YANGI YULDUZLAR haqida

YANGI YULDUZLAR haqida

YANGI YULDUZLAR

YANGI YULDUZLAR — toʻsatdan portlaydigan, portlashi chaqnab ketish va qobigʻini tashlash bilan yuz beradigan hamda ushbu qobigʻi juda katta tezlik (koʻpincha bir necha 100 km/sek dan to 1000 km/sek gacha) bilan kengayadigan yulduzlar. Ayrim hollarda qobiqning kengayishi undan ham katta tezlikda sodir boʻladi. Mas, Burgut turkumidagi yangi yulduz 1918-yilda chaqnab, qobigʻi 1700 km/sek tezlik bilan kengayishi aniklangan. Keyinchalik (1922, 1926 va 1931-yillarda) olingan fotosuratlarda gaz qobigʻi ham kengayib borayotgani kuzatilgan. Oʻsha va boshqa fotosuratlar bilan olib borilgan oʻlchashlar shuni koʻrsatadiki, qobiqning radiusi taxm. yiliga 1» kattalashib borgan. Ushbu yangi yulduzgacha boʻlgan masofa 1200 yorugʻlik yiliga teng chiqqan. Portlagunga qadar uning ravshanligi taxm. +5 boʻlsa, portlagandan keyin uning ravshanligi maksimumga (—8t ga) yetgan.

Yangi yulduzlarda maksimum ravshanlik (yorqinlik) ka erishish toʻsatdan (atigi bir necha oʻn soatda) yuz bersa, maksimumdan keyingi pasayish juda sekin (bir necha oy, yil va hatto oʻn yillarda) roʻy berib, oʻz holiga uzoq muddatda qaytadi. Yangi yulduzlar «sekin» va «tez» oʻz holiga qaytuvchi turlarga boʻlinadi. Mas, yuqoridagi Burgutning yangisi «tez» yangi yulduz, 1934-yilda portlagan Gerkulesning yangisi esa «sekin» rivojlanuvchi yangi yulduz hisoblanadi.

Koʻpchilik Yangi yulduzlar bizdan juda uzoqda joylashgan. Ularning mutlaq kattaliklari Quyoshnikiga teng boʻlsa ham koʻrinish darajalari 10—15-marta kuchsiz hisoblanadi. Portlaganidan soʻng yangi yulduz asta-sekin oʻzining dastlabki holatiga albatta qaytadi. Bizning Galaktikamizda kuzatiladigan Yangi yulduzlar paydo boʻlishi hodisasi va oddiy chaqnashi yiliga 20—30 tani tashkil qiladi. Aslida esa Galaktikamizda yiliga yuzdan ortiq Yangi yulduzlar hodisasi sodir boʻladi. Yangi yulduzlar qayta chaqnab yana «yangi» jarayon roʻy berishi mumkin.

Mas, Shim. tojning T si (1866, 1966-yillarda chaqnagan), Kompasning T si (har 20 yilda chaqnab turadi) qayta Yangi yulduzlar hisoblanadi. Barcha yudduzlar portlashlari ichida eng samaralisi oʻta Yangi yulduzlarning portlashi hisoblanadi. Agar normal yangi yulduz portlaganda oʻz ravshanligini taxm. 500 000-marta oshirsa , oʻta yangi yulduzning ravshanligi (chaqnashi) 100 000 000-marta oshadi. Uning maksimumdagi mutlaq qiymati kamida — 16t,5 ga teng. Hisoblashlar va kuzatuvlarga koʻra, Galaktikada oʻta yangi yulduz taxm. 400-yilda bir marta paydo boʻladi. Yangi va oʻta Yangi yulduzlar hodisalari boshqa galaktikalarda yaxshi kuzatiladi.

Salohiddin Nuritdinov.

Ensiklopediya.uz
YANGI YULDUZLAR