KONSERVATORIYA haqida
KONSERVATORIYA
KONSERVATORIYA (ital. conservatorio — boshpana) — maxsus musiqa oʻquv yurti. Turli yoʻnalishlardagi musiqa ijrochiligi, kompozitorlik va musiqashunoslik sohalari boʻyicha muayyan tizimda taʼlim beradi. Dastavval Italiyada yetim va qarovsiz bolalarga moʻljallangan boshpana — K. (birinchisi Neapol, 1537) deb atalib, unda turli hunarlar qatori musiqa (asosan, qoʻshiqchilik) ham oʻqitilgan. 17-a. oxiridan Italiya K. lari professional musiqachilarni tayyorlaydigan muassasalarga aylangan. Zamonaviy oʻquv yurti sifatida Konservatoriyalar Yevropada 18-a. oxiridan tashqil etila boshlandi (Stokgolmdagi Qirol oliy musiqa maktabi, 1771; Parijdagi Musiqa va deklamatsiya K. si, 1795 va b.). Baʼzi chet el musiqa oliy oʻquv yurtlari — akademiya, oliy maktab, institut deb ham ataladi (mas, Bagʻdod nafis sanʼatlar akademiyasi, Qohiradagi Arab musiqasi instituta va b.). Aksariyat Yevropa va Amerika K. larida faqat ijrochi (sozanda, xonanda, dirijyor) va kompozitorlar taʼlim olishadi. Musiqashunoslar esa un-tlarning musiqa f-tlarida tayyorlanadi. Oʻzbekistonda dastlab Turkiston xalq K. si (1918), 1934-y. dan Oliy musiqa maktabi, 1936-y. dan Toshkent K. si, 2002-y. dan Oʻzbekiston konservatoriyasi faoliyat koʻrsatadi. Mazkur Konservatoriya mamlakatning musiqa ijrochiligi, bastakorlik va musiqashunoslik sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning asosiy markazi sifatida milliy sanʼatning rivojiga salmoqli hissa qoʻshib keladi.
Ensiklopediya.uz
KONSERVATORIYA