G‘ilaylik (strabizm) kasalligi haqida haqida malumot
G‘ilaylik (strabizm) – ko‘zlar shunday holatiki, bunda ko‘ruv o‘qlarining qaralayotgan jismda o‘zaro kesishmasligi natijasida yuzaga keladi. Ko‘rinishi jihatidan ko‘zlar o‘ngga, chapga, tepaga yoki pastga, ba’zan aralash holatda namoyon bo‘lishi mumkin.
Agar ko‘z burun tomonga qaragan bo‘lsa yaqinlashuvchi g‘ilaylik deyiladi, agar aksincha chakka tomonga qaragan bo‘lsa uzoqlashuvchi g‘ilaylik deyiladi. G‘ilaylik bir ko‘zda yoki ikkala ko‘zda ham bo‘lishi mumkin.
G‘ilaylik – bu faqat tashqi ko‘rinish muammosigina emas, balki bolaning ko‘rish qobilyatini buzilishidir. G‘ilaylikda ko‘rish o‘tkirligi pasayadi, ikkala ko‘z orasida aloqa buziladi, ko‘zni harakatlantiruvchi mushaklar orasida muvozanat buziladi. Bundan tashqari, hajmli ko‘rish qobilyati buziladi. G‘ilaylik odatda 2 5 yoshlikdan ko‘zlarning hamkor harakati buzilishi natijasida yuzaga keladi. Tug‘ilganda bolalar ikkala ko‘z bilan bir vaqtda ko‘raolmaydilar, «binokulyar» ko‘rish sekin asta 4 yoshgacha shakllanadi.G‘ilaylik boshqa ko‘z kasalliklarining oqibatida ham yuzaga kelishi mumkin: miopiya, gipermetropiya, astigmatizm.
G‘ilaylik o‘z vaqtida davolanmasa ma’lum muddatdan so‘ng «ambliopiya» deb ataluvchi ko‘zning «dangasalik» holati yuzaga keladi. Bu holat bosh miyaning himoya mexanizmi sifatida ikkala ko‘zdan kelayotgan turli (bir biriga mos bo‘lmagan) ma’lumotni qabul qilmaydi va g‘ilay ko‘zdan kelayotgan axborot bloklanadi. Natijada g‘ilay ko‘z bilan aloqa borgan sari yomonlashib, g‘ilaylik yanada kuchayadi va ko‘zning ko‘rish qobilyati ham pasayadi.
G‘ilaylik sabablari
- Nasliy moyillik, yaqin qarindoshlarda ushbu kasallikning uchrashi;
- Ko‘zning optik muhitlari nuqsoni;
- Homiladorlik vaqtida homilaning turli intoksikatsiya holatiga uchrashi (zaharlanishlar);
- Bolaning turli og‘ir kechuvchi yuqumli kasalliklar bilan kasallanishi;
- Turli asab kasalliklari.
Bundan tashqari, yuqori isitma, ruhiy yoki jismoniy jarohatlar ham g‘ilaylikni yuzaga kelishiga turtki bo‘lishi mumkin.
G‘ilaylikka har qanday shubha bo‘lganida tezkor shifokor ko‘rigiga murojaat etish zarur.
Mutaxassislar barcha zarur tekshirishlarni o‘tkazib, ko‘rsatmaga ko‘ra boshqa mutaxassislar (nevrapatolog va boshqalar) maslahatiga yo‘llanma berib, farzandingiz sog‘lig‘iga kompleks va individual yondashgan holda eng samarali davolash usullari yordamida davolashadi.
G‘ilaylikning davolash samaradorligi faqat shifokor va uning tavsiyalarigagina bog‘liq bo‘lib qolmay, balki bemorning ham davolash jarayonida faol ishtirok etishini taqozo etadi. Bunda bemor va uning ota-onasi shifokorning barcha tavsiyalarini o‘z vaqtida, to‘liq hajmda bajarilishini ta’minlashlari, belgilangan mashq va muolajalarni barchasini sabr bilan bajarishlari zarur.
© Respublik ixtisoslashtirilgan ko’z mikroxirurgiya markazi.
eyecenter.uz
Kasalliklar
G‘ilaylik (strabizm) kasalligi haqida