Gemokontakt infektsiyalar profilaktikasi
Gemokontakt infektsiyalar profilaktikasi
DO`STLARGA ULASHING:
Tez-tez oʼziga qon va qon komponentlarini quyadigan odamlar aslida xavfli guruhga mansub boʼlishadi. Kasalliklarning qon yoki qon komponentlari orqali yuqishi (gemokontakt) bugungi kunda uchrayotgan jiddiy holat hisoblanadi. OIV/OITS, gepatit V, gepatit S kasalliklari gemokontakt infektsiyalar sirasiga kiradi va xavflilik darajasi yuqoridir.
Faqat odamlarda uchraydigan yuqumli kasallik OIV virusi organizmda butun umr saqlanib qoladi va uning yashirin davri bir necha oydan 5-10 yilgacha choʼziladi. Virusni yuqtirib olgan shaxslar dastlab sogʼlom koʼrinishadi, ularda uzoq paytgacha kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Аynan shu davr ancha xavfli hisoblanib, OIVni yuqtirib olgan shaxslar oʼzlari bilmagan holda boshqalarga yuqtirishi mumkin.
OIV infektsiyasida oʼz meʼyorida ishlab turgan immun tizimi (kasalliklarga qarshi kurashish xususiyati) yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Virus organizmda tinimsiz koʼpayib, asta-sekin immun tizimini mutlaqo ishdan chiqaradi. Tegishli davo choralari koʼrilmasa, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) rivojlanadi. Bu davrda organizm turli xil yuqumli kasalliklarga beriluvchan boʼlib qoladi.
OIV infektsiyasi, gepatit V, gepatit S gemokontakt usulda (yaʼni teri va shilliq qavatlar butunligining buzilishi bilan kechadigan muolajalar paytida) yuqishi mumkin. Masalan:
OIV infektsiyasi bilan zararlanganda;
tekshirilmagan qon va qon mahsulotlari bemorlarga quyilganda;
aʼzo va toʼqimalar koʼchirib oʼtkazilganda;
nosteril tibbiy va notibbiy asboblardan foydalanilganda (qon qoldiqlari mavjud boʼlgan ustara, manikyur, pedikyur, kosmetologik asbob-anjomlar, bir martalik shpritslar qayta ishlatilganda) yuqish xavfi koʼproq boʼladi.
Kishilarimiz davolash-profilaktika muassasalariga u yoki bu muolajani olish boʼyicha murojaat qilishganda albatta bir martalik shprits, sistema, qoʼlqoplardan foydalanilishiga, shuningdek maishiy xizmat shoxobchalarida ishlatiladigan asbob-uskunalarning sifatliliga alohida eʼtibor qaratishlari zarur. Umuman, OIV infektsiyasi, gepatit V, gepatit S kabi kasalliklardan saqlanish uchun quyidagilarga amal qilinishi zarur:Maishiy xizmat shaxobchalarida sochsoqol olish, manikyur, pedikyur, kosmetologik, tatuaj muolajalarini olish paytida ishlatilayotgan asbob-uskunalarni sterillanganligiga ishonch hosil qilish.
Uy sharoitida faqat shaxsiy ustara, tish choʼtkalari va boshqa shaxsiy gigiena vositalaridan foydalanish.
Tibbiy muolajalar olish zaruriyati tugʼilganda faqatgina steril, bir marotaba ishlatiladigan asbob-anjomlardan foydalanish.
Demak, hech birimiz salomatligimizga beparvo boʼlmasligimiz zarur. Shundagina tasodifan kasallik yuqishi xavfi bizdan yiroqlashadi.Bahodir АVEZOV,
Buxoro viloyat OITSga qarshi kurash markazi
uslubiy, profilaktik va epidemiyaga qarshi
ishlarni tashkil etish boʼlimining
epidemiolog shifokori.
Gemokontakt infektsiyalar profilaktikasi