Yogurt va pishloqning tarkibida nima bor? haqida malumot
– Yaqinda savdo rastalaridan farzandim uchun yogurt va pishloq (sir) sotib oldim. Bolalar bu mahsulotlarni kattalarga nisbatan ko‘proq yaxshi ko‘rib iste’mol qiladi. Lekin bu mahsulotlarni sifatli va yaroqli ekanligini qanday bilsak bo‘ladi? Uning tarkibi nimalardan tashkil topgan?
Yogurtning turlari
Yogurt necha ming yillardan beri Sharqiy o‘rta Dengiz va Bolqon xalqlari o‘rtasida sevib iste’mol qilinuvchi sut-qatiq mahsulotidir. Uni pasterizatsiyalangan sutdan olinadi. Yogurt hozirgi kunda parhezbop mahsulot hisoblanib, ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi.
Yogurt – yuqori darajadagi yog‘siz sut mahsuloti bo‘lib, iste’molchilar tomonidan sevib iste’mol qilinadigan mahsulotlar tarkibiga kiradi. Uning tarkibidagi mavjud mahsulotlar davlat standartlari asosida tayyorlanadi va qadoqlanadi. Bu jarayonning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari mavjud. Ushbu mahsulot tarkibidagi yog‘ ulushiga ko‘ra klassik, yarim yog‘li, yog‘siz turlarga bo‘linadi.
Yogurt qanday mahsulotlar tarkibidan iboratligiga qarab, to‘ldirmalarsiz, xushbo‘yli, xo‘l-reza mevali tarzda ishlab chiqariladi.
Mahsulotning ta’mi, hidi, tashqi ko‘rinishi…
Bu mahsulotni istyemol qilayotgan xaridorlar uning quyidagi talablarga javob berishini inobatga olishlari kerak.
- Tashqi ko‘rinishi: asosan bir xil, me’yorida yopishqoq, ta’m va hid beruvchi ozuqaviy qo‘shilmalar ishlatilganda – ularning nomi bilan.
- Ta’mi va hidi: nordon sut, o‘zga ta’mi va hidi yo‘q, me’yorida shirin, qo‘shilgan ingridiyentlarga xos ta’m va hidga ega.
- Rangi: bir xil, oqish-sut rang, biroz krem tusida yoki qo‘shilgan ingridiyent rangiga xos.
- Eslatma: yogurtdagi pentiyuglar, toksik elementlar, mikotoksinlar, antibiotiklar va radionuklidlar, melaminning miqdori va mikrobiologik ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan yo‘l qo‘yiladigan me’yordan oshmasligi kerak.
Qanday xom-ashyolardan tashkil topgan?
Eslatma: Yogurt ishlab chiqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlashtirish tizimida sertifikatlashtirilgan, kirish nazoratidan o‘tgan, Sog‘liqni Saqlash Vazirligi tomonidan ishlatilishga ruxsat berilgan xom-ashyolardan foydalaniladi.
Uni tayyorlashda quyidagi mahsulotlardan foydalaniladi:
- Standartdan o‘tgan sigir suti;
- Quyultirilgan yog‘siz sut;
- Oliy nav purkab quritilgan qaymoq;
- Standartlar bo‘yicha ichimlik suvi;
- Pasterizatsiyalangan sigir suti;
- Muvofiqli sertifikati bo‘yicha quruq bakkonsentrat;
- Muvofiqli sertifikati bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri solinadigan achitqilar.
Yogurt ishlab chiqarishda quyidagi to‘ldirmalardan ham foydalaniladi:
- Shakar;
- Ozuqaviy xushbo‘ylantiruvchi vositalar;
- Sabzavot va mevali jem;
- Meva va reza meva;
- Bo‘yoqlar;
- Shirinlashtiruuvchi moddalar;
- Quyuqlashtiruvchi moddalar.
Xaridorlar ushbu mahsulotni qabul qilayotganlarida shuni alohida e’tiborga olishlari kerak, ya’ni har bir iste’mol idishida quyidagilar bo‘lishi kerak:
- Tayyorlagan korxona nomi, mulk shakli, manzili, telefoni;
- Ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (agar bo‘lsa);
- Mahsulot nomi;
- Yog‘ning massaviy ulushi;
- Massasi;
- 100 g mahsulotdagi ozuqaviy va energetik qiymati;
- Mahsulotning tarkibi;
- Saqlash muddati;
- Saqlash sharoiti;
- Ishlab chiqarilgan sana (kun, oy, yil);
- Mazkur standartning belgilanishi;
- Yaroqlilik muddati;
- O’zDST bo‘yicha muvofiqlik belgisi;
- Shtrix kod ro‘yxat raqami ko‘rsatilgan holda;
- Mahsulotda “Made in Uzdekistan”, yoki ”O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan” degan yozuv bo‘lishi kerak.
Dudlangan pishloq qalamchalari
Sut sanoatida pishloq (sir) juda ko‘p turda chiqarilmoqda. Pishloqlar yuqori oziqlik qimmatga ega bo‘lgan mahsulot hisoblanadi. Pishloq tarkibida 20% dan 45% gacha oqsil, 30% dan 50% gacha yog‘ bo‘lib, pishloqning kaloriyasi 2000-4500 ga teng.
Kishilar oziq bilan qabul qiladigan to‘la qimmatli, almashtirib bo‘lmaydigan barcha aminokislotalar pishloq oqsilida mavjud. Pishloq oqsillari sut oqsillariga qaraganda oson va yaxshi o‘zlashtiriladi. Pishloq tarkibida vitaminlardan A, B1, B2 va boshqalar bo‘ladi.
Pishloq harid qilayotganida uning ko‘rinishi qanday bo‘lishi kerakligi ko‘pchilik uchun qiziqarli. Bu ham mahsulot sifati va tarkibining qanday ekanligini ko‘rsatib beruvchi omillaridan biridir. Ular quyidagilar:
- Pishloq yog‘li va dudlangan bo‘ladi. Uning diametri 0,8 sm dan ko‘p bo‘lmagan, 6-8 sm uzunlikdagi to‘rtburchak yoki aylana shaklda bo‘ladi.
- Uning rangi to‘q sariqdan to‘q jigarranggacha bo‘lishi mumkin. Eshilish (burma joylari) ochroq rangda ham bo‘ladi.
- Pishloqning ta’mi sho‘rroq, ushbu turdagi mahsulotlarga xos, dudlangandagi ta’m va hidli bo‘ladi.
Pishloq xarid qilayotganda ham boshqa mahsulotlar kabi alohida belgilariga e’tibor qilishni unutmaslik kerak. Har bir qadoqda quyidagilar bo‘lishi kerak:
- Ishlab chiqargan korxona nomi, tovar belgisi, manzili, telefoni;
- Mahsulot nomi;
- To‘p raqami;
- Tarkibi;
- 100 g mahsulotni ozuqaviylik va energetik qiymati to‘g‘risidigi ma’lumot;
- Massasi, g;
- Ishlab chiqarilagan sanasi (kun, oy, yil);
- Saqlash sharoitlari ;
- Sertifikatlashtirilganligi to‘g‘risida ma’lumot;
- Shtrix kodi ro‘yxatga olingan tartib raqami bilan birga.
Dunyoda yuzdan ortiq pishloq turlari bor. Ular bir-biridan qaysi hayvondan sut olingani, qancha saqlangani, qancha miqdorda yog‘i borligi va hokazo sifatlari bilan farqlanadi. Ba’zi pishloqlarda kovaklar ham bo‘ladi. Pishloq o‘zining tarkibida yog‘, oqsil va kalsiy, fosfor minerallarini uzoq vaqt saqlay olgani bois ushbu moddalarga muhtoj odamlar uchun foydalidir.
Qamariddin BOQIYEV, Respublika davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi, ovqatlanish gigiyenasi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi:
— Oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarishda avvalo, O‘zbekiston Respublikasining «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni, belgilangan standart talablari, texnologik yo‘riqnomalarga rioya etilishi, mahsulotning sifati va xavfsizligi ta’minlangan holda iste’molchiga yetkazilishiga mahsulot ishlab chiqaruvchi javobgardir. Har bir mahsulot davlat ro‘yxatidan o‘tgan me’yoriy hujjatlar asosida ishlab chiqarilishi kerak, mahsulot tarkibiga qo‘shilgan xomashyolar Sog‘liqni saqlash vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi shart.
Ishlab chiqarilayotgan yoki chet davlatlardan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlari jumladan yogurtlar belgilangan tartibda xavfsizlik ko‘rsatgichlari bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkaziladi va ularga gigiyenik xulosalar rasmiylashtiriladi. Gigiyenik xulosa olinmagan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va aholiga sotish qat’iy taqiqlanadi. Respublikamizda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tasarrufida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan 32 ta labaratoriya mavjud bo‘lib, ularga gigiyenik xulosalari berish vakolatiga ega.
«Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunining 12-moddasida oziq-ovqatlar ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni qadoqlangan, o‘ralgan va qonun hujjatlariga muvofiq tamg‘alangan holda ishlab chiqarishlari, qadoqlangan mahsulot yorlig‘ida unga tegishli bo‘lgan barcha ma’lumotlar keltirilgan bo‘lishi shartligi ko‘rsatilgan. Ushbu qonunning 14-moddasida standart talablariga javob bermagan, iste’mol muddati o‘tgan, qalbakilashtirilgan hamda saqlash va realizatsiya qilish uchun tegishli sharoit bo‘lmasa oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish taqiqlanishi belgilangan.
Iste’molchilar oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilayotganda ana shu talablarga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
© Sabo.uz nashri.
Kasalliklar
Yogurt va pishloqning tarkibida nima bor?