Orttirilgan endometrioz
Orttirilgan endometrioz
DO`STLARGA ULASHING:
Endometrioz (bachadon shilliq qavati boʼlmish endometriyning atrofdagi toʼqimalarga oʼsib kirishi) ayollar kasalliklari oʼrtasida uchrashi boʼyicha yuqoriroq oʼrinda turadi. Endometrioz koʼpincha orttirilgan boʼladi. Operatsiya vaqtida yoki qorin boʼshligʼi atrofida notoʼgʼri muolajalar oʼtkazilganda (masalan, shifokor ruxsatisiz qorin boʼshligʼini massaj qilishda, bugʼlash, issiqlik qilish va boshqalarda) endometriy joyidan koʼchib, tananing boshqa joyiga yoki jinsiy aʼzolarning boshqa qismiga tushadi va u yerda vaqtivaqti bilan (hayz oldidan va hayz paytida) suyuqlik chiqarib turadi. Bu orttirilgan endometriozdir.
Kasallikni davolash uchun, avvalo, dard sababini aniqlash kerak. Shu maqsadda kichik chanoq aʼzolari hayzning 5-7 kunlarida va 20-22 kunlarida UTT yordamida tekshiriladi va magnit rezonansli tomografiya orqali endometriozning “kichik” sohalarini aniqlash mumkin. Bachadon rentgenda koʼriladi, koʼrsatma asosida biopsiya qilinadi. Kasallikning bir qancha turlari endometrioz oʼchoqlari joylashishiga qarab farqlanadi.
Jinsiy aʼzo endometriozida jinsiy aʼzo bilan qovuq yoki toʼgʼri ichak oʼrtasida doʼmboqchalar hosil boʼladi, qaytalab turadigan qon oqishlar tufayli endometriomalar qora-qoʼngʼir tusga kiradi. Borgan sari koʼp qon yoʼqolavergach, ayolning ahvoli yomonlashadi, kamqonlik kuzatiladi. Shuningdek yot toʼqimaning rivojlanishi chandiqlar (bitishma) hosil boʼlishiga va fiziologik jarayonlarning buzilishiga olib keladi.
Oʼsimlikning uzun ildizi har tomonga tarmoqlab ketganini tasavvur qiling. Endometriozda bachadon shilliq qavati ham xuddi shu singari mushak qavat hujayralariga, tuxumdon, bachadon naylari, baʼzan esa siydik pufagi va ichakka oʼsib kiradi. Qon bilan toʼlgan ayrim pufakchalar (endometriomalar) oʼz atrofidagilarga “payvandlanib”, asta-sekin koʼp joyni egallay boshlaydi. Hatto, baʼzan limfa qon oqimi bilan to oʼpkagacha yetib boradi.
Tashxis qoʼyilgach, yalligʼlanishni yoʼqotadigan davo usullari qoʼllaniladi. Immun tizimi ishini yaxshilovchi dori-darmonlar, baʼzi hollarda gormonal terapiya buyuriladi. Ogʼriq qoldirish uchun nosteroid preparatlar ham yaxshi foyda beradi. Lekin bunday muolajalar kasallikning oʼzini emas, balki alomatlarini yoʼqotadi. Shuning uchun ham endometriozga qarshi gormonal vositalar qoʼllaniladi, ular endometrioz oʼchoqlari hosil boʼlishining oldini oladi. Lekin hamma dori-darmonlar qoʼshimcha asoratlarga ega. Shu sababli dorilarni ayol oʼz-oʼzicha qoʼllamasdan shifokor maslahatiga koʼra qabul qilishi shart.
Yosh juvonlar bilish muhimki, homiladorlik endometriozning eng yaxshi davosi hisoblanadi. Chunki homiladorlikda organizmning oʼzi zarur gormonlarni ishlab chiqarib, bu boradagi tanqislik oʼrnini toʼldiradi. Koʼz yorigandan soʼng endometrioz oʼz-oʼzidan oʼtib ketadi va ayol tuzala boshlaydi.
Zaynabjon ELMURODOVА,
Toshkent shahar Uchtepa tuman koʼp tarmoqli
markaziy poliklinikasi akusher-ginekologi.
Orttirilgan endometrioz