YEM-XASHAK BALANSI haqida

YEM-XASHAK BALANSI haqida

YEM-XASHAK BALANSI

YEM-XASHAK BALANSI — xoʻjalikdagi mavjud yem-xashak miqdorini unga boʻlgan ehtiyoj bilan qiyoslash. Odatda, u chorva mollarining belgilangan davrda yem-xashak bilan qanchalik taʼminlanganligini aniqlash, agar kamchil boʻlsa, uni tayyorlash tadbirlarini koʻrish maqsadida kelgusi yil uchun, shuningdek, istiqbol rejaga asosan bir necha yilga moʻljallab tuziladi. Yem-xashakka boʻlgan ehtiyoj chorva mollarining mikdorini va yoshini hisobga olgan holda, ularni toʻgʻri boqishdagi ilmiy koʻrsatmalarga asosan belgilanadi. Mavjud yem-xashak molxonada boqish davrida saqlashga qoʻyilgan yem-xashak miqdoriga va yem-xashak ekinlari hamda yaylovlar maydoniga, ulardan olinadigan hosilning salmogʻiga qarab aniqlanadi. Keyin turli xil yem-xashak miqdori alohida hisoblanib, uning qancha ozuqa biryaigita tengligi va tarkibidagi hazm boʻladigan oqsil miqdori aniqlanadi. Ye.-x. b. ning kirim va chiqim qismlari bor, kirim qismida yil boshidan qolgan ozuqalar qoldiqlari, xoʻjalikda ishlab chiqarilgan ozuqalar, mollarni oziqlantirishga yaroqli chiqindilar va boshqa xoʻjaliklardan olinadigan ozuqalar (oshxona va sanoat chiqindilari); chiqim qismida chorva mollarining rejalashtirilgan davrdagi yem-xashakka boʻlgan ehtiyoji va boshqa xoʻjaliklarga sotish moʻljallangan yem-xashak miqdori, ozuqaning ehtiyoj foizi koʻrsatiladi. Mavjud yem-xashak miqdori yem-xashakka boʻlgan ehtiyojga teng kelishi kerak. Ye.-x. b. yozgi va kishki davrlarga aloxida tuziladi. Bu davrlarning davomiyligi xoʻjalik joylashgan hududning tabiiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi.

Ye.-x. b. mollar turlari va ularning sut mahsulotlariga, tirik vazni, yoshiga qarab alohida guruhlar boʻyicha (Mas, sigirlar, gʻunajinlar, buqalar, 1 yoshgacha boʻlgan buzoqlar, boʻrdoqiga boqilayotgan soʻqimlar) mol boshi sonini davrlar boʻyicha kunlarga koʻpaytirilib, ozuqakun miqdori, soʻngra ozuqa turlariga koʻra sutkalik ratsionini ozuqa-kun miqdoriga koʻpaytirib umumiy ozuqa miqdori topiladi. Ye.-x. b. ozuqalarning tabiiy holati, ozuqa birligi, hazm boʻluvchi protein boʻyicha ham tuziladi. Ye.-x. b. kelasi yillar uchun ozuqa bazasini mustahkamlash va uni rivojlantirish rejasi hamdir.

Kaudenbay Karibayev.

Ensiklopediya.uz
YEM-XASHAK BALANSI