiyada ilk bor 18-a. da V. Trediakovskiy, A. Sumarokovlar, keyinchalik A. Pushkin, M. Lermontov, A. Fet kabi shoirlar, 20-a. da A. Blok, B. Bryusov, A. Axmatovalar Sonetlar yaratganlar. Sonet oʻzbek sheʼriyatida 30y. larda paydo boʻldi. Usmon Nosir, Barot Boyqobilov, Rauf Parfi va boshqalar Sonet yozganlar.

Ensiklopediya.uz
SONET