YOQUBOV haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
YOQUBOV haqida malumot bilib oling.

YOQUBOV Odil (1926.20.10, hoz. Janubiy Qozogʻiston viloyati Qarnoq qishlogʻi) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1985). 2jahon urushi qatnashchisi. ToshDU filologiya ftini tugatgan (1956). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1955—59), «Literaturnaya gazeta»ning Oʻzbekistondagi maxsus muxbiri (1959—63; 1967— 70), «Oʻzbekfilm» kinostudiyasi va Oʻzbekiston davlat kinematografiya qoʻmitasida bosh muharrir (1963— 67), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari (1970—82), «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gaz. bosh muxarriri (1982—87), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi (1987—91), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasi raisi (1991-y. dan) va ayni vaqtda Markaziy Osiyo xalklari madaniyati Assambleyasining birinchi vitseprezidenti (1995 i. dan). Dastlabki asari — «Tengdoshlar» qissasi 1951-y. da eʼlon qilingan. «Dastlabki kadam» (1953), «Ikki muhabbat» (1955) hikoyalar toʻplami, «Tilla uzuk» (1961) qissa va hikoyalar toʻplamida muhabbatni insonga xos ulugʻ, muqaddas xislat sifatida tasvirlaydi. «Muqaddas» qissasida (1960) Yoqubovning chinakam yozuvchiga xos uslubi va yoʻli namoyon boʻldi. Mazkur asarda xudbinlik yoʻliga tusha boshlagan yigitning toʻgʻri yoʻlga qaytishi masalasi qalamga olingan. «Er boshiga ish tushsa…» romani (1966) 2jahon urushi davridagi front orqasidagi hayot, mehnat qahramonliklari, xalqimizning vatanparvarligi va mardligi haqida. «Bir felyeton qissasi» (1961), «Qanot juft boʻladi», «Matluba» (1970) qissalari va koʻpgina hikoyalarida yoshlarning turmushda yuz bergan ziddiyatlarga qarshi mardonavor kurashi, muhabbati tasvirlangan. «Ulugbek xazinasi» romani (1973) olim va hukmdor Ulugbek davridagi ijtimoiy munosabatlar, olis oʻtmishimizdagi nur va zulmat oʻrtasidagi kurash haqidagi asardir. Romanda ayanchli takdirlar, fojialar koʻp, ammo optimistik ruh — inson tafakkuri va ezgulikning tantanasiga ishonch bor. «Koʻhna dunyo» (1982) romanida oʻrta asrda yashab jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan olimlar Ibn Sino va Beruniyning fojiali taqdiri qalamga olingan. «Diyonat» (1977), «Oq qushlar, oppoq qushlar» (1988), «Adolat manzili» (1998) romanlarida oʻzbek xalqining 20a. ning 60—70y. laridagi hayoti va kurashi manzaralari haqqoniy tasvirlangan. Garchi bu asarlarning asosiy qahramonlari turli sohalarning vakillari, xarakterlari ham turlicha boʻlsada, taqdirlari, maqsad va intilishlari bilan birbirlariga oʻxshaydilar. Ular nopob tuzumda yashab koʻp nohaqliklarni, fojialarni boshdan kechirgan, ammo tinmay mehnat qilgan va kurashgan, milliy mustaqillik poydevorini qurgan, mustahkam irodali, mard va olijanob insonlardir. Yoqubov mazkur romanlari bilan oʻzbek nasridagi ijtimoiy ruh, keskin konflikt, xarakterlar, psixologizmni sezilarli darajada kuchaytirdi, uni yangi xarakterlar, yangi badiiy xulosalar bilan boyitdi. Yoqubov «Chin muhabbat» (1955), «Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi», «Yurak yonmogʻi kerak» (1958), «Olma gullaganda» (1961), «Muzaffar Temur» (1996), «Bir koshona sirlari» (2000) kabi pyesalar, «Dilbarim», «Baqor yomgʻirlari» kinossenariylari (1971) muallifi. Yoqubov mohir tarjimon, munaqqid, publitsist. Uning Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov va b. ijodiga bagʻishlangan adabiy portret va maqolalari bor. Asarlari chet tillarga, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillariga tarjima qilingan. Yoqubov ijodi haqida adabiyotshunoslar Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Leonid Terakoyan, Umarali Normashov, Norboy Xudoyberganov, Botir Norboyev va b. ilmiy tadqiqot ishlari qilishgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureata (1977), «Doʻstlik» (1994), «Elyurt hurmati» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.

Ac: Saylanma [3 jildli], T., 1987. Ad.: Qoʻshjonov M., Hayot va mahorat, T., 1962.

Habibullo Bektemirov, Alinazar Egamnazarov.

Ensiklopediya.uz
YOQUBOV