DOGʻ haqida malumot bilib oling.
DOGʻ, dogʻ tushishi (oʻsimliklarda) — q. x. ekinlarining barg, poya, meva va b. qismlarida nobud boʻlgan hujayralardan vujudga kelgan dogʻ bilan tavsiflanuvchi kasallik. Nekrozlarnij bir koʻrinishi. Dogʻ tuproqda oziq moddalarning yetishmasligidan, sanoat chiqindi gazlarining havoni ifloslantirishidan, oʻsimliklarning kuyishi, zamburugʻlar (q. Zamburugʻli kasalliklar), bakteriyalar (q. Bakterial kasalliklar), viruslar (q. Virusli kasalliklar) bilan kasallanishi va b. dan paydo boʻladi. Dogʻ hosil qiluvchi qoʻzgʻatuvchilar, odatda, toʻqimalarga tarqalish jarayonida oʻsimlik-xoʻjayin tomonidan koʻrsatiladigan mexanik va kimyoviy toʻsiqqa duch keladi. Mexanik toʻsiq sogʻlom va kasallangan toʻqimalar oʻrtasida hosil boʻlib, infeksiya oʻchogʻini chegaralab qoʻyadigan poʻkak katlam koʻrinishida namoyon boʻladi. Kimyoviy toʻsiq oʻsimlikning kasallangan va unga qoʻshni hujayralarida parazit uchun zaharli boʻlgan fenolli moddalarning toʻplanishi bilan bogʻliq. Dogʻning tashki koʻrinishi parazit bilan oʻsimlikxoʻjayining oʻzaro munosabatiga bogʻliq boʻlib, ularning oʻziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Patogen oʻsimlikka kirganda himoya reaksiyasi kuchli boʻlsa, unda mayda nekrotik Dogʻ vujudga keladi va parazitning rivojlanishi toʻxtaydi. Agar himoyalanish sust boʻlib, yuqumni chegaralab qoʻyishga kuchi yetmasa, unda Dogʻ hajmi asta-sekin kattalashib boradi (mas, gʻoʻza, pomidor, kartoshkada makrosporioz, lavlagi fomozi va b.) – Baʼzan Dogʻda kon-sentrik halqa koʻrinishidagi toʻxtab turuvchi zona koʻzga yaqqol tashlanadi (zonal Dogʻ) – Patogen zamburugʻlar keltirib chiqaradigan turli shakl hamda rangdagi quruq Dogʻ yuzasida zamburugʻ sporalarini kuzatish mumkin. Bakterial Dogʻ mayda, rangsiz hoshiya bilan oʻralgan boʻlib, baʼzan ulardan yelimshak tomchilar chiqib turadi (mas, gʻoʻza gommozi). Virusli Dogʻ barg tomirlari boʻylab joylashadi yoki oʻziga xos halqalar, shakllar hosil qiladi. Dogʻ rangi qizil, toʻqqoʻngʻir, kulrang, qora, oq boʻlishi mumkin. Dogʻ barg, meva, poya qismlarining qurib qolishiga sabab boʻlib, oʻsimlikning fotosintetik sathini kamaytiradi va hosildorlikni pasaytiradi.
Qarshi kurash choralari havola koʻrsatilgan maqolalarda berilgan.
Abdukarim Zikiryoyev.
Ensiklopediya.uz
Dogʻ