JAHONSHOH BAHODUR haqida

JAHONSHOH BAHODUR haqida

JAHONSHOH BAHODUR

JAHONSHOH BAHODUR (14 a. oxiri — 15-a. boshi) Amir Temurning lashkarboshilaridan; Jakubek barlosnint oʻgʻli, 1384-y. boshida otasi vafot etganidan soʻng Kobuliston viloyati unga xos mulk qilib beriladi. 1392-y. bahorida butun Afgʻoniston va Gʻarbiy Hindiston yerlari Pirmuhammad Jahongirga mulk qilib berilganidan soʻng Jahonshoh bahodur Qunduz va Bagʻlonning hokimi etib tayinlanadi va mazkur amirzodaning xos amirlari qatoriga kiritiladi. Shu bilan birga u sohibqironning deyarli barcha katta harbiy yurishlarida ishtirok etgan. Jumladan, u 1391, 1395-y. lardagi Toʻxpgamishxon bilan boʻlgan janglarda katta harbiy mahorat va idrokni namoyish qilgan. 1404-y. bahorida gʻarbga qilingan «yetti yillik yurish»dan qaytayotib, Amir Temur mirzo Umar ibn Mironshohga Hulokuxonta taalluugi ulusni («Rum va Istanbulgacha, Shomu Misrgacha, Iroq va Forsgacha») meros qilib beradi va Jahonshoh bahodurni uning maslahatchisi etib, «Jahonshohbek soʻzidan chiqmagʻaysen va har nekim ul maslahat koʻrsa, aning birla amal qilgʻaysen» deb taʼkidlaydi.

Ashraf Ahmedov.

Ensiklopediya.uz
JAHONSHOH BAHODUR