SOLUR

SOLUR

SOLUR, salur — qadimgi turkiyoʻgʻuz qabilalaridan biri. Solurlar mil. 2—4-a. larda turk (xitoycha tele) nomi bilan atalgan 44 turkiy qabilalar tarkibida boʻlgan. Ayni zamonda oʻgʻuzlar Sharqiy Turkiston hududida, aniqrogʻi Tangri togʻ etaklarida yashagan, keyinchalik Turkiston hududiga tarqalgan. «Devonu lugʻotit turk»aa Solur oʻgʻuzlar tarkibiga kirgan 22 urugʻdan birining nomi deb koʻrsatilgan. Solurlar qadimda Sayxun (Sirdaryo), Issiqkoʻl atrofidagi joylarda va uning shim. dagi Ili daryosi boʻylarida yashaganlar, soʻngra Xorazm va Xurosonga koʻchib, turli qismlarga boʻlinib ketganlar. Solur larning bir qismi oʻzlarini turkman deb atagan, boshqa bir qismi 1370—1424-y. lar Samarqand orqali Sharqiy Turkistonga, soʻngra Xitoyning gʻarbiy oʻlkalari (Gansu va Sinxay) ga borib oʻtroklashgan (q. Salorlar). Oʻz davrida Gʻarbga koʻchib ketgan Solurlar turklar bilan aralashib ketgan. Hoz. Turkiya hududida ushbu atama bilan ataladigan joy nomlari uchraydi.

Ensiklopediya.uz
SOLUR