Do‘lana
O‘lkamizda do‘lananing uch turi iste’mol qilinadi. Farmatsevtika sanoatida asosan qizil, sariq rangli do‘lanadan foydalaniladi. Uning mevalari turiga qarab qizil, sariq va qora rangli bo‘ladi. Bu daraxtning bargi, gullari va mevalari shifobaxshdir. Uning bir hovuchi iste’mol qilinsa, kun bo‘yi kishini nafaqat tashnalik, balki ochlikdan ham asraydi. U insonga yaxshi kayfiyat, bardamlik va quvvat baxsh etadi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, do‘lanani lotin tilida “gratas” (kuchli) deb ataydilar. Meva tarkibida 20 foiz qand, 8 foiz yog‘, flavonoidlar, xolin, atsetilxolin, oshlovchi moddalar, karotin, S vitamini, organik kislotalar kabi moddalar mavjud. O‘zbekiston sharoitida o‘sadigan do‘lananing ba’zi turlarida V1, V2, RR, S, Ye vitaminlari borligi aniqlangan. Ko‘pgina xalqlar xalq tabobatida do‘lana ich ketish, toliqish, aqliy horg‘inlik, uyqusizlik va asabiylashganda qo‘llaniladi. Shuningdek, bu meva yurak og‘riganda, klimaks davrida, revmatizm asoratidan paydo bo‘lgan revmokarditda, aterosklerozda, qon bosimi oshganda, bosh aylanishi, yo‘talda ham iste’mol qilinadi. Hozirda farmatsevtika sanoatida do‘lana gullaridan tayyorlangan tindirma va turli boshqa giyohlar bilan birga tayyorlangan dori vositalari ateroskleroz, nevroz, asab tizimi va yurak qon tomir kasalliklarida keng foydalanilmoqda. Eslatma: Do‘lanani och qoringa iste’mol qilmaslik kerak. Chunki, u ichakni siqib, kishini qayt qildiradi. Bu mevani iste’mol qilgandan keyin ustidan sovuq suv ichish mumkin emas. Aks holda u me’da-ichaklar sanchig‘iga sabab bo‘lishini unutmang. Shuningdek, uni ortiqcha iste’mol qilish buyrakka zararlidir. Yana me’da-ichakni zaiflashtirib, qulanj (kolit) xastaligi, ko‘ngil aynishi, qayt qilishni paydo qiladi. Mevaning qaynatma, damlama, qiyom va undan tayyorlangan dori vositalari bilan davolanish faqat shifokor maslahati bilan va uning nazorati ostida qo‘llanishi lozim. Fazilat Sa’dullayeva, 1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi soglom.uz/tavsiya/dolana/Do‘lana
DO`STLARGA ULASHING:
Do‘lana