JAHON SAVDO TASHKILOTI haqida

JAHON SAVDO TASHKILOTI haqida

JAHON SAVDO TASHKILOTI

JAHON SAVDO TASHKILOTI (JST) — jahon mamlakatlarining oʻzaro savdo hamda savdo siyosati rejimini boshqaruvchi xalqaro tashkilot. Xalqaro savdoda tashkilotga aʼzo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy boʻlgan tamoyillar va qoidalar belgilangan xukumatlararo koʻp tomonlama shartnomalar asosida faoliyat olib boradi. 1995-y. da 1948—94 y. larda ish olib borgan Tariflar va savdo boʻyicha Bosh kelishuv (General Agreement on Tarifs and Trade — GATT) negizida tashkil qilingan. BMTtizimiga kiradi. Idorasi Shveysariya (Jeneva)da. JST jahon savdosi qoidalarini ishlab chiqish yoʻli bilan davlatlar savdo siyosatiga taʼsir koʻrsatish, savdo munosabatlarini erkinlashtiradigan va qatiy tartib-qoidaga soladigan muzokaralar uchun yigʻilishlar oʻtkazish, davlatlararo savdoda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish va b. vazifalarni bajaradi. JSTning oliy organi — barcha aʼzo mamlakatlar Vazirlar Konferensiyasi boʻlib, kamida 2 yilda bir marta oʻtkaziladi. Joriy ishlarga Bosh kengash (tovarlar savdosi boʻyicha kengash, xizmatlar savdosi boʻyicha kengash, intellektual mulk masalalari boʻyicha kengash), sekretariat, doimiy qoʻmitalar rahbarlik qiladi. JST faoliyati aʼzo mamlakatlarning oʻzaro manfaatlarini turli tadbirlar (asosan boj imtiyozlari, toʻsiqlari va b.)ni qoʻllash b-n himoya qilishga qaratilgan. Aʼzo mamlakatlar JST talablarini bajarish b-n birga tashkilotning boshqa aʼzolariga savdoda mumkin qadar qulaylik berish rejimini (birinchi navbatda boj tariflarini pasaytirish) qoʻllaydi, oʻz ichki bozorini chet el korporatsiyalari uchun ochiq qilish majburiyatini oladi.

133 mamlakat toʻla huqukli aʼzo, 30 mamlakat, shu jumladan Rossiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston JST da kuzatuvchi maqomiga ega va 1992—93 y. larda tashkilotga aʼzo boʻlish uchun ariza bergan.

Shohiya Toʻlaganova.

Ensiklopediya.uz
JAHON SAVDO TASHKILOTI