YELIM haqida

YELIM haqida

YELIM

YELIM, yelimlar — asosan suyuqlangan yuqori molekulyar anorganik, koʻpincha organik moddalar yoki ularning eritmalari. Turli materiallarni bir-biriga yopishtirish uchun ishlatiladi. Yelim tarkibida qotiruvchi moddalar va qoʻshimchalar, mas, toʻldiruvchilar, erituvchilar, stabilizatorlar, plastifikatorlar, elastifikatorlar boʻladi. Qoʻshimchalar Yelimning qovushqoqligini, qotish tezligini, mustahkamligini, qattiqligini, issiqqa va sovuqqa chidamliligini oshiradi. Yelim suyuq (eritmalar, emulsiyalar, yakka monomerlar), quyuq yoki qattiq (donador, unsimon, ipsimon) boʻlishi mumkin. Yelimlar oddiy, konstruksion (mashinalar, uchuvchi apparatlar, qurilish konstruksiyalari va b. ni yigʻishda qoʻllaniladigan) va maxsus (yopishqoq tasmalar) turlarga ajratiladi. Bundan tashqari, ular tabiiy va sintetik boʻladi. Tabiiy Yelim hayvonlar va oʻsimliklar (kraxmal) mahsulotlaridan olinadi. Aksarisi namlikka chidamsiz, uz kuchini ancha tez yoʻqotadi, chiriydi. Yogʻoch, qogʻoz va b. buyumlarni yelimlash uchun qoʻllaniladi. Sintetik Yelim (smola) — polimerlar eritmasi, emul-siyasi, shuningdek, erituvchi qoʻshilmagan smolalardan iborat. Namlik, issiq-sovuqqa, har xil t-ra, moylar, suyuq yonilgʻilar, turli zamburugʻlar taʼsiriga yaxshi chidaydi. Metall, chinni, yogʻoch, faner, penoplast, plastmassalar, organik oinalarni yelimlash uchun ishlatiladi.

Rezina Ye. — kauchuklar (tabiiy va sintetik) yoki rezinali aralashmalarning organik erituvchilari (asosan, benzin)dagi eritmasi. Rezinani metallga, yogʻochga, sementga yopishtirishda ishlatiladi (q. Lateks).

Ensiklopediya.uz
YELIM