Ergonomika: xavfsizlik va salomatlik muhofazasi haqida malumot

Ergonomika: xavfsizlik va salomatlik muhofazasi haqida malumot

Xonada bola erkin harakat qilishi, o‘ynashi, yaxshi dam olishi va dars tayyorlashi uchun jihozlar uning yoshiga mos tarzda o‘rnatilishi muhim ahamiyatga ega. Unutmang, ta’mirlash davrida devor ranglarini to‘g‘ri tanlashdan tortib, mebellarni to‘g‘ri joylashtirishgacha hamma-hammasi nafaqat xonaning shinam ko‘rinishiga, balki bolaning sog‘lom o‘sishiga ham xizmat qiladi.

Ergonomika atamasi avvallari ishlab chiqarishga oid bo‘lib, «ishchining sog‘lig‘ini muhofazalash, xavfsizlik va mehnat unumdorligini oshirish maqsadida hamma narsa qulay, qo‘l ostida, toza bo‘lishi uchun ish joyini ilmiy asosda tashkil etish» ma’nosini bildirardi. Keyinchalik uy qurilishida, ta’mirlashda, xonalarda maishiy-texnik hamda elektr jihozlarini o‘rnatishda, mebellarni to‘g‘ri joylashtirishda, xullas xonadonda mukammalikni vujudga keltirishda ergonomika so‘zini qo‘llash rusum bo‘ldi.

Demak, ergonomikaning asosiy jihatlari quyidagicha:

Xavfsizlik

Ma’lumki bola o‘ynab yurib, ko‘p yiqiladi. U qattiq lat yemasligi uchun bolaga stol, shkaf, karavot olayotganda chetlari qirrali bo‘lmagan, aylana shakldagi, yumshoq predmet bilan qoplangan, xavfsiz, qulay jihozlar sotib olish maqsadga muvofiq. Ularning orasidan o‘tadigan joy kamida 60-80 sm bo‘lishi kerak. Xonada chiroqlar va elektr simlari bolaning qo‘li yetmaydigan va ko‘rinmaydigan tarzda o‘rnatilishi shart. Vaqtincha ishlatilmayotgan rozetkalarga albatta plastmassa qopqoqlar o‘rnating.

Ekologik toza bo‘lsin

Bola uchun divan-karavot, matras, ko‘rpa-to‘shak sotib olayotganda (imkon bo‘lsa mebelning ham) tarkibiga e’tibor bering, ular qanchalik ekologik toza xom ashyodan tayyorlangan bo‘lsa shunchalik sog‘liqqa zararsiz va sifatli bo‘ladi. Lekin juda qimmat narxdagi jihozlar ham olmang, chunki bola beixtiyor unga bo‘yoq tekkazishi, chizishi yoki qirishi mumkin. Juda arzoniga ham aldanib qolmang, chunki arzon mahsulot tarkibida sintetik ashyo ko‘p bo‘lishi mumkin.

Yoshiga mos shkaf tanlang

Bola shkafdan mustaqil narsa olib, keyin joyiga qo‘yishi oson bo‘lsa, u tez tartibga o‘rganadi. Xonada ortiqcha narsalar yoyilib yotmaydi. Shkaf ichidagi xonachalarga (polkalarga) mos keladigan yengil qutilar yasab bering. Qutilar turli rangda bo‘lsa, bola ularga narsalarni solishda adashmaydi, kiyimlarini, o‘yinchoqlarini alohida-alohida saqlashga odatlanadi.

Ranglar haqida o‘ylang

Bolalar uchun mo‘ljallangan xonada: devordagi gulqog‘oz, deraza pardasi hamda ko‘rpa-to‘shaklar (katta hajmda bo‘lgani uchun) e’tiborni kam tortadigan; o‘rtacha hajmdagi jihozlar, masalan shkaf va stol mo‘’tadil rangda; kichik-kichik detallar esa, misol uchun stul, taburetka, tumbochka, tortma, quti va boshqalar (ko‘zga tez tashlanishi uchun) yorqin ranglarda bo‘lgani ma’qul.

Zehni o‘tkir bo‘ladi

Bola o‘ynab o‘tirganda hayolan turli joylarda bo‘ladi: koinotda, kosmik kemada, o‘rmonda, jang maydonida, tankda, dengizda, kemada, xullas fantaziyasining poyoni yo‘q. Agar xonada rasm chizish uchun katta qog‘oz, bo‘yoq, kist yoki doska va rangli bo‘rlar «doim shay» tursa, bola har kuni rasmlar chizadi, beixtiyor, o‘zi bilmagan holda aqlini charxlab boradi.

Sog‘lom, kuchli bo‘lishi uchun

Albatta turnik yasab bering. Ko‘zga tashlanadigan, qulay joyda turnik bo‘lsa, dars qilib charchaganda, u yoqdan bu yoqqa o‘tganda bola turnikka osilaveradi. Natijada qo‘l paylari yaxshi rivojlanadi, tanada qon aylanishi faollashadi, umurtqa pog‘onasi cho‘zilib, bo‘yi yaxshi o‘sadi.

Alohida hududlar

Jihozlarni joylashtirayotganda bolaning xonasini uch qismga: o‘ynaydigan, dars tayyorlaydigan va uxlaydigan hududga taqsimlab o‘rnatish uning intizomiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Agar bu jarayonda farzandingiz ham faol qatnashib, narsalarni o‘ziga qulay qilib olsa, shu xonaning egasidek his qiladi va mas’uliyati ortadi.

© Omon XOJIMUHAMЕDOV,
muhandis.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Ergonomika: xavfsizlik va salomatlik muhofazasi