DEVALVATSIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DEVALVATSIYA haqida malumot bilib oling.

DEVALVATSIYA (de va lot. valeo — qiymat) — milliy pul birligi kursining chet el valyutalari (erkin almashtiriladigan valyutalar, xalqaro hisob birliklari)ga nisbatan pasaytirilishi. Devalvatsiya davlat tomonidan rasmiy ravishda eʼlon qilinadi va qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Devalvatsiya mamlakat savdo va toʻlov balansining keskin yomonlashuvi, valyuta rezervining holdan toyishi, xalqaro valyuta bozorlarida milliy valyuta kursining pasayishi bilan bogʻliq holda yuz beradi. Uning ochiq Devalvatsiya (D. hukumat tomonidan qonun yoʻli bilan rasman eʼtirof qilinadi, eski qogʻoz pulning bir qismi muomaladan chiqariladi yoki kadrsizlangan pul almashtiriladi) va yashirin Devalvatsiya (qogʻoz pulning qadrsizlanishi, oltin taʼminotining kamayishi yuz beradi, lekin pulning bir qismi muomaladan olinmaydi) koʻrinishlari bor. 1978-y. gacha jahon mamlakatlari valyutalarining rasmiy qiymati ularning oltin taʼminotini taqqoslash orqali aniqlanar edi. 20-a. ning 70-y. lari oxiridan (xalqaro kelishuvga muvofiq) barcha qadri baland valyutalardagi oltin nisbatlari bekor qilindi va Devalvatsiya u yoki bu chet el valyutasi (odatda, AQSH dollari, Germaniya markasi, ingliz funt sterlingi va b.)ga nisbatan pasaytirish yoʻli bilan amalga oshiriladigan boʻldi. Mac, 1990-y. 1 noyab. dan sobiq Ittifoqda amalda boʻlgan rubl AQSH dollariga nisbatan 1,8=1 dollar nisbatida Devalvatsiya qilindi.

Devalvatsiya hodisasi hoz. rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning bankmoliya tizimida tez-tez uchrab turadi. 1998-y. da Jan.-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Rossiya va b. da yuz bergan moliyaviy tanglik oqibatida bu mamlakatlarning milliy valyutalari dollarga nisbatan qisman Devalvatsiya qilindi (yana q. Revalvatsiya).

Ensiklopediya.uz
DEVALVATSIYA