«Yashirin» ochlik haqida malumot

«Yashirin» ochlik haqida malumot

Och yurish ma’lum biologik xususiyatlarga ega bo‘lib, u tufayli tanadagi barcha tizim va a’zolarning funksional faoliyatida keskin o‘zgarishlar yuz beradi. Ba’zan ochlik tufayli qaytarilmas holatlar ham ro‘y berib, bir umr nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Lekin shunday ochlik turi ham mavjudki, undan kishilar darhol aziyat chekmasdan (shuning uchun unga yetarli ahamiyat berilmaydi) balki ma’lum vaqt o‘tishi bilan (hafta, oy va yillar davomida) turli kasalliklarga griftor bo‘ladi. Bu “yashirin” ochlik deyiladi va u inson organizmida mikronutriyentlar (ya’ni vitaminlar hamda mineral moddalar) ga nisbatan taqchillik bo‘lganida ro‘y beradi. “Yashirin” ochlikning asosiy sabablarini sanab o‘tamiz.

ochlik

“Yashirin” ochlik sabablari

Yuqori haroratda uzoq vaqt qovurilgan, ba’zan esa mikroto‘lqinli pechlarda tayyorlangan ovqatlar ancha mazali bo‘lsada, ular tarkibidagi mikronutriyentlardan ayrim hollarda asar ham qolmaydi.

Masalliqlar (go‘sht, sabzi, kartoshka, sholg‘om, piyoz, ko‘katlar va boshqalar) taom tayyorlashdan ancha oldin hozirlansa (mayda to‘g‘ralgan holda ochiq havoda saqlansa ular tarkibidagi foydali moddalar havodagi kislorod ta’sirida sezilarli darajada kamayib ketadi. Masalliqlar sovutgichda uzoq saqlanganida ham ulardagi mikronutriyentlar miqdori ozayadi.

Mahsulotlar (sabzavot, poliz, meva-chevalar va boshqalar) dan yuqori hosil olish uchun ularni yetishtirishda kimyoviy preparatlarning (o‘g‘itlar, zararkunandalarga qarshi ishlatiladigan moddalar va boshqalar) ko‘plab qo‘llanilishi ular tarkibidagi mikronutriyentlarning kamayib ketishiga olib kelmoqda.

Tamaki chekish va spirtli ichimliklarni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish vitaminlar hamda ko‘pgina mineral moddalarga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshiradi.

Turli xil stress omillar (asabiylashish, kamharakatlilik, o‘ta issiq yoki sovuq harorat ta’siri, kundalik hayotdan qoniqmaslik, sabrsizlik)ga ko‘proq duch kelish kishilar organizmining mikronutriyentlarga bo‘lgan talab me’yorlarini oshirdi.

Har xil kasalliklarga qarshi antibiotiklarni qabul qilish, shuningdek qon bosimi, nafas olish va hazm a’zolari hamda asab tizimi faoliyatini yaxshilaydigan dori vositalari organizmning mikronutriyentlarga bo‘lgan talabini odatdagidan ko‘paytirib yuboradi. Ularning ayrimlari bu xil oziq moddalarni ichaklardan qon va limfaga so‘rilishini qiyinlashtirsa, boshqalari vitaminlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri parchalab yuboradi.

Nutritsiologlar kuzatuvi…

Nutritsiolog (ovqatlanish masalalari bilan shug‘ullanadigan) olimlarning uzoq yillar mobaynida olib borgan kuzatuvlaridan so‘ng shunday xulosaga kelindiki, hozirgi paytda kishilarning vitamin C ga bo‘lgan sutkalik talabi o‘rtacha 90 mg lekin Rossiyaning bironta hududida hududida ham uning to‘liq bajarilishi kuzatilmaydi. Buning uchun ilgarilari (taxminan 50-60 yil oldin) 3 dona yaxshi olma yeyilsa kifoya qilardi, hozir esa tegishli vitaminni qabul qilish uchun 2,5 kg olma iste’mol qilish kerak ekan.

Aniqlanishicha hamma narsa yetarli bo‘lgan Moskva shahrida ham kishilar sutkasida vitamin C dan ko‘pi bilan 65 mg iste’mol qiladi. Yoki miya faoliyati uchun zarur bo‘lgan vitamin B1 ni kerakli miqdorda olish uchun hozirgi paytda 1,5 kg go‘sht yoki iste’mol qilish kerak bo‘ladi. Vaholanki ushbu vitamin don kepaklarida mo‘l bo‘lib qora yoki kepagidan tozalanmagan undan tayyorlangan non va boshqa oziq tolalariga boy mahsulotlar iste’moli orqali vitamin B1 ni yetarli miqdorda qabul qilish mumkin.

Hozirgi kunda vitamin A ga bo‘lgan sutkalik ehtiyojni qondirish uchun 150 g sariyog‘, E vitamini yetarli bo‘lishi uchun esa kamida 0,5 kg yong‘oq chaqib yeyish kerak. Bu tartibda ovqatlanish amalda kuzatilmaydi, birinchidan, ular juda qimmat bo‘lsa, ikkinchidan (eng muhimi) kishilar o‘ta semirib ketib qator kasalliklarga mubtalo bo‘ladi.

Sanab o‘tilgan sabablar tufayli organizmda “yashirin” ochlik yuzaga keladi. Shuning uchun ham ayrim kishilarda ovqatlanishda kamchilik bo‘lmasada tez charchash, uyqusizlik, bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashish, jahldorlik, tushkunlikka tushish kabi noxushliklar kuzatiladi. Aytib o‘tish joizki “yashirin” ochlik yosh bolalar, homilador va emizikli ayollar hamda keksa kishilarda obyektiv va subyektiv sabablar bois tez-tez uchrab turadi.

“Yashirin” ochlik va u keltiradigan noxushliklarga yo‘l bermaslik uchun dastavval vitamin va mineral moddalarga boy mahsulotlarni va ulardan qanday foydalanishni yaxshi bilish zarur. Kerak bo‘lib qolgan vaqtda esa mavjud polivitaminlar va qo‘shimcha oziq moddalardan (mutaxassis maslahati bilan) iste’mol qilib turish joiz.

© Shoniyoz QURBONOV,
biologiya fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
«Yashirin» ochlik