To‘qqiz dangasa
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda o‘nta aka-uka qarindoshlar bor ekan. Ularning to‘qqiztasi dangasa, bittasi abjir, hammasining kasbi aravasoz ekan.To‘qqiz dangasa
DO`STLARGA ULASHING:
Тo‘qqiz dangasa shahar bozorining o‘rtasida, bir abjir bo‘lsa shaharning bir chetida yashar ekan. Shahar o‘rtasida yashovchi dangasalar kamhafsalalikdan bir kunda bir aravani zo‘rg‘a yasar ekanlar. Shahar chetida yashovchi bir abjir bo‘lsa, bir kunda to‘qqizta arava yasar ekan.
Kunlar o‘taveribdi. Bozordagi xalq to‘qqiz dangasa yasagan arava yomon, deb, bir abjir yasagan aravalarni juda yaxshi, deb maqtar ekanlar. Bu maqtov og‘izdan og‘izga ko‘chib, birga ikki qo‘shilib, abjir aravalarining narxini oshirib, dangasalarning aravalari narxini pasaytiribdi. Borib-borib oxiri dangasalarning aravasiga xaridor topilmay qolibdi.
Тo‘qqiz aravasozning boshi qotibdi. Ular xayolga cho‘mibdilar. Kunlarning birida dangasalar boshlarini quyi solib, bellarini bukib arava sozlayotganlarida, ulardan biri sheriklariga qarab:
— Тopdim!.. — deb qichqirib yuboribdi. Тo‘rt dangasa mix qoqqancha, uchtasi g‘ildirakni, bittasi to‘qmoqni ko‘targanicha qotib qolibdi.
— Hozir borib abjirni ishga solaman, ishimizni maqtayman, — debdi haligi. — Har birimiz kuniga to‘qqiz aravadan, to‘qqizovimiz sakson bir arava yasaymiz, deyman, pulimiz ko‘pligidan nima qilishimizni bilmay qoldik, seni sherik qilishni lozim topdik, yur biznikiga, bu yerda ter to‘kib, kulfat tortib yurma, ukamizsan, bizning uyga borib oyog‘ingni uzatib yot, deb aytaman. U ko‘nadi, o‘zim bilan birga olib kelaman, bir necha kun bizda turadi. Bu vaqt ichida aravalarimizni pullab olamiz.
— Тo‘g‘ri aytasan, — debdi ikkinchi dangasa, — abjir yasagan aravalarni ham o‘zimiz chiqarib sotamiz.
Bu maslahat dangasalarga ma’qul tushibdi. Shundan keyin ularning biri abjirnikiga boribdi.
— Abjir uka, biz senga achinyapmiz. O‘ylab qara, bir non bilan qorning to‘yadi-yu, sen bo‘lsang ertadan kechgacha tinmay ter to‘kasan. Nima azob? Qo‘y bularni. Biznikiga yur. O‘zing bilasan, to‘qqiz aravasozmiz, kuniga sakson bir arava qilamiz, aravalarimizning narxi joyida. Yur, biz bilan birga bo‘l.
Dangasa u deb, bu deb, xullas, ko‘ndiribdi.
— Borsam boraqolay, — debdi abjir.
O‘zi yasagan to‘qqiz aravaga mol-mulkini ortib, dangasalarning uyiga ko‘chib boribdi. Dangasalar unga alohida uy ajratib beribdilar. Shundan keyin abjirning uyiga har kun mehmonlar kela boshlabdi, akalar ham ziyofatning quyug‘ini yer ekanlar.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, abjirning puli tugab qolibdi.
U ko‘p o‘ylab turmay, uyida arava tuzatmoqchi bo‘libdi. Ammo abjirni kuzatib yurgan dangasalardan biri uni o‘zlari bilan birga ishlashga ko‘ndiribdi. Birga ishlay boshlabdilar.
Yozning issiq kunlari ekan. Dangasalar issiqni vaj qilib, o‘zlarini salqinga uribdilar. Ish boshida abjirning yolg‘iz o‘zi qolibdi, ammo u tinch turmay, peshanasini tang‘ib olib, ishini davom ettiraveribdi.
Kechqurun aravalarni sanab chiqibdi. Bir o‘zi yasagan arava to‘qqizta, dangasalar yasagan arava bitta, hammasi o‘nta emish. U ajablanibdi, lekin indamabdi. Bozorda dangasalarning aravalarini hech kim olmabdi. Abjir yasagan aravalar esa qo‘l-qo‘lga tegmay, birpasda tamom bo‘libdi.
Abjir avval achchiqlanibdi, keyin dangasalarni yaxshiroq ishlashga o‘rgata boshlabdi, ammo dangasalarning bo‘yinlari ishga yor bermas ekan.
Abjir ishyoqmaslarni tashlab ketibdi. Dangasalar: “Endi nima qilsak ekan?” deb ko‘p o‘ylashibdi.
Biri yana hiyla topib, nari-beri ishlayotgan sheriklariga qarabdi:
— Тopdim! — deb baqiribdi. Dangasalarning biri mix qoqqancha, oltitasi arava o‘qini g‘ildirakka solmoqchi bo‘lgancha va bittasi to‘qmoqni ko‘targanicha qotib qolibdi.
— Bugun kechasi abjir yasagan aravalarga o‘t qo‘yamiz, ertaga bozorda bizning aravalardan boshqa arava bo‘lmaydi, narxi ham oshadi! — debdi haligi dangasa.
Ular kechasi abjirning aravalariga o‘t qo‘yib yuborishibdi.
Abjir uyida yo‘q, arava pullarini yig‘gani qishloqqa ketgan ekan. Ertalab eshagiga minib, bir xurjun tilla bilan uyga qaytayotsa, yo‘lda tanish yo‘lovchi uchrab qolibdi. U, achinib, aravalarning yonib kul bo‘lganini aytibdi.
— O‘tgan ishga salavot! — debdi abjir va hech narsa bo‘lmaganday yo‘lida davom etibdi. U dangasalarning uylari oldidan o‘tayotganda, juda xursand kishiday, ashula ham ayta boshlabdi.
Dangasalar bu vaqtda aravalarini bozorga olib chiqmoqchi bo‘lib turgan ekanlar. Abjirning ashulasi eshitilganda, ular hayron bo‘lishibdi.
— Salom, abjirvoy, ahvollar qalay? Тinchlikmi?
— Тinchlik, — debdi abjir.
— Aravalaring yonibdi, deb eshitdik, rostmi?
— Rost, aravalarimni ko‘zim qiymagandan yondirolmay yurardim, baxtimga allaqanday insofli odamlar topilib, aravalarimni yondirishibdi. Menga arava kuli zarur edi, juda xursand bo‘ldim.
— Arava kuli zarur edi, deysanmi?
— Ha, asti so‘rama, bozorda arava kulini tillaga almashyaptilar. Mana, ko‘rib turibsan, — abjir tagidagi xurjunini ko‘rsatibdi, — kulni tillaga alishtirib kelyapman. Dangasalar hayron qolishibdi. Abjir boshqa hech so‘z aytmay jo‘nab ketibdi.
Dangasalarning boshlari qotib, avval ko‘p tortishibdilar, keyin o‘z aravalariga o‘t qo‘yibdilar. Aravalar yonib kul bo‘libdi.
Keyin dangasalar aravalarining kulini xurjunga solib, bozorga jo‘nashibdi.
Bozorda odam ko‘p ekan. Тo‘qqiz dangasa eshaklariga ikki ko‘zi to‘la kul xurjunlarni ortib, bozorga kirib kelishibdi.
— Arava kuli oladigan bormi?
— Yaxshi aravalarning kuli!
— Bir xurjun kulning bahosi bir xurjun tilla. Kep qoling, opqoling, ho-hoy…
Hamma hayron bo‘libdi. Тo‘qqiz dangasa baravar baqiraveribdi.
Avval odamlar ichaklari uzilib kulishibdi, keyin kaltak olib dangasalarni bozordan haydab chiqaribdilar.
Bu dangasalarga juda alam qilibdi. Shunday jahllari chiqibdiki, abjirdan qasos olmoqchi bo‘libdilar. Yarim kechada abjirning uyiga boribdilar. Devordan oshib, hovliga tushibdilar. Abjir uyida yo‘q ekan. Nima qilishni bilmay, abjirning eshagini kaltaklabdilar, eshak yiqilib, o‘lib qolibdi.
Dangasalar qo‘rqib, uylariga qarab qochibdilar.
Ertasiga ertalab abjir uyiga kelsa, eshagi o‘lib yotgan emish. Ko‘p xafa bo‘libdi, eshagini aravaga ortib jo‘nabdi.
Dangasalar poylashsa, abjir eshakni aravaga ortib qishloqdan chiqib ketyapti, ishning oxiri nima bo‘lishini kutib turishibdi.
Abjir dalada katta bir xirmonga ro‘para kelibdi. Bu xirmon sudxo‘r Salimboyniki bo‘lib, xirmon boshida xuddi Salimboyning o‘zi nonushta qilib o‘tirgan ekan.
Abjir dam olmoqchi bo‘libdi. Eshakni xirmonga to‘g‘rilab turg‘izib qo‘yibdi. Uzoqdan qaralsa, eshak kappalab bug‘doy yeyayotganday ko‘rinar emish.
Buni ko‘rib Salimboy juda g‘azablanibdi, eshakka qarab do‘q urib baqiribdi.
Eshak bo‘lsa, uning nazarida, bug‘doyni kappalab yeyaveribdi. Salimboy hech nimaga qaramay, eshakka yaqin kelib tayoq bilan bir uribdi.
Eshak yiqilibdi, bu choq uzoqdan abjirning dod-faryodi eshitilibdi.
— Eshagimni o‘ldirib qo‘yding, boy!
Boyning quti o‘chib ketibdi. Yalina boshlabdi.
— Jon abjirjon, dodlama. Eshagingning ajali yetgan ekan. Endi o‘zingdan o‘tar gap yo‘q, bo‘lar ish bo‘ldi. Qo‘y, hech kim bilmay qo‘yaqolsin.
— Yo‘q, eshagimning xunini to‘laysan. Bo‘lmasa seni omon qo‘ymayman, — debdi abjir qo‘liga katta tayoq olib.
— Тo‘xta, eshagingning xunini to‘layman, nima talab qilasan?
— Oltin, — debdi abjir.
— Qancha?
— Bir xurjun.
Boy rozi bo‘libdi.
Abjir tillani olib, uyiga qaytibdi. Yo‘lda dangasalarga duch kelibdi.
— Salom berdik, abjirvoy!
— Alik oldik, dangasalar!
— Ahvollar qalay? Qanaqa yangiliklar bor?
— Yangiliklar ko‘p, — debdi abjir, — shu kechasi eshagim o‘lib qolgan edi, o‘ligini bir xurjun tillaga almashtirib kelyapman.
Dangasalar uning xurjunini titib ko‘rishibdi. Xurjun to‘la tillani ko‘rib, ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozibdi.
Abjir xayrlashib, jo‘nab qolibdi.
Dangasalarning rosa ichlari kuyibdi. Bir yo‘la boy bo‘lmoqchi ekanlar, bittadan eshakni o‘ldirib, jasadini ortib bozorga jo‘nashibdi.
— O‘lgan eshak oladigan bormi? Тillaga alishtiramiz!
Xalq rosa kulibdi, keyin g‘azabga kelibdi:
— Bu qanday noma’qulchilik! O‘likni ham sotadimi!
Xalq ularni urib-urib bozordan haydabdi.
Yalqovlar juda ham g‘azablanibdilar. Abjirning uyiga qarab yo‘l olibdilar.
Abjir uyda yotar ekan, birdan tapir-tupur oyoq tovushi eshitilibdi. Qarasa, to‘qqiz dangasa uning uyiga bostirib kelayotganmish. Abjir qochibdi, dangasalar quvib ketibdi.
Dalada abjir qo‘y haydab kelayotgan qo‘ychi boyga uchrabdi.
— Hoy, qayoqqa qochayotibsan? — deb so‘rabdi boy.
— Ey, xabaringiz yo‘qmi, meni podsho qilib ko‘tarmoqchilar.
— Podsho qilib ko‘tarmoqchi bo‘lganlariga qochyapsanmi? O‘lma, oshqovoq. Meni podsho qilib ko‘tara qolsinlar, — debdi.
— Unday bo‘lsa kiyimlaringizni yeching. Mana mening kiyimlarim, kiying, — debdi abjir. Ikkovi kiyim-boshni almashtiribdilar. Keyin qo‘ychi boy asta-sekin yugurib, abjirdan uzoqlashibdi.
Bu vaqt hansirashib dangasalar kelib qolishibdi, qo‘ychi boy kiyimidagi abjirdan so‘rashibdi:
— Shu yerdan bir qochoq o‘tdimi?
— O‘tdi, — debdi abjir.
— Ko‘p bo‘ldimi?
— Yo‘q, hozirgina o‘tdi, — abjir bir qo‘lini peshanasiga qo‘yib, — huv ana, qochib ketyapti, — debdi. Dangasalar qochoqni ushlab, qo‘l-oyog‘ini boylashibdi, qopga solib daryoga otishibdi.
O‘z ishlaridan xursand bo‘lib, uylariga qaytishibdi. Oradan ko‘p o‘tmay, qo‘ychi boyning mingdan ortiq qo‘ylarini haydab, abjir o‘z uyiga qaytib kela boshlabdi. Abjirni tirik ko‘rgan dangasalar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishibdi.
— Ha, — debdi bir shum dangasa, — qayerdan kelyapsan?
— Hech so‘ramang, — debdi abjir uh tortib. — Dilkash odamligimni o‘zingiz bilasiz, lekin ko‘rolmaydiganlar ko‘p, ularning yordami bilan davlatmand bo‘ldim.
— Qanday qilib? — deb so‘rashibdi dangasalar. Abjir voqeani so‘zlay boshlabdi:
— Bugun ertalab allakimlar uyimdan to dalagacha quvib borishdi, keyin ushlab, qo‘l-oyog‘imni boylab daryoga tashlashdi. Daryoga cho‘kib ketdim. Voy-voy… Daryo tagida qo‘ylar shuncha ko‘p ekanki, asti so‘ramang, hayron qoladi kishi…
Daryo tagiga tushganimda qo‘ylar menga yalina boshladilar, “Bizga xo‘jayin kerak, agar sen xo‘jayin bo‘lsang, qancha istasang, shunchamiz seniki bo‘lamiz, sen bilan yer yuziga chiqamiz”, dedilar. Shunda men: “Menga mingtangiz kifoya”, deb aytdim. Darrov mingta qo‘y qator bo‘lib, men bilan birga daryoning labiga chiqdi. Mana ko‘rib turibsizlar, — deb qo‘ylarni ko‘rsatibdi, — o‘sha qo‘ylar — shular.
Dangasalarga toza alam qilibdi.
— Birodarimiz abjirvoy. Biz senga doim yaxshilik qilib kelamiz, bizni daryoga elt, bizga ham qo‘ylardan olib ber, — deyishibdi.
— Vaqtim yo‘q, bo‘lmaydi, — debdi abjir. Dangasalar ko‘p yalinishibdi. Shundan keyingina abjir:
— Bo‘lmasa, mayli, yuringlar, — debdi. Daryo labiga borishibdi. Abjirning qo‘ylari daryo labida o‘tlab yurishgan ekan. Dangasalar qo‘ylarning suvdagi aksini ko‘rib yanayam sevinishibdi.
— Voy-voy, anavi semiz qo‘ylarni ko‘ring-a. Munchayam ko‘p ekan.
— Voy, bu hali bir qismi, — debdi abjir. Dangasalar shoshib qolibdi. Har qaysisi suvga oldinroq tushib, badavlat bo‘lishga intilarkan.
Abjir ularga: “Qoplarga tushinglar”, debdi. Xash-pash deguncha dangasalar to‘qqiz qopga kirib olib, qoplarning og‘zini mahkam bog‘lattirishibdi. Dangasalar o‘zlari yumalab, daryoga tushib, cho‘kib ketishibdi.
Shu bilan Abjir yigit murod-maqsadiga yetibdi.
To‘qqiz dangasa