Temur Malik haqida
DO`STLARGA ULASHING:
Temur malik (12-a. oxiri 13-a.ning 1-yarmi) — xorazmshoh Muhammad hukmronligi davrida Xoʻjand hokimi, Jaloliddin Manguberdining yaqin safdoshi, moʻgʻullar istilosiga qarshi kurash olib borgan sarkarda, xalq qahramoni.
1219-yilning dekabrida 3 kunlik jangdan keyin Banokatni egallagan Uloq noʻyon boshliq 5 ming kishilik moʻgʻul qoʻshini Xoʻjandni qamal qilishga kirishadi. Temur Malik ilgariroq har ehtimolga qarshi Sirdaryo oʻrtasidagi orolda, suv 2 shoxga boʻlinib oqadigan joyda, bir mustahkam qalʼa qurdirib qoʻygan edi. Moʻgʻul qoʻshini son va qurol-aslaha jihatdan ustun boʻlgani bois shaharni mudofaa qilish qiyinlashadi. Natijada, Temur Malik1000 kishilik otryadi bilan 1220-yilning aprelida orolga koʻchib oʻtadi va tezlikda qalʼani jangga tayyorlashga kirishadi. Shahar va qalʼa atrofini dushman halqa qilib oʻrab oladi. Manjaniqdan otilgan toshlar orolga yetmagandan soʻng moʻg’ullar xoʻjandlik yoshlar va ilgari olingan asirlardan xashar tarzida foydalanishga qaror qiladilar. Taxminan 50 ming hasharchi tevarak’atrofdan tosh, shoh-shabba va xashak keltirib daryoga tashlaydi, moʻgʻullarning 20 ming kishilik qoʻshini esa jangga kirishadi. Temur Malik usti namat hamda sirkali loy bilan suvalgan, oʻq otish uchun darchalari bor kemalar yasatadi. Kunda tongda har ikki tomonga 6 tadan kemada suzib kelib, yovga qirgʻin keltiradi. Oxir oqibat vaziyat tanglashgach, Temur Malik orolni tashlab ketishga majbur boʻladi. U qolgan askarlari va yuklari ortilgan 70 qayiqda Sirdaryoning quyi oqimi boʻylab suzib ketadi. Barchinligʻkent (Qiziloʻrdadan taxminan 50 km jan.da boʻlgan) yaqinida moʻgʻullar daryoni toʻsib qoʻyadilar. Temur Malik qirgʻoqqa tushib, dushman bilan jang qiladi. Koʻp talafot berib, yolgʻiz oʻzi Qizilqum choʻli orqali 1220-yilning yozida Xorazmga yetib keladi. Askar toʻplab Joʻjixon qoʻshiniga kuchli zarba beradi. Kasba (Yangikent) shahrini moʻgʻullardan ozod qiladi. Ammo, saltanatda yuzaga kelgan mushkul siyosiy vaziyat tufayli Xorazmni tark etadi. Temur Malik 1222—32 yillar davomida Sulton Jaloliddin bilan birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurash olib boradi. Jaloliddin halokatidan keyin oʻz yurtiga qaytadi. 9 yillik Vatangadolikdan soʻng Temur Malik qo’shin yig’ib, Xo’jand atrofiga qaytadi va shaharga xujum qilisjidan bir kun oldin moʻgʻullar tomonidan qoʻlga olinadi va qatl qilinadi.
Temur Malik jasorati haqida Mirmuhsin «Temur Malik» romani (1986)ni yozgan.
Ashrafiy «Temur Malik» nomli simfonik poema (1963) yaratgan va Navoiy teatrida uning «Temur Malik» baleti (1970) qoʻyilgan.
Toshkent shahridagi shoh koʻchalarning biriga Temur Malik nomi berilgan.
Temur Malik haqida
Related Posts