YAPONIYA haqida
YAPONIYA
YAPONIYA (yaponcha Nippon, Nixon) — Sharqiy Osiyoda, Tinch okeandagi orollarda joylashgan davlat. Ya. hududida 6,8 mingga yaqin orol boʻlib, shim. sharqdan jan. gʻarbga qariyb 3,5 ming km ga choʻzilgan; eng yirik orollari: Xokkaydo, Xonsyu, Sekoku va Kyusyu. Shim. dan Oxota dengizi, sharq va jan. sharqdan Tinch okean, gʻarbdan Yapon va SharqiyXitoy dengizlari bilan oʻralgan. Mayd. 377,8 ming km2. Aholisi 127,8 mln. kishi (2004). Poytaxti — Tokio shahri Yaponiya maʼmuriy jihatdan 47 prefekturaga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. Yaponiya — konstitutsiyaviy monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1947 yil 3-mayda kuchga kirgan (keyinchalik tuzatishlar kiritilgan). Davlat boshligʻi — imperator (1989-yildan Akixito). Konstitutsiyaning 1-moddasiga koʻra, u «davlat va xalq birligi ramzi»dir. Imperator oilasining er aʼzolari imperatorlik taxti uchun merosxoʻr hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq, imperator mustaqil hokimiyatga ega emas. Imperatorning davlat ishlariga aloqador boʻlgan har qanday faoliyati Vazirlar mahkamasi maslahati va maʼqullashi bilan amalga oshiriladi. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyatni 2 palatali parlament (Vakillar palatasi va Maslahatchilar palatasi), ijroiya hokimiyatni Bosh vazir boshchiligidagi hukumat (Vazirlar mahkamasi) amalga oshiradi.
Tabiati. Yaponiya moʻtadil, subtropik va tropik mintaqalarda joylashgan. Qirgʻoq chizigʻining umumiy uz. 30 ming km ga yaqin. Xonsyu o. ning jan. sohili, Sekoku va Kyusyu o. larining qirgʻoqlarida qoʻltiq koʻp; bu yerda murakkab qirgʻoq chizigʻiga ega boʻlgan Ichki Yapon dengizi joylashgan. Ryukyuning jan. orollari marjon riflari bilan oʻralgan.
Yaponiya hududining 3/4 qismi qir va togʻlardan iborat; pasttekisliklar sohil boʻylab ayrimayrim joylashgan. Xokkaydo o. dagi tizmalarning baʼzi choʻqqilari 2000 m dan oshadi (Asaxi choʻqqisi — 2290 m). Xonsyu o. ning shim. qismida 3 ta boʻylama togʻ tizmalari boʻlib, ular vodiy va soyliklar bilan boʻlingan; orolda bir qancha vulkan, jumladan, Yaponiya dagi eng baland vulkan — Fudziyama (bal. 3776 m) qad koʻtargan. Xonsyu o. ning markaziy qismidagi tizmalarning choʻqqilari alp selyefli va yilning koʻp qismida qor bilan qoplanib turadi. Sekoku o. ning eng baland joyi 1981 m (Isidzuti choʻqqisi), Kyusyu o. niki 1788 m (Kudzyu vulkani). Yaponiya hududi kuchli seysmik zonada joylashgan (1855, 1891, 1897, 1923, 1995-yillarda falokatli zilzilalar boʻlgan). Yaponiya dagi 150 vulkandan 40 tachasi soʻnmagan. Vulkanli r-nlarda mineral va termal buloklar koʻp. 26 mingdan ortiq issiq suv manbalari bor. Foydali qazilmalardan koʻmir, gaz, temir rudasi, oltingugurt, marganes, qoʻrgʻoshinrux, mis rudalari neft, xromit, oltin, kumush, pirit, kaolin, talk va simob konlari mavjud.
Iqlimi mussonli, shim. da moʻtadil, jan. da subtropik, Ryukyu o. larida asosan tropik ikdim. Xokkaydo o. da, Sapporoda yanv. ning oʻrtacha t-rasi —5°, iyulniki 22°, Okinavada yanv. ning oʻrtacha t-rasi 16°, iyulniki 28°. Materikdan esgan qishki musson Yaponiya hududiga sovuq havo olib keladi va koʻp yogʻin keltiradi. Yiliga 30-martagacha tayfun boʻladi; bu vaqtda kuchli shamol esib, jala quyadi, oʻrtacha yillik yogʻin 1800 mm; Xokkaydo o. ning sharqida yillik yogʻin 800—1200 mm, Sekoku va Kyusyu o. larida 3000 mm, baʼzi joylarda 4000 mm gacha.
Yaponiyaning daryolari qisqa, sersuv va tez oqadi. 24 ta eng katta daryosidan faqat 6 tasining uz. 200 km dan oshadi, jumladan, Sinano daryosining uz. 367 km. Tayfun vaqtida daryolar toshadi. Koʻpgina daryolarning suvi sugʻorishga va gidroenergiya resurslari sifatida sarflanadi. Mayda koʻl koʻp va ular ichimlik suvi manbai boʻlib xizmat qiladi. Eng katta koʻl — Biva (mayd. 670,2 km2, chuq. 103,8 m).
Tuproqlari shim. da podzol va oʻtloqibotqoq, jan. da qoʻngʻir oʻrmon, subtropik va tropiklarda sariq va qizil tuproq. Tekisliklarda allyuvial tuproqlar tarqalgan. Yaponiya hududining 67% oʻrmon va butazorlardan iborat; oʻrmonlarining 41,4% ekib oʻstirilgan. Jami 700 turdan koʻp daraxt va buta hamda 5599 tur oʻt oʻsimligi oʻsadi. Endemik oʻsimlik koʻp. Oʻrmonlar, asosan, igna bargli va keng bargli daraxtlardan iborat.
Yaponiyada sut emizuvchi hayvonlarning 132 turi, qushlarning 490 turi, sudralib yuruvchilarning 110 turi mavjud. Yaponiya qirgʻoqlariga tutash dengiz suvlarida baliqlarning 3000 ga yaqin turi, mollyuskalarning 1200 dan ortiq turi yashaydi.
Aholisining 99% dan koʻpi yaponlar. Xokkaydo o. da mamlakatning eng qadimiy aholisi — aynlar (50 ming kishi atrofida) saqlanib qolgan. Shuningdek, koreys, xitoy va boshqalar yashaydi. Rasmiy til — yapon tili. Asosiy dinlari — sintoizm va buddizm; konfutsiylik va daosizm aqidalari katta taʼsirga ega. Xristianlik, islom va hinduizmga eʼtiqod qiluvchilar ham mavjud. Xristianlik 16-asr oʻrtalaridan, islom 19-asr oxiridan kirib borgan; xristianlar 1,5 mln. ga yaqin, musulmonlar 100 ming kishi chamasida. 1935-yil Tokio va Kobe shahrilarida dastlabki masjidlar qurilgan. 1956-yildan Yaponiya musulmonlar uyushmasi va 1966-yildan Yaponiya islom markazi mavjud. Aholining 77% shaharlarda yashaydi (2002). Yirik shaharlari: Tokio, Yokoxama, Osaka, Nagoya, Sapporo, Kobe, Kioto.
Tarixi. Yaponiya hududida qadimiy odam izlari paleolit davriga oid. Taxm. mil. av. 8000—300-yillarda neolit davri madaniyati — dzyomon (idishlarga bitilgan ipsimon naqshlarga qarab nomlangan) mavjud boʻlgan. Oʻsha davr moddiy yodgorliklarini oʻrganish Yaponiyaning qadimiy aholisi, asosan, Janubiy Sharqiy Osiyodan kirib borganini koʻrsatadi. Mil. av. 2-ming yillik mobaynida jan. moʻgʻul tipidagi qabilalar kelgan. Mil. av. 1 ming yillik arafasida Yaponiyada asosiy qismini aynlar tashkil etgan etnik aholi tarkib topdi. Mil. av. 5—4-asrlarda dehqonchilik, chorvachilik rivojlangan, metall qurollar qoʻllanilgan. Mil. ning boshlarida ijtimoiy tabaqalanish kuchaydi; qulchilik paydo boʻldi. 4-asr oʻrtalarida tashkil topgan yirik qabilalar ittifoqi — Yamato asosida ilk yapon davlati tarkib topdi. 5-asrdan iyeroglif yozuvi, 6-asrdan buddizm tarqaldi. Yamato hukmdorlari tashqi aloqalarda «tenno» unvonini qoʻllay boshlagan. Bu unvon hozirgacha ham saqlangan va Yevropa tillariga «imperator» soʻzi bilan tarjima qilinadi. 646-yil yer davlat mulki deb eʼlon qilindi, aholi esa davlat chek yerlari egasiga aylandi. Yarim erkin dehqonlar zodagonga qaram dehqonlar bilan tenglashtirildi. Xitoydagi Tan davlati tipida markaziy maʼmuriyat tuzildi. 710-yilda birinchi doimiy poytaxt — Nara qurildi, 794-yilda poytaxt Kioto (Xeyan)ga koʻchirildi. 8-asrda mamlakat jan. dagi avstronezlarning singdirilishi natijasida yapon millati shakllandi. 10-asrda davlat chek yer egaligi tizimi barham topib, aslzoda va ibodatxonalarning yermulklari (syoen) yerga egalikning asosiy shakliga aylandi. 11-asrdan sardorlar boshchiligida harbiy zodagonlar guruhlari tashkil topa boshladi. 12-asrning oʻrtalarida Xonsyudan shim. sharqda Minamoto, jan. gʻarbda Tayra ulardan eng yirigi edi. Bu xonadonlarning oʻzaro kurashi 1185-yilda Tayraning magʻlubiyati bilan tugadi. 1192-yilda shim. sharqliklar oʻz sardorlari Yoritomo Minamotoni syogun (sarkarda) unvoni bilan davlatning hukmdori deb eʼlon qildilar. Imperator sulolasi syogunlar hukmronligini xalq oldida qonuniy boʻlishini kafolatlab turish uchun nomigagina saklab qolindi. Qarorgohi Kamakura shahrida joylashgan syogunlarga harbiylar tabaqasi (busi) va shaxsiy vassallar (ular maʼmuriy mansablarni egalladilar) asosiy tayanch boʻldi. Busi tabaqasining quyi qismi mayda harbiy dvoryanlar — samuraylardan iborat edi. Xitoy va Koreyani zabt etgan moʻgʻullar 1274 va 1281-yillarda Yaponiyaga qarshi ekspeditsiyalar uyushtirdilar, lekin bu yurishlar muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dengizda paydo boʻlgan kuchli tayfun moʻgʻul qoʻshinlarini halok qildi. Yaponiya tarixida bu tayfun «kamikadze» («ilohiy shamol») nomini oddi. 13-asrdan savdo va hunarmandchilik korporatsiyalari (dza) soni orta boshladi. 14—16-asrlarda syoendan yirik zamindorlik — knyazlikka oʻtildi. 15—16-asrlarda deyarli uzluksiz dehqonlar qoʻzgʻolonlari boʻlib turdi. 1485—93 yillarda boʻlib oʻtgan Yamasiro qoʻzgʻoloni ulardan eng yirigi edi. 15—16-asrlarda Yaponiya bilan Xitoy va Koreya oʻrtasida savdosotiq avj oldi. 16-asrning oʻrtalaridan Yaponiyaga kirib kelgan yevropalik missionerlar xristianlikni tarqata boshladilar. 1603-yil Ieyasu Tokugava (1542—1616) syogun deb eʼlon qilindi va uning qarorgohi Edo (hoz. Tokio)ga koʻchirildi. Tokugava syogunlari sulosasi mamlakatni 1867-yilgacha boshqardi. Ularning hukmronligi davrida Yaponiya markazlashgan monarxiya davlatiga aylandi. Hukumat qatʼiy qoidalar bilan 4 tabaqa tizimi (samuray, dehqon, hunarmand va savdogarlar) ni oʻrnatdi. Tokugava hukumatining yevropaliklar ekspansiyasi va xristianlik xalq harakatining mafkurasiga aylanayotganligiga qarshi qator tadbirlarni koʻrishi natijasida Yaponiya qariyb 2,5 asr mobaynida «yopiq» davlatga aylandi. Shu yoʻl bilan mamlakat mustamlaka boʻlishdan saqlanib qoldi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlari Tokugavalar Yaponiyasi uchun eng yuksalish davri boʻddi. Bu davrda aholining savodxonlik darajasi jahon miqyosida ham ilgʻor oʻringa chiqdi. 18-asr oxiri — 19-asrning 1-yarmida manufakturalar paydo boʻla boshladi. 1854—58 yillarda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya bilan tuzilgan Ansey shartnomalariga koʻra, Yaponiya oʻz holicha ajralib yashash siyosatidan voz kechishga majbur boʻddi va suvereniteti cheklangan holda jahon bozoriga qoʻshildi. 1867—68 yillarda Yaponiyada dehqonlar, shahar kambagʻallari, savdosanoat korchalonlari, dvoryanlarning quyi tabaqalari, saroy aslzodalari va muxolifatdagi baʼzi yirik zodagonlardan iborat keng omma syogunlarga qarshi chiqdi. Natijada burjua inqilobi — Meydzi isin sodir boʻldi, syogun hukumati agʻdarildi va hokimiyat imperator Mutsuxito (1867—1912 ylarda hukmronlik qilgan) qoʻliga oʻtdi. Shu davrdan boshlab Yaponiya imperator va uning hukumati boshchiligida tub ijtimoiysiyosiy va iqtisodiy islohotlar yoʻliga oʻtib, tezlashgan modernizatsiya orqali gʻarb davlatlari darajasiga yetishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.
1869-yilda poytaxt rasman Tokioga koʻchirildi. 1871—72 yillarda knyazliklar tugatilib, oʻrniga prefekturalar tashkil etildi, avvalgi 4 tabaqa oʻrniga 3 tabaqa [oliy dvoryanlar (sobiq zodagon knyazlar, saroy aslzodalari), dvoryanlar (barcha sobiq samuraylar), oddiy xalq (bunga savdosanoat korchalonlari ham kiritildi)] taʼsis etildi. Barcha tabaqalarning tengligi, kasb tanlash va mamlakat boʻylab koʻchib yurish erkinligi haqida qonunlar qabul qilindi. 1872 —73 yillarda oʻtkazilgan yer islohotidan keyin yer, asosan, dvoryan yer egalari va boy dehqonlar qoʻliga oʻtdi. 1873-yildan mamlakatda yil sanasini belgilashda imperator hukmronlik qilgan davr nomi bilan bir qatorda grigoriy kalendari ham joriy etildi. 1879-yil birinchi siyosiy partiya tuzildi. 1868—85 yillarda xususiy sarmoya yordamida q. x. xom ashyosiga ishlov beradigan 1300 korxona qurildi. 1889-yil imperatorga mutlaq vakolatlar beruvchi konstitutsiya qabul qilindi, 1890-yilda parlament taʼsis etildi.
19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Yaponiyaning hukmron doiralari agressiv tashqi siyosat tuta boshlab, 1894-yilda Koreyada qoʻtarilgan dehqonlar qoʻzgolonini bostirish niqobi ostida u yerga qoʻshin yubordi va Xitoy bilan boʻlgan urush (1894—95) natijasida Tayvan va Penxuledao o. larini, rusyapon urushi (1904—05) oqibatida esa Shim. Saxalinni egalladi. Yaponiya va Buyuk Britaniya oʻrtasida 1902, 1905 va 1911-yillarda imzolangan shartnomalar asosida oʻzaro hamkorlik harbiy-siyosiy ittifoq darajasiga qoʻgarildi va ikki tomon Koreya hamda Xitoyda oʻz mavqelarini yanada mustahkamladi. 1910-yil avg. da Ya. Koreyani oʻz mustamlakasiga aylantirdi. Yapon monopoliyalari Janubiy Manjuriyani, keyinroq Xitoyning boshqa r-nlarini oʻz taʼsir doirasiga kiritdi.
1-jahon urushi boshlanishidan Yaponiya hukmron doiralari Uzoq Sharqdagi oʻz mavqelarini yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun foydalandilar. 1914-yil 23 avg. da Ya. Germaniyaga qarshi urush ochdi va oktyabrda Germaniyaga qarashli Marshall, Mariana, Karolina o. larini, shuningdek, Xitoyning Shanʼdun provinsiyasini u yerda Germaniya ijaraga olgan hudud bilan birga bosib oldi. Yaponiyaning mustamlakachilik siyosati kuchayib 1918—22 yillarda Uzoq Sharqdagi Rossiyaga qarashli bir qancha oʻlkalarni ishgʻol etib turdi. 1920-yildan Yaponiya iqtisodiyotida tushkunlik boshlanib, u 1925-yilgacha davom etdi. 1925-yil 20 yanv. dan Yaponiya bilan sobiq SSSR oʻrtasida oʻzaro munosabatlarning asosiy tamoyillari toʻgʻrisida Pekin konvensiyasi imzolandi. 1926-yil 25 dek. da Yaponiya taxtiga imperator Xiroxito (1901—89) oʻtirdi. 1929—33 yillarda boʻlgan jahon iqtisodiy inqirozi natijasida vujudga kelgan holatda Yaponiyada harbiyfashistik diktatura oʻrnatishga intiluvchi oʻta reaksion «yosh ofitserlar» guruhi faollashdi. 1931-yil Ya. Manjuriyani bosib olishga kirishdi. 1933—36 yillarda Xitoyga qarshi agressiyani kuchaytirdi. 1936-yil 25 noyab. da Yaponiya fashistlar Germaniyasi bilan «Antikomintern pakti»ni imzoladi. 1937-yil iyulda Xitoyni bosib olish uchun urush boshladi va 1938-yil uning butun sharqiy qismini bosib oldi. Yaponiya qoʻshinlari shoʻro armiyasi tomonidan Hasan koʻli yonida (1938) va XalxinGol jangi (1939)da tormor keltirilgach, Yaponiya hukumati Yevropa davlatlari va AQSH ning Janubiy Sharqiy Osiyodagi mustamlakalariga hujum qilishga oʻtdi. 1940-yil Hindixitoyning shim. qismini bosib oldi. Shu yil 27-sentyabrda Germaniya, Italiya va Yaponiya oʻrtasida «Uchlar pakti» imzolandi. 2-jahon urushida Germaniya va Italiya ittifoqchisi sifatida qatnashdi.
1941-yil 7 dek. da Yaponiya AQSHning PyorlXarbordagi harbiy bazasiga hujum qilishi bilan 2-jahon urushiga kirdi. 1942-yil Yaponiya imperiyasi Buyuk Britaniya va Fransiyaning Janubiy Sharqiy Osiyodagi koʻplab mustamlakalarini egallab ulkan hududni oʻz nazoratiga oldi. Ammo 1943-yildan egallagan hududlarini yoʻqota boshladi. 1945-yil AQSH harbiyhavo kuchlari Yaponiyaning Xirosima (6 avg.) va Nagasaki (9 avg.) shahrilariga atom bombasi tashladi. Sovet hukumati 1945-yil 9 avg. da Yaponiyaga qarshi Manjuriya strategik operatsiyasini boshladi. 1945-yil 2-sentyabrda Yaponiya soʻzsiz taslim boʻlganligi toʻgʻrisidagi aktga imzo chekdi va uning hududini ittifoqchilar nomidan AQSH qoʻshinlari okkupatsiya qildi. 1946—48 yillarda boʻlib oʻtgan Tokio sud jarayonida asosiy yapon harbiy jinoyatchilari jazoga tortildi.
Urushdan soʻng Yaponiyada tub siyosiy va ijtimoiyiqgisodiy islohotlar oʻtkazilib, qurolli kuchlar va oʻng tashkilotlar tarqatib yuborildi, dvoryan yer egaligi tugatildi, avvalgi monopolistik konsernlar qayta tashkil etildi. 1947-yilgi konstitutsiyaga binoan mamlakat xalqaro mojarolarni qurol kuchi bilan hal qilishdan va shu maqsadda qurolli kuchlar tuzishdan voz kechdi.
1951-yil 8-sentyabrda Yaponiya bilan AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqalar davlatlar oʻrtasida SanFransisko sulh shartnomasi imzolanib, mamlakat suvereniteti tiklandi hamda Yaponiya bosib olgan barcha mustamlakalaridan voz kechdi. Shu yili Yaponiya bilan AQSH oʻrtasida imzolangan xavfsizlikni kafolatlash toʻgʻrisidagi shartnomaga koʻra, Yaponiyada AQSH harbiy bazalari joylashtirildi. 1956-yil 19-oktyabrda SSSR bilan Yaponiya oʻrtasida urush holatiga barham berish, diplomatiya munosabatlarini tiklash toʻgʻrisida qoʻshma bayonot imzolandi.
1950-y. lar boshidan Yaponiya iqtisodiyoti tez surʼatlar bilan rivojlandi. 1960-y. larning oxiriga kelib «yapon moʻjizasi» atamasi paydo boʻldi va u yalpi milliy mahsulot va sanoat ishlab chiqarish hajmi boʻyicha kapitalistik dunyoda 2-oʻringa chiqdi. 1990-y. larda Yaponiya jahon miqyosidagi eng katta sarmoyador davlatga aylandi. Yaponiya — 1956-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 23 dek. — imperator tugʻilgan kun (1933). OʻzR suverenitetini 1991-yil 28 dek. da tan olgan va 1992-yil 26 yanv. da diplomatiya munosabatlarini oʻrnatgan.
Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Liberaldemokratik partiya, 1955-yil asos solingan; Yaponiya demokratik partiyasi, 1996-yil tuzilgan; Yangi Komeyto partiyasi, 1964-yil tashkil etilgan; Ya. Sotsialdemokratik partiyasi, 1945-yil asos solingan; Ya. Kommunistik partiyasi, 1922-yil tashkil etilgan; Yangi konservativ partiya, 2002-yil tuzilgan. Yaponiya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi — Sinrengo, 1989-yil 21 noyab. da Yaponiya kasaba uyushmalari Bosh kengashi (1950-yil tuzilgan) va Umumyapon xususiy korxonalar xodimlari kasaba uyushmasi (1987-yil tashkil etilgan)ning qoʻshilishi natijasida tuzilgan.
Xoʻjaligi. Yaponiya — iqtisodiy qudrati boʻyicha jahonda AQSHdan keyingi oʻrinda turadigan yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat. Sanoat ishlab chiqarishning umumiy hajmi boʻyicha jahonda oldingi oʻrinlardan birini egallaydi. Ulkan korxonalar bilan birga mayda korxonalar ham mavjud (ayniqsa, yengil va oziq-ovqat sanoatida). Yaponiya iqtisodiyoti chetdan keltiriladigan xom ashyo va yoqilgʻiga asoslangan. Yaponiya jahon bozoriga sanoatning fanga asoslangan murakkab tarmoqlari mahsulotlari, zamonaviy konstruksion materiallar yetkazib beruvchi mamlakat. Yaponiya jahon yalpi milliy mahsulotining 13% dan ortigʻini ishlab chiqarish bilan birga, yirik xalqaro iqtisodiy, savdo va moliya tashkilotlari hamda «sakkizlik» davlatlarida yetakchi mavqega ega. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 38%, qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliq ovlashniki 2%, xizmat koʻrsatish tarmogʻiniki 60% ni tashkil etadi. Yalpi ichki mahsuloti 4,3 trillion AQSH dollariga teng (2003).
Sanoatida iqtisodiy faol aholining 25% band. Energetika, metallurgiya, avtomobilsozlik, kemasozlik, kimyo, neft kimyosi, qurilish materiallari sanoati kabi tayanch tarmoqlar chetdan olinadigan xom ashyo hamda texnologiyaning eng yangi yutuqlari asosida deyarli butunlay yangidan barpo etildi. Energetika sanoati ham asosan, chetdan keltirilgan neftga asoslangan. Yiliga oʻrtacha 1,097 trillion kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi; uning 706,4 mlrd. kVtsoati issiqlik elektr st-yalarida, 91,8 mlrd. kVtsoati GESlarda, 295 mlrd. kVtsoati atom elektr st-yalariga toʻgʻri keladi (2002). 2003-yil 52 atom elektr st-yasi ishladi. I. ch. sanoatida qora va rangli metallurgiya rivojlangan. Kon sanoatida koʻmir, gaz, temir va mis rudasi, pirit, rux, qoʻrgʻoshinrux, marganes, kumush, oltin, simob, kaolin, talk va h. k. qazib olinadi. Mashinasozlik va kimyo sanoati yuksak taraqqiy etgan. Avtomobillar, maishiy texnika, elektron asboblar, aloqa vositalari, kema, poʻlat, sement, plastmassa, sintetik tola, robot ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash, biotexnologiya mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor tarmoqlaridandir. Yaponiya sanoati 4 asosiy r-n: Keyxin (Tokio, Kanagava), Tyukyo (Ayti, Mie), Xansin (Osaka, Xiogo), KitaKyusyu (Fukuoka)ga boʻlingan. Mazkur r-nlarda jami sanoat mahsulotining 40% dan ortigʻi ishlab chiqariladi.
Qishloq xoʻjaligida hosildorlik boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinlardan birida boʻlib, u yuqori darajada mexanizatsiyalashgan va avtomatlashtirilgan. Iqtisodiy faol aholining 4,2% q. x. da band. Hududining 12,9% yoki 4,8 mln. gektarida dehqonchilik qilinadi. Dehqonchilikda asosiy ekin — sholi (2002-yil 11 mln. t sholi yetishtirilgan). Shuningdek, kartoshka, sabzavot, oz miqdorda bugʻdoy va dukkakli don ekinlari ekiladi. Mevachilik, bogʻdorchilik, chorbogʻ xoʻjaligi rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, choʻchqa, parranda boqiladi; pillachilik va baliqchilik rivojlangan. Yaponiyada 3000 dan ortiq baliq ovlash portlari boʻlib, dunyo boʻyicha ovlanadigan baliq va dengiz jonivorlarining 15% shu portlarga toʻgʻri keladi.
Transporti. Ichki yuk aylanmasida avtomobil transportining roli katta (yiliga oʻrtacha 5,5 mlrd. tonna yuk tashiladi). Umumiy va ekspress yoʻllarning uz. 1,2 mln. km, shu jumladan, 4,4 ming km tezyurar magistrallar. T. y. larning uzunligi 43,7 ming km. Deyarli 1/2 qismi elektrlashtirilgan. 1964-yildan tezligi soatiga 270 km gacha yetadigan «Sinkansen» poyezdlari harakati yoʻlga qoʻyilgan. 9 shahardagi metropolitenning uz. 540 km. Yaponiyada suv osti va yer usti tunnellari va koʻpriklar koʻp. Dunyoda eng katta Seykan tunneli (53,9 km) Xonsyu va Xokkaydo o. larini birlashtiradi. Ichki suv yoʻllarining uz. 1770 km ga yaqin. Dengiz savdo floti 5473 kemaga ega va uning umumiy tonnaji 40 mln. brutto reg. tonnaga yetadi. Asosiy portlari — Kobe, Tiba, Yokoxama, Nagoya, Osaka, Kavasaki, Tokio, Xakodate. Tokio, Osaka, Niigata shahri yaqinida xalqaro aeroportlar bor. Mamlaktda neft quvurlari 400 km dan ziyod, gaz quvurlari 1800 km.
Tashqi savdosi. Yaponiya chetga mashina va uskunalar, metall buyumlar, elektronika, kimyo mahsulotlari, elektr asboblar chiqaradi; chetdan sanoat xom ashyosi, mineral yoqilgʻi, oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlari oladi. 2003-yil Yaponiyaning importi 383,3 mlrd. AQSH dollarini, eksporti 417,8 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Tashqi savdoda AQSH, Yevropa Ittifoqi hamda Janubiy va Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — iyena.
Tibbiy xizmati. Aholi salomatligining koʻrsatkichlari boʻyicha Yaponiya jahonda yetakchi oʻrinda turadi. 2001-yil 1,85 mln. oʻrinli 167,5 ming shifoxona va poliklinika boʻlgan (har 100 ming aholiga 1458 oʻrin). Yaponiyada 255,7 ming vrach, 90,8 ming tish vrachi, 217,4 ming farmatsevt faoliyat olib boradi. Har 100 ming kishiga 201,5 vrach toʻgʻri keladi. Yaponiyada oʻz issiq suv manbalariga ega boʻlgan 3023 kurort bor.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Yaponiyada maorif tizimi Maorif, madaniyat, sport, fan va texnologiya vazirligi va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan muvofiklashtirib turiladi. Maktabgacha tarbiya bolalar bogʻchalarida (8389 xususiy bogʻchada 1,4 mln., 5785 davlat bogʻchasida 367,8 ming tarbiyalanuvchi) amalga oshiriladi. 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun oʻqish majburiy va bepul. Taʼlimning birinchi bosqichi 6 yillik boshlangʻich maktab (2003-yil 23,6 ming maktabda 7,2 mln. oʻquvchi). Ikkinchi bosqich 3 yilliq kichik oʻrta maktab (2003-yil 11,1 ming maktabda 3,74 mln. oʻquvchi). 16—18 yoshli bolalar 3 yillik katta oʻrta maktab (2003-yil 5,4 ming maktabda 3,8 mln. oʻquvchi) da taʼlim oladi. Oliy taʼlim unt, professional kollej va texnika intlaridan iborat. 2004-yil mamlakatdagi 709 untda 2,8 mln. talaba oʻqidi, 84,2 ming oʻqituvchi ishladi. Untlarning 542 tasi xususiy. Yirik untlari: Tokio universiteti, Kioto universiteti, Osaka un-ti (1886-yil tashkil etilgan) va boshqalar Yaponiyada ilmiy tekshirish ishlariga yiliga qariyb 100 mlrd. AQSH dollari hajmida mablagʻ sarflanadi va bunda xususiy sektor yetakchi mavqega ega. I. t. sohasida 756,3 ming kishi band. Ulardan 430,6 ming kishi i. t. larni xususiy kompaniyalar, 280,7 ming kishi untlar, 44,9 ming kishi ijtimoiy tashkilotlarda olib boradilar. Yirik ilmiy tekshirish institutlari: aviakosmik texnika, metallar, elektronika boʻyicha kompleks tadqiqotlar, kosmos va astronavtika, elektr energetikasi, avtomobilsozlik, ixtiro va yangiliklar, Nomura kompleks, Mitsubisi kompleks intlari. Yaponiyada 2711 ommaviy kutubxona, 3599 muzey, 79 hayvonot bogʻi, 79 akvarium, 90 botanika bogʻi bor. Yirik kutubxonalari: Milliy parlament kutubxonasi (7,9 mln. asar), Tokio un-ti kutubxonasi. Yirik muzeylari: Tokiodagi milliy muzey(1871-yil tashkil etilgan), Milliy ilmiy muzey, Imperator saroyi, Kiotodagi milliy muzey (1889) va Milliy hoz. zamon sanʼat muzeyi (1963), Nagoyadagi Tokugava badiiy muzeyi va boshqalar Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Yaponiyada 70,8 mln. nusxada 166 milliy va mahalliy kundalik gaz. chiqadi. Yiriklari: «Iomiuri» («Reportyor», 1874-yildan) «Asaxi» («Chiqayotgan quyosh», 1879-yildan), «Mayniti» («Kundalik gazeta», 1872-yildan), «Nixon keydzay simbun» («Yaponiya iqtisodiy gazetasi», 1876-yildan), «Sankey simbun» («Sanoatiqtisodiy gazetasi», 1950-yildan). Shuningdek, 4178 oylik va haftalik jur., byulleten chiqadi. Yiriklari: «Bungey syudzyu» («Adabiybadiiy almanax», 1923-yildan), «Dziyu minsyu» («Liberaldemokratiya», 1955-yildan), «Kurasi to seydzi» («Hayot va siyosat»), «Sekay» («Koinot», 1946-yildan), «Tyuo koron» («Markaziy sharh», 1886-yildan), «Ekonomisuto» («Iqtisodchi», 1923-yildan), «Bunka xyoron» («Madaniy sharh»), «Gekkan syakayto» («Sotsialdemokratik partiya oynomasi», 1957-yildan). Umummilliy axborot agentliklari: Kiodo Susin (1945-yildan) va Dzidzi Susin (1945-yildan). Radioeshittirish 1925-yildan va telekoʻrsatuvlar 1953-yildan olib boriladi. Yaponiya radiotelevideniye korporatsiyasi yarim hukumat tashkiloti hisoblanadi. 1925-yil tashkil etilgan. 222 xususiy aʼzoni birlashtirgan Tijorat eshittirishlar milliy assotsiatsiyasi 6900 teleradiostyani boshqaradi (1996).
Adabiyoti qadimdan mavjud boʻlgan xalq ogʻzaki ijodi (qoʻshiq, afsona va boshqalar) zaminida vujudga kelgan. Afsona, ertak, tarixiy rivoyat va qoʻshiqlardan iborat «Kodziki» («Qadimgi hodisalar yilnomasi», sintoizmning muqaddas kitobi hisoblanadi) toʻplami ilk marta 712-yilda tuzilgan. Bu asar yapon tilida bitilgan birinchi manba hisoblanadi. 759-yil 4516 folklor va 500 ga yaqin muallifning asarlaridan iborat yapon sheʼriyati antologiyasi — «Manyosyu» («Koʻp asrlik qoʻshiqlar toʻplami») yaratildi. 9-asrning oʻrtalarida birinchi adabiy nasriy asar — «Taketorimonogatari» yaratiddi. 10-asr oxiri — 11 a. boshlarida adiba Murasaki Sekibu (978—1016) yaratgan «Gendzimonogatari» («Shahzoda Gendzi haqida qissa») asari Yaponiya mumtoz adabiyotining choʻqqisi boʻldi. 12—16-asrlarda harbiy epopeyalar yaratildi, badiiy kundaliklar keng tarqaldi, sheʼriyat antologiyalari tuzildi. 14 — 15-asrlar xalq ijodiyoti va Budda rivoyatlari asosida bir . pardali dramalar (niqob teatrlari uchun) yozildi. 16-asrdan shahar adabiyoti paydo boʻldi. Hunarmandlar, savdo ahliga mansub shoirlarning toʻplamlari tuzildi. 17—19-asrning 60-y. larida adabiyotda demokratik gʻoyalar avj oldi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida yirik dramaturg Takamatsu Mondzaemon samarali ijod qildi. Matsuo Basyo (17-asr), Kobayasi Issa (18-asr oxiri — 19-asr boshi) sheʼriyatning xokku janrida asarlar yaratdilar. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida nasr yanada yuksaldi. 19-asrning oʻrtalaridan yapon adabiyotida sentimental roman janri vujudga keldi, yevropalik mualliflarning asarlari tarjima qilina boshlandi. Simey Ftabatey (1864—1909) «Suzuvchi bulutlar» romani bilan yapon adabiyotida tanqidiy realizmga asos soldi. Roka Tokutomi, Soseki Natsume va boshqalarning asarlarida ham tanqidiy realizm gʻoyalari oʻz aksini topdi. 20-asrning boshlaridan sheʼriyatda Yevropa sheʼriyatining taʼsiri va romantik gʻoyalar koʻzga tashlandi. Realist yozuvchilar asarlarida ijtimoiy tanqid asosiy oʻrin oldi. E. Zolya ijodi taʼsirida naturalizm uchun kurash harakati boshlandi. 1930—40 yillar adabiyotida «muqaddas urush»ni yoqlovchi apologetik gʻoya hukmron boʻddi. 2-jahon urushidan keyingi davrda bir qancha yapon yozuvchilari oʻz asarlarida «barqaror qadriyatlarni» izlash maqsadida milliy adabiyotning koʻp asrlik anʼanalariga murojaat qildilar. Dzyunʼitiro Tanidzakining «Mayda qor» (1943—48), Yasunari Kavabataning «Mingta turna» (1951), «Eski poytaxt» (1961—62) romanlari shu toifadagi asarlar boʻlib, ularda kuchli ichki lirizm va goʻzallikning mumtoz talqini aks etdi. Shu bilan birga 1967-yil Yukio Misimaning goʻyoki yapon madaniyatiga xos boʻlgan jangovarlik anʼanalarni tiklashga chorlovchi trilogiyasi («Vatanparvar», «Xrizantema» va «Shahid boʻlgan qahramon ovozi») yaratildi. Adabiyotda sengoxa oqimi qaror topgach, shu oqim vakillari boʻlgan turli goyaviyestetik yoʻnalishdagi yozuvchilar oʻz ijodlarida inson shaxsiyatini qaror toptirish manfaatlari yoʻlida militarizm va anʼanaviylikni inkor etdilar. Shu oqim vakillarining urush mavzuiga oid asarlari, jumladan, Syoxey Ookaning «Daladagi olovlar» (1951), Xirosi Nomaning «Boʻshliq mintaqasi» (1952), Syusaku Endoning «Dengiz va zahar» (1957) romanlari yaratildi. Yosie Xottaning «Yolgʻizlik maydoni» asarida (1951) urushdan keyingi yapon ziyolilari haqida hikoya qilinadi. 1950 — 60 yillar yapon adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri Yasusi Inouedir. Uning «Tempyoning cherepitsali tomi» (1957) va «Samarqandga sayohat» (1969) tarixiy asarlari Buyuk ipak yoʻlida amalga oshirilgan maʼnaviy muloqot va Oʻrta Osiyoning qadimiy shaharlariga bagʻishlangan. 1960—70 yillarda ilmiy fantastika va detektiv roman janri rivojlandi. 1960—80 yillar yapon adabiyoti realistik va modernistik gʻoyalarning oʻzaro harakat va kurashlarida rivojlandi. Bu davrda adiblardan Gomikava Dzyumpey, Isikava Takudzo, Kayko Takesi, Oe Kendzaburo oʻz roman va qissalarida ijtimoiy va axloqiy muammolarni koʻtardilar. Yaponiya adabiyotida Xirosima fojiasi mavzusi keng oʻrin oldi (Xotta Yosiyo, Ibuse Masudzi, Oda Makoto). Kobo Abe asarlarida realizm va fantastika uygʻunlashgan holda falsafiy masalalar bayon etildi. Yaponiyada xitoy madaniyati taʼsirida xitoy tilida ham adabiyot rivoj topgan. 14 — 15-asr va 17—19-asr boshlarida yuksalgan. Yaponiya adabiyotning yirik vakillari boʻlgan Ryunoske Akutagava, Kobo Abe, Yasunari Kavabata (1968-yil Nobel mukofoti sohibi), Kendzaburo Oe (1994-yil Nobel mukofoti sohibi) Murakami Xaruki, B. Yosimoto kabi yozuvchilarning asarlari jahonda mashhur.
Meʼmorligi. Qadimiy yaponlarning turar joylari yarim yertoʻlalar boʻlgan va uning tomi yogʻoch va qamish bilan yopilgan. Mil. boshlarida yogʻoch sinchli uylar qurila boshladi. (Ise shahridagi sintoistlar ibodatxonasi, 3—7-asrlar). 3—6-asrlarda podsholar uchun aylana va taqa shaklida ulkan qoʻrgʻon (kafun) lar bunyod etilgan. 6-asrda buddizm tarqalishi munosabati bilan xitoy va koreys meʼmorligi uslubida monastir, pagoda, ibodatxona va saroylar bunyod etilgan (Nara shahridagi Xoryudzi monastiri, 7-asr; Kito shahri yaqinidagi Byodoin saroyi, 11-asr). 8-asrda Xitoy shaharsozligi uslubida Xeydzyokyo (hoz. Nara) va Xeyan (hoz. Kito) shahrilariga asos solindi. 14—16-asrlarda landshaft meʼmorligi, xitoycha bogʻparklar bunyod etish sanʼati, qalʼa va saroy devorlariga rasm chizish rivojlandi. 16-asrdan shahar mudofaa inshootlari xandaq va gʻisht devorlar bilan oʻraldi. Shu davrda hoz. gacha saqlanib qolgan anʼanaviy yapon turar joyi shakllandi. 16-asrdan Edo (hoz. Tokio) shahrida qurilish avj oldi. 19-asr oxiridan shaharsozlik rivojlandi, sanoat korxonalari qurish koʻpaydi, qurilishda gʻisht, keyinchalik temirbeton va metall ishlatila boshlandi. Yapon meʼmorlari (Tatsuno Kingo, Katayama Otokuma) binokorlikda Yevropa uslubidan foydalandilar yoki anʼanaviy yapon uysozligi shakllarini Gʻarbiy Yevropa meʼmorligi shakllari bilan uygʻunlashtirdilar. 20-asrning 20-asrlari oxiri Le Korbyuzye taʼsirida funksionalizm uslubi yoyila boshladi. 2-jahon urushi yillari (1939—45) Yaponiya shaharlari vayron boʻldi; 50-y. lardan qurilish keng koʻlamda avj oldi. Milliy meʼmorlik shakllarini zamonaviy konstruksiyalar bilan uygʻunlashtirish natijasida yapon meʼmorligi jahonda mashhur boʻldi (Xirosimadagi Tinchlik memorial parki, 1949—56; Okayama shahridagi Kurasiki shahar zali, 1960; Kofudagi Yamanasi binosi, 1966; hammasining meʼmori Tange Kendzo; Tokiodagi Metropoliten festival xoll, 1960—61, meʼmor Mayokava Kunio; Tokioning Sindzyuku r-nidagi maydon ansambli va transportyoʻlovchilar tuguni, 1960—67, meʼmor Sakakura Jundzo; Kioto shahridagi Xalqaro konferensiyalar markazi saroyi, 1966—70 yillar boshi, meʼmor Satio Otani). 18yozgi olimpiada oʻyinlari (1964) va «EKSPO70» koʻrgazmasining oʻtkazilishi munosabati bilan yirik shaharlar, jumladan, Tokio va Osaka markazlari rekonstruksiya qilindi, Tokioda ikki olimpiada majmuasi (Yoyogi, meʼmor Tange Kendzo; Komadzava, meʼmorlar Murata Masasiko va Ashixara I.), Osakada bosh pavilyon koʻrgazmasi (meʼmor Tange Kendzo) qurildi. 1960-y. lar oxirida yuksak seysmik hududligiga qaramay, osmonoʻpar binolar bunyod etildi (Tokio, Osaka va boshqalar shaharlarda). Yaponiyada milliy meʼmorlik anʼanalarining rivojlanishi K. Maekava, Yo. Taniguti, K. Tange, K. Kurokava va boshqalar mashhur meʼmorlar faoliyati bilan bogʻliq.
Tasviriy sanʼati. Yaponiya sanʼatining qadimiy yodgorliklari dzyomon madaniyati davri (mil. av. 8—1-ming yilliklar oʻrtalari)ga mansub. Mil. av. 1-asrda tayyorlangan bronza buyumlar, sopol idish namunalari saqlangan. 6-asrda buddizm tarqalishi munosabati bilan ibodatxonalar yaratildi va ular budda dinidagi mashhur personajlar tasvirlangan haykalchalar bilan bezatildi (Nara shahridagi Xoryudzi, Yakusidzi monastirlaridagi haykallar). Ilk oʻrta asrlarda rang-tasvir va haykaltaroshlikda portret janri shuningdek, teatr niqoblari sanʼati rivojlandi. Yaponiya rang-tasviri buddizm hamda Xitoy sanʼati taʼsirida taraqqiy etdi. 11—12-asrlarda oʻziga xos milliy xususiyatlarga ega boʻldi.
Bu davrda Fudzivara Takayosi, Fudzivara Nobudzane va Toba Sodzyo kabi rassomlar mashhur boʻldilar. 12—13-asrlar rang-tasviridagi portretlar oddiyligi va ifodaliligi bilan ajralib turadi (Fudzivara Takanobuning «Minamoto Yoritoma portreti»). 14—15-asrlarda budda sektasining dzen maktablarida tush rang-tasviri rivoj topdi [Dzyosetsu, Syubun, Toy Oda (Sessyu taxallusi bilan mashhur) manzaralari]. 15-asrda dunyoviy professional rang-tasvir shakllandi. Kano maktabi (asoschisi Kano Masanobu) va Tosa maktabi (asoschisi Tosa Matsunobu) asarlarida xitoy mumtoz rang-tasviri oʻz aksini topdi. 15—17-asrlarda bezak yozuvi sanʼati yuqori darajaga erishdi (Sotatsu Tavaraya, Ogata Korin). Bu davrda choy tarqalishi munosabati bilan kulollik va chinni buyumlar tayyorlash avj oldi. 17-asr boshlarida yogʻochga rangli gravyura ishlash sanʼati — ukiyyoe yapon sanʼatining yetakchi turiga aylandi (Moronobu Xisikava, Xarinobu Sudzuki, Utamaro Kitagava, Xokusay Katsusika, Xirosige Ando kabi ustalar). 17—19-asrlarda miniatyura haykaltaroshligining oʻziga xos turi hamda kiyimlar uchun tugmailgak bezaklar yasash rivojlandi. Yapon amaliy bezak sanʼati (kashtadoʻzlik, mato toʻqish, loklangan buyumlar tayyorlash. toʻr toʻqish) buyumlari katga mahorat bilan tayyorlandi. 19-asr oxirlaridan Yevropa sanʼati taʼsirida moyboʻyoq rang-tasvir — «yoga» rivojlana boshladi (Asai Tyu, Kuroda Seyki va boshqalar). Bu sohalagi rassomlar ijodida impressionizm, fovizm taʼsiri yaqqol koʻzga tashlanadi (Umexara Ryudzaburo, Yasun Sotaro.). 20-asr 1-yarmida abstrakt sanʼat, ekspressionizm, syurrealizm taʼsiri seziladi. «Nixonga» rang-tasvir ustalari Tomioka Tessey, Yokoyama Taykon, Takueti Seyxo kabilar milliy anʼanalar ruhida asarlar yaratdilar. 1920—30 yillarda Okamoto Toki, Osuki Gendzi, Yorimoto Sirin, Yanase Masamu, Sudzuki Kendzi kabi rassomlar samarali ijod qildilar. 2-jahon urushidan keyin rassomlar ijodidan ijtimoiy muammolar keng oʻrin oldi; koʻp asarlar Xirosima va Nagasakidagi atom bombasidan halok boʻlganlar fojiasiga bagʻishlandi (Maruki Iri va Tosiko, Mita Gendziro, Sakurai Makoto, Fukuda Sinsey, Ono Tadasige, Ueno Makoto). Zamonaviy yapon tasviriy sanʼatida grafika demokratik va ommaviy sanʼat turi sifatida mashhur. Taniqli rassom N. Xirayama ijodida Buyuk ipak yoʻli manzaralari muhim oʻrin tutadi. Tasviriy sanʼatda turli oqim va yoʻnalishlarning koʻpligi koʻzga tashlanib turadi.
Musiqasi qadimiy anʼanalarga boy boʻlib, oʻz taraqqiyoti jarayonida xitoy va koreys, hind va Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari xalqlari musiqa madaniyati taʼsirida boyigan; u mehnat, turmush, diniy marosimlar bilan bogʻlangan. Qoʻshiqlar bir ovozli, qoʻsh metrlar ustun. Musiqiy cholgʻu asboblari xilmaxil: chertib chalinadigan — syamisen (lyutnya), koto (13 torli sitra); puflama — nokan, syakuxati (fleytalar), soo (lab organi), xitiriki (goboy turi); zarbli — tayko, kotsudzumi, otsulzumi (barabanlar), syoko (gong). Professional musiqa diniy harakatlar va teatr bilan bogʻliq boʻlgan; uning sarchashmalari 6—7-asrlarga borib taqaladi. 14-asrda teatrning noo sanʼati (qoʻshiq, raqs, cholgʻu asboblar joʻrligida ijro etiladigan deklamatsiya), 16 — 17-asrlarda dzyoruri qoʻgʻirchoq teatri musiqasi va kabuki (mumtoz yapon teatri turlaridan biri) musiqasi shakllandi. Yaponiyada musiqa sanʼatini rivojlantirishda Musiqa tadqiqotlari instituti (1879-yil tashkil etilgan, 1886-yildan Tokio musiqa maktabi) muhim rol oʻynadi. 1897-yil yapon simfonik orkestrining birinchi konserti boʻlib oʻtdi. Yevropada musiqa taʼlimini olgan Yamada Kosaku, Nobutoki Kiyosi, Kiyose Yasudzi, Matsudayra Yoritsune kabi kompozitorlar kompozitorlarning yangi federatsiyasi (1930-yildan Yaponiya zamonaviy musiqa uyushmasi)ni tuzdilar. Oʻz ijodlarida milliy anʼanalarga suyangan holda, Yevropaning kompozitsion usullariga ham murojaat etdilar. 1960—80 yillarda Mamiya Mitio va Akutagava Yasusi kabi kompozitorlar folklor va yapon mumtoz musiqasidan keng foydatandilar. 1940-y. larning oxiridan Seki Akiko rahbarligida antiimperialistik xarakterdagi «Yaponiyaning kuylovchi ovozlari» ommaviy xor harakati keng yoyildi. 1950-y. larning oxiridan avangardizm taʼsiri koʻzga tashlana boshladi, eksperimental musiqa turlari tarqaddi. Hoz. davrda ommaviy va mumtoz musiqa bilan birga milliy musiqa turlari yoyilgan. Folklor musiqasini yigʻish, oʻrganish va tarqatishga alohida eʼtibor beriladi. 1970-y. larda karaoke (boʻsh orkestr) havaskorlar ijrochiligi paydo boʻlib, u aholi orasida juda ommalashdi. Kompozitorlardan Noda Teruyaki, Xatimura Yosio, Ikebe Sinitiro, ijrochi dirijyorlardan Abe Komei, Masasi Ueda, Vatanabe Akeo, Ivaki Xiroyuki, Moro Takasi, pianinochi Tanaka Keyko, skripkachi Kubo Yoko mashhur. Yaponiyada 20 dan ortiq simfonik orkestr, kamer cholgʻu ansambli, xor jamoalari va boshqalar bor. Tokioda Davlat musiqa akademiyasi (1887-yildan), 20-asr musiqasi instituti (1957-yildan), Milliy nafis sanʼat va musiqa unti, Toxo oliy musiqa maktabi faoliyat koʻrsatadi.
Teatr sarchashmalari qadimiy xalq dehqonchilik bayramlarida koʻrsatilgan tomoshalardan boshlanadi. 7—8-asrlarda gigaku va bugaku deb nomlangan musiqali raqs tomoshalari paydo boʻldi; ular yapon mumtoz teatrining shakllanishiga yordam berdi. 8—12-asrlarda sangaku musiqali raqs tomoshalari keng yoyildi. 12-asr boshlarida musiqali tomoshalarning yangi turlariʻ — dengaku va sarugaku rivojlandi. 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida yapon teatrining yangi turi — noo teatri (musiqa, raqs va dramatik harakatlardan iborat) vujudga keldi. 16-asr oxiri — 17-asr boshlarida Kiotoda dzyoruri qoʻgʻirchoq teatri va kabuki teatri, 19-asr oxiri — 20-asr boshlari teatrning yangi turlari — simpa va sinkokugeki paydo boʻldi. 20-asr boshlarida Yevropa teatri taʼsirida singeki teatr yoʻnalishi (hoz. drama teatri) shakllandi. 20-asrning 1-choragida Tokioda «Rodo gekidan» nomidagi birinchi ishchi teatri faoliyat koʻrsatdi. Keyinchalik Tokioda «Sukidzi syogekidzyo» va «Xayyudza» teatrlari vujudga keldi; ularning repertuaridan milliy dramaturglar Kobo Abe, Koyama Yusi pyesalari oʻrin oldi. 1947-yil «Mingey» teatri oʻz faoliyatini boshladi. Teatr qoshida «Mingey» kinostudiyasi ishladi. 1966-yil Tokioda «Kokuritsu gekidzyo» milliy teatr markazi tashkil etildi va u anʼanaviy janrlarni saqlash va rivojlantirishda muhim rol oʻynadi. Yaponiyaning zamonaviy teatr sanʼati anʼanaviy teatr (bugaku, noo, kabuki, dzyoruri) va Yevropa tipidagi teatr (drama, opera, balet)ga boʻlinadi. Bugaku teatrining anʼanalari mumtoz musiqa va raqsning rivojlanishida asos boʻldi. Teatr artistlaridan Kita Minoru, Xosyo Motomasa Kuro, Itimura Mandzeamon, Nakamura Kandzaburo, Nakamura Utaemon, Nakamura Bungori, Matsumoto Kosiro, Midzutani Yaeko, Simada Syogo, Tatsumi Ryutaro va boshqalar mashhur. Kinosi. Yaponiyada birinchi badiiy film 1899-yilsuratga olingan. 1903-yil Tokioda birinchi doimiy kinoteatr, 1908-yil birinchi kinostudiya tuzildi. 1923-yildan Kioto shahri kino markaziga aylandi. 1931-yil birinchi ovozli film («Qoʻshni ayol va xotinim», rej. Gosyo Xeynosku) yaratildi. 1936-yil Midzoguti Kendzi «Elegiya Naniva» va «Gionlik opasingillar» filmlarini yaratdi. 1930-y. larda «Yaponiya filmlar ishlab chiqarish boʻyicha jahonda 2-oʻrinni egallab turdi. Urushgacha boʻlgan kinofirmalar («Toxo», «Sinko» va boshqalar) ning asosiy filmlari militaristik mazmunda boʻlgan. Urushdan keyingi yillarda yapon kinosida Imai Tadasi, Yamomoto Satsuo, Kinosita Keysuke va boshqalar rej. lar ijodi bilan bogʻliq boʻlgan ilgʻor gʻoyalar oʻz aksini topdi. Ular oʻz filmlarida Xirosima fojiasi, mehnatkashlarning ogʻir hayoti haqida hikoya qildilar. 1950—60 yillardagi eng yaxshi filmlar: «Rasyomon» (1950), «Qizil soqol» (1964; ikkalasining rej. Kurasava Akira), «Har qalay biz yashayapmiz» (1951, rej. Imai Tadasi), «Xirosima bolalari» (1952) va «Yalang orol» (1960; ikkalasining rej. Sindo Kaneto). 1960-y. lardagi mashhur rej. lar: Yamamoto Satsuo, Koboyasi Masaki, Imai Tadasi. 1960—70-y. larda koʻproq hujjatli filmlar shuhrat qozondi. S. Ogava, N. Sutimoto, M. Miyagi kabi ijodkorlar oʻz filmlarida zamonning nizoli muammolarini koʻtarib chikdilar. 1958-yildan boshlab «Toey» kinokompaniyasi ishlab chiqara boshlagan multiplikatsion filmlar butun jahonga tarqaldi. 1970—80 yillarda yapon kinosi televideniye bilan raqobat natijasida inqirozli holatda boʻlsada, «19 yoshli yalangʻochlar» (1970, rej. Sindo Kaneto), «Jangchi sharpasi» (1982, rej. Kurosava Akira), «Loyqa daryo» (1981, rej. Koxay Oguri), «Narayama haqida afsona» (1983, rej. Imamura Soxey) kabi filmlar yaratildi. Keyingi yillarda T. Kitano, M. Syou, S. Ivai, N. Takenaka kabi mashhur kino ijodkorlari yetishib chiqdi. 1969— 96 yillar davomida namoyish etilgan «Janob Tora» seriali yaponlar orasida mashhur. Yapon kinosida Yamada Isudzu, Mifune Tosiro kabi aktyorlar shuhrat qozongan. «Nikkatsu», «Syotiku», «Toxo», «Toey» va boshqalar kinokompaniyalar faoliyat yuritadi.
Oʻzbekiston — Ya. munosabatlari. Ikki davlatning oʻzaro munosabatlari tarixi qadimiy asrlarga borib taqaladi. Buyuk ipak yoʻli orqali oʻzbek va yapon xalqlari oʻrtasida savdoiqtisodiy va madaniy aloqalar boʻlganligi i. t. larda ham oʻz tasdigʻini topmoqda. Olimlarning tadqiqoti va oʻzbekyapon arxeologik ekspeditsiyalari natijasiga koʻra, Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan Kushon podsholigining asosiy dinlaridan biri boʻlgan buddizm Oʻrta Osiyo xalqlari milliy qadriyatlari va anʼanalari bilan boyigan holda 6-asrda Xitoy va Koreya orqali Yaponiya orollarida tarqalgan. Oʻzbekistonda topilgan qadimiy budda ibodatxonalarining hoz. Yaponiya dagi ibodatxonalar bilan mushtarakligi namoyon boʻlmoqda.
Yaponiyaning birinchi poytaxti Nara shahridagi Xorudzi ibodatxonasi xazinaxonasida 8-asrda Samarqand va Toshkentda tayyorlangan osoriatiqalar, 9—10-asrlarga oid ud musiqa asbobi saqlanmoqda. Afrosiyobdagi arxeologik qazilmalar vaqtida topilgan va 12-asrga mansub nafis yapon chinni idishi ham oʻzbek va yapon xalqlari oʻrtasida aloqalar boʻlganini koʻrsatadi. Yaponiya 19-asrning 2-yarmidan Oʻrta Osiyo regioni bilan jiddiy qiziqa boshlagan. 1880-yilning yozida yapon diplomati Nisi Tokudziro (keyinchalik u tashqi ishlar vaziri boʻlgan) oʻlkamiz boʻylab sayohat qilgan. U Toshkent, Samarqand, Buxoro shahrilari va Fargʻona vodiysida boʻlgan. Buxoroda amir Muzaffar bilan uchrashgan. Bu hodisa yaponlarning musulmon oʻlkalari bilan dastlabki rasmiy aloqalaridan biri edi. 1886-yilda Nisi Tokudzironing «Turkiston sayohatnomasi» kitobi yapon tilida bosilib chiqqan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Oʻrta Osiyoga Yasumasi Fukusima, Kadzuo Otani, Masaji Inoue, Zuicho Toshibana kabi yapon tadqiqotchilari sayohat qilgan.
Oʻzbekiston Milliy un-tining Ilmiy kutubxonasida 1927—41 yillarda Yaponiyada chop etilgan kitob va jur. larning katta fondi mavjud. 1930-y. larda Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida pillachilik va tutchilik sohasida hamkorlik oʻrnatilgach, Yaponiyaga borgan bir guruh oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan bu sohadagi ilgʻor yapon tajribasi atroflicha oʻrganilgan va respublikada joriy qilingan. Yaponiyadan oʻnlab madaniylashtirilgan serbargli tut navlari va mahsuldor pilla qurtining urugʻlari keltirilib mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan. Bundan tashqari, ipakchilik sanoati ehtiyojlari uchun yapon mashina va uskunalari xarid qilingan. 1929-yil Oʻrta Osiyo un-ti prof. E. F. Poyarkov Yaponiyada pillachilar anjumanida maʼruza qilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 1920-y. larda Yaponiyaga borib qolgan Volgaboʻyi tatarlari orasida oʻzbeklar ham boʻlgan. Ular Tokio shahrida masjid qurilishi va islom dinini yoyilishida oʻz hissalarini qoʻshishgan. 1945-yildagi sovetyapon urushi natijasida asir olingan 24 mingga yaqin yapon 1945—50 yillarda Oʻzbekistonning Andijon, Buxoro, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida ushlab turildi. Ular koʻplab sanoat korxonalari, q. x., qurilish va boshqalar sohalarda mehnat qildilar. Jumladan, Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatr binosi qurilishida 600 ga yaqin yapon ishtirok etgan. Oʻzbekistonda vafot etgan 812 yapon fuqarosi respublikamiz hududidagi 13 qabristonda dafn etilgan. 1990-yil may oyida Toshkentning Yakkasaroy qabristonida 2-jahon urushi (1939—45) dan keyin Toshkentda vafot etgan 79 ta yapon harbiy asiri xotirasiga memorial oʻrnatildi.
1960—80 yillarda Ya. Oʻzbekistondan paxta tolasi, chigit, shirinmiya ildizi, asal, ipak va boshqalar mahsulotlar xarid qilgan. 1970-y. lar boshidan Yaponiya yiliga 190 mln. AQSH dollari hajmida paxta tolasi sotib olgan. Xususan, Sumitomo kompaniyasi 1971—93 yillar 547,3 mln. AQSH dollariga paxta tolasi xarid qilgan. Shu yillar Yaponiyaning qator kompaniyalari Oʻzbekistonning yengil, kimyo va neft sanoatini modernizatsiya qilishga jalb etildi. Fargʻona va Chirchiq shahrilarida ammiak ishlab chiqarish uchun yapon texnologiyalari oʻrnatildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Margʻilon, Namangan, Shahrisabz va Urganchdagi ipakchilik fkalarida Yamato firmasining pilla quritish mashinalari qoʻllandi. 1989-yil Oʻzbekistonda xorijiy firmalar orasida birinchi boʻlib Yaponiyaning «Chori» kompaniyasi oʻz vakolatxonasini ochdi.
Ilmiy va madaniy sohalarda ham oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Yapon va oʻzbek olimlari tomonidan zilzilani oldindan aniqlash, sanoat mahsulotlarini statistik qabul qilish nazorati usullari atroflicha oʻrganildi va amaliyotga tatbiq etildi. Ayniqsa, tarix, tilshunoslik va arxeologiya fanlari boʻyicha samarali hamkorlik amalga oshirildi. Itaro Kumatsuning yaponlar uchun «Oʻzbek tili» qoʻllanmasi (1978), «Oʻzbekcha soʻzlashuv» (1983), «Oʻzbekchayaponcha lugʻat» (1980, 1985) kitoblari koʻp ming nusxada nashr etildi. 1950—80 yillarda adabiyot sohasida ham salmoqli aloqalar boʻldi. Xususan, 1956-yil Oʻzbekistonga kelgan tanikdi yapon yozuvchisi va tarjimoni Man Inoue atoqli shoir Gʻafur Gʻulom bilan uchrashgan hamda Yaponiyada chop etilgan «Toshkentda bir oqshom» asarida oʻzbek va yapon xalqlari madaniyati, anʼana va turmush tarzidagi mushtaraklik haqida hikoya qilgan. Shu davrda Yosie Xotta, Kobo Abe, Yasunari Kavabata, Ryunoske Akutagava, Takeo Arisima, Masudzi Ibuse va boshqalar mashhur yapon ijodkorlarining 30 ga yaqin roman, qissa, sheʼr va hikoyalari oʻzbek tilida chop etilgan. Oʻz navbatida, Yaponiyada Alisher Navoiy, Sh. Rashidov, Zulfiya, Ramz Bobojon ijodi namunalari, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asari yapon tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr qilingan.
1991-yil Yaponiya OʻzR mustaqilligini tan olib, 1992-yil diplomatiya munosabatlari oʻrnatgach, 1992-yilda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi, 1996-yilda esa OʻzRning Tokiodagi elchixonasi oʻz faoliyatini boshladi. Ikki mamlakat oʻrtasida teng huquqli aloqalar oʻrnatildi. Oʻtgan 14 yil mobaynida ikki davlat oʻrtasida koʻplab rasmiy hujjatlar imzolandi. Shu davr davomida OʻzR Prezidenti I. Karimov 2-marta (1994, 2002) rasmiy tashrif bilan Yaponiyada boʻldi. Bundan tashqari, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari, hukumatning rahbar va masʼul xodimlari, Parlament delegatsiyasi va boshqalarning oʻzaro tashriflari amalga oshirildi. OʻzR Prezidenti I. Karimovning 1994-yilning mayida Yaponiyaga qilgan birinchi tashrifi oʻzaro siyosiy muloqotni faollashtirdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda OʻzR Prezidenti I. Karimovning 2002-yil 28—31-mayda Yaponiyaga qilgan ikkinchi rasmiy tashrifi muhim rol oʻynadi. Tashrif chogʻida 14 hujjat imzolandi. Bular qatoriga Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida doʻstlik, strategik sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarga koʻmaklashish haqida qoʻshma bayonot va boshqalar hujjatlar kiradi. Tashrif chogʻida I. Karimov Oʻzbekistonning Yaponiya bilan hamkorlik qoʻmitasi va Yaponiyaning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qoʻmitasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqsi. Qoʻmitalar tashkil etilib, uning birinchi qoʻshma majlisi 2004-yil iyulda Tokio shahrida oʻtkazildi.
Bugungi kunda Yaponiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan moliyaviy resurslarining umumiy qiymati 1,9 mlrd. AQSH dollariga yaqinlashdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonga 160 mln. AQSH dollari mikdorida begʻaraz va insonparvarlik yordami koʻrsatilib, u, asosan, maorif va sogʻliqni saqlash sohasiga sarflandi. Yapon sarmoyasi mamlakat iqtisodiyotining yoqilgʻienergetika, transport va kommunikatsiya, yengil sanoat tarmoqlarini, kadrlar tayyorlash va boshqalar sohalarni yuksaltirish, xususan, respublikaning telekommunikatsiya tizimini rivojlantirish, Toshkentdagi t. y. vagonlarini taʼmirlash z-di, Samarqand, Buxoro, Urganch shahrilari aeroportlarini modernizatsiya qilishga sarflandi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining imtiyozli qarzlari tufayli Koʻkdumaloq neftgaz konini jihozlash, Buxoro viloyatida neftni qayta ishlash z-dini qurish, Fargʻona neftni qayta ishlash z-dini modernizatsiyalash, Shoʻrtan gazkimyo majmuasini qurish, toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish ishlari amalga oshirildi. Gʻuzor — Boysun—Qumqoʻrgʻon t. y. ni qurishda ichki resurslar bilan bir qatorda Yaponiya sarmoyasi ham qatnashmoqda.
1993—2004-yillar qariyb 300 yaponiyalik mutaxassis iqtisodiyot, telekommunikatsiya, turizm, transport infratuzilmasi, ipakchilik sohalari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda faoliyat koʻrsatdi.
1994-yil mayda Toshkentda Oʻzbekyapon iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasi, Tokioda esa Yaponoʻzbek iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasi tashkil etildi. Yaponoʻzbek iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasi Yaponiyaning 30 ga yaqin yirik kompaniya, firma va banklarini birlashtiradi. Hozirgacha qoʻshma qoʻmitalarning 8 majlisi boʻlib, unda ikkala mamlakatdagi sanoat korxonalari, moliya muassasalari va tadbirkorlarining toʻgʻridantoʻgʻri aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ayni vaqtda Oʻzbekistonda 10 ta oʻzbekyapon qoʻshma korxonasi, 3 ta 100% Ya. sarmoyasi hisobidagi korxona, yapon kompaniyalarining 22 vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdoiqtisodiy aloqalar kengayib, 2004-yilda tovar ayirboshlash hajmi 102 mln. AQSH dollariga yaqin boʻldi. Oʻzbekiston Yaponiyaga paxta va ipak mahsulotlari, gazlama, noorganik kimyo mahsulotlari eksport qiladi, turli sayyohlik xizmatlari koʻrsatadi. Yaponiyadan esa elektr va mexanik uskunalar, kauchuk va rezina buyumlar va boshqalar oladi. «Oʻzbekiston havo yoʻllari» milliy aviakompaniyasi 2001-yildan Toshkent — Osaka, 2002-yildan Toshkent—Tokio yoʻnalishida doimiy havo qatnovini yoʻlga qoʻydi.
Yaponiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlaridan biri kadrlar tayyorlashdir. Hozirgacha respublikaning turli vazirlik va idoralaridan 800 ga yaqin kishi Yaponiyada tajriba orttirib qaytdi, 98 yosh mutaxassis Yaponiyaning yetakchi untlarida magistratura kursini bitirdi. 2000-yildan boshlab Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi stipendiyasi asosida yiliga oʻzbekistonlik 20 magistrant Yaponiyaga ikki yillik oʻqishga bormoqda. 2001-yil Toshkentda Oʻzbekiston — Ya. inson resurslarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Hozirgacha ushbu markazning biznes, yapon tili va kompyuter kurslarini 1500 dan ortiq kishi tugatdi. Umuman markaz oʻtkazgan turli madaniy-maʼrifiy dasturlarda 100 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.
Oʻzbekyapon ilmiy aloqalari ham kengayib bormoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona va boshqalar shaharlardagi oliy oʻquv yurtlarining oʻquv dasturiga yapon tilini oʻrganish ham kiritilgan. Oʻzbekiston FAning elektronika, seysmologiya, immunologiya, biokimyo, umumiy va noorganik kimyo, fiziologiya va biofizika, sharqshunoslik, arxeologiya intlari, «Botanika» ilmiyi. ch. markazi bilan Yaponiyaning tegishli unt, in-t va boshqa tashkilotlari oʻrtasida muntazam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, elektronika in-tida yaratilgan metallurgiya sohasiga oid ekologik toza texnologiya Yaponiyaning «Nippon stil korporeyshn» firmasi tomonidan litsenziyali shartnoma asosida sotib olingan. 1989— 98 yillarda Sanʼatshunoslik instituti xodimlari Soka un-ti prof. Kyudzo Kato boshchiligida Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanida joylashgan Dalvarzintepada buddizm yodgorliklarini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib bordilar.
Ikki mamlakat oʻrtasida madaniy aloqalar ham keng rivojlanmoqda. Xususan, Tokiodagi milliy nafis sanʼat va musiqa un-ti bilan hamkorlikda Toshkentda Xalqaro madaniyat karvonsaroyining ishga tushirilishi, «Jahon tinchlik qoʻngʻirogʻi»ning barpo etilishi, Yaponiya dagi bir qancha ijtimoiy tashkilotlar koʻmagida Osaka, Fukusima, Maebasi shahrilarida doimiy faoliyat olib boruvchi Oʻzbekiston madaniyat uylarining ochilishi bunga yorqin misoldir. Yaponiya va Oʻzbekistonda koʻplab koʻrgazma, takdimot, kinofestival, milliy musiqa va raqs guruhlarining konsertlari, shuningdek, 1996-yildan Oʻzbekistonda Yaponiya madaniyati kunlari muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
1996-yil OʻzR Prezidenti I. Karimovning «Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yoʻlida» va 1999-yil «Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarlari Yaponiyada yapon tiliga tarjima qilinib chop etildi. Davlatni boshqarish, oʻzbekyapon hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun OʻzR Prezidenti Yaponiya dagi Vaseda va Soka untlarining faxriy d-ri unvoniga sazovor boʻldi.
Oʻzbekyapon doʻstlik aloqalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun sanʼatshunos Ikuo Xirayama Oʻzbekiston Respublikasi BAning faxriy xorijiy aʼzosi etib saylandi (2002), prof. Kyudzo Kato va Vaseda un-ti prezidenti Takayasi Okushima OʻzRning «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan (2002). 2004-yil martda Tokiodagi Soka untida buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyga haykal oʻrnatildi ^haykaltarosh R. Mirtojiyev). 2004-yil Oʻzbekistonga 3000 yapon sayyohi kelgan. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga Yaponiyada «YaponiyaOʻzbekiston» doʻstlik jamiyati (|998-yil tashkil etilgan), FukusimaOʻzbekiston iqtisodiy va madaniy aloqalar uyushmasi, «FukuokaOʻzbekiston» jamiyati, «OtaToshkent» doʻstlik jamiyati, OʻzRda «OʻzbekistonYaponiya» doʻstlik jamiyati (1999-yil tashkil etilgan) munosib hissa qoʻshib kelmoqda. 2002-yil apr. da Yaponiya parlamentida mamlakatning nufuzli siyosiy arboblari Taro Aso, Yosiro Mori va boshqalar tashabbusi bilan «Yaponiya liberaldemokratik partiyasi — Oʻzbekiston» doʻstlik ligasi tashkil etilgan.
Siroj Azizov.
Ensiklopediya.uz
Yaponiya