KOMMUNIZM

KOMMUNIZM

KOMMUNIZM (lot. communis — umumiy) — xususiy mulkchilikni inkor qilishga asoslangan turli karashlarning umumiy nomi (ibtidoiy Kommunizm, xayoliy Kommunizm, «kazarma» K. i va b.). Unga koʻra, yagona umumiy (ijtimoiy) mulk jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishining asosini tashqil qiladi. Bu gʻoya «ideal jamiyat» nomi bilan Platon, keyinroq T. Mor, T. Kampanella, Sh. Furye va b. ning asarlarida ilgari surildi, Kommunizm yoki kommunistik jamiyat nomi bilan 19—20-a. larda K. Marks, F. Engels va VM. Lenin asarlarida nazariy ifodasini topdi. Markscha tarixiy jarayon haqidagi qarashga binoan, Kommunizm — kapitalizm oʻrnini egallaydigan va oʻz taraqqiyotida 2 bosqich (faza) — sotsializm deb ataladigan quyi bosqich hamda toʻla Kommunizm deb ataladigan yuqori bosqichni bosib oʻtadigan ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyadir. Kommunizm nazariyotchilari bu ikki bosqichning oʻziga xos jihatlari hamda umumiy tomonlari mavjudligini koʻrsatishga urinishgan. Umumiy tomoni iqtisodiy jihatdan yagona ijtimoiy mulkka asoslanganligi, oʻziga xos tomoni esa — mehnat taqsimoti tamoyili bilan belgilanadi, deb uqtirishgan. Chunonchi, ular Kommunizmda «har kimdan qobiliyatiga yarasha, har kimga ehtiyojiga yarasha» tamoyili amal qiladi, «Kommunizmda muhim ijtimoiy tafovutlar boʻlmaydi, hamma teng boʻladi», «davlat oʻz vazifasini bajarib boʻladi va barham topadi», deb hisoblashgan.

Ensiklopediya.uz
KOMMUNIZM