Homiladorlik taqvimi: 9-hafta haqida malumot

Homiladorlik taqvimi: 9-hafta haqida malumot

Homiladorlikning 9 haftasi – bo‘yida bo‘lgan kundan boshlab taxminan yettinchi haftani tashkil etadi. Tuxumhujayraning urug‘langan aniq kunini belgilash qiyin bo‘lgani tufayli, bo‘yida bo‘lgan paytdan boshlab olti hafta ham, to‘liqsiz sakkiz hafta ham o‘tgan bo‘lishi mumkin.To‘qqizinchi akusherlik haftasi homiladorlik holatining uchinchi oyini boshlab beradi. Albatta, atrofdagilarning hammasi ham tanangizdagi tashqi o‘zgarishlarni seza olmaydi, buning ustiga kayfiyatingiz tez-tez o‘zgarib turishining asl sabablarini tushunmaydi. Gap nimada ekanligini faqat erta boshlanuvchi toksikoz oshkor qilib qo‘yishi mumkin, lekin ne baxtki, u hamma homiladorlarda ham bo‘lavermaydi.

Biroq ayol to‘qqizinchi haftada o‘zidagi homiladorlik boshlanganligiga ishora qiluvchi muayyan alomatlardan kelib chiqib, o‘z holati haqida allaqachon xabardor bo‘lgan bo‘ladi. Ehtimol bu vaqtga kelib u akusher-ginekolog huzuriga tashrif buyurishga ulgurgan yoki homiladorlik bo‘yicha hisobga turib bo‘lgandir.

Homiladorlikning 9 haftasida nimalar ro‘y beradi

Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasida ayol organizmida bir qator o‘zgarishlar ro‘y beradi. Agar sezgan bo‘lsangiz, sizga xushbichim keladigan ko‘ylagingiz bel qismida torayib qolgan. Lekin tashqaridan qaraganda atrofdagilarga homiladorligingiz sezilmasligi mumkin.

To‘qqizinchi haftada bachadon hajman biroz kattalashgan, devorlari esa sal-pal cho‘zilgan bo‘ladi. Teri cho‘zilishi oqibatida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan tilim-tilim atrofik chandiqlarning oldini olish uchun yaxshi bir krem sotib olishning hozir ayni vaqti. Kremlar tarkibida A va E vitaminlari yetarli miqdorda bo‘lsa, yanada yaxshi.

Homiladorlikning 9 haftasidagi sezgilar

Mazkur muddatda sizning vazningiz biroz tushishi mumkin. Bu homiladorlikning birinchi yarmida toksikoz rivojlanishi bilan bog‘liq. Bu ko‘ngil aynish, qusish, ovqat isi va avvallari yoqimli bo‘lgan atir-upa hidlariga ta’sirchanlik kabi yoqimsiz simptomlar bilan tavsiflanadi. Shuning natijasida ishtaha yo‘qoladi va biroz vazn tushadi. Lekin agar oxirgi ikki-uch hafta ichida sizni toksikoz qiynamagan bo‘lsa, vazningiz sekin-asta orta boradi. Nima bo‘lganda ham bu vazn oshishi hozircha sezilar-sezilmas bo‘ladi.

Ushbu muddatda ayolda tez-tez toliqish, boshni keskin burish yoki tana holatini o‘zgartirish sababli bosh aylanishi holatlari saqlanib turishi mumkin. Hushdan ketib qolishning oldini olish maqsadida o‘zini ehtiyot qilgan ma’qul.

Mazkur muddatda yaqqol namoyon bo‘ladigan homiladorlikning subyektiv alomatlaridan biri sut bezlarining birdan kattalashishi va shishib chiqishi desa bo‘ladi. Shu tariqa, sizning organizmingiz kelajakdagi ko‘krakdan sut emizish jarayoniga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. 12 haftaning boshiga kelib ko‘krak to‘liq bir razmerga kattalashishi mumkin. Ilk bor tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishining ehtimoli yuqori.

Homiladorlikning 9 haftasida homilaning ahvoli

Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasida homila bosh miyasining faol rivojlanishi davom etmoqda. U ikki yarim pallaga ajralib bo‘lgan, va endilikda esa harakatlar koordinatsiyasiga javob beruvchi kichikmiya bo‘limi shakllanishni boshlaydi.

Muskullar rivojlanib o‘sadi, qo‘l-oyoqlar bir qadar yo‘g‘onlashadi. Endi homilaning harakatlari yanada koordinatsiyalangan bo‘ladi. U qo‘l va oyoqchalarini qimirlatishni boshlaydi. Qon bilan ta’minlash tizimining ko‘proq rivojlanganligi hisobiga homilaning qo‘llari oyoqlariga nisbatan rivojlanishda oldinroqda yuradi.

Qo‘llardagi barmoqlar uzayadi, avval ular orasida bo‘lgan pardalar yo‘qolib boradi. Kaftlar shakllanadi. Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasida homilaning orqasi bir qadar rostlanadi va dumi yo‘qoladi.

Jinsiy hayot

Agar moneliklar va homiladorlikning uzilib qolishi xatari mavjud bo‘lmasa, siz mazkur muddatda jinsiy hayotni davom ettiraverishingiz mumkin. Jinsiy aloqa homiladorlikning dastlabki haftalarida taqiqlanmagan, lekin har holda undan tiyilib turgan ma’qulroq. Bachadonning tonusi oshishi tufayli undan qon ketishi rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak. Agar homiladorlikning 9 haftasida birdaniga to‘q rangli yoki jigar rang ajralmalar kelsa, jinsiy aloqani to‘xtatib turish lozim. Bu holda ginekologning maslahatini olish tavsiya etiladi. Oqimtir va sarg‘ish ajralmalar meyordagi holdir.

Homilador ayolning oziqlanishi

Homilador ayolning taomnomasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Erta toksikoz ta’sirini hisobga olsak, qabul qilinadigan taomlar assortimenti anchagina qisqarib ketadida. Ovqatlanish endilikda haqiqiy muammoga aylanishi mumkin. Siz deyarli har bir ovqatdan behuzur bo‘lishingiz va ayni vaqtda muayyan turdagi mahsulotlarga nisbatan ishtiyoqingiz oshib ketishi mumkin.

Oz-ozdan lekin tez-tez ovqatlangan ma’qul. Bu ko‘ngil aynishni yengishga va organizmga oziq moddalarining kelib tushishiga yordam beradi. Bu ayniqsa kunning birinchi yarmiga tegishlidir. Sababi toksikoz ko‘pincha ertalabki soatlarda qiynaydi: odatiy nonushtangizni 2–3 ta alohida porsiyaga ajratib bir necha qismga bo‘lib yegan yaxshiroqdir.

©  J. Xo‘jaxon.

Homiladorlik.uz

Kasalliklar
Homiladorlik taqvimi: 9-hafta