Qandli diabetda davolovchi mashqlar haqida malumot

Qandli diabetda davolovchi mashqlar haqida malumot

Qandli diabet bilan og‘riganda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish ayniqsa zarurdir. Jismoniy mashqlar moddalar almashinuvining barcha turlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Muntazam jismoniy harakatlar bajarilganda insulin reseptorlarining sezgirligi ortadi, bu esa qon tarkibidagi shakar miqdori ozayishiga va insulin yoki shakar miqdorini ozaytiruvchi dorilarni kamroq ichishga olib keladi.

Mashqlar bilan doimiy shug‘ullanilganda organizmda oqsil almashinuvi yaxshilanadi, yog‘larning parchalanishi kuchayadi, tana vazni kamayib, qondagi yog‘ tarkibi me’yorga tushadi.

Qandli diabetda mashqlar

MedPlanet.com | Avitsenna.uz

Qandli diabet kasalligining tomirlardagi asorati rivojlanishi uchun vujudga keladigan shart-sharoitlar ham jismoniy mashqlar tufayli bartaraf etiladi.

Kasallikda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jismoniy mashqlar qisqa va uzoq muddatli turlarga bo‘linadi. O‘z navbatida qisqa muddatli jismoniy mashqlar rejalashtirilgan va rejalashtirilmagan bo‘lishi mumkin.

Siz rejalashtirilmagan ozroq jismoniy mashqlar (og‘ir yuk ko‘tarish, transportga yugurib yetib olish singarilar)ni bajarsangiz, u holda gipoglikemiya (ya’ni qon tarkibida shakar miqdori me’yordan kamayib ketish holati) ning oldini olish uchun tez va osnon hazm bo‘ladigan taomni tegishlicha NB da (non birligi) zudlik bilan iste’mol qilishingiz lozim.

Rejalashtirilgan qisqa muddatli mashqlar (jismoniy tarbiya darsi, suv havzasida suzish, diskoteka singarilar) paytida har yarim soatda qo‘shimcha ravishda sekin hazm bo‘ladigan NB (masalan, bir bo‘lak non va ho‘l meva) iste’mol qilishingiz zarur.

Uzoq muddatli jismoniy mashqlar vaqtida (masalan dalada ishlash yoki sayohatga chiqishda) uning jadalligi va ko‘proq davom etishiga, shuningdek tanangiz xususiyatlariga bog‘liq tarzda insulin dorisi miqdorini 25-50 foizga kamaytirish mumkin.

Gipoglikemiya paydo bo‘lganda esa yengil hazm bo‘ladigan uglevodlar (shirin ichimliklar, sharbatlar) ichish bilan uning o‘rni tez to‘ldiriladi.

Jismoniy mashqlar qon tarkibidagi shakarning miqdori kompensatsiyalangan darajada (me’yorda)bo‘lganida bajarilishi kerak. Bordiyu kompensatsiyalanmagan davrda jismoniy mashqlar o‘tkazilsa qon tarkibidagi shakar miqdori ortishi mumkin. Shu tufayli qandli diabet bilan og‘rigan bemorning qoni tarkibidagi shakar miqdori 15 mmol/l dan yuqori bo‘lganda unga jismoniy mashqlar tavsiya etilmaydi.

Jismoniy mashqlarni kun davomida ma’lum tarzda taqsimlash oqilona tadbir hisoblanadi. Masalan, ertalab badantarbiya bilan shug‘ullangan ma’qul. Asosiy mashqlarni esa ovqat yeyilgandan so‘ng 1-2 soat o‘tgach, gipoglikemiyaning rivojlanish ehtimoli past bo‘lgan paytda ya’ni taom hazm bo‘lib, tana quvvatga kirganda bajarish lozim.

Unutmaslik kerakki, insulin dorisini qabul qiluvchi bemorlar jismoniy mashqlarni uquvsizlik bilan bajarishsa gipoglikemiyaning rivojlanish ehtimoli kuchayadi, bu esa salomatlik uchun xavfli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Har kuni bir xildagi jismoniy mashqlar bajarilishi maqsadga muvofiq bo‘lib, bu hol diabetni yaxshi nazorat qilish imkonini beradi.

Kundalik jismoniy mashqlardan tashqari bir qancha harakatli mashg‘ulotlar, masalan, velosiped minish, konkida uchish, suvda suzish, raqsga tushish, yugurish va gimnastika bilan shug‘ullanish ham profilaktik tadbirlar sirasiga kiradi. Yodda tutish lozimki, bemorda qandli diabetdan tashqari yurak-qon tomir xastaliklari mavjud bo‘lsa, u o‘zidagi jismoniy yuklamani aniqlab olish uchun soha mutaxassisidan maslahat olishi lozim.

Quyidagilarga ahamiyat bering!

Rioya etilishi zarur bo‘lgan jismoniy mashqlarni tanlash va bajarishda quyidagilarga ahamiyat berish zarur:

  • har bir kishi yoshiga va sog‘ligi holatiga qarab mashq turi va jadalligini yakka tartibda tanlaydi;
  • insulin qabul qiluvchilar mashqlarni kuniga ayni bir vaqtda muntazam bajarishlari kerak;
  • mashg‘ulotlar davomiyligi va jadalligi asta-sekin oshirib boriladi;
  • mashqlardan so‘ng bemor charchab qolmasligi lozim.

© Yulduz AMINJONOVA,
Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi, mutaxassis.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Qandli diabetda davolovchi mashqlar