KANDAKORLIK

KANDAKORLIK

KANDAKORLIKamaliy sanʼat turi; oʻymakorlikning metall buyumlarni oʻyib, chizib naqsh, tasvir ishlash sohasi. Buyumlarni bezashda kandakori (oʻyib, kesib), qolipaki (qolip yordamida), simkori (simdan foydalanib), shuningdek, buyumlarning qismlari (qopqoq, dasta va b.) va ikki qavatli buyumlarni bezashda shabaka (panjarali qilib ishlash) usullari qoʻllaniladi, anʼanaviy usimliksimon (islimiy) va handasiy (girih) naqshlardan mujassamotlar yaratiladi. Naqsh yoki tasvir zamini poʻlat qalam (asbob)lar yordamida chuqur yoki sayoz oʻyiladi, zamin sayoz oʻyilganda rangli loklar bilan boʻyaladi, pardozlanadi, chekma, uyma, katak, parallel kesma chiziqlar bilan jilo beriladi. 1930-y. lardan metall sirtiga kimyoviy moddalar taʼsir ettirib naqsh, tasvir yaratish usuli ham (ilk bor Toshkent badiiy oʻquv i. ch. k-tida) qoʻllaniladi. Arxeologik topilmalar (bronza qozon, mil. av. 6—5-a. lar, Fargʻona vodiysi, Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida; Amudaryo xazinasi tarkibiga kirgan metall buyumlar, mil. av. 4 — 2-a. lar, Britaniya muzeyida; Samarqand Registonidan topilgan metall buyumlarning yirik xazinasi va b.) K. badiiy hunarmandlik turi sifatida Oʻrta Osiyo (jumladan, Oʻzbekiston hududi)da juda qadimdan mavjudligini koʻrsatadi. Dastlab buyumlarga afsonalardagi qahramonlar tasviri ishlangan, arablar istilosidan keyin tasvirlar oʻrnini handasiy naqshlar, bezak darajasiga yetkazib ishlangan arab yozuv (bayt)lari egallagan. Temuriylar davrida yangi usullarning yuzaga kelishi oqibatida Kandakorlik sanʼati yanada rivojlandi, bezak turlari koʻpaydi. 18 — 19-a. larda Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent kabi shaharlarda Kandakorlik markazlari boʻlgan. 19-a. ning soʻnggi choragida Kandakorlik maqsulotlariga boʻlgan talabning ortishi ularni sanoatda qolip yordamida kup nusxada i. ch. ta olib keldi. Bu, oʻz navbatida, Kandakorlikning maʼlum darajada susayishiga sabab boʻldi.

Ensiklopediya.uz
KANDAKORLIK